ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
Mahmud az-Zamaxshariy (1075-yil-1144-yil)
Koʻhna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshgan koʻplab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul Qosim az-Zamaxshariy ana shunday ulugʻ siymolardan biridir.
Allomaning toʻliq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy boʻlib, u hijriy 467-yilning rajab oyining 27-kuni (1075-yil 19-mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri - Zamaxshar qishlogʻida tavallud topdi. Az-Zamaxshariy haqidagi maʼlumotlar asosan oʻrta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat boʻlmasada, savodli, taqvodor, diyonatli kishi boʻlgan va aksar vaqtini Qurʼon tilovat qilib, namoz oʻqish bilan oʻtkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Az-Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.
Aftidan, az-Zamaxshariyning otasi serfarzand boʻlgan. Chunonchi, shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari koʻp va oilasi katta boʻlgani tufayli ham tirikchilik yoʻlida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi.
Az-Zamaxshariylar oilasi islomning taʼlimotiga mansub boʻlib, yosh Mahmudning dunyoqarashi mana shu dindor, taqvodor otasining taʼsirida shakllandi va dastlabki bilimni ham oʻz otasidan oldi. Alloma haqidagi maʼlumotlardan maʼlumki, uning bir oyogʻi yogʻochdan edi. Ogʻir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq boʻlib qolgan va shundan soʻng otasi uni endi ogʻir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi boʻladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand oʻsgan Mahmud otasidan oʻzini madrasaga oʻqishga yuborishni soʻraydi. Oʻgʻlidagi ilmga boʻlgan zoʻr ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.
Az-Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zoʻr isteʼdodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada oʻqitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, oʻsha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik sanʼatini ham mukammal egallab, oʻz tirikchiligini birqadar tuzatadi. Talabalik yoshiga yetgach, bilimini yana-da oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yoʻl oladi.
Az-Zamaxshariy Buxoroda oʻqishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida boʻlib, kotiblik bilan shugʻullanadi. 1118-yili az-Zamaxshariy ogʻir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmatidan, mansab va mol-dunyodan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bagʻishlashga, asarlar yozishga astoydil qaror qiladi.
Az-Zamaxshariyning oʻz davri ilmlarini toʻliq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta boʻlgan. Mana shunday ustozlardan biri - til, lugʻat va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113-yili Marvda vafot etgan.
Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bagʻdod va Hijozda, ikki marta Makkada boʻldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lugʻatini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur oʻrgandi, bu mintaqa jugʻrofiyasiga oid xilma-xil maʼlumotlarni toʻpladi.
Adib koʻp asarlarini Makkaligida yaratadi. Oʻz hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada az-Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh (“Ollohning qoʻshnisi”) degan sharafli laqabga muyassar boʻladi.
Oʻz davrining yirik olimi darajasiga koʻtarilgan az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa koʻpgina shaharlarida ham koʻpdan-koʻp shogirdlari boʻlgan, alloma koʻp vaqtini oʻshalarga bagʻishlardi. U qarindosh-urugʻlarining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmagan.
Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538-yilda arafa kechasi (1144-yil 14-aprel) vafot etadi.
Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lugʻatshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jugʻrofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.
Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli oʻrin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid «Al-Mufassal» (1121-yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. «Al-Mufassal» arab tili nahvu sarfini oʻrganishda yirik qoʻllanma sifatida azaldan Sharqda ham, Gʻarbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. Koʻpchilik olimlar oʻz ilmiy qimmati jihatidan az-Zamaxshariyning bu asari taniqli arab tilshunosi Sibavayhning (796-yili vafot etgan) arab grammatikasiga oid mashhur kitobidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi, deb taʼkidlaganlar. Oʻsha davrning oʻzidayoq arablar orasida ham bu asar katta eʼtibor qozongan va arab tilini oʻrganishda asosiy qoʻllanmalardan biri sifatida keng tarqalgan. Hatto Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimda-kim Az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga pul va sarupo sovgʻa qilishni vaʼda bergan. Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga ham sazovor boʻlganligi manbalarda keltirilgan. Bu misol az-Zamaxshariy asarining oʻsha davrda ham qanchalik yuksak baholanganini koʻrsatadi. Bu asarning bir qoʻlyozmasi Toshkentda, OʻzR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Az-Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bagʻishlab yozilgan «Muqaddimat ul-adab» asari alohida ahamiyatga egadir. Bu oʻrinda shuni taʼkidlash kerakki, xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan edi. Hukmdorlar, ayniqsa, xorazmshoh Otsiz olimlar, shoiru adiblarga hurmat bilan qarar, oʻzi ham isteʼdodli, maʼrifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yoʻlida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu sababdan boʻlsa kerak, az-Zamaxshariy «Muqaddimat ul-adab»ni uning nomiga bagʻishlab yozgan. Asar besh katta qismga boʻlingan boʻlib — otlar, feʼllar, bogʻlovchilar, ot oʻzgartishlari va feʼl oʻzgarishlari haqida bahs yuritadi. Asar 1137-yillari yozib tugallangan.
Az-Zamaxshariy oʻz asarida oʻsha davr arab tilining isteʼmolda boʻlgan barcha soʻzlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta eʼtibor qilgan. Shu boisdan ham az-Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yoʻnalishdagi dastlabki asarlardan deyishga haqlimiz. «Mukaddimat ul-adab» arab tilidan fors, chigʻatoy, moʻgʻul va turk tillariga tarjima qilingan.
U birinchi marta 1706-yili Xoʻja Isʼhoq Afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima etilgan. Soʻngra Ovroʻponing bir qancha tillariga (fransuz, nemis) oʻgirilgan. Parij, Leypsig, Vena, Leydan, Qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marta chop etilgan. Nemis olimi Vatzastayn «Muqaddimat ul-adab»ning Yevropa qoʻlyozma fondlaridagi yettita nusxasini qiyosiy oʻrganib, 1850-yili Leypsigda asarning ikki jildlik matnini nashr etgan.
Asarning chigʻatoy tilidagi tarjimasi oʻzbek tili tarixini oʻrganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu haqida Sadriddin Ayniy 1921-yili “Mehnatkashlar tovushi” gazetasiga yozgan maqolasida «Az-Zamaxshariyning «Muqaddimat ul-adab» asari oʻzbek tili uchun butun dunyoning xazinasi bilan barobardir», deb yozgan edi.
Az-Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari boʻyicha ham mukammal asarlar yaratgan.
Olimning «Asos al-balogʻa» (“Notiqlik asoslari”) asari asosan lugʻatshunoslikka bagʻishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida soʻz boradi. Fikrni chiroyli ibora va soʻzlar bilan ifodalash, soʻz boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balogʻat ilmlaridan yaxshi xabardor boʻlishi kerak. Buning uchun soʻzni toʻgʻri, oʻz oʻrnida ishlatish, qoidaga muvofiq soʻzlash va yozish ham kerak boʻlgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik soʻz birikmalari, ularni amalda tatbiq etish yoʻllari chuqur tahlil qilingan.
«Atvoq uz-zahab fi-l-mavoiʼz va-l-xutab» (“Xutbalar va vaʼzlar bayonida oltin shodalar”) - nasihatomuz maqolalar toʻplamidan iborat. Asar birinchi marta 1835-yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemis tiliga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan. Oʻttiz yilcha oʻtgach, fransuz tiliga tarjima qilinib, 1886-yili Parijda chop etilgan. 1873-yili esa usmonli turk tiliga tarjima qilinib, Istanbulda nashrdan chiqqan.
Az-Zamaxshariyning «Rabiʼ ul-abror va nusus ul-axyar» (“Ezgular bahori va yaxshilar bayoni”) asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qoʻlyozma nusxasi Toshkentda, OʻzR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham qoʻlyozmalari mavjud.
Qohiradagi butun dunyoga mashhur Al-Azhar diniy dorulfununining talabalari az-Zamaxshariyning yaʼna bir «Al-Kashshof» asari asosida Qurʼonni oʻrganadilar.
«Al-Kashshof»ning Toshkentda, jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasi kutubxonasida bir qancha qoʻlyozma nusxalari saqlanadi.
Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid oʻlmas asarlari u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan «Ustoz ul-arab va-l-ajam» (“Arablar va gʻayri arablar ustozi”), «Faxru Xvarazm» (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri boʻlib, qizgʻin ilmiy bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi.
Manba: ziyouz.uz

Report Page