ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
ABU RAYHON BERUNIY
Oʻrta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al Beruniy zamonasining qator fanlari: astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix kabilarni chuqur oʻrgandi. U Xorazmning qadimgi poytaxti Kat shahrida 973 yilda tugʻildi va yoshligidanoq ilm-fanga qiziqishi orta bordi. Beruniy keyinchalik mashhur olim Abu Nasr Mansur ibn Iroq qoʻlida taʼlim oldi. Ibn Iroq astronomiya, geometriya, matematikaga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bagʻishlaydi. Beruniy ona tilidan tashqari yana bir qancha tillarni: arab, soʻgʻdiy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini oʻrganadi.
Oyning fazalari Al-Beruniy kitobidan nusha​
Oʻz ilmiy asarlaridan birida yozishicha, u Xorazmda yashagan davrida, 990-yillardan boshlab Kat shahrida muhim astronomik kuzatishlar oʻtkazgan. Bu kuzatishlar uchun oʻzi astronomik asboblar ixtiro etgan. Xorazm zodagonlari orasida taxt uchun boshlangan kurashlar olimning bu ilmiy ishlarini davom ettirishga imkon bermaganligi bois, 22 yoshida vatanini tashlab chiqib ketishga majbur boʻldi va bir qancha vaqt Kaspiy dengizining janubi-sharqiy sohilidagi Jurjon shahrida muhojirlikda yashadi. Soʻng qadimgi Ray shahriga bordi, 998 yildan keyin yana Jurjonga keldi va bu yerda oʻzining ikkinchi ustozi tabib, astronom, faylasuf Abu Sahl Iso al-Masihiy bilan tanishib, undan taʼlim oldi. Beruniy “Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” (“qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshlagan va 1000-yilda tamomlagan. “Osor al-boqiya” Beruniyga juda katta shuhrat keltirdi, uni fanning hamma sohasiga qiziquvchi buyuk olim ekanini koʻrsatdi. Bundan tashqari Beruniy Jurjonda astronomiya, metrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yоzdi. Beruniy Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Maʼmun II ibn Maʼmun tomonidan mamlakatning yangi poytaxti Urganchga chaqirtirildi. Xorazmshoh tomonidan juda katta izzat-ikrom bilan qabul qilindi. Beruniy Urganchda Maʼmunning bevosita rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat koʻrsatdi.
Beruniy shoh Maʼmun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakatning siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi.
Xorazmning Mahmud gʻaznaviy tomonidan bosib olinishi Beruniy hayotini xavf ostiga qoʻyadi. U Xorazmshoh saroyidagi barcha olimlar bilan birga Gʻazna shahriga asir qilib olib ketiladi. Beruniyning 1017-1048-yillarda Gʻaznada kechirgan hayoti, bir tomondan nihoyat ogʻir kechgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, uning ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr boʻldi. Beruniyning “Xorazmning mashhur kishilari” asari ham shu davrda yaratilgan. Uning muhim astronomik-geografik asari “Tahdid nihoyot al-amoniya li tasʼhidi masofat al-masokin” (“Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash” — “Geodeziya”) 1025-yilda yozib tugatilgan. Beruniyning “Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar” asari ham 1029-yil gʻaznada yozilgan. Asarning forscha, arabcha nusxalari bizgacha yetib kelgan. Unda oʻsha zamon astronomiyasi bilan bogʻliq boʻlgan bir qancha fanlar haqida muhim maʼlumotlar berilgan. Beruniyning “Hindiston” nomli mashhur yirik asari “Tahqiq mo li-l-Hind min maʼquda maqbula fi-l-aql av marzula” (“Hindlarning aqlga sigʻadigan va sigʻmaydigan taʼlimotlarini aniqlash kitobi”) 1030-yilda yozilgan boʻlib, bu shoh asar gʻarb va Sharq olimlari, shu jumladan, hozirgi zamon hind olimlari tomonidan yuksak baholangan. Akademik V. R. Rozen “Sharq va gʻarbning qadimgi va Oʻrta asrdagi butun ilmiy adabiyoti orasida bunga teng keladigan asar yoʻq”, deb baho bergan. Mahmud gʻaznaviyning Hindistonga qilgan yurishlaridan birida shohga hamroh boʻlgan Beruniy, u yerda sanskrit tilini puxta oʻrganishi hind madaniyati adabiyoti va Hindistonning oʻsha davr olimlari bilan yaqindan tanishishga hamda bu mamlakat haqida oʻlmas asar yaratishga imkon berdi. “Hindiston” asari yozib tugatilgan yili Mahmud gʻaznaviy vafot etdi va uning oʻrniga taxtga oʻgʻli Masʼud oʻtirdi. Bu davrda Beruniyning ahvoli ancha yaxshilandi. Astronomiyaga oid “Masʼud qonuni” asarini sulton Masʼudga bagʻishladi. Oʻsha asr olimlaridan biri Yoqutning yozishicha: “Masʼud qonuni” kitobi matematika va astronomiya boʻyicha ungacha yozilgan hamma kitoblar izini oʻchirib yuborgan”.
Beruniy oʻz asarlari roʻyxatini tuzgandan keyin yana ikkita muhim kitobini yozgan. Bulardan biri “Mineralogiya”dir. Bu risola oʻz zamonasi uchun Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq; hatto Yevropada ham mineralogiya sohasida eng yaxshi, tengi yoʻq asar hisoblanadi. Beruniyning oxirgi asari — “Dorivor oʻsimliklar haqida kitob”ining qoʻlyozmasi XX asrning 30 yillarida Turkiyada topildi. Asar “Saydona” nomi bilan mashhur, unda Beruniy Sharq, ayniqsa, Markaziy Osiyoda oʻsadigan dorivor oʻsimliklarning toʻla tavsifini beradi.
Beruniy shogirdi Abu-l Fadl as-Seraxsiy maʼlumoti boʻyicha 11-dekabr 1048-yilda vafot etgan.
Beruniy soʻnggi avlodlarga katta ilmiy meros qoldirdi. Beruniyning oʻz davri ilm-fanining turli sohalariga oid 160 dan ortiq tarjimalari, turli hajmdagi asarlari, yozishmalari qolganligi bizga maʼlum. Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan katta hajmdagi asarlaridan tashqari astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmakognoziya, tarix, filologiya masalalariga oid qator risolalar yaratdi va sanskrit tilidan arabchaga, arab tilidan sanskrit tiliga tarjimalar qildi, badiiy ijod bilan ham shugʻullanib sheʼrlar yozdi. “Astrologiyaga kirish”, “Astronomiya kaliti”, “Jonni davolovchi quyosh kitobi”, “Ikki xil harakatning zarurligi haqida”, “Koʻpaytirish asoslari”, “Ptolemey “Almagest”ining sanskritchaga tarjimasi”, “Foydali savollar va toʻgʻri javoblar”, “Fargʻoniy “Elementlar”iga tuzatishlar”, “Turklar tomonidan ehtiyotkorlik”, “Oq kiyimlilar” va karmatlar haqida maʼlumotlar”, “Sheʼrlar toʻplami”, “Al-Muqanna haqidagi maʼlumotlar tarjimasi”, “Ibn Sino bilan yozishmalar” shular jumlasidandir.
Beruniy qadimgi yunon ilmi va uning vakillari Aristotel, Platon, Ptolemey, Yevklid kabilarning asarlari, hind olimlari, musulmon olimlari al-Xorazmiy, Fargʻoniy, Battoniy, Roziy, Abu Tammam, ibn Kaysum, Abu Maʼshar asarlari bilan yaqindan tanish boʻlgan, ularga sharhlar, izohlar, tuzatishlar, raddiyalar yozgan. Uning ilmiy merosi gʻoyat rang-barang boʻlib, tibbiyot faniga, astronomiya faniga xizmati juda kattadir. Beruniy oʻz ilmiy asarlarida dunyoning tuzilishi masalasida Ptolemey sistemasiga suyansa ham, yerning harakati haqida Beruniy: “Yerning harakatsizligi (masalasi) astronomiya fanining asosiy masalalaridan biri boʻlib, bu haqda yuz beradigan shubhalarni yechish qiyin”, deb yozadi. Osmon jismlarini geometrik tushuntirish asosida Beruniy Kopernikdan bir necha asr avval Yerni koinotning markazi deb biluvchi geotsentrik va quyoshni koinot markazi deb oʻrgatuvchi geliotsentrik tizim teng kuchga ega, degan xulosaga keladi. “Geodeziya” asarida Beruniy geotsentrizm bilan bogʻliq boʻlgan baʼzi bir nazariyalarning toʻgʻriligiga shubha bilan qaraganini ochiqdan-ochiq bayon etadi. Beruniy harakat trayektoriyasi va osmon yoritqichlari shaklining ellipsoid ekanligi haqida birinchi boʻlib fikr yuritgan olimlardan boʻlib, joylarning geografik uzoqligini, kengligini aniqlash yoʻllarini tanlab olishda novator hisoblanadi. U trigonometriyani, geometriyani keng qoʻllash orqali oʻzidan oldingi astronomlarga nisbatan ancha aniq natijalarga erishdi. Turli joylarning geografik kengligi va uzoqligini aniqlashda Beruniy erishgan natijalar hatto hozirgi zamon olimlarini ham hayratda qoldiradi. Buyuk olim Yer yuzasining har bir qismi oʻzining uzoq tarixiy taraqqiyotiga ega ekanligini qayd etadi. Markaziy Osiyoning baʼzi bir mintaqalari, shu jumladan, Amudaryo vodiysining geologik rivojlanishini birinchi marta jiddiy oʻrganishga harakat qilgan ham Beruniydir. Uning Amudaryo vodiysining geologik oʻtmishi va Orol dengizining paydo boʻlishi haqidagi xulosalari oʻsha zamonning eng muvaffaqiyatli geologik tahlillaridan biri boʻlib hisoblanadi. Olim “Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi” degan nazariyaga suyanadi. Beruniyning foydali qazilmalar qatlamining paydo boʻlishi, jinslar yemirilishining ahamiyati, togʻ jinslarining nurashi kabilar haqidagi xulosalari katta ilmiy ahamiyatga egadir. U togʻlarning paydo boʻlishi va yoʻq boʻlib ketishi tabiiy omillar asosida yuz berishini talqin etuvchi nazariyani olgʻa suradi.
Beruniy Aristotelning naturfilosofiyasi bilan bevosita shugʻullanishi natijasida Aristotel qarashlariga tanqidiy yondashib, hatto zaif tomonlarini tanqid etish darajasiga borib yetdi.
Beruniyning Aristotelga munosabati ibn Sino bilan yozishmasida oʻz ifodasini topgan. Ularning yozishmalari asosan Aristotelning “Fazo haqida” va “Fizika” asarlari boʻyicha olib borilgan edi. Beruniy Aristotelni qadimgi dunyoning eng qomusiy yetuk olimi deb zoʻr hurmat bilan tilga oladi.
Beruniyning boshqa dunyolar mavjudligi toʻgʻrisida taxmini uning ilmiy yutuqlaridan biri hisoblanadi.
Olimning fikrlari, bir tomondan, Markaziy Osiyo, qadimgi yunon va hind mutafakkirlarining ilgʻor anʼanalarini ijodiy rivojlantirgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, Beruniyning yetukligi tafakkur doirasining kengligidan dalolat beradi. Beruniy tomonidan “sabablarning sababi” — inson va insoniyat jamiyatining yuzaga kelishi masalasining qoʻyilishi diqqatga sazovor. “qadimgi tarixlarning eng qadimgisi va eng mashhuri bashariyatning boshlanishidir”. Bu yerda Beruniy kishilik jamiyatining paydo boʻlishi haqida ratsionalizm pozitsiyasida turganini koʻramiz. Beruniy insonlar oʻrtasidagi tafovut borligi haqida gapirar ekan, u faqat tashqi farqlar toʻgʻrisida fikr yuritgan. Lekin kishilarning ichki tuzilishi va tashkil topishi, uning fikricha, barchada umumiydir. 
Beruniy oʻzining “Hindiston” asarida musulmonlar bilan hindlarning urf-odatlari oʻrtasidagi farqlarni tahlil qilib, ular geografik sharoitlarga bogʻliq degan fikrni ilgari surdi, geografik omilning rolini tahlil qilishni davom ettirib, hatto tillarning turlichaligi ham geografik sharoitlarga bogʻliq deb qaradi. “Tillarning turlicha boʻlishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-birlaridan uzoq turishi”dir.
Beruniy ijtimoiy hayot oʻziga xos “shartnoma” asosida tuzilishini eʼtirof etadi: “Inson oʻz ehtiyojlarini tushunib, oʻziga oʻxshash kishilar bilan birga yashashning zarurligini anglay boshlaydi. Shuning uchun oʻzaro kelishuvchanlik qabilidagi “shartnoma” tuzishga kirishadi. Odamlarning birgalikdagi turmushi insonni haqiqiy qudratga, uning ehtiyojlarini qondirishga olib kelmaydi, buning uchun yana mehnat qilish ham zarurdir”. Bu fikrni davom ettirib, “insonning qadr-qimmati oʻz vazifasini aʼlo darajada bajarishdan iborat: shuning uchun insonning eng asosiy vazifasi va oʻrni mehnat bilan belgilanadi, inson oʻz maqsadiga mehnat tufayli erishadi”, deb yozgan edi u.
Beruniy jamiyatni boshqarishda jamiyat podshohga xizmat qilmay, podshoh jamiyatga xizmat qilishi kerakligini tushungan. “Idora qilish va boshqarishning mohiyati balki boshliq zolimlardan aziyat chekkanlarning huquqlarini himoya qilish, birovlarning tinchligi yoʻlida oʻz tinchligini yoʻqotishdir. Bu ularning oilasini, ularning hayoti va mol-mulkini himoya qilish va qoʻriqlash yoʻlida badan charchashidan iborat”.
Abu Rayxon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti yonidagi Al-Beruniy xaykali.
Beruniy oʻrta asr sharoitida haqiqiy ilmiy tabiatshunoslikka asos soldi, uning turli sohalarida oʻz davri uchun taajjubga soluvchi shunday fikr va ilmiy farazlarni olgʻa surdiki, ular bir necha asrlardan soʻng Yevropa ilmida oʻz isbotini topdi. Beruniy Oʻrta asr sharoitida haqiqiy tajribaga, kuzatish, tekshirishga asoslanuvchi aniq ilmiy tafakkurni peshqadamlaridandir.
Beruniy filologiya sohasida ham qalam tebratib, mumtoz arab sheʼriyati, hind sheʼriyati tuzilishiga oid tadqiqotlar, Eron folklori namunalarining arab tiliga tarjimalarini yaratdi. Beruniy mamlakat ravnaqi fan ravnaqi bilan uzviy bogʻliq deb bildi. “Har bir olim oʻz muhokamasida amaliyotga asoslanishi, oʻz tadqiqotida aniq boʻlishi, toʻxtovsiz mehnat qilishi, xatolarini qidirib tuzatishi, ilmda haqiqat uchun har xil uydirma, yuzakichilikka qarshi kurash olib borishi zarur”, degan edi.
U xalqlar doʻst, inoq, ittifoq boʻlib yashashi uchun kurashib, insoniyatga, u yaratgan fan va madaniyatga qirgʻin keltiruvchi urushlarni qattiq qoraladi. Olim oʻzining “Hindiston” asarida “xalqlar oʻrtasida tortishish va talashish koʻp”, deb afsuslanib yozgan edi. Uning Hindistonda olib borgan keng ilmiy-tadqiqot ishlari xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro hamkorlik va madaniy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan edi. Bundan koʻrinib turibdiki, Beruniy madaniy hamkorlik va ilm-maʼrifatning keng tarqalishiga katta eʼtibor berdi.
Beruniyning asarlari Sharq madaniyatining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Arab va fors tillarida yozilgan Bayhaqiy, Shaxrizoʻriy, Qiftiy, Yoqut Hamaviy asarlarida Beruniy haqida muhim maʼlumotlar keltiriladi. XIII asrda yashagan suriyalik tarixchi va tabib Xristian Ioanni Barerey (1226—1286) Beruniyga shunday baho beradi: “Oʻsha oʻtgan yillarda yunon va hind falsafasi dengizini kechib oʻtgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy oʻtmish ilmlarda shuhrat qozondi. U matematika ilmlarida mutaxassis boʻlib, bu sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir necha yil yashadi, hind faylasuflaridan ularning sanʼatini oʻrgandi va ularga yunon falsafasini oʻrgatdi. Uning asarlari nihoyatda koʻp, yetuk va nihoyatda ishonchlidir. Bir soʻz bilan aytganda, oʻz davrida, undan soʻng va hozirga qadar hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asosini hamda nozik tomonlarini chuqur biladigan olim boʻlmagan”. Beruniy haqidagi oliy baho va tavsiflar Tabriziy, Suyutiy, qazviniy, Tusiy, Muhammad ibn Mansur al-Allomiy, al-Xurosoniy kabilarning asarlarida keltiriladi.
XIX asrdan boshlab Yevropa va Osiyo mamlakatlarida Beruniy merosi bilan qiziqish yana-da keng tus oldi. Uning asarlari lotin, fransuz, italyan, nemis, ingliz, fors, turk tillariga tarjima etila boshlandi. Beruniy asarlariga bagʻishlangan yevropalik olimlar J. Reno, E. Zaxau, G. Zuter, E. Videman, K. Nallino, J. Sarton, R. Rayt, M. Meyerxof, osiyo olimlari S. X. Nasr, M. Kozim, S. Baraniy, M. Nizamuddin, Sh. Yaltkay kabilarning kitoblari, tarjimalari nashr etildi. Bu tadqiqotchilar Beruniy ijodiga juda yuqori baho berdilar. Amriqolik tarixchi olim J. Sarton Beruniyning merosiga eng oliy baho berish bilan birga, uning oʻz davrining jahondagi birinchi donishmandi deb baholaydi. Atoqli sharqshunos V. R. Rozen esa, unga ilmiy qarashlari ajablanarli darajada kengligi, uning hozirgi maʼnodagi haqiqiy fanning ruhiga ega ekanligini qayd etadi.
Manbalar: shosh.uz , e-tarix.uz , ru.wikipedia.org

Report Page