ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
ABU NASR FOROBIY (873–950)
Jahon madaniyatiga katta hissa qoʻshgan Markaziy Osiyolik mashhur faylasuf, qomusiy olim Forobiyning toʻliq ismi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlugʻ Tarxon.
Oʻrta asrning bir qancha ilmiy yutuqlari, umuman Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida taraqqiyparvar ijtimoiy-falsafiy tafakkur rivoji uning nomi bilan bogʻliq. Forobiy oʻz zamonasi ilmlarining barcha sohasini mukammal bilgan va bu ilmlar rivojiga katta hissa qoʻshganligi, yunon falsafasini sharhlab, dunyoga keng tanitgani tufayli Sharq mamlakatlarida uning nomi ulugʻlanib, “Al-muallim as-soniy” – “Ikkinchi muallim” (Aristoteldan keyin), “Sharq Arastusi” deb yuritilgan.
Forobiy 873 yilda turkiy qabilalardan boʻlgan harbiy xizmatchi oilasida, Sirdaryo qirgʻogʻidagi Forob – Oʻtror degan joyda tugʻilgan. U tugʻilgan hudud Somoniylar tomonidan boshqarilib, arab xalifaligining shimoliy chegarasi hisoblangan.
Forobiy boshlangʻich maʼlumotni ona yurtida oldi. Soʻng Toshkent (Shosh), Buxoro, Samarqandda oʻqidi. Keyinroq oʻz maʼlumotini oshirish uchun arab xalifaligining madaniy markazi boʻlgan Bagʻdodga keldi. Bagʻdodda bu davrda musulmon dunyosining turli oʻlkalaridan, xususan, Markaziy Osiyodan kelgan koʻp ilm ahllari toʻplanishgan edi. U yerga bora turib Forobiy Eron shaharlari Isfahon, Hamadon, Ray va boshqa joylarda boʻldi.
Forobiy Bagʻdodda oʻrta asr fani va tilining turli sohalari, yunon falsafiy maktablari bilan chuqur tanishib, oʻzga diniy eʼtiqod, falsafiy fikrdagi kishilar bilan ilmiy muloqotda boʻldi. Abu Bashar Matta ibn Yunusdan (870–940) yunon tili va falsafasini, Yuhanna ibn Xiylon (860– 920)dan tabobat va mantiq ilmini oʻrgandi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, u 70 dan ortiq tilni bilgan.
Taxminan 941 yildan boshlab Forobiy Damashqda yashagan. Shahar chekkasidagi bogʻda qorovul boʻlib, kamtarona kun kechirib, ilm bilan shugʻullangan. Soʻnggi yillar u Halab (Aleppo) hokimi Sayfuddavla Hamdamid (943–967) iltifotiga sazovor boʻldi. Tadqiqotchilar uning Halabdagi hayotini eng samarali davr hisoblaydilar. Chunki bu hokim hurfikrliligi, ilm-fanga eʼtibor berganligi bilan ajralib turgan. U Forobiyni saroyga taklif etadi, lekin Forobiy bunga koʻnmaydi, oddiy hayot kechirishni afzal koʻradi. Forobiy 949–950 yillarda Misrda, soʻng Damashqda yashab, shu yerda vafot etgan va “Bob as-sagʻir” qabristoniga dafn qilingan.
Forobiy oʻrta asr davri tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilimlarining qariyb barcha sohalarida 160 dan ortiq asar yaratgan. U turli bilimlarning nazariy tomonlari, falsafiy mazmuni bilan koʻproq qiziqqanligi uchun uning asarlarini 2 guruhga ajratish mumkin:
1) yunon faylasuflari, tabiatshunoslarining ilmiy merosini izohlash, targʻib qilish va oʻrganishga bagʻishlangan asarlar;
2) fanning turli sohalariga oid mavzulardagi asarlar.
Farobiyning asosiy asarlari: “Falsafani oʻrganishdan oldin nimani bilish kerakligi toʻgʻrisida”, “Falsafiy savollar va ularga javoblar”, “Ensiklopediyadan mantiq boʻlimining bir qismi”, “Taliqot” (sharhlar), “Inson aʼzolari haqida risola”, “Boʻshliq haqida maqola”, “Donolik asoslari”, “Falsafaning maʼnosi va kelib chiqishi”, “Hayvon aʼzolari va funksiyasi”, “Mantiq toʻgʻrisidagi risolaga muqaddima”, “Mantiq ilmiga kirish”, “Ilmlarning kelib chiqishi haqida”, “Musiqa haqida katta kitob”, “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Masalalar mohiyati”, “Buyuk kishilarning naqllari”, “Ihso alulum”, “Hikmat maʼnolari”, “Aql toʻgʻrisida”, “Ilmlar va sanʼatlar fazilati”, “Qonunlar haqida kitob”, “Substansiya haqida soʻz”, “Falak harakatining doimiyligi haqida”, “Sheʼr va qofiyalar haqida soʻz”, “Ritorika haqida kitob”, “Hajm va miqdor haqida soʻz”, “Musiqa haqida soʻz”, “Fizika usullari haqida kitob”, “Fazilatli xulqlar”, “Fozil shahar aholisining fikrlari”, “Jismlar va aksidensiyalarning ibtidosi haqida”, “Aristotel “Metafizika” kitobining maqsadi toʻgʻrisida” va boshqa Farobiy asarlari XX asrning 70—80-yillarida Toshkent va Olmaotada “Falsafiy risolalar”, “Mantiqiy risolalar”, “Matematik risolalar”, “Ijtimoiy-axloqiy risolalar”, “Tadqiqotlar va tarjimalar” nomlari ostida nashr etilgan.
Forobiy qadimgi yunon mutafakkirlari – Platon, Aristotel, Evklid, Ptolemey, Porfiriylarning asarlariga sharhlar yozgan. Ayniqsa, Aristotel asarlari (“Metafizika”, “Etika”, “Ritorika”, “Sofistika” va b.)ni batafsil izohlab, qiyin joylarini tushuntirib bera olgan, kamchiliklarini koʻrsatgan, ayni vaqtda bu asarlarning umumiy mazmunini ochib beruvchi maxsus asarlar yaratgan.
Forobiy sharhlari Oʻrta va Yaqin Sharq ilgʻor mutafakkirlarining dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Abu Ali ibn Sino Forobiy sharhlari (“Metafizika” – “Mobaʼdiy tabiat”)ni oʻqib, Aristotel asarlarini tushunganini alohida taʼkidlaydi. Forobiyning sharh yozish faoliyati faqat Sharqnigina emas, oʻrta asr Yevropasini ham yunon ilmi bilan tanishtirishda katta rol oʻynadi. Mutafakkir oʻz asarlarini oʻsha davrda Sharq mamlakatlarida ilmiy-adabiy til hisoblangan arab tilida yozgan.
Forobiy shuningdek, arab va fors tillarida falsafiy mazmundagi sheʼrlar ham yozgan. Forobiy asarlari XII–XIII asrlardayoq lotin, qadimiy yahudiy, fors tillariga, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinib, dunyoga keng tarqalgan. Soʻnggi asrlarda koʻchirilgan nusxalari koʻp mamlakatlarning kutubxona va muassasalarida saqlanadi.
Forobiyning tabiiy-ilmiy fanlar haqidagi qarashlari “Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi” asarida batafsil yoritilgan. Kitobda oʻrta asrda maʼlum boʻlgan 30 dan ortiq fanning taʼrifi, ahamiyati koʻrsatib beriladi. Shu narsa diqqatga sazovorki, Forobiy tabiiy va ijtimoiy fanlarni vazifasidan kelib chiqib toʻgʻri farqlagan. Uning talqinicha, matematika, tabiatshunoslik, metafizika fanlari inson aqlini bilimlar bilan boyitish uchun xizmat qilsa, grammatika, mantiq, sheʼriyat kabi ilmlar fanlardan toʻgʻri foydalanishni, bilimlarni boshqalarga toʻgʻri tushuntirish, yaʼni aqliy tarbiya uchun xizmat qilgan. Siyosat, axloq, taʼlim-tarbiyaga oid bilimlar esa kishilarning jamoalarga birlashuvini, ijtimoiy hayotga tegishli qoidalarni oʻrgatadi. Forobiy insonning amaliy faoliyati uchun tabiiy fanlarning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Bunday fanlarni u real narsalar haqidagi ilmlar deb ataydi.
U yunon tabiatshunoslari Evklid, Ptolemey, Galen kitoblariga yozgan sharhlarida, oʻzining geometriyaga doir kitobida antik dunyo, oʻrta asr matematik gʻoyalarining yirik bilimdoni sifatida maydonga chiqdi, matematikaning bir qancha murakkab kategoriyalari va mavhum tushunchalarini ilmiy nuqtai nazardan hal etish yoʻllarini qidirdi, xususan, son haqidagi ehtimollik nazariyasi toʻgʻrisidagi gʻoyalarni boyitdi.
Forobiyning tibbiy qarashlari “Inson aʼzolari haqida” risolasida bayon qilingan. U inson aʼzolarini, turli xil kasalliklar sababini, ularning paydo boʻlish sharoitlarini alohida-alohida oʻrganishni, organizmning salomatligini tiklash uchun kerakli oziq-ovqatlarga eʼtibor berishni qayd etadi. Insonning ruhiy va jismoniy holati tashqi omillar, muhit taʼsiriga bogʻliqligiga eʼtibor beradi. Uning tibbiyot vazifasi, maqsadi haqidagi qarashlari Ibn Sinoning bu haqdagi qarashlariga katta taʼsir koʻrsatdi. Forobiy dunyoqarashining shakllanishiga, asosan, Sharqning qadimgi ilgʻor madaniyati, anʼanalari, arab xalifaligiga qarshi xalq harakatlari, oʻrta asr tabiiy-ilmiy tafakkur yutuqlari, Yunonistonning falsafiy merosi taʼsir koʻrsatdi.
Forobiy oʻrta asrlar sharoitida birinchi boʻlib jamiyatning kelib chiqishi, maqsad va vazifalari haqida izchil taʼlimot yaratdi. Bu taʼlimotda ijtimoiy hayotning koʻp masalalari – davlatni boshqarish, taʼlim-tarbiya, axloq, maʼrifat, diniy eʼtiqod, urush va yarash, mehnat va boshqalar qamrab olingan. Forobiy “Fozil shahar aholisining maslagi” risolasida jamiyat (“inson jamoasi”)ning kelib chiqishi haqida bunday yozadi: “Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun koʻp narsalarga muhtoj boʻladi, u bir oʻzi bunday narsalarni qoʻlga kirita olmaydi, ularga ega boʻlish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tugʻiladi… Bunday jamoa aʼzolarining faoliyati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur boʻlgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari koʻpaydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga oʻrnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi”.
Forobiy shaharni ijtimoiy uyushishning yetuk shakli, insoniyat kamolotga erishishining zaruriy vositasi, deb hisoblaydi. Butun insonlarni oʻzaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqiradi, dunyoda yagona inson jamoasini tuzish haqida orzu qiladi.
Forobiy oʻz davridayoq buyuk olim sifatida mashhur boʻlgan. Sharq xalqlarida u haqda turli hikoya, rivoyatlar vujudga kelgan. Oʻrta asr olimlaridan Ibn Xallikon, Ibn Qiftiy, Ibn Abi Usabiʼa, Bayhaqiylar oʻz asarlarida Forobiy ijodini oʻrganib, uning gʻoyalarini rivojlantirganlar.
Xususan, Ibn Rushd Forobiy asarlarini oʻrganibgina qolmay, ularga sharhlar ham yozdi. Averroizm nomi bilan mashhur boʻlgan uning falsafiy taʼlimotining shakllanishi dastlab Forobiy va Ibn Sino faoliyati bilan bogʻliq. Averroizm ilmiy tendensiyalarni ifodalovchi ilgʻor yoʻnalish sifatida keng yoyilgan va Uygʻonish davrining koʻp ilgʻor mutafakkirlari dunyoqarashiga taʼsir koʻrsatgan.
Manbalar: uz.wikipedia.org , shosh.uz
FOROBIY haqida rus tilida


Report Page