ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
Ismoil  al-Jazari 
Bundan 800-yil avval kibernetika va robototexnikaning ilk poydevorini qoʼygan, 50 dan ziyod turli xil avtomatik suv mexanizmlari, nasoslar, soatlar, tilsimli qulflar, tilsimli kassa, termos, avtomatik bolalar oʼyinchoqlari kabi oltmishga yaqin asbob va mashinalar yasagan, shuningdek, bu haqda juda nodir asar qoldirgan Al-Jazariy toʼgʼrisida, afsuski, koʼpchilik eshitmagan. Holbuki, Oʼrta Osiyodan koʼchib ketgan saljuqiylardan boʼlmish Abul-Iz oʼrta asrlardayoq robototexnikaga asos solib ulgurgan edi.
Abul-Iz 1136-yilda Jizra shahrida tugʼilgan. Asl ismi Ismoil, otasining ismi Razzoz, laqabi Abul-Iz edi. Arab, fors, turk va lotin tillarni mukammal bilgan. Gʼarbda Gazariy nomi bilan mashhur boʼlgan. Baʼzi gʼarb sharqshunoslari va arab olimlari asarlarini arab tilida yozgani va laqabi Jazariy boʼlgani uchun Jazira (Iroqdagi Frot va Dajla daryolari oraligʼida joylashgan viloyat) shahrida tugʼilgan va millati arab boʼlgan deb taxmin qilishadi. Lekin aslida u Kichik Osiyoga Markaziy Osiyodan koʼchib borgan Saljuqiy turklariga mansub boʼlib, Jizra shahrida (Turkiyaning Diyorbakir viloyatida) tugʼilgan. Umrining oxirida tugʼilgan shahriga qaytib kelib, 1206-yili shu yerda vafot etgan.
Olim eng mashhur asari “Al-Jomiʼ Baynal-Ilm val-Amalan-Nofiʼ fi Sinʼatil-Xiyal”ni (tarjimasi: “Tasviriy sanʼatda ilm va texnika birlashuvi”) 1206-yilda yozib tamomlagan. Ushbu asar 1974-yilda Donald Xill tomonidan “Al-Jazariʼs Book of Knowledge of Ingenious Mechanical Devices” nomi bilan ingliz tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. Mazkur kitobda 55 ta qiziqarli ixtiro 15 xil mexanizm suratlari bilan tushuntirilgan. Asar 6 boʼlimdan iborat. Birinchi boʼlim suv soatlari haqida. Binkam deb ataladigan qandilli suv soatlarining kitobda 10 xil shakli berilgan. Ikkinchi boʼlim majlis va yigʼilishlarda ichimlik quyib turuvchi avtomatik idishlar va oʼyinchoklar haqida. Uchinchi boʼlim qon olish va qon yigʼish uskunalari toʼgʼrisida. Toʼrtinchi boʼlim favvora, hovuzlar va avtomatik ravishda ishlaydigan musiqa asboblari haqida. Beshinchi boʼlim quduq va oqava suvlardan suv chiqaradigan avtomatik nasoslar toʼgʼrisida. Oltinchi boʼlim turli xil avtomatik mexanizmli uskunalar, masalan, saroy xizmatlarida ishlatiladigan, tahorat suvi quyib turadigan moslama, tilsimli qulflar kabi asboblar haqida bayon etilgan. Asarda avtomatik tizimlar bezagiga ham nihoyatda ahamiyat berilgan. Miniatyuralardagi yozuvlarning oʼziga xos tilsimi mavjud. Kitobning oxirida bu tilsimning kaliti sifatida sharh keltirilgan. Dunyo boʼyicha asarning 16 nusxasi mavjud boʼlib, ular Turkiyadagi Toʼpqopi saroyi hamda Sulaymoniya kutubxonasi, Parij Milliy kutubxonasi, Bagʼdoddagi Johis, Dublindagi Chestirbitli, Oksforddagi Bodlean kutubxonalari, Leyden universitetida va yana ikkitasi parchalar holida AQSHning turli muzey va kutubxonalarida saqlanmoqda.
Mashhur New Scientist jurnali, 2007-yil 7-iyul sonida Buyuk Britaniyadagi Sheffild Universiteti sunʼiy intellekt va robototexnika professori Noyel Sharkining “Qadimgi Yunonistonda dasturlangan robotlar” maqolasini chop etdi. Unda Noyel jumladan, shularni yozadi: “Leonardo da Vinchidan oldin ham kimlardir dasturlangan robotlar bilan shugʼullanganmi, deya izlanishlarimni oʼrta asr Yevropasidan, oʼrta asr sharq dunyosiga burdim. U yerda men yana-da ilgariroq davr, yaʼni 13-asrda Ismoil ibn Al-Razzoz Al-Jazariy tomonidan yasalgan dasturlangan avtomatik mexanizmlarni topdim. U haqiqiy dasturlangan robotlar — avtomatik cholgʼuchilar oʼrnatilgan qayiq yasagan ekan. Bunday qayiq kishiga juda zavq berib, turli majlislarda namoyish qilingan…” Noyel qadimgi Yunoniston va Xitoyda baʼzi avtomatik musiqiy asboblar yasalgan boʼlsa-da, ularda dasturlash usuli ishlatilmaganini taʼkidlaydi va “… Nihoyat musiqa qutisi mexanizmiga asoslanib, ajoyib tarzda dasturlangan “ichimlik quyadigan robot qayiqcha”ga kelib toʼxtagani”ni yozadi. «Al-Jazariy yasagan mazkur robot tuzilishi uning 1206-yilda qalamga olingan «The Book of Knowledge of Ingenious Mechanical Devices» (yaʼni “Al-Jomiʼ Baynal-Ilm val-Amalan-Nofiʼ fi Sinʼatil-Xiyal”) asarida yozib qoldirilgan». Professor robot tuzilishini batafsil tushuntirgach, 2006-yili oʼzi robotning qanday ishlashini koʼrsatish uchun modelini ham yasaganini aytib oʼtadi. “Nature” jurnali esa Abul-Izni “XII asr muhandisligining choʼqqisini zabt etgan musulmon olim” deb atagan va 1974-yilgi mart sonining ust muqovasiga asardan olingan gidromexanik suv taʼminlash tizimi tasvirlangan miniatyurani bosib chiqqan edi. “Fan va utopiya” jurnali esa, 2002-yil yanvar sonida Abul-Iz haqida “Robotlar va avtomatik tizimlar otasi Al-Jazariy” sarlavhali maqola chop etdi.
Fan tarixi olimi Sarton Abul-Izning mazkur asari haqida quyidagi fikrni bildirgan: “Bu ilmiy asar nihoyatda mukammal va tushunarli tarzda bayon etilgan boʼlib, muhandislik yoʼnalishida musulmonlar erishgan eng katta yutuqpardan biri deyish mumkin”.
Donald Xill esa shunday deydi: “Al-Jazariy ixtirolarining muhandislik tarixidagi ahamiyatini toʼliq ifodalashdan ojizman. Uning asari turli mashinalarni yasash, yigʼish, bezash hamda ishlab chiqish uchun zarur koʼplab koʼrsatma va instruksiyalarga boyligi bilan ajralib turadi”.

Manba: ziyouz.uz

Report Page