ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
Ali Qushchi
(1403-yil -1474-yil)
«Oʻz davrining Batlimusi» deb tanilgan Ali Qushchining toʻliq nomi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi boʻlib, u Samarqandda tugʻilib oʻsgan va XV asrda ilmiy faoliyat koʻrsatgan matematik va astronomlardandir. Uning tugʻilish sanasi maʼlum boʻlmasa-da, XIV asr oxiri yo XV asr boshida tugʻilgan deb taxmin qilinadi. U Ulugʻbek saroyidagi Muhammad ismli ovchi qushlarga qarovchi bir kishining oʻgʻli boʻlib, shu sababli unga Qushchi laqabi berilgan. U otasidan yetim qolganidan soʻng Ulugʻbekning tarbiyasida boʻlgani bois, Ulugʻbek uni oʻz “Zij”ining soʻzboshisida «farzandi arjumand» deydi.
Ali Qushchi boshlangʻich va sharʼiy bilimlarni Samarqand olimlaridan, matematik va astronomik bilimlarni esa Qozizoda Rumiy bilan Ulugʻbekdan oladi.
Ulugʻbek 1424-yili oʻzining mashhur rasadxonasiga asos soladi, ish boshlanishi bilanoq Jamshid Koshiy, bir necha yildan soʻng Qozizoda Rumiy ham vafot etadi. Shunda Ulugʻbek rasadxonadagi qurilish ishlariga va astronomik kuzatishlarga yosh olim Ali Qushchini mutasaddi qilib qoʻyadi.
Ali Qushchi umrining koʻp qismini Samarqandda oʻtkazadi. Faqat 1449-yili Ulugʻbek oʻldirilib, mirzolar oʻrtasida roʻy bergan nizodan afsuslanib, asta-sekin bu yerda ilmiy ishlarni toʻxtatishga majbur boʻladi, lekin ulardan haj safariga ruxsat olishga muyassar boʻlarkan, bu yerdan Ozarbayjonga ketib, biror muddat Tabrizda turadi. U yerda uni mahalliy hokim Uzun Hasan oʻz saroyiga taklif qilib, unga nisbatan katta hurmat va ehtirom izhor etadi. Ali Qushchi hajni bajo keltirgan yo keltirmagani haqida maʼlumotga ega emasmiz. Lekin u oʻz safarining pirovardida Usmonli sulton Abul Fotih Sulton Muhammad II ning saroyiga keladi. Sulton uni juda iliq qabul qilib, oʻziga yaqin tutib, doimiy yashash uchun Istambulda qolishni taklif etadi. Ali Qushchi bu taklifni qabul etadi va sultonning ruxsati bilan yana Tabrizga qaytib borib, u yerda turgan ikki yuzga yaqin qarindosh-urugʻlari va yaqinlarini Istambulga olib keladi. Sulton uni juda zoʻr dabdaba bilan kutib oladi.
Ali Qushchi 1472-yil bahoridan boshlab kundalik Ayya Sofiya madrasasiga bosh mudarris etib tayinlanadi. Uning qarindoshlari va yaqinlari ham oʻzlariga munosib vazifalarga tayinlanadilar.
Ali Qushchi xijriy 878-sana, melodiy 1474-yil 17-dekabrga vafot etgan va Istambuldagi Abu Ayyub Ansoriy maqbarasida dafn etilgan.
Ali Qushchining ilmiy asarlari Ulugʻbek “Zij”idek shuhrat qozonmagan boʻlsa ham, uning ijodi fan tarixida nihoyatda muhim oʻrin tutadi. U oʻrta asrlardagi Movarounnahrda rivoj topgan aniq fanlar sohasidagi buyuk olimlarning eng soʻnggi namoyandasi boʻlishi bilan birga Usmonli turklardagi birinchi eng yirik va koʻzga koʻringan olim boʻlgan. Hozirgi zamon turk tarixchilarining eʼtirof etishicha, Istambulga Ali Qushchi kelguniga qadar «ilmi hayʼatda u daraja bir sohib vuqufi mavjud boʻlmagan edi». Istambulga Ali Qushchi kelishi bilan bu mamlakatda qisqa muddat ichida astronomiya fani sohasidagi ishlar yoʻlga qoʻyildi va pirovard natijada Miram Chalabiy va boshqa atoqli zotlar yuzaga keldi.
Uning Istambulga kelishining oʻzi nafaqat Usmonli turk fani tarixida, balki dunyo fanida muhim bir voqea boʻldi. Chunki Usmonli turklar 1453-yili Istambulni fath etganidan soʻng biroz oʻtmay bu shahar Sharq va Gʻarb madaniyatlarining markazi boʻlib qoldi. Maʼlumki, oʻsha davrda Ovroʻpoda Sharq fani va madaniyatiga qiziqish juda katta boʻlib, Ovroʻpo Sharqning ilmiy yutuqlarini chanqoqlik bilan oʻziga singdirayotgan edi. Istambulga Italiya, Germaniya, Avstriya va Gollandiyadan rassomlar, muhandislar, harbiy mutaxassislardan tashqari astronomiya va matematika mutaxassislari ham toʻplangan edi.
Ali Qushchining qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:
1. «Risola fi-l-hisob» (“Hisob haqida risola”). Asar fors tilida 1425-yili Samarqandda yozilgan. Ali Qushchining bu risolasi oʻrta asrlarda keng tarqalgan boʻlib, nafaqat Movarounnahr olimlarining, balki butun Yaqin va Oʻrta Sharq olimlarining diqqatini oʻziga jalb qilgan
2. «Risolai kusur» («Kasrlar risolasi»). Bu asar ham Samarqandda fors tilida 1426-yili yozilgan. Bu risolaning qimmati shundaki, unda Ali Qushchi oʻnlik kasrlar tushunchasini va oʻnlik kasrlar yordamida irratsional kvadrat ildiz chiqarish usulini bayon etadi.
3. «Risola al-fathiya» (“Gʻalaba risolasi”). Asar turk sultoni Muhammad II ning Iroq sultoni Azim ustidan gʻalaba (fath) qilgani munosabati bilan 1473-yili Istambulda yozilgan va astronomiyaga bagʻishlangan.
4. «Risola al-Muhammadiya fi-l-hisob» (“Hisob haqida”). Asar arabiy imloda yozilgan hisobga doir eng nodir asarlardan boʻlib, turk sultoni Muhammad II ga bagʻishlangan. Unda arifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya masalalari koʻriladi. Risolaning muhim taraflaridan biri shundaki, unda birinchi marta “musbat” va “manfiy” iboralari hozirgi biz qoʻllayotgan maʼnoda ishlatiladi.
5. «Risola fi halla ash-shakl al-hilol» («Hilolsimon shakllarni oʻlchash haqida risola»). Arabiy imloda yozilgan risola, qoʻlyozmasi saqlanmagan.
6. «Sharhi Miftoh al-ulumi Taftazoniy» («Taftazoniyning «Miftoh al-ulum»ining sharhi»). Fors tilida yozilgan risola. Unga mashhur Qozizoda Rumiy sharh yozgan.
7. «Risola dar ilmi hayʼat» (“Astronomiya ilmi haqida risola”). Asar fors tilida bitilgan. Risolada Samarqand maktabi olimlarining astronomiya sohasida erishgan yutuqlaridan guvohlik beruvchi qator maʼlumotlar mavjud.
8. “Sharhi «Ziji Ulugʻbek” (“Ulugʻbek «Zij”iga sharh»). Sharh ham “Zij”ning oʻzi kabi fors tilida yozilgan. Uni avval Jamshid Koshiy va Qozizoda Rumiylar boshlagan edi. Soʻng sharhni Ali Qushchi Istambulda yakunladi.
9. «Sharhi risolai «Tuhfai shohiya» («Shohiy tuhfa» risolasining sharhi»). Mashhur matematik va astronom Qutbiddin Sheroziyning (vafoti 1311) risolasiga sharh, forsiy tilda yozilgan.
10. «Sharhi risolai «Sullam as-samo» («Sullam as-samo» risolasiga sharh»). Bunda Ali Qushchi oʻzining Samarqanddagi ustozlaridan biri boʻlmish Jamshid Koshiyning «Sullam as-samo» nomli astronomik risolasiga sharh bergan.
11. «Xitoynoma». Bu risolani Ali Qushchi 1438-yili Ulugʻbek tomonidan Xitoyga elchilikka yuborilganidan qaytganidan soʻng fors tilida yozgan. U oʻzining shaxsiy kuzatishlariga koʻra Xitoyning iqlimi, tabiati, xitoyliklarning urf-odatlarini bayon etgan. Undan tashqari bu asarda matematika, geografiya bilan birga olam xaritasi ham keltirilgan.
12. «Risolai mantiq» - 1430-yili Samarqandda, fors tilida yozilgan risola. 13. «Sharhi tajvidi Xoja» («Xoja «Tajvidi»ning sharhi»). Asar mashhur astronom, matematik va faylasuf Xoja Nasiriddin Tusiyning (1201-1274) falsafaga doir «Tajvid» nomli asariga sharhdan iborat. Uni olim Kermondaligida yozgan boʻlib, uning qalamiga mansub ilk asar edi.
14. «Risola al-Mufradiya». Arab tilidagi risola, mantiqqa bagʻishlangan. Yagona qoʻlyozma nusxasi Leyden kutubxonasida saqlanadi.
15. «Mahbub ul-hamoyil fi kashfil masoyil» (“Masalalarni hal qilishning mahbub boʻlganlari haqida”). Risola arab tilida yozilgan boʻlib, 20 bobdan iborat. Har bir bob alohida fanga bagʻishlangan.
16. «Risola mutaʼolliqa bi kalimat at-tavhid» (“Tavhid kalimasiga aloqador risola”). Arab tilida yozilgan ilohiyotga doir risola.
17. «Risola tataʼllaq bi kunya» (“Umumiyatga aloqador risola”) arab tilida yozilgan falsafiy asardir.
18. «Risola al-istiorot». Arab tilida yozilgan mantiqqa doir risola.
19. «Sharh ar-risola al-Azudiya» («Al-Azudiya» risolasiga sharh»). «Al-Azudiya» risolasi aslida Izziddin ibn Abdurahim ibn Ahmad Ijiy (vafoti 1335) tomonidan arab tilida yozilgan boʻlib, uni Ali Qushchi sharhlagan. U tilshunoslikka mansubdir.
20. «Al-unut va zavahir fi nazmil javohir» arab tilida yozilgan mantiqiy risola.
21. «Risola al-mujas fit-tibb» (“Tibbiyotga mansub moʻjaz risola”). Arab tilida.
22. «Sharh risola al-fiqh» (“Fiqh haqidagi risolaning sharhi”). Bu asar islomdagi toʻrt mazhabdan biri boʻlmish “Imomi Aʼzam” mazhabiga asos solgan mashhur imom Abu Xanifa Nuʼmon ibn Sobit tomonidan yozilgan «Al-fiqh» risolasiga sharhdir. Asar arab tilida yozilgan va islom huquqshunosligiga taalluqlidir.
23. «Risola fi hall al-misol al-handasa» (“Geometriyaga doir bir masalaning yechilishi haqida risola”). Arab tilida yozilgan bu asarda muallif aylanaga oʻtkazilgan urinma hosil qilgan burchak haqida bir teoremani isbotlaydi.
Ali Qushchining butun hayoti va ijodi fan yoʻlida sarflandi. U oʻz asarlari bilan va ustozi Ulugʻbek bilan hamkorligi tufayli oʻz nomini tarix sahifalariga abadiy kiritdi.
Manba: ziyouz.uz

Report Page