ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
Qaffol ash-Shoshiy
(904-yil-976-yil)
Toshkent- oʻrta asr arab manbalarida esa Shosh- tarix jarayonida koʻplab shoir va adiblar, allomalar, riyozat va tabobat ahillarini yetishtirgan. Ana shunday allomalardan biri Qaffol ash-Shoshiydir.
Qaffol ash-Shoshiyning toʻla ismi Abu Bakr ibn Ali Ismoil Qaffol ash-Shoshiy boʻlib, arab manbalarida uning hurmatini bajo keltirish uchun nomiga katta, ulugʻ yo muhtaram maʼnosini ifodalaydigan «al-Kabir» soʻzini qoʻshib yozadilar. Bu bilan oʻtmishdoshlarimiz Qaffol ash-Shoshiyga nisbatan buyuk ehtiromni ifoda etganlar.
Qaffol ash-Shoshiy hunarmand oilada dunyoga kelgan koʻrinadi. Shu sababdan «Qaffol»- qulfsoz deb mashhur boʻlgan.
Qaffol ash-Shoshiy asli qulfsoz usta boʻlib, kichik va nozik qulflar yasaydigan, qoʻli gul kishi boʻlgan.
Ash-Shoshiy dastlabki taʼlimni oʻz yurtida, keyinchalik Markaziy Osiyoda mavjud maʼrifat oʻchoqlaridan oladi. Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarni kezadi. Bu yerlarda undan sal oldinroq oʻtgan va anchagina meros qoldirgan Imom Ismoil al-Buxoriy (810-870), Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824-892) kabi yirik mutafakkir olimlar merosi bilan tanishadi, ulardan bahramand boʻladi. U birmuncha vaqt Samarqandda yashab, u yerda taʼlim oldi. Qaffol ash-Shoshiy qattiq kirishib fiqhshunoslikni oʻrganadi.
Qaffol ash-Shoshiy doimo ilm-maʼrifat istagida qoʻnim topmay, bir oʻlkadan ikkinchisiga - ilm chashmalaridan bahramand boʻlish niyatida Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarini kezadi, Hijoz, Bagʻdod, Damashq kabi shaharlarga boradi, u yerlarda zamonasining koʻzga koʻringan olimlaridan ilm-maʼrifat oʻrganadi.
Arab olimi va bibliografi ibn Xallikon (1211-1282) oʻzining «Vafoyot al-ayon» (“Ulugʻ kishilar vafoti”) degan asarida Qaffol ash-Shoshiy haqida toʻxtab shularni yozadi: «Qaffol ash-Shoshiy hadis ilmini bilgan, tilshunos, shoir odam edi. Oʻsha vaqtda Movarounnarhrda u kishiga teng keladigan olim yoʻq edi. Bu kishi Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom (Suriya) va boshqa oʻlkalarga sayohat qilib, hamma yerda ham nom taratdi».
Qaffol ash-Shoshiy qonunshunoslik, mantiq kabi sohalarga oid asar yozgan. Uning «Odob al-qozi» (“Qozining feʼl-atvori”), «Odob al-bahs» (“Bahs odobi”) degan taʼlifi boʻlib, arab tilidagi sheʼrlari maʼlum. Bu xususda yuqorida zikr qilingan arab olimi ibn Xallikon yozadi: “Qonunshunoslardan dastlab otilib chiqib «Husni jadal” (“Dialektika goʻzalligi”) degan asar yozgan kishi ham shu Qaffol ash-Shoshiy edi».
Qaffol ash-Shoshiy yaxshi shoir ham boʻlib, oʻz sheʼrlarini arab tilida yozgan. Ammo, uning sheʼriy ijodi davrimizgacha yetib kelmagan, faqatgina as-Subhiyning «Tabaqat ash-Shofiiyya» («Shofiiyya mazhabi darajalari») degan kitobda uning sheʼrlaridan parchalar saqlanib qolgan.
Qaffol ash-Shoshiy ulugʻvor va dovyurak shoir, ajoyib bir shaxs boʻlgan. Afsuski, uning adiblik, shoirlik, tilshunoslik, mantiqshunoslik faoliyati bilan deyarli hech kim shugʻullanmadi, uning jadal dialektikaga oid asari ham oʻrganilgan emas.
Manbalarning koʻrsatishicha, bagʻdodlik Xoʻja Muhammad Nomiy degan olim Qaffol ash-Shoshiy qoʻlida oʻqigan, natijada u bilan qalin doʻst boʻlib qolgan ekan. Shu kishi oʻz oilasi bilan birga ash-Shoshiyga ergashib Toshkentga kelgan, umrining oxirigacha shu yerda qolib ketgan. Qaffol ash-Shoshiy 976-yili Toshkentda vafot etgan va shu yerda dafn etilgan. Hozir Toshkentning xalq orasida «Hastimom» deb ataladigan joy shu moʻtabar zotga nisbatan aytiladigan nom “Hazrati imom”ning qisqargani boʻladi. Aslida bu joyning nomi Hazrati Imom Qaffol ash-Shoshiydir. U kishining qabrlari tegrasida Toshkentda mashhur boʻlgan moʻtabar zotlar dafn etilgan.
Qaffol ash-Shoshiy maqbarasi Toshkentning koʻzga koʻringan tabarruk bir qadamjosi sanaladi.
Manba: ziyouz.uz

Report Page