ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
ROZIY (toʻliq nomi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy) (865.28.8 — Ray — 925.26.10) — sharqning qomusiy olimi, tabib va mutafakkir. Oʻrta asr Yevropasida lotincha Razes nomi bilan tanilib, tabobat sohasida oʻz davrining Jolinus (Galen)i deb sanalgan. Shuningdek, kimyo, botanika, matematika, astronomiya, mantiq va falsafa kabi fanlarni chuqur oʻrgangan; adabiyot va musiqa bilan ham shugʻullangan. Roziy bir qancha vaqt Ray va Bagʻdod shifoxonalarini boshqargan. U Oʻrta Osiyo, jumladan, Buxoro ilm ahli bilan ilmiy muloqotda boʻlgan. Koʻz kasalligiga uchrab, umrining oxirida koʻr boʻlib qolgan.
Roziyning tabobatga oid asarlaridan 36 tasi bizgacha yetib kelgan. U terapiya, xirurgiya, diagnostika, sanitariya-gigiyena, farmakognoziya, farmakologiya, anatomiya, psixologiya kabi ilmlarni yangi gʻoya va ixtirolar bilan boyitgan. Tabobat bilan bogʻliq boʻlgan botanika, mineralogiya va kimyo fan i sohasida ham ancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Roziyning eng muhim asarlaridan biri “Kitob alhoviy fittib” (“Tibbiyotga oid bilimlar majmuasi”) nomli toʻplamidir. Unda antik davrdan to Roziy zamonasigacha boʻlgan nazariy va amaliy maʼlumotlar berilgan. Roziyning tabobatga oid yana bir yirik asari — “al-Kunnosh al-Mansuriy” (“Mansurga bagʻishlangan toʻplam”)dir. Bu ham juda koʻp nazariy va amaliy masalalarni oʻz ichiga olgan. Asar XVI asrgacha Sharq tabiblari va Yevropa shifokorlarining asosiy qoʻllanmalaridan biri boʻlib, unga koʻp sharhlar yozilgan. Roziy “Kitob aljudariy val hasba” (“Chechak va qizamiq haqida kitob”) asarida tibbiyot tarixida birinchi boʻlib, chechak va qizamiq kasalliklarining boshqa yuqumli kasalliklardan farqi va tarifi berilgan. Roziy chechak bilan bir marta kasal boʻlgan kishi ikkinchi marta bu kasallikka duchor boʻlmasligini aniqlagan va chechakka qarshi emlash kerak degan fikrga kelib, uni amalga oshirgan. Roziy oʻz davri tabobatini diagnostika va davolashning yangi usullari bilan boyitdi; jarrohlikda birinchi boʻlib ketgut (qoʻy ichagidan tayyorlangan ip) ishlatdi.
Roziy mashhur kimyogar boʻlib, kimyo faniga oid 26 ta asar yozgan, biroq, bizgacha ularning 4 tasi yetib kelgan. Bular orasida “Kitob ulasror” (“Sirlar kitobi”) va “Kitob sirr ulasror” (“Sirlar siri kitobi”) asarlari alohida oʻrin tutadi; “Kitob ulasror”da oʻrta asr Sharq kimyosi oʻzining toʻla ifodasini topgan. Roziyning bu asarlari uning nazariy jihatdan bir metallni ikkinchi metallga kimyoviy yoʻl bilan aylantirish mumkinligiga ishonganini koʻrsatadi. Garchi amaliy jihatdan uning nazariyasi utopik boʻlsa-da, oltin va kumush hosil qilish yoʻlidagi urinishlari tufayli Roziy zamonaviy kimyoni bir qancha yangi moddalar, asboblar va kimyoviy amallar bilan boyitdi.
Roziyning tibbiyot va kimyo sohalariga oid asarlari oʻrta asrlarda Sharq va Gʻarbda shu sohalarning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan.
Tayyorladi: Imomov Xurshid

Report Page