ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
DEKART (Descartes) Rene (lot. nomi— Karteziy; 1596.31.3, Lae, Turenʼ —1650.11.2, Stokgolʼm) — frantsuz faylasufi, matematigi, fizigi, fiziologi. La-Flesh iezuit kollejida taʼlim oldi, yunon va lotin tillarini, matematika va falsafani oʻrgandi. 1629 yilda Niderlandiyaga koʻchib bordi, fan bilan shugʻullanadi. Qirolicha Xristina taklifi bilan 1649 yilda Shvetsiyaga boradi va oʻsha joyda vafot etadi. Dekart falsafasi uning matematikasi, kosmogoniyasi, fizikasi bilan bogʻliq. Matematikada analitik geometriya asoschilaridan biri (toʻgʻri burchakli koordinatalar tizimi uning nomi bilan ataladi), oʻzgaruvchi miqdor va funksiya tushunchasini bergan (“Geometriya”, 1637), bir qancha algebra belgilarini joriy qilgan. “Dioptrika” (1637) asarida yorugʻlik nurining ikki muhit chegarasida sinishi haqidagi qonunni bayon qilgan. Harakat miqdorining saqlanish qonunini taʼriflagan. Osmon jismlarining yuzaga kelishi va harakati materiya zarralarining uyurma harakatidan deb tushuntiruvchi nazariya (Dekart uyurmalari) muallifi. U fiziologiyaga oid bir qancha tajribalar oʻtkazdi va birinchi boʻlib shartsiz refleks haqidagi tasavvurni yaratdi. Dekart fazo materiya bilan toʻla, materiyasiz fazo yoʻq, deb tushundi.
Dekart falsafasi asosida jon va tana, “fikrlovchi” va “koʻlamli” substansiya dualizmi yotadi. Materiyani koʻlam (yoki fazo)ga tenglashtirgan, harakatni jismlarning oʻz joyini oʻzgartirishidan iborat deb bilgan. Uning fikricha, harakatning umumiy sababchisi xudo boʻlib, u materiya, harakat va osoyishtalikni yaratgan. U inson jonsiz aʼzoi badanni tafakkurga va irodaga ega boʻlgan jon bilan bogʻlab turadi deydi. Dekart falsafasi xudo, jism va jondan iborat uchta tugʻma gʻoya bor degan qoidaga asoslanadi. U xudoning mavjudligini, tashqi olamning realligini isbotlashga harakat qilgan. Dekart gʻoyasiga koʻra, insonning mohiyati uning fikrlashidadir. “Fikrlayapman, demak mavjudman” degan fikri shundan kelib chiqqan. Uning fikricha, ilmda ishonchli, isbotlangan, tajribada tekshirilgan dastlabki asos ikki yoʻl bilan — birinchisi induktsiya va analiz orqali, ikkinchisi — deduktsiya va sintez orqali izlab topiladi. Dekart ikkinchi yoʻlni maʼqul yoʻl deb hisoblaydi. U inson aql-idrokining bilish jarayonidagi oʻrniga yuksak baho beradi. “Har bir xulosaga tanqidiy-tekshiruv nazari bilan qarash kerak”, deydi u. Har jihatdan ratsional-faylasuf boʻlgan Dekart XVII—XVIII asr falsafasi va fani taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdi. Uning falsafa va tabiatshunoslikka oid taʼlimotlari taʼsirida vujudga kelgan ilmiy maktablar majmuasi karteziychilik falsafasi nomi bilan mashhur boʻldi. Asosiy asarlari: “Geometriya” (1637),“Metod haqida mulohazalar” (1637), “Falsafa asoslari” (1644) va b.
Manba: kh-davron.uz

Report Page