ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
SUQROT
(Miloddan avvalgi 469-399 yillar)
Mashhur yunon faylasufi Suqrot Attika shahrida hunarmand Sofroniks va doya Fenaretta oilasida dunyoga keldi. U juda koʻrimsiz qiyofaga ega boʻlgan. U doim eski liboslarda, yalangoyoq yurgan.
Ayollar borasida ham Suqrotning omadi yurishmagan. Garchi ikki marta uylangan boʻlsa-da, oilaviy baxtga erisholmagan.
Suqrot asosiy vaqtini munozara va bahslarda oʻtkazgan. Bahslarda doim uning qoʻli baland kelgan. Shuning uchun koʻpincha uning sochidan tortib kaltaklashgan, ustidan kulishgan. Suqrot hammasiga dosh bergan. Hatto bir kuni tepki yeganda ham chidab turavergan. Odamlar bundan ajablanishganda ularga qarata shunday degan: “Eshak tepsa, uni sudga berolmayman-ku!”
Oʻz taʼlimotini ogʻzaki bayon qilgan, hech qanday yozma manba qoldirmagan. Sofistlarga (mil.avv. V asrda Yunonistonda keng tarqalgan falsafiy yoʻnalish) qarshi kurashish va yoshlarni tarbiyalashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Atrofiga koʻplab iqtidorli talabalarni jamlagan. Bu talabalarning bir qismi (Alkiviad, Kritiy va boshqalar) Afina demokratiyasiga qarshi kayfiyatda boʻlgan. Suqrotning demokratiyaga nisbatan dushmanlikda asossiz ayblashgan. Aslida u boshqaruvning hamma shakli — monarxiya, mustabidlik, aristokratiya, plutokratiya va demokratiyani, agar ular adolatni buzayotgan boʻlsa, tanqid qilgan.
Suqrotning falsafiy taʼlimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni unga zamondosh va shogird boʻlgan Ksenofont, Platon, keyinroq Aristotel yozib qoldirgan.
Suqrot mohir raqqos boʻlgan va bunday mashqni jismning salomatligi uchun foydali deb bilgan.
U talabalarga ogʻzaki saboq bergan va hech qanday yozma manba qoldirmagan. Timey ismli shogirdi: “Ey ustoz, nima sababdan dono fikrlaringizni qogʻozga tushirmaysiz?” — deb soʻraganda, Suqrot: “Ey Timey, oʻlik hayvonlarning terisiga ishonching va tirik, barhayot fikrlarga ishonchsizliging juda mustahkam ekan”, — deb javob bergan.
399 yil Suqrot bir yurtdoshining fitnasi tufayli fuqarolik meʼyorlarini buzganlikda ayblanib, oʻlim jazosiga hukm qilingan va qatl etilgan. Sudda Suqrotning ogʻzidan chiqqan soʻnggi soʻzlar shunday boʻlgan: “Menga oʻlish uchun, sizga esa yashash uchun bu yerni tark etish fursati yetdi. Faqat buning qay biri afzalligi Xudodan oʻzga hech kimga ayon emas”.
Sudda 220 nafar odam Suqrotning aybsizligini yoqlab, 280 nafar kishi esa unga qarshi ovoz bergan.
Oʻsha davrdagi qoidaga koʻra, oʻlimga mahkum etilganlarga belgilangan vaqtda zaharli tsikuta (zaharli suv oʻsimligi, bodiyoni rumi, zangpoya deb ham ataladi) oʻsimligini ezib ichirishgan.
Suqrot ruhining eson-omon boqiy dunyoga rixlat etishini Tangridan fikran soʻrab, xotirjamlik va osonlik bilan zahar toʻldirilgan idishni boʻshatadi. Atrofidagi doʻstlari yigʻlab yuborishadi. Faylasuf ularni tinchlantirib, sukunatda hayot bilan vidolashishi kerakligini uqtiradi. U bir oz yurib, oyoqlari ogʻirlashgach, turma burchagidagi yogʻoch chorpoyaga choʻziladi. Suqrotni butun umri davomida Ovidiyning “Evrilish” asarida tilga olingan inson xulq-atvoridagi bir noqislik bezovta qilgan. Ovidiy shunday yozgandi: “Ezgulikka duch kelsam, maqtayman-u, ammo yomonlikning taʼsiriga berilaman”.
Suqrotning mashhur iboralari:
Men shuni bildimki, men hech narsani bilmayman, lekin boshqalar buni bilishmaydi.
Rivoyat qiladilarkim, Apollodor Suqrotga oʻlimi oldidan qimmatbaho libos kiyishni taklif etadi.
— Nega? — deydi Suqrot Apollodorga javoban. — Bundan chiqdi egnimdagi faqirona libosim tirigimga yaroqligu, oʻligimga yaroqsiz ekan-da?!
Oʻz darajasiga yetolmaslik — johillikdan oʻzga narsa emas. Oʻz darajasidan oshmoqlik esa donolikning oʻzginasidir.
Manbalar: kh-davron.uz , wikipedia.org

Report Page