ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
AFLOTUN 
Qadimgi yunon faylasufi Aflotun Afina shahrida tugʻilib oʻsdi. Uning asl ismi Aristokl boʻlgan. “Platon” uning laqabi boʻlib, yunoncha “keng yelkali” degan maʼnoni anglatadi. Bu laqabni unga Suqrot bergan. Aflotunning oilasi badavlat boʻlmasa-da, asilzodalar nasabidan edi. Otasi Ariston Afinaning oxirgi shohi Kodr avlodiga mansub boʻlgan. Aflotun asilzoda afinaliklarga xos boʻlgan riyoziyot, musiqa, grammatika va gimnastikadan taʼlim olgan. Geraklit, Parmenid, Zenon falsafasi bilan tanishgan. Miloddan avvalgi 407 yilda Suqrot bilan uchrashgan. Suqrotning oʻlimigacha uning eng yaqin shogirdlari qatorida boʻlgan. Mil. avv. 380 yillarda Afina yaqinidagi Akademiya nomli bir bogʻni sotib oladi (bu nom shu yerlik afsonaviy qahramon Akadem sharafiga berilgan) va bu bogʻda oʻzining Platon akademiyasi deb atalgan falsafiy maktabini tashkil etadi. Akademiya Afinada deyarli 1000 yil faoliyat koʻrsatadi. Unda Aristotel ham oʻqigan. Akademiyada faqat falsafadan emas, geometriya, astronomiya, geografiya, zoologiya va botanikadan ham taʼlim berilar edi. Biroq siyosiy taʼlim markaziy oʻrinda edi. Taʼlim maʼruzalar, munozaralar va suhbatlarga asoslanardi. Har kuni gimnastika mashgʻulotlari oʻtkazilardi.
Aflotun falsafasining asosiy mohiyati – “gʻoya” (“ eydos”)lar haqidagi taʼlimotida bayon etilgan. Uning fikricha, gʻoya haqiqiy borliq, biz biladigan va yashaydigan dunyo uning soyasidir. Haqiqiy oʻzgarish va taraqqiyot gʻoyalar dunyosiga xos, soyalar dunyosidagi harakat esa uning inʼikosidir. Gʻoyalar dunyosining qonuniyatlarini hamma ham bila olmaydi. Ularni biladigan zotlar juda kam uchraydi, bu zotlar ulkan aql egalari boʻladi. Aksariyat kishilar soyalar dunyosi bilan kifoyalanadi. Aflotun gʻoyalar dunyosini narsalar dunyosidan ustun qoʻyadi, chunki gʻoyalar dunyosi ideal narsalardir. Inson gʻoyalar dunyosi bilan soyalar dunyosi oʻrtasidagi zotdir. Uning ruhi gʻoyalar dunyosiga, jismoniy tanasi soyalar dunyosiga mansubdir. Shuning uchun ruh va tana birligidan iborat odam ikki olamga tegishlidir. Ruh insonning haqiqiy qismidir. Biz hayot deb ataydigan narsa ruh jismoniy tanada yashaydigan vaqtdir. Aflotunning bilish nazariyasi uning gʻoyalar haqidagi nazariyasiga asoslanadi.
Aflotun pedagog va tarbiya nazariyotchisi sifatida ham mashhur. Fuqarolarni tarbiyalash davlatning asosiy vazifalaridan deb hisobladi. Uning fikricha, bolalar hayotining birinchi kunidanoq maxsus muassasalarda tarbiyalanishi kerak: 3–7 yoshda oʻyinlar maktablaridagi uylar yoki bogʻchada taʼlim olishi; 7–17 yoshda maktabda yozuv, oʻqish, musiqani oʻrganishi; 17–20 yoshda harbiy-gimnastik taʼlim olishi; 20–30 yoshda kelajakda hukmdor uchun zarur boʻlgan falsafiy taʼlim olishi lozim.
Aflotun qarashlarida jamiyat, davlat toʻgʻrisidagi taʼlimot markaziy oʻrinlardan birini tashkil qiladi. U davlat fuqarolarini 3 tabaqaga boʻlgan: 1-tabaqa – davlatni boshqarib turadigan donishmand hukmdorlar; 2-tabaqa – davlatni dushmandan himoya qiladigan harbiylar; 3-tabaqa – davlatni va yuqoridagi 2 tabaqani moddiy jihatdan taʼminlab turadigan dehqonlar va hunarmandlar. Aflotun davlat boshqaruv shaklini oliy hokimiyat tanho amalga oshiriladigan monarxiyaga, tor doiradagi cheklangan shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan aristokratiyaga, butun xalq hokimiyatni boshqaradigan demokratiyaga ajratadi. Aflotun toʻrtta asosiy fazilatni ajratadi: donishmandlik, mardlik, aql bilan ish qilish va eng asosiysi – boshqa fazilatlar oʻrnini toʻldiradigan va qoʻshilib ketadigan fazilat – adolatli boʻlish. Aflotunning ideal davlat toʻgʻrisidagi orzulari asosida adolat gʻoyasi yotadi. Uningcha, jamiyat barcha aʼzolarining odil jamiyatdagi qonunlarga boʻysunishi ijtimoiy taraqqiyotning asosiy garovidir. Qayerdaki qonunlar hokim ustidan hukmron boʻlsa, hokimlar esa qonunga qul boʻlsa, oʻsha davlat gullab yashnaydi. Agar davlat qonunlar ustidan yaroqsiz hokimiyatni oʻrnatib qoʻyadigan boʻlsa, u holda qonun hech qanday foyda bermaydi, aksincha, davlat uchun juda katta zarar keltiradi, deb taʼkidlaydi. Uning fikricha, iqtisodiyot polis (davlat) ning gullab yashnashi yoki tanazzuli omili hisoblanadi. Aflotun siyosatni emas, siyosat ishlab chiqarishni boshqarishi kerak. Jamiyatni barqaror holatdan chiqaradigan har qanday oʻzgarishlarga yoʻl qoʻyilmasligi zarur degan fikrni ilgari suradi.
Aflotun zamonasidagi suv soatlari
Aflotunning estetik qarashlarida borliq, hayot “abadiy gʻoyalarning taqlidi, nusxasi; sanʼat esa borliq, hayotning taqlidi, yaʼni taqlidga taqlid, degan xulosaga asoslangan. U davlatni boshqaruvchilar xudojoʻy boʻlishlari kerak, deb hisoblagan.
Falsafa tarixida Aflotun taʼlimoti turlicha qabul qilingan. Unga “Ruhiy ustoz” (antik davr), xristian dunyoqarashining muboshiri (bobosi), sof sevgi faylasufi va siyosiy xayolparast (Uygʻonish davri) sifatida qaralgan. Aflotundan 30 ga yaqin katta va kichik asar hamda xatlari saqlanib qolgan. Asarlari dialog shaklida yozilgan. Ulardan muhimlari: “Apologiya” ( Sokratni himoya qilish), “Kriton” (qonunni hurmat qilish haqida), “ Laxet” (mardlik haqida), “Harmid” (aql bilan ish qilish haqida), “ Menon” (notiqlik sanʼati mohiyati haqida), “Bazm” (eros haqida), “Fedr” (eydoslar haqidagi taʼlimot), “Fedon” (adolat haqida), “Davlat” (adolat haqida), “ Teetet” (bilim haqida), “Timey” (kosmologiya), “Qonunlar”, “Siyosatdon”, “ Fileb” va boshqa Aflotunning asarlari asrlar davomida Gʻarbda, Sharqda maʼlum va mashhur boʻlgan, koʻp tillarga tarjima qilingan, ularga sharxlar yozilgan. “Davlat” asariga Ibn Rushd, “Qonunlar”ga Forobiy sharhi eʼtiborga loyiq. Forobiyning sharhi “ Talxisu navomisi Aflotun” (“Aflotun qonunlari mohiyati”) deb ataladi. Bu asar 1993 yil “Fozil odamlar shahri” kitobida nashr etilgan. 2002 yil Aflotunning “Qonunlar” asari Toshkentda oʻzbek tilida nashr etildi. Yozuvchi Omon Muxtorning “Aflotun” romani chop qilindi 1998 y.
Manbalar: uz.wikipedia.org www.ziyouz.com ru.wikipedia.org

Report Page