ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
GIPPOKRAT 
Gippokrat (Hippokrates) (mil. av. 460, Kos oroli — 377, Fessaliya), Buqrot, Abuqrat — yunon vrachi, ilmiy tibbiyot asoschilaridan biri. Gippokrat Yunonistonda mashhur boʻlgan shifokor gippokratlar sulolasining oʻn sakkizinchi avlodi.Yunonistonning Ioniyalik Doriylari tomonidan tashkil qilingan koloniyasi — Kos orolida tavallud topdi. Ularni Asklepiy avlodlari deb ham atashgan. Asklepiy avlodlarida tib ilmi avloddan avlodga, ustozdan shogirdga muntazam oʻrgatilib borilgan va oʻziga xos “Asklepiychilar uyushmasi” shakllangan. Koʻplab oʻz zamonasining yetuk tabib va dorishunoslari mazkur uyushma atrofida birlashganlar. Shu tarzda Gippokratning oʻgʻillari hamda koʻp sondagi shogirdlari ham yetuk hakimlar boʻlib yetishishgan va Gippokratning tibbiy amaliy va ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etuvchi kashfiyot va ishlarida doimiy yordamchi boʻlib xizmat qilishgan.
Asklepiychilar uyushmasi, uni shuningdek Kos maktabi ham deb atashadi, oʻsha zamonlarning barcha uyushma va tashkilotlari singari oʻz faoliyatida asosan diniy tushuncha va qadriyatlarga tayanib ish olib borgan. Masalan ularda, oʻrganuvchi shogird — talabalarning ustoz va uning boshqa hamkasblari, hamda oʻzi bilan birgalikda taʼlim olayotgan birodarlariga sodiqlikka qasam ichish, har qanday vaziyatda ham rost gapirish, haqiqatni izlash uchun hech narsadan chegaralanmaslik va jiddiy ilmiy faoliyat bilan sidqidildan shugʻullanish kabi axloqiy meʼyorlarga qatʼiy amal qilishni talab etgan.
Gippokrat dastlabki tibbiy bilimlarni oʻz otasidan, hakim — Erkalikdan olgan. Otasining oroldagi hamkasblari ham Gippokratga koʻp narsani oʻrgatishgan. Keyinchalik esa, oʻz bilimlarini yana-da oshirish va mukammallashtirish uchun turli mamlakatlarga safarlar qilgan va mahalliy hakimlarning amaliyoti bilan tanishib chiqqan.
Gippokratning shaxsiy hayoti haqida tarixiy maʼlumotlar juda kam. Uning tarjimai holiga oid hikoya va rivoyatlar mavjud boʻlib, lekin ular asosan afsona xususiyatida namoyon boʻladi. Xuddi Gomer kabi Gippokrat ismi ham mashhur hakimning asl ismi boʻlmay balki, turli ism va taxalluslardan yigʻma nom ekan. yaqin yillardagi ilmiy faktlarga asoslanadigan boʻlsak, Gippokrat qalamiga mansub deb qaraladigan yetmishga yaqin asarlarning aksariyati, uning oʻgʻillari Fessal va Drakon yoki, kuyovi — Polibga tegishli ekan. Galen Gippokratning oʻzi yozgan asarlarini 11 ta, Galler 18 ta deb eʼtirof etsa, Kovner esa Gippokrat kodeksidagi faqat 8 ta asar Gippokratning ilmiy ishi, qolganlari esa unga bogʻlab chop etilgan boshqa mualliflarga tegishli deb taʼkidlaydi.
Bular: risolalar — “Shamollar haqida”, “Havo, suvlar va joylar haqida”, “Egilish”, “oʻgʻir xastaliklarda parhez haqida”, kitoblar — “Epidemiya”, “Aforizmlar”, (dastlabki toʻrt bobi), hamda, jarrohlikka oid manbalar — “Boʻgʻimlar haqida” va “Sinishlar haqida” asarlaridir. Mazkur asarlar Gippokrat kodeksning durdonalari hisoblanadi. 
Gippokratning asosiy ilmiy ishlari qatoriga yana falsafiy, axloqiy — tarbiyaviy va etnik yoʻnalishlardagi quyidagi asarlarni qoʻshish zarur: “Qasamyod”, “Qonun”, “Hakim haqida”, “Yaxshi xulq atvor haqida”, “Tarbiya”. Bu asarlar orqali Gippokrat ilmiy tibbiyotni insonparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorib, tibbiyot etiketining asosiy tamoyillarini belgilab bergan.
Gippokratgacha boʻlgan davrlarda odamlar kasalliklarni “ yovuz ruhlar” yoki, sehr — jodular orqali keladi deb tasavvur qilishardi. Shu tufayli Gippokratning kasallik sabablarini aniqlashga nisbatan yondashuvi oʻz davri uchun mutlaqo yangilik boʻlgan. Yaʼni u tibbiyotni mavhum tushunchalarga asoslangan empirizmdan ajratib koʻrsatib, tib ilmini haqiqatga zid boʻlgan uydirma falsafiy nazariyalardan tozaladi. Tibbiyot va falsafa fanlariga ikki bir-biriga uzviy bogʻliq sohalar sifatida yondashuvchi Gippokrat, ularning ikkalasini ham maʼlum chegaralar belgilagan holatda, ammo mohirona uygʻunlik bilan tadqiq va tahlil eta olgan. Barcha ilmiy va adabiy asarlarida Gippokratning xulosalar chiqarish va kuzatuvchanlikning dohiyona namunalarini koʻrish mumkin. Uning mantiqiy fikrlarida barcha keltirilgan mulohazalar uchun qatʼiy tekshirilgan dalillar va isbotlar ilova qilib boriladi. Gippokratning tajriba va kuzatuvlarga asoslangan holatdagi, kasallikni kechishi, bosqichlari va davo usullarining samaradorligi boʻyicha erishgan yutuqlari uning oʻz zamonasidayoq katta obroʻ va shuhratga erishishiga sabab boʻlgan. Gippokratning davomchilari, uning ishlarini va ilmiy faoliyatini davom ettiruvchi Kos maktabini tashkil qilishgan va bu tib ilmi maktabi uzoq yillar davomida yirik tibbiyot dorilfununi sifatida faoliyat yuritgan. Aynan oʻsha Kos tibbiyot maktabining ilmiyi faoliyati, hozirgi zamon tibbiyotining yoʻnalishini belgilab bergan degan fikrlar ham mavjud.
Gippokrat asarlari kasalliklarning tashqi taʼsirlar — atmosfera, fasl, shamol, suv, va ularning natijasi — koʻrsatilgan taʼsirlar oqibatida odam tanasidagi fiziologik oʻzgarishlarni kuzatishlarning mufassal bayonlarini keltiradi. Bu asarlarda turli mamlakatlarning iqlimiy sharoitlari haqida ham maʼlumotlar keltirilib, mazkur mamlakat, orol yoki muayyan joyning meteorolgik shart — sharoitlaridan kelib chiqib, kasalliklarning qanday rivojlanishi mumkinligi haqida fikr yuritiladi. Umuman olganda Gippokrat kasalliklarni sabablariga koʻra ikki toifaga tasniflaydi: Iqlim, tuproq, va irsiy omillar tufayli paydo boʻladigan “Umumiy” kasalliklar hamda, odamning yoshi, ovqatlanishi, yashash va mehnat sharoitlaridan kelib chiquvchi “Shaxsiy” sabablar. Mazkur omillarning odam tanasiga meʼyoriy taʼsiri, undagi suyuqliklarning toʻgʻri taqsimlanishi va harakati jarayonlarini belgilaydi va bu uning uchun sogʻlomlik hisoblanadi.
Gippokrat asarlarida voqelikning mohiyatini anglashga boʻlgan chanqoq intilish diqqatga sazovor. Hakim eng avvalo bemor ahvoliga teran nigoh bilan nazar tashlaydi. Tashxis va davolashning barcha natijalarini muttasil qayd qilib boradi. Yetti jilddan iborat “Epidemiyalar” asarida hakim, shundoqqina bemor huzuridan yozib borilgan qaydlarni mufassal sharhlari va ilovalari bilan bayon qilgan. Mazkur asarda, bemorni davolash jarayonida kuzatilgan oʻzgarishlar, davo vositalarining taʼsirlari haqidagi tajribalar tizimlashmagan maʼlumotlar shaklida keltiriladi. Shuningdek bu asarda, matn mazmuniga muvofiq kelmaydigan, butunlay boshqa mulohazalar ham uchraydiki, xuddi muallif aqliga kelib qolgan fikr va mulohazalarni yoʻl — yoʻlakay va darhol yozib olgandek taassurot uygʻotadi.
Masalan, shunday sinchkov mulohazalardan biri, bemorni qanday koʻrikdan oʻtkazish haqida borib, unda hakim bunday yozadi: “Bemor tanasini koʻrikdan oʻtkazish — yaxlit jarayon: u bilim, tinglay olish, hid bilish, sezgirlik, til bilish va mulohaza qila olish qobiliyatlarini talab qiladi.“ Ushbu matn davomida esa: “tashxis qoʻyilishi lozim boʻlgan kasalliklarga taalluqli omillardan, odamlarning umumiy tabiati va har qanday odamning oʻz tabiati, bemorning kasalligi, unga nima tegishli boʻlsa tegishlilardan, shunga binoan, ulardan qaysi biridan bemorga yengillik yoki qiyinchilik yetishidan; bundan tashqari osmon hodisalarining umumiy va xususiy holatlaridan, har xil mamlakatlardan, odatlaridan, ovqatlanish tarzidan, hayot turidan, har bir bemorning yoshidan, va nutqidan, xulqi, sukuti, fikrlari, tushlari, uyqusi, uyqusizligi, tushlarining qanaqaligi va qachon koʻrishi, qichishishi, koʻz yoshlari, kasallikning tutilib — tutilib kechish, peshob, safro, qayt qilishi kabilardan qaraladi. Shuningdek, kasalliklardagi oʻzgarishlarga ham qarash kerak: qandaylaridan qaysilari yuz beryapti, oʻlimga olib boruvchilari, yoki, majruhlikka olib boruvchilari, keyin esa — terlashni, qaltirashni, sovuqqotish, yoʻtalish, chuchkirish, hiqichoq, nafas olish, esnash, kekirish, qon chiqishini ham tekshirish. Ushbu barcha belgilardan kelib chiqib, hamda, ular nima orqali paydo boʻlayotganini aniqlab, — koʻrik va tekshiruv olib borish kerak.“
Shunisi eʼtiborga molikki, hakim, tashxis qoʻyish va davolashning katta koʻlamiga, bemorning nafaqat joriy kasalligini, balki, undan avvalgi yuz bergan betobliklarini va ulardan qolgan asoratlarni ham hisobga olgan holatda yondashdi. U bemor ham boshqa barcha odamlardek oddiy odam ekanligini, uni anglash uchun boshqalarni ham anglash lozimligini unutmaslik kerak deb taʼkidlaydi. Uning uchun hattoki bemorning sukuti ham koʻrsatma boʻlib xizmat qilishi kerak deb hisoblaydi.
U kasalliklarni doimiy kuzatib borib, uni aniq bosqichlarga ajratish kerakligini ham taʼkidlaydi. Ayniqsa, tutqanoq kelishi davri, isitmali, oʻtkirlashish (yoki keskinlashish) davrlarini hamda bemorning tushkunlikka tushish holatini ajratadi, shuningdek, uning taʼlimotiga koʻra, organizm birikmagan, hazm boʻlmagan suyuqliklardan qutulib, kasallikning “sinishi” paytini mavjudligini taʼkidlaydi.
“Boʻgʻimlar haqida” va “Sinishlar haqida” asarlarida, jarrohlik amaliyotlari va operatsiyalar haqida tafsilotlar bilan, mukammal bayon qilinadi. Gippokrat qoʻlyozmalaridan shu narsa maʼlum boʻladiki, jarrohlik qadim davrlardayoq yuqori sifat va darajada bajarilgan; bizning davrimiz tibbiyotida ham qoʻllaniladigan turli jarrohlik asboblari hamda bogʻlov vositalaridan foydalanilgan. “Ogʻir xastaliklarda parhez haqida” asarida Gippokrat kasallik shakli — oʻtkir, mavsumiy, jarrohlikka oidligiga qarab turlicha parhez usullarida ovqatlanish zarurligini uqtiradi va bu bilan hakim, ratsional diyetologiyaga asos soladi.
Gippokrat eramizdan avvalgi 370 yilda Fessaliyaning Lariss shahrida vafot etgan
Gippokrat qasami
Menga shifokorlik sanʼatini oʻrgatgan ustozlarimni oʻz ota-onamdek koʻraman, butun borligʻimni ular bilan ham baham koʻraman va zarur boʻlganida yordamimni ayamayman; ularning farzandlari mening qon-qarindoshlarimdir va bu kasbni, sanʼatni, agar ular xohlashsa, hech qanday moddiy manfaatlarsiz oʻrgataman; ustozlik qilaman, ogʻzaki darslar va barcha-barchasini oʻz farzandlarimga, ustozlarimning farzandlariga, shogirdlarimga majburiyatim va tibbiyot qonunlariga asosan oʻrgataman.
Bemorlarga oʻz aql-zakovatimga tayangan holda faqatgina ularga foydali boʻladigan tavsiyalar beraman, turli vijdonsizliklar va ularga zarar keltirishdan oʻzimni tiyaman. Hech kimga, hatto soʻrasa ham, oʻlim keltiruvchi vositani tavsiya qilmayman va shu fikrga yetaklovchi yoʻlni koʻrsatmayman; xuddi shuningdek, ayollarning sogʻlom homiladorligini toʻxtatish uchun “yordam” bermayman.
Hayotim va kasbimni toza hamda sof oʻtkazaman. Hech qachon tosh kasalligi bilan ogʻriyotgan bemorlarni operatsiya qilmayman, shu ish bilan shugʻullanayotgan odamlarni bu yoʻldan qaytaraman. Men har qanday xonadonga faqatgina bemorlarning foydasi uchungina kiraman, bemor xoh ayol yoki erkak, xoh qul yoki ozod kishi boʻlsin, undan hech nimani tama qilmayman.
Bemorni davolar ekanman (muolajadan keyin ham), uning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni sir sanab, hech qachon oshkor qilmayman.
Hayotda va kasbimda baxt-saodatga erishish uchun qasamyodimni aslo buzmayman, ontiga vafo qilmaganlarga esa buning aksi boʻlsin!
(oʻzbek tiliga tarjima Murodov Zarifjon Jumaboyevich tomonidan amalga oshirilgan)
Manbalar: avitsenna.uz , orbita.uz

Report Page