ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
HADIS ILMINING SULTONI. 3-QISM
Tarixchilar imom al-Buxoriyning ustozlari soni haqida ham maʼlumotlar keltirishgan. Jumladan, olim ibn Abu Hotamning yozishicha, imom al-Buxo-riyning oʻzi suhbatlaridan birida unga: “Bir ming saksonta shayx (ustoz)dan yozganman”, — degan. X asrda yashagan isfahonlik olim Muhammad ibn Ishoq ibn Manda al-Isfahoniy (922-1005) imom al-Buxoriyning ustozlari haqida maxsus asar yaratib, alifbo tartibida ularni nomma-nom keltiradi. Hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz, iqtidorli olim Nazar Muhammad al-Faryobiy tahqiq qilib, keng koʻlamda ilmiy muomalaga kiritgan ushbu moʻjazgina risola 1991 yili Saudiya Arabistonidagi “Maktabat al-Kavsar” matbaasida chop etilgan. Imom al-Buxoriyning ustozlari haqida nisbatan mufassal maʼlumot beradigan ushbu manba xususida kengroq toʻxtalish lozim, deb hisoblaymiz.
Avvalo, “Imom al-Buxoriy ustozlarining ismlari” asarining muallifi haqida qisqacha maʼlumot keltirish maqsadga muvofiqdir. Uning toʻliq ismi Muhammad ibn Ishoq ibn Manda al-Isfahoniy boʻlib, hijriy 310 (baʼzi manbalarda keltirishicha, 309) yilda Isfahonda tavallud topgan. U yigirma yoshlaridan boshlab Nishopur, Iskandariya (Aleksandriya) orqali Basra, Hirot, Sijiston, Ozarbayjonga ham kirmay, toʻgʻridan-toʻgʻri Shosh (hozirgi Toshkent)ga rihlat qilgan. Ushbu safarlardan qaytganda, oʻzi bilan qirq haml (yaʼni qirq tuyaga yuk boʻladigan) xilma-xil kitoblar keltirgan. Manbalarda taʼkidlanishicha, Qurʼoni ka­rim hofizlaridan birontasiga ham al-Isfahoniy eshitgan maʼlumotlarni (yoki xabarlarni) eshitish va u jam qilgan maʼnaviy boyliklarni jamlash nasib etmagan ekan. Al-Isfahoniyning oʻzi doimo: “Men Sharqni ham, Gʻarbni ham ikki marta tavof qilib, aylanib chiqqanman. Kimki oʻz aqidaviy fikrida qatʼiy turmay beqarorlik koʻrsatib, hali u yoqqa, hali bu yoqqa ogʻadiganlardan boʻlib, haqiqiy din ahkomlariga xilof ish tutib, bidʼat va xurofotga amal qiladigan boʻlsa, undan bironta ham hadis eshitmaganman”, — deb taʼkidlardi.
Al-Isfahoniy haqida yozgan oʻrta asr tarixchilarining koʻpchiligi uning “koʻp tasniflarning muallifi” (“sohib at-tasoniyf”) deb qayd qilganlar. Tadqiqotchi Nazar Muhammad al-Faryobiy esa uning qalamiga mansub yigirmaga yaqin asarlar borligini taʼkidlab, ularni nomma-nom keltiradi. Ushbu asarlardan oʻndan oshigʻi hadis va uning turli ilmlariga bagʻishlanadi. Ulardan “Hadis”, “Al-Amoliy”, “Al-Favoid”, “Maʼrifat as-sahoba”, “Fath al-bob fi kuna va-l-alqab”, “Shurut al-aimma”, “Kitob at-tarix”, “Kitob asmoi as-sahoba” kabilarni koʻrsatish mumkin.
Muallifning aqidaga bagʻishlangan asarlari ham ijodida salmoqli oʻrin egallaydi. Ulardan “Kitobu-r-radd ahlo-l-jahmiyyin”, “Kitob as-sifot”, “Kitob an-nafs va-r-ruh”, “An-Nosix va-l-mansux” va boshqalarni keltirish kifoyadir. Ishoq ibn Manda al-Isfahoniy 395/1005 yilda vafot etib, Isfahondagi Dukkaboz qabristoniga dafn qilingan.
Muallifning “Imom al-Buxoriy ustozlarining ismlari” asari hajm jihatidan uncha katta boʻlmay, atigi 16 varaqdan iborat qoʻlyozma chiroyli nasx xatida yozilgan. Har bir sahifada 17 satr boʻlib, bagʻdodlik xattot Muhammad ibn al-Hasan ibn Muhammad Ali ibn al-Ibrohim tomonidan olti yuz oʻttiz ikkinchi hijriy yilning oʻn toʻqqizinchi shavvoli, juma kunida Damashq Jomiʼ masjidida koʻchirilgan, ilmiy jihatdan gʻoyatda qimmatlidir. Ushbu kitobda Imom al-Buxoriy oʻzining shoh asari “Sahih al-Buxoriy”da keltirgan uch yuz olti hadis roviylarining ismi shariflari alifbo tarti­bida toʻliq holda zikr qilinadi. Shuningdek, ularning koʻpchiligi haqida asli qaysi shahardan kelib chiqqani, laqabi yoki kunyasi, aksariyatining esa qaysi shaharda qachon vafot etgani toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar keltiriladi. Fikrimizning isboti sifatida mazkur asardan bir necha misollar keltiramiz: “Ayub ibn Sulaymon ibn Bilol Mavli Abdulloh ibn Abi Atiyq asli Madina shahridan, 224 hijriy yilda vafot etgan; Ibrohim ibn Hamza ibn Muhammad ibn Abdulloh az-Zubayr ibn al-Avon az-Zubayriy 230 hijriy sanada Madinada vafot etgan boʻlib, koʻpincha, Abu Ishoq kunyasi bilan atalardi; Ahmad ibn Ishoq ibn al-Husayn, Abu Ishoq as-Sullamiy, u as-Surmoriy nomi bilan tanilgan boʻlib, Buxoro qishlogʻidan edi; Ahmad ibn Abu Raja — asl ismi Abdulloh ibn Ayub al-Xaraviy Abu al-Valiyd. Imom al-Buxoriy hadislarni un­dan Buxoroda paytida yozib olgan; Ahmad ibn Maniʼ ibn Abdurrahmon, Abu Jaʼfar al-Bagʻaviy — u Bagʻdodda yashagan. U Husayndan rivoyat qiladi. Uni al-Qabboniy deb ham atardilar. Imom al-Buxoriy undan atigi bitta hadis rivoyat qilgan; Abdulloh ibn az-Zubayr ibn Iso al-Humaydiy — Abu Bakr kunyasi bilan tanilgan boʻlib, Makka ahlidan. Vafoti ikki yuz oʻn toʻqqizinchi hijriy yil; Muhammad ibn Yusuf Abu Ahmad al-Buxoriy Poykand ahlidan”.
Mana shu tariqa ushbu kitobda imom al-Buxoriy hadis eshitgan 306 roviy haqida maʼlumotlar keltiriladi. Bu adad, albatta, buyuk alloma hadis eshitgan roviylarning bir qismidir. Aslida, u, yuqorida aytilganidek, juda koʻp roviylardan hadis eshitib yozib olgan. Hadisshunoslikda yana bir muhim soha boʻlmish illatli hadislarni aniqlash gʻoyatda masʼuliyatli va murakkab ishlardan hisoblanadi. Muhaddis hadis ilmiga oid barcha tartibot va uslublarni mukammal bilish bi­lan bir qatorda, roviylarning tugʻilgan va vafot etgan vaqtlari, hadisni kimdan eshitib, kimdan rivoyat qilayotgani, eshitgan ibora va alfozlarining aniqligini toʻla-toʻkis egallagan boʻlishi kerak. Shu boisdan ham muhaddislarning koʻpchiligi bu jihatlarni toʻla-toʻkis egallash – hadis ilmida eng jiddiy muammo va ayni vaqtda oʻta sharafli masʼuliyat deb hisoblaydilar. Hadisni yodlab ularni mukammal idrok qilgan va bu borada talab etiladigan boshqa tajribalarga ega boʻlgan, hadislar xususida uzil-kesil gapirishga haqli hisoblanganlar faqat Ali ibn al-Madiyniy, Yaqub ibn Shayba, Ahmad ibn Hanbal, al-Buxoriy, Abu Hotam, Abu Zurʼa, Ad-Doraqutniy va ularga ergashgan bir necha muhaddislar hisoblanishadi. Bu oʻrinda Ali ibn al-Madiyniyniig quyidagi soʻzlarini keltirib, illatli hadislarni aniqlash qanchalik qiyin va murakkab ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz: “Mening oʻzim bilgan bir hadisning illatini aniqlashdan koʻra yangi, avval bilmagan yigirmata hadis yozib olishim men uchun osondir”. Darhaqiqat, hadislarda, garchand, zohiran oʻzaro bogʻliqlik boʻlsa-da, ularni isnodi jihatidan dastlabki roviyga bekamu koʻst ulash yoki uzilish bilan yetkazish yoki bir hadis iboralarini ikkinchi bir hadis soʻzlari bilan aralashtirib yubormaslik yoxud oʻnlab ro­viylardan birining nuqsonini aniqlash juda qiyin va mashaqqatli yumushdir. Mana shu zayldagi toʻliq imkoniyatga va har tomonlama mukammal axborotga ega boʻlmaganlar, tabiiyki, hadis ilmida biror yutuqqa erishishi amri mahol edi. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, imom al-Buxoriy mukammal egallagan buyuk sanʼatlardan biri bu – illatli hadislarni aniqlash boʻlgan. Imom al-Buxoriyning zamondoshi olim al-Hofiz Ahmad ibn Hamdun bunday eslaydi: “Usmon ibn Abu Said ibn Marvonning janozasi paytida Muhammad ibn Yahya az-Zuhliy al-Buxoriydan roviylar ismlari va illatli hadislar haqida savol soʻraganida al-Buxoriy goʻyoki u “qul huva Allohu ahad”ni yoddan oʻqiyotgandek – merganning bexato oʻqi misoli toʻgʻri javob qilganini koʻrgandim”.
Mavridi kelganda shuni aytish kerakki, mana shu davrda, yaʼni IX asrda Nishopurda ilm-fan, ayniqsa, hadis ilmi nihoyatda taraqqiy qilib, unda imom al-Buxoriy, imom Muslim ibn al-Hajjoj, imom at-Termiziy va boshqa bir qator kuchli muhaddislar yigʻilgan edi. Ular shaharda faoliyat koʻrsatadigan madrasalarda yoshlarga hadis ilmidan dars berardilar. Bu buyuk muhaddislar orasida ilmiy munozara va bahslar juda koʻp boʻlgan. Imom al-Buxoriy hadis sohasidagi oʻz ilmi va salohiyati, ayniqsa, illatli hadislarni aniqlash mahorati bilan barchani qoyil qoldirgan, muhaddislarning hammasi unga bir ovozdan tan bergan. Imom al-Buxoriy masjidlarda, ommaviy ilmiy yigʻinlarda ham ishtirok etgan. Oʻz davrining mashhur muhaddislaridan biri sanalgan Muslim ibn al-Hajjoj imom al-Buxoriyning chuqur bilimiga tan berib, unga samimiy ravishda: “Sizni faqat hasadgoʻylargina koʻra olmaydi. Mening imonim komilki, sizdek buyuk olim jumlai jahonda yoʻq”, — deb xitob qilgan.
Imom al-Buxoriyning illatli hadislarni bilishdagi benazir mahorati, mukammal ilmi va qobiliyati borasida uning zamondoshlari koʻp qimmatli fikrlarni qoldirganlar. Illatli hadislarga atab maxsus asar yozgan imom at-Termiziy oʻz asari “Kitob al-ilal”da: “Hadislar, roviylar, ular tarixlaridagi illatlar xususidagi fikrlarim imom al-Buxoriyning “Kitob at-tarix” asaridan foydalanganlarim, ulardan yana koʻprogʻini Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bilan qilgan ilmiy munozaralarim paytida olganman, shuningdek, Abdulloh ibn Abdurrahmon, Abu Zurʼadan ham foydalandim-u, lekin baribir koʻprogʻi Muhammad al-Buxoriydan, kamrogʻi esa Abdulloh bilan Abu Zurʼadandir”, — deb eʼtirof etgan. Yana imom at-Termiziy: “Illatli hadislarni va isnodlarni aniqlashda Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan koʻra ustun boʻlgan birorta olimni koʻrmadim”, — deb alohida taʼkidlagan.
Imom al-Buxoriy ishtirok etgan ilmiy majlislarning birida oʻz zamonasining yetuk olimlaridan sanalgan al-Faryobiy sanadi quyidagicha boʻlgan bir hadis haqida gapirib: “Sufyon Abu Urvadan, u Abu-l-Xattobdan, u Abu Hamzadan”, — dedi. Majlisda hozir boʻlganlarning birortasi ham Sufyondan boshqalarning kim boʻlganini aniq bilmadi, chunki bu oʻrinda ularning faqat kunyalari (Abdu-l-Xattob, Abu Hamza) aytilgan edi. Shunda Muhammad al-Buxoriy vazminlik bilan: “Abu Urva bu – Muammar ibn Roshid, Abul-Xattob esa Qatoda ibn Daoma, Abu Hamza boʻlsa, Anas ibn Molikdir. Buyuklarning ishlari inqilobiy tusda ulugʻvor boʻlganligi uchun ham ular faqat kunyalari bilan aytilganlar”, — dedi.
Hadis rivoyatidagi noqislik va ularning toʻgʻriligiga ishonch hosil qilish masalalari sahobalar davridan boshlanib, oʻsha paytdanoq hadislarni yozib olishda bu masalaga alohida eʼtibor berilgan. Chunonchi, sahobalarning oʻzlari rivoyat qilgan hadislarda ham illatli hadislar uchragan hollar aniqlangan edi. Paygʻambar vafotidan keyin vaqt jihatidan muddat kam oʻtgani, hadislarni naql qilishda vositalarning ozligi tufayli dastlabida bunga ehtiyoj unchalik katta boʻlmagandi. Rivoyatda ishtirokchilar soni koʻpayib, vaqt oʻta borgan sari roviylarning illatini aniqlashga tobora zarurat kuchaydi. Hadis ilmida ham, muhaddislar orasida ham bu masala muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Hadis roviylariga nisbatan alohida diqqat-eʼtibor, chuqur munosabat bilan qaralib, har xil uslubu qoidalar yaratildi. Masalan, qaysi holatlarda zamondoshlarning illati (jarhi) qabul qilinmaydiyu, qaysi bir holatlar­da qabul qilinadi kabi aniq yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqildi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, hadislarda illat masalasi muhim ahamiyat kasb etib, u bilan shugʻullanadiganlardan pok diyonat va taqvodorlik, qobiliyat talab qilinadi. Imom al-Buxoriy bu sohada oʻziga asosiy dasturulamal qilib olgan ehtiyotkorlik maslagi uning diyonat, imon-ixlos va xudojoʻylikda yuksak darajaga erishganini koʻrsatadi.
Imom al-Buxoriyning illatli hadislar haqidagi mulohazalari gʻoyat mutavozeʼ va odob-axloq doirasida boʻlib, munosabatlar “uni shunday qoldirganlar (tarakahu), “u tashlab ketilgan” (matruk), “tushirib qoldirilgan” (soqit), “bu haqda oʻzgacha bir fikr-mulohaza ham bor”, “bu xususda avval oʻtganlar hech narsa demaganlar” va shunga oʻxshash beozor, oddiy va samimiy iboralardan tashkil topgan. Juda kamdan-kam hollarda imom al-Buxoriy biron odamga nisbatan “u ichidan oʻylab chiqqan (uydirmachi)” yoki “kazzob” deyardi, illatli hadislar masalasida al-Buxoriy ishlatgan eng qattiq ayblov “hadisni inkor qiluvchi” (“munkir al-hadis”) degan ibora boʻlardi. Hadis ilmida shu qoida odat tusiga kirdiki, agar imom al-Buxoriy biron roviy haqida “u – munkir al-hadis” desa, undan hech vaqt hadis rivoyat qilinmasdi. Bu xususda Ibn al-Qatton imom al-Buxoriyning ushbu soʻzlarini keltiradi: “U (al-Buxoriy) unga: “Har qanday kishi haqida “u munkir al-hadis” degan boʻlsam, bas, undan hech vaqt hadis rivoyat qilinmaydi”, — degan.
Imom al-Buxoriy ustozlarining soni koʻp boʻlib, ulardan birining ismi “Musaddid” (lugʻaviy maʼnosi “toʻgʻri yoʻlga boshlovchi”) edi. Al-Buxoriy unga qattiq ishonib: “Musaddid – oʻz ismiga monand toʻgʻri yoʻlga boshlovchidir. Kitoblarim oʻzimda boʻladimi yoki unda boʻladimi – menga farqi yoʻq”, — deb doimo takrorlar edi. Ushbu taʼkiddan ayon boʻlayotirki, imom al-Buxoriy oʻz kitoblari muhofazasiga alohida ahamiyat bergan. U bu masalaga, bamisoli hadis rivoyatiga eʼtibor bergandek, alohida eʼtibor bilan qaragan. Shuningdek, ular qanday odamlarning qoʻlida saqlanishiga ham jiddiy qaragan. Oʻz kitoblari har qanday kimsaning qoʻliga tushib qolishiga befarq boʻlmagan.
Imom al-Buxoriy butun faoliyati davomida ham ilmiy, imkoni boʻlsa, moddiy jihatdan odamlarga, yaʼni Allohning bandalariga biror naf yetkazishni oʻzining asosiy maqsadi qilib qoʻygan edi. U doimo ilm ahllariyu ilm toliblariga, hatto ustozlar (ash-shuyux) va muhaddislarga ham moddiy yordam koʻrsatardi. Tijorat qilganda har safar oʻzi koʻrayotgan daromaddan, yaʼni foydasidan besh yuz dirhamni faqiru miskinlarga, ilm to­liblariga sarflardi. Tolibi ilmlarga maʼlum mablagʻlar (maoshlar) ajratib, ularni alohida qiziqishu zavq-shavq bilan Paygʻambar (s.a.v.) ilmlarini (hadisi shariflarini) oʻganishga ragʻbatlantirardi, ahli ilmga nisbatan gʻoyatda koʻp ehson koʻrsatardi. Ayni vaqtda imom al-Buxoriy oʻz shaxsiy hayotida, yeyish-ichishda va kiyinishda sira ham dabdaba va behuda sarfu xarajatlarga yoʻl qoʻymasdi, sabr-toqat va qanoat, chidamlilik uning uchun odat tusidagi bir hol edi.
Imom al-Buxoriy gʻoyatda begʻubor, halol-pokiza, diyonatli inson boʻlib, gʻiybatu nohaqliklardan uzoq bir kishi boʻlgan. U doimo: “Gʻiybat qilish harom ekanini bilganimdan boshlab, hech qachon biror kishi haqida gʻiybat gapirmaganman”, — deb taʼkidlardi.
Imom al-Buxoriyning eng ulugʻ fazilatlaridan yana biri u taassub (mutaassiblik)ning har qanday koʻrinishlaridan uzoq boʻlganidir. Uning shoh asari “Sahih al-Buxoriy” bilan chuqurroq tanishilsa, al-Buxoriyning oʻz kitobidagi maʼlumotlarga nihoyatda katta sinchkovlik va ehtiyotkorlik bilan yondashganini koʻramiz. Qanchadan-qancha mashaqqatlar bilan toʻplangan hadislarining sahihligiga toʻla ishonch hosil qilib, obdon tekshirgandan keyingina oʻz asariga kiritganligi bu fikrni yana bir karra tasdiqlaydi. Imom al-Buxoriyning “Sahih” asari haqida gapirar ekanmiz, shuni ham qayd qilish kerakki, ushbu kitobning sahih isnodlarida ahli sunnaga mansub boʻlmagan roviylar ham uchraydi. Al-Bu­xoriy muhaddislarda hadislarga boʻlgan katta mehr va intilish hamda unga qatʼiy amal qilish har qanday tahsinga sazovor, deb hisoblardi. Bu masala gʻoyatda muhim boʻlib, bu xususda baʼzi muhaddislarning oʻzlari ham fikr-mulohaza bildirganlar. Jumladan, imom Ahmad ibn Hanbal: “Oʻzim amal qilmagan bitta ham hadisni kitobga olmaganman”, — deb taʼkidlagan boʻlsa, oʻz davrining yirik muhaddislaridan biri sanalgan Vakiy ibn al-Jarroh: “Agar biror hadisni yodlashni istasang, eng avvalo, unga amal qil”, — degan. Yana bir muhaddis Ibrohim ibn Ismoil esa: “Hadislarni yodlashda, eng avvalo, unga amal qilish yoʻlidan foydalanardik”, — deb taʼkidlagan, alloma as-Suyutiy oʻzining “At-Tadriyb” nomli asarida bu jarayonni quyidagicha ifodalaydi. “Ibodatlar, odob-axloq, fazilatlar, solih aʼmollar xususida eshitgan hadislardan samarali foydalanish lozim. Bu, birinchidan, ushbu hadisning zakoti, ikkinchidan esa, uni yodlash uchun yaxshi omildir”.
Imom al-Buxoriy yashagan davrda Xolid ibn Ahmad az-Zuhliy Tohiriylar tomonidan boʻlib, Buxoroning amiri sifatida saltanat yuritardi. Xorijiy yurtlarga qilgan uzoq yil davom etgan safaridan qaytib, imom al-Buxoriy oʻz ona yurti Buxoroda oʻrnashgach, uning shonu shuhrati chor atrofga tarqab, koʻplab hadis toliblari toʻda-toʻda boʻlishib, alloma huzuriga kela boshlagach, Xo­lid ibn Ahmad az-Zuhliy ular bilan garchand mazhabiy masalalarda bir qadar muxolafatda boʻlsa-da, ularning rivoyatlarini tashlab ketmasdan kitobiga kiritgan. Faqat shu shart bilanki, ular bidʼatga daʼvat qilmaydigan, yolgʻon-yashiq rivoyatlarni tarqatmaydigan, har qanday holatda ham, soxta (yolgʻon) aralashishini hatto xayoliga ham keltirmaydigan kishilar boʻlishi talab qilingan. Shu boisdan ham, imom al-Buxoriyning roviylariga nazar solsak, ulardan baʼzilari shia tamgʻasi bilan koʻrsatilgan boʻlib, alloma ularning rivoyatini ham “Sahih” kitobiga kiritgan.
Hadislardagi noqisliklarga alohida eʼtibor bergani kabi, imom al-Buxoriy roviylarning ibratli, goʻzal fazilatlarini urgʻulab koʻrsatishga ham katta ahamiyat bergan. Agar keltirgan rivoyatlari toʻgʻri boʻlsa, roviy­larning haqiqiy tavsiflariyu adolatli ishlarini batafsil zikr qilgan.
Manbalarda keltirilishicha, imom al-Buxoriy oʻz ilmiy-ijodiy faoliyati davrida yigirmadan ortiq asarlar yaratgan. Ular quyidagilardan iborat: “Al-Jomiʼ as-sahih”, “Al-Adab al-mufrad”, “Kitob al-kuna”, “Kitob al-favoid”, “Juzʼ rafʼ al-yaddayn”, “At-Tarix al-kabir”, “At-Tarix al-avsat”, “At-Tarix as-sagʻir”, “Al-Jomiʼ al-kabir”, “Xalq afʼol al-ibod”, “Kitob az-zuafo as-sagʻir”, “Al-Musnad al-kabir”, “At-Tafsir al-kabir”, “Kitob al-hiba”, “Asomiy as-sahoba”, “Ki­tob ul-vuhdon”, “Kitob al-mabsut”, “Kitob al-ilal”, “Birr al-volidayn”, “Kitob al-ashribati”, “Qazoyo as-sahoba va-t-tobin”, “Kitob ar-Riqoq”, “Al-Jomiʼ as-sagʻir fi-l-hadis”, “Al-Qiroatu xalf al-imom”.
Imom al-Buxoriy haqida yozgan muarrixlar va solnomachilar uning husni-xulqlari va mahosinlarini zikr qilganlarida, albatta, uning quvvai hofizasi va xotirasining kuchliligini alohida taʼkidlab koʻrsatadilar.
Chunonchi, manbalarda imom al-Buxoriy xotirasining kuchi xususida koʻpdan-koʻp qiziqarli rivoyatlar keltiriladi. Taʼkidlaganimizdek, uning ustozlari Muhammad al-Buxoriyning yoshligidan Alloh taolo ato qilgan noyob iqtidori va quvvai hofizasini sezib, unga yakdillik bilan tan berganlar. Yoshligidayoq uning haqida “gʻoyatda fozil inson boʻladi”, “dovrugʻi el orasida doston zot boʻlib chiqadi”, deb aytgan bashoratlari tarix kitoblarida bitilgan.
Buyuk muhaddis Abu Iso at-Termiziy: “Imom al-Buxoriy el orasida tanila boshlagach, Abdulloh ibn Munir: “E, Abu Abdulloh! Alloh seni bu ummatning ziynati qilib yaratgan!” — degan fikrini keltiradi. At-Termiziy yana: “Alloh taolo uning barcha xohishini mustajob qilib yaratgan edi”, — deb taʼkidlaydi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy quyidagicha hikoya qiladi: “Xo­lid ibn Ismoil shunday degan edi: Basra mashoyixlari xususida imom al-Buxoriy bilan bizning fikrimizda koʻpincha ixtilof boʻlardi. Shu paytda u oʻspirin bola boʻlib, hadislarni sira yozmasdi. Shu zaylda oʻn olti kun oʻtgach, u bizga: juda koʻp hadis eshitib yozib oldinglar, qani menga koʻrsatinglarchi, qancha hadis yozib olibsizlar, dedi. Hisoblab koʻrsak, oʻn besh mingdan ziyod hadis yozgan ekanmiz. Al-Buxoriy ularning hammasini yoddan aytib berdi, hatto yozgan hadislarimizning koʻplaridagi xatolarni uning yoddan aytganlariga qarab tuzatib ham oldik”. Olim Muhammad ibn al-Azhar as-Sijistoniy “Biz alloma Sulaymon ibn Xarabdan hadis ilmidan saboq olardik. Al-Buxoriy ham biz bilan birga hadis eshitardi-yu, lekin sira yozmasdi. Nega u yozmayotir? — deb soʻraganlar: “Oʻz yurti Buxoroga qaytgach, yodidan yozadi”, — deb javob olgandilar”. Ushbu Sulaymon ibn Xarab oʻz zamonining mashhur allomasi va hadis hofizlaridan hisoblanib, Makkai mukarramada qozi ham boʻlgan. Uning xotirasi gʻoyatda kuchli boʻlib, hech bir kitob-daftarga boqmay, oʻn minglab hadisni yoddan rivoyat qilgan. Abu Xotam shunday hikoya qiladi: “Men Bagʻdodda Sulaymon ibn Xarabning darslaridan saboq olganman. Uning sabogʻini olganlarning soni qirq mingdan ham oshib ketgan boʻlib, u hijriy 224 yilda vafot etgan. Imom al-Buxoriy ham uning shogirdlaridan hisoblanardi. Fazlu kamolining shunchalik buyuk boʻlishiga qaramasdan, u al-Buxoriydan “Sen bizga Shuʼabaning xatosini tushuntirib ber”, — deb iltimos qilardi. Hifzu zakovat, idroku tafakkurdan rabboniy (ilohiy) bir noyob qobiliyat va isteʼdod Imom al-Buxoriyga ato etilgandiki, hatto unga ustozlari tomonidan ham yuksak izzat-ikrom va hurmat koʻrsatilib, koʻp muhaddislar uning huzurida dars oʻtishdan ham hijolat boʻlib, hayiqib turganlar”. Shu xususda Fath ibn Nuh an-Naysoburiyning: “Ali ibn al-Madiyniyning darsida boʻlganimda Muhammad al-Buxoriyning uning oʻng tomonida oʻtirganini koʻrdim. Ustoz har bir hadisni zikr qilganida hurmat bajo keltirib, al-Buxoriy tomoniga ohista burilib qoʻyar edi”, — deb yozishi ustozlarining imom al-Buxoriyga hurmat-eʼtibori alohida boʻlganidan yaqqol dalolatdir.
Koʻpgina manbalar va tarix kitoblarida imom al-Buxoriyning aql-zakovati va quvvai hofizasini sinash maqsadida qilingan imtihon (sinov) xususida aniq maʼlumotlar zikr qilingan. Jumladan, shunday jiddiy bir imtihon Bagʻdodda Dor al-xilofat (Xalifalik uyi)da Bagʻdod ulamolari tomonidan uyushtirilgan. Bagʻdodlik olim Abu Bakr al-Kaluzoniy (vaf. 249 h.): “Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyga oʻxshash hech bir olimni koʻrmadim. Biror ilmga oid har qanday kitobni olib sinchiklab mutolaa qilardi-da, unda keltirilgan barcha hadislarni bir martaning oʻzidayoq yodlab olardi”, — deb yozgan.
Qachonki imom al-Buxoriy hadis ilmi boʻyicha mukammallikka ega boʻlib, ilmiy majlislar, saboqlar bera boshlagach va uning bu tarzdagi majlislari dovrugʻi har tarafga tarqab, el orasida yoyilgach, ilm toliblariyu ahli donish bu saboqlarga shunchalik koʻp yopirilib kela boshladiki, majlislarga odamlar sigʻmay ketardi. Bu tartibdagi ilmiy majlislar Basra, Bagʻdod, Hijoz, Balx kabi shaharlarda uyushtirilib, alloma umrining oxirlarida oʻz vatani Buxoroda ham hadislardan dars bergandi.
Imom al-Buxoriy shogirdlari haqida gapiradigan boʻlsak, ular sonsiz-sanoqsiz koʻp boʻlgan. Bu xususda olim Al-Firabriy: “Bevosita imom al-Buxoriyning oʻzidan toʻqson ming odam hadis eshitgan”, — deb yozadi. Muar-rixlaru muhaddislarning yozishlaricha, hatto al-Buxoriy­dan saboq olib, undan istifoda qilganlar orasida uning mashhur ustozlari ham boʻlgan. Ular doimo al-Buxoriy­ning ilmiy majlislarida hozir boʻlardilar. Ulardan Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Abdulloh ibn Munir, Ishoq ibn Ahmad as-Sarmoriy, Muhammad ibn Xalaf, Ibn Qutayba va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Bularning hammalari ham oʻz davrining fazilatli, ilmi komil olimlari hisoblanardi. Shunday ulugʻ martabaga ega boʻlishlariga qaramay, ular al-Buxoriydan zarur saboqlarni olganlar. Yoshi imom al-Buxoriyga tengqur boʻlib, unga tayangan va doʻsti fazlu kamolining yuksakligini tan olib, uning ilmiy majlislarida qatnashgan buyuk olimlardan imom Abu Zurʼa ar-Roziy, Abu Hotam ar-Roziy, Ibrohim al-Harbiy, Abdulloh ibn Mutiyn, Ishoq ibn Ahmad ibn Ziyrak al-Forsiy, Abu Bakr Muhammad ibn Ishoq ibn Xaziyma al-Qosim ibn Zakariyo, Muhammad ibn Abdulloh al-Xadramiy, Muhammad ibn Qutayba, Abu Bakr al-Aʼyin kabilarni koʻrsatish mumkin. Mazkur olimlar rijol (roviylar), tarix, hadis, jarh (illatli hadislar), taʼdiyl ilmlari boʻyicha oʻz davrining buyuk allomalari edi.
Imom al-Buxoriyning shogirdlari orasida shon-shuhratda yuksaklikka yetishib, buyuk sharafga muyassar boʻlgan, islomiy ilmlar – ilm al-hadis va fiqhning asosiy jihatlarini mukammal bilganlardan “As-Sahih” kitobining muallifi imom Muslim ibn al-Hajjoj, “Sunan” kitobining sohibi imom Abdurrahmon an-Nasoiy, “Al-Jomiʼ” asarining sohibi imom Abu Iso at-Termiziy, islomiy ilmlar boʻyicha qator tasnifotlarning muallifi imom Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy, imom ad-Dorimiy, mashhur faqiyh, “As-Sahih” nomli asarning sohibi imom Ibn Xuzayma va boshqalar ham bor edi. Imom al-Buxoriyning shogirdlari boʻlgan ushbu allomalar oʻz davrining yirik muhaddislari va fiqh olimlari boʻlib yetishdilar.
Muallif : Ubaydulla Uvatov (tarix fanlari doktori, professor)

Report Page