ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
IMOM ISMOIL AL-BUXORIY
Imom al-Buxoriyning ismi Muhammad, kunyasi Abu Abdulloh, laqabi baʼzan imom al-muhaddisiyn (muhaddislarning imomi, peshvosi), baʼzan amir ul-moʻminiyn fi-l-hadis (hadis ilmining amiri, sultoni) va nasabi Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mugʻiyra ibn Bardazbeh ibn Bazazbehdir. Soʻnggi ikki ismi – ibn Bardazbeh ibn Bazazbehdan koʻrinib turibdiki, imom al-Buxoriyning asl nasabi ajamlarga borib taqaladi. Bu fikr talay adabiyotlarda qayd qilingan boʻlib, koʻpchilik muhaddislarning taʼkidlashlaricha, “Bardazbeh” soʻzi arabcha “zoriʼ” (ziroat, dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi kishi) maʼnosini bildiradi.
Buxoro shaxri
Imom al-Buxoriyning otasi Ismoil edi. Uning kunyasi Abu-l-Hasan boʻlib, oʻz davrining yetuk muhaddislaridan, imom Molikning shogird va ashoblaridan biri hisoblangan, tijorat ishlari bilan ham shugʻullangan. Afsuski, hozircha uning qalamiga mansub biror asar haqida aniq maʼlumotga ega emasmiz. Biroq uni Hamad ibn Zayd, imom Molik, Abu Muoviya kabi yirik muhaddislardan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn al-Muborakning suhbatida boʻlib, undan taʼlim olgani haqidagi maʼlumotlar manbalarda keltiriladi. Uning shogirdlaridan esa iroqlik bir qancha olimlar – Ahmad ibn Hafs, Nasr ibn Husayn va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Imom al-Buxoriy “At-Tarix al-kabir” (“Katta tarix”) asarida otasining tarjimai holi haqida ta­lay maʼlumotlar beradi. Tarixchi al-Hofiz ibn Hibbon oʻzining “Kitob as-siqqot” (“Buyuk insonlar haqida kitob”) nomli asarida Ismoil ibn Ibrohim, yaʼni al-Buxoriyning otasi “Hamad ibn Zayd va Molikdan hadislar rivoyat qilgan, undan esa iroqlik olimlar hadislar naql qilishganlar”, — deya taʼkidlaydi.
Manbalarda zikr qilinishicha, Ismoil oʻta taqvodor, xudojoʻy, halol bir inson boʻlgan. Tarixchi Ahiyd ibn Hafasning yozganlari bu fikrimizga dalildir. “Abu Abdulloh (imom al-Buxoriyning otasi) bandalikni bajo keltirayotgan chogʻida uni ziyorat qilganimda, menga u: “Bor molu dunyomdan harom yoʻl bilan, shubhali, nopok yoʻl bilan topilgan bir dirhamni ham bilmayman”, deb iltijo qilganida mening nafasim boʻgʻilib, butun vujudim uning ulugʻvorligidan hech narsaday tuyuldi”, — deb yozadi. Mazkur kitobda, shuningdek, imom al-Bu­xoriyning otasiga xos boʻlgan yana bir qancha asl insoniy fazilatlar va uning alohida xususiyatlari ham qayd etiladi.
Imom al-Buxoriyning onasi ham taqvodor, diyonatli va har xil karomatlar sohibasi, gʻoyatda oqila, fozila ayol sifatida tanilgan edi. Maʼlumki, imom al-Bu­xoriyning yoshligida koʻzi jarohatlanib, koʻrish qobiliyati susaygan, har qancha urinishsa ham, tabiblar uni davolay olmagandilar. Kunlardan bir kuni al-Buxoriy­ning onasi tushida Ibrohim (a.s.)ni koʻrganda u zoti sharif bu mushfiq onaga qarab: “Ey, volida! Sening duolaringning bardavomligidan Alloh taolo oʻgʻlingga toʻliq koʻrish qobiliyatini qaytardi”, — deya xitob qilganlar. Keyin u: “Uyqumdan uygʻonsam, oʻgʻlim Muhammadning koʻz nuri toʻliq qaytib, tuzalib ketibdi”, — degan rivoyat mavjuddir. Abu Ali al-Rassoniy degan olim: “Muhammad ibn Ismoilning yoshligida koʻzi ojiz boʻlib qolgan. Uning onasi taqvodor ayol boʻlib, tushida Ib­rohim Halilullohni koʻrganda, u: “Koʻp duolar qilib yigʻlaganingdan Alloh taborako va taolo oʻgʻlingning koʻzini qaytardi”, — degan. Ona: “Ertalab uygʻonsam, Alloh oʻgʻlimga koʻrish qobiliyatini qaytarganini koʻrdim”, degan maʼlumot bilan yuqoridagi rivoyatni aynan qaytaradi.
Imom al-Buxoriy ilm-fan va madaniyat ravnaqida azaldan mashhur boʻlgan Buxoro shahrida tavallud topgan. Mana shu muhtasham shahar — Buxoroi sharifda 194 hijriy sana, shavvol oyining 13-kunida salotu-l-jumʼadan keyin (810 milodiy sana, 21 iyul) jami muhaddislarning imomi, Paygʻambar (s.a.v.) ning muborak hadislariga durdonasimon sayqal berib, ularni abadul-abad barhayot qilgan ulugʻ zot imom al-Buxoriy dunyoga kelgan.
Mutafakkir Abdurahmon Jomiy mashhur muhaddisning ilmiy-ijodiy salohiyatiga yuksak baho berib, “Batxa (Makka) va Yasrib (Madina)da yasalgan tanganing sayqali Buxoroda kamoliga yetdi”, — deb yozgan edi. Maʼlumki, manbalarda oʻrta asrlarning bir qator donishmandlari tavallud topgan oylar va kunlar tugul, hatto, yillarida ham aniqlik boʻlmay, xilma-xil maʼlumotlar koʻrsatilgan hollar bot-bot uchraydi. Imom al-Buxoriyning tugʻilgan vaqti (kuni, oyi, yili) aniq keltirilishining boisi shundaki, allomaning oʻzi yozishicha, u tugʻilgan vaqt haqida otasi oʻz qoʻli bilan yozib qoʻygan varaq zamondoshlariga yetib kelgan.
Imom al-Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, bolaning tarbiyasi volidasi zimmasida boʻlgan. Birmuncha ulgʻayib aqli raso boʻlgach, uning qalbida islomiy ilmlarga, ayniqsa, Paygʻambar (s.a.v.)ning muborak hadislarini oʻrganishga va yodlashga moyillik tobora kuchaya boradi. U dastavval Ibn al-Muborak va Vakiyning hadislarga oid asarlarini yod oladi. Imom al-Buxoriyning kotibi, uning asosiy tasnifi “Sahih” asari roviylaridan biri boʻlmish Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotam al-Varroq shunday deb yozadi: “Al-Buxoriyning “Hadislarni yod olish ilhomi menga boshlangʻich maktabda oʻqiyotganimda kelgan edi”, — deganini eshitganimda, “Oʻshanda necha yoshda edingiz?” — deb soʻradim. U “Oʻn yoshda, balkim undan ham kichik edim”, — deb javob bergandi”. Bu misoldan koʻrinib turibdiki, imom al-Buxoriy juda yoshligidan boshlab hadislarni yod olib, bu mashgʻulotga alohida zavq-shavq va qiziqish bilan qaragan.
Allomaning ustozlari haqida gapiradigan boʻlsak, u, eng avvalo, oʻsha paytda Buxoroning taniqli muhaddislaridan sanalgan ad-Doxiliydan saboq olgan. Hadis­larni oʻrganish boʻyicha ushbu olim tashkil etgan toʻgarakning shuhrati keng tarqalgan boʻlib, uning faoliyati yoyilib ulkan samaralar bergan.
Kunlardan bir kuni ad-Doxiliy oʻz odaticha talabalarga saboq berar, al-Buxoriy ham boshqa tolibi ilmlar qatori dars tinglab oʻtirgan edi. Shunda ad-Doxi­liy bir hadis isnodi haqida gapirib “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan”, — deb zikr qildi. Shunda al-Buxoriy: “Abu Zubayr hech vaqt Ibrohimdan rivoyat qilmagan”, — dedi va bu bilan u ad-Doxiliyni bu sanad xususidagi xatodan ogoh qilmoqni istadi. Oʻz shogirdidan bu gapni eshitgan ad-Doxiliy esa hayratga tushib, dagʻallik bilan uning soʻzini boʻldi. Al-Buxoriy oʻta xotirjamlik bilan “Ustoz, agar ishonmasangiz asl manbaga qarang”, — dedi. Ad-Doxiliy manbaga qarab, shogirdi aytgan gapning toʻgʻriligini eʼtirof qilib, tan oldiyu lekin oʻsha hadis sanadini qogʻozda tuzatishni paysalga soldi. Ragʻbat yuzasidanmi yoki uni sinab koʻrish uchunmi, xullas, sanadni topib tuzatish masalasini al-Buxoriyning oʻziga tashladi. Tashqariga chiqishgach, shogirdidan “E, bola, bu yogʻi endi qandoq boʻladi?” — deb soʻradi. Al-Buxoriy esa hech bir kuttirmay ustoziga javob qildi: “Zubayr ibn Adiy Ibrohimdan rivoyat qil­gan”. Shundan keyin u (ad-Doxiliy) qalam olib yozganini tuzatdi va “Sen haqsan” — dedi. Al-Buxoriyning aytishicha, bu vaqtda u bor-yoʻgʻi oʻn bir yoshda boʻlgan.
Manbalarda keltirilishicha, al-Buxoriyga oʻn yoshidan boshlab hadislarni yod olish ilhomi nasib etgan boʻlsa, yoshi ulgʻaygan sari bu istak tobora kuchayib, u nafaqat hadislarni shunchaki yod olish, balki yoshligi­dan boshlab hadislarni sahih (toʻgʻri, ishonchli) va gʻayrisahih (xato, notoʻgʻri)larga ajratish, ularning illatlarini aniqlash, hadis roviylari maʼlumotlarining toʻgʻriligi, ishonchli yoki ishonchsizligi, roviylarning maishiy hayoti, yashash joylari, tugʻilgan va vafot etgan sanalari, bir-birlari bilan oʻzaro muloqotlari tafsilotini bilish, turli roviylar keltirgan hadislarni bir-biriga solishtirib muqoyasa qilish, ularning bir-birlari bilan oʻzaro bogʻliqligi yoxud uzilishlar mavjud holatlar, hadis ilmining yana boshqa xilma-xil muammolarini chuqur tadqiq etish, hadislarni saralab jamlash va Qurʼoni karim oyatlari bilan uzviy bogʻliqlikda oʻrganish kabi masalalarga qiziqdi.
Imom al-Buxoriy oʻz vatanida va xorijiy yurtlarda mingdan ortiq ustoz (shayx, mashoyix)lardan hadis rivoyat qilgani haqida manbalarda aniq koʻrsatilgan. Al-Buxoriyning ilk ustozlari sifatida oʻsha davrda Buxoroda koʻzga koʻringan muhaddislardan Muhammad ibn Salom al-Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Ibrohim ibn al-Ashhas va boshqalarni ham koʻrsatish lozim. Oʻn olti yoshga yetmasdanoq u koʻpdan-koʻp hadislarni puxta oʻzlashtirib, Abdulloh ibn al-Muborakning kitoblarini yod oldi. Tez fursatda al-Buxoriyning noyob qobiliyati va zukkoligi koʻpchilik ulamolar tomonidan, shuningdek, al-Buxoriyga ustozlik qilgan yetuk muhaddislar tomonidan ham eʼtirof etila boshlandi. Bu hol shu darajaga yetdiki, hatto ayrim taniqli olimlar ham al-Buxoriyning oʻz darslarida hozir boʻlishidan tashvishlanib, uning huzurida biror xato yoki kamchilikka yoʻl qoʻyishdan xavotirlanadigan boʻlib qoldilar. Ular oʻz kitoblaridagi xatolarni tuzatish uchun al-Buxoriyga murojaat qilardilar. Manbalarda keltirilishicha, al-Buxoriy hadislar talabida xorijiy yurtlarga safarga chiqishidan oldin bir voqea sodir boʻlgan ekan. Bu haqda buxorolik olim Salim ibn Mujohid shunday hikoya qiladi: “Bir kun doʻstim Muhammad ibn Salom al-Poykandiyning uyiga borgan edim, u menga “Biroz oldinroq kelganingda, yetmish ming hadisni yod biladigan bir bolakayni koʻrar eding-a”, — dedi. Men shu zahoti orqamga qaytib, koʻchaga chiqdim va oʻsha bolani uchratib, “Yetmish ming hadisni yod bilaman, deydigan bola senmisan?” — deb soʻrasam, u “Ha, balkim undan ham ortiqrogʻini bilaman”, — dedi. U yana: “Men sahobalar va tobiʼiylardan, toki ularning koʻplarini tavallud va vafotlari, ularning maskanlarini aniq bilmagunimcha, birorta ham hadis rivoyat qilmayman. Shuningdek, sahobalar va tobiʼiylarning har bir hadisini Qurʼoni karim va Paygʻambar (s.a.v.)ning hadislariga tayangan holda rivoyat qilaman”, dedi”.
Salim ibn Mujohidning ushbu soʻzlari ham al-Buxoriyning yoshligidan boshlab oʻziga puxta ishonchi va masʼuliyati boʻlgani, shu tufayli el orasida obroʻ-eʼtibor topganiga dalildir. Muhammad ibn Salom al-Poykandiyning “Muhammad ibn Ismoil qachon mening huzurimga kirsa, har doim men oʻzimni yoʻqotib qoʻyib, doim undan xavotirda turaman”, — degan eʼtirofiga qoʻshimcha, al-Hofiz ibn Hajar: “Uning (al-Buxoriy­ning) huzurida xato qilib qoʻyishdan u qoʻrqar edi”, — deb bu holni yana-da oydinlashtiradi. Muhammad ibn Salom al-Poykandiy bilan bogʻliq bu voqealar hali al-Buxoriyning ilmi Buxorodagi oʻz ustozlari darajasida ekanidayoq sodir boʻlgani, qolaversa, imom al-Buxoriy Buxorodan joʻnab ketgandan keyin al-Poy­kandiy u bilan boshqa uchrashmaganini hisobga olsak, taʼkidlamoqchi boʻlgan fikrimiz yana-da aniqlashadi, deb oʻylaymiz…
Muallif : Ubaydulla Uvatov (tarix fanlari doktori, professor)

Report Page