ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
PIFAGOR (MILODDAN AVVALGI 580-500 Y.)
Eramizdan avvalgi VI-asrda qadimgi yunon ilm-fani va sanʼatining oʻziga xos poytaxti sifatida Egey dengizining Kichik osiyo yaqinidagi qirgʻoqlarida joylashgan Ioniya orollari guruhi ravnaq topdi. Pifagor aynan shu yerda, koʻp qirrali usta — hunarmand: zargar, muhr va tamgʻalar hamda, oʻymakor usta Mensarx oilasida tavallud topdi. Oʻgʻliga sifatli taʼlim va tarbiya berish imkoniyati Mensarxda ham moddiy ham ijtimoiy jihatlardan bekamu koʻst edi. Har qanday usta hunarmand singari Mensarx ham oʻgʻlining kelajakda oʻz hunarini davom ettiradigan odil merosxoʻri boʻlishini chin dildan istagan. Lekin, Pifagor bolalik chogʻlaridayoq ilm fanga oʻta muhabbat bilan yondashib, boʻlajak matematika va faylasufga xos barcha ziyraklik va zehn qobiliyatlarini namoyon qilib borardi. Oʻzining birinchi ustozi — Germodamasdan Pifagor musiqa va tasviriy sanʼatning dastlabki bilim va koʻnikmalarini oʻrganadi. Germodamas Pifagorning xotira kuchini sayqallash uchun unga “Odisseya” va “Iliada” eposlarini yoddan takrorlashni doimiy mashq qildiradi. Aynan birinchi ustozi Germodamas yosh va isteʼdodli Pifagorga tabiat va uning sirlariga boʻlgan muhabbatni chuqur singdirgan edi. “Yana boshqa bir maktab bor — deydi Germodamas, — sening sezgilaring va hissiyotlaring manbayi tabiatdir, u sening birlamchi va asosiy ilm manbaying ham boʻlsin!“
Bir necha yillik taʼlimdan soʻng Pifagor vaqtinchalik ravishda Lesbos orolidagi qarindoshi Zoil xonadonida yashab turadi. Oʻsha yerda u mashhur olim Miletlik Falesning doʻsti, faylasuf Ferekid bilan tanishadi. Ferekiddan Pifagor falakiyot sirlari, quyosh va oy tutilishlarini oldindan hisob kitob qilib aniqlash, sanoq va hisob sirlari, tibbiyot va boshqa, oʻsha zamonga xos fanlardan saboq oladi. Pifagor Lesbos orolida bir necha yil yashadi. U yerdan esa tarixdagi ilk falsafa maktabi asoschisi Fales huzuriga, Miletga yoʻl oladi. Qadimgi yunon falsafasining tarixini aynan Fales boshlab bergan deb hisoblanadi. Miletda Pifagor deyarli sakson yoshni qoralab qolgan qariya Falesning falsafaga oid maʼruzalarini diqqat bilan tinglab, tahlil qilib boradi. Pifagor oʻzining Milet safari chogʻida juda ham koʻp bilim va yangi ilmiy tushunchalarga ega boʻlganini taʼkidlaydi. Lekin, Fales ham uning iqtidorini eʼtirof etgan holatda, unga taʼlimni Misrda davom ettirishni maslahat beradi va Pifagor yoʻlga otlanadi.
Pifagorning Misrdagi taʼlim olish jarayoni uning oʻz davrining eng yetuk ilmli kishilari, olimlari qatoridan joy olishiga zamin yaratdi. Bu davrga kelib uning keyingi taqdiriga muhim taʼsir koʻrsatuvchi voqealar yuz beradi: firʼavn Amazis vafot etadi, uning taxt vorisi boʻlgan yangi firʼavn esa fors shohi Kambiz tomonidan Misrga yuklatilgan yillik oʻlpon toʻlovlarini toʻlashdan bosh tortdi. Bu narsa forslarning Misrga urush ochishi uchun sabab boʻldi. Natijada Misrga bosqin davomida fors qoʻshinlari ehrom va saroylarni vayron qilishdi. Bu urushda Pifagor ham fors asiriga tushib qoldi. Qadimgi afsonalarga koʻra, forslar qoʻlida asirlik vaqtida Pifagor Bobilda boʻlib, mahalliy forslar bilan tanishadi. Ular sharq falakiyot fani, Xaldey donishmandlarining taʼlimotlari bilan tanishadi. Xaldeylar Pifagorni, sharq xalqlari tomonidan koʻp mingyilliklar davomida toʻplangan falakiyot, tibbiyot va arifmetika bilimlari bilan tanishtiradilar.
Fors shohi Doro Gistasp, “mashhur va zakovatli yunon” haqida eshitib, uni asirlikdan ozod etgunicha boʻlgan 12 yillik muddatni Pifagor Bobilda oʻtkazdi. Bu vaqtda Pifagor 60 yoshga kirib qolgan edi va u toʻplagan bilimlarini oʻz vatanida, oʻz xalqiga ulashish niyatida Yunonistonga qaytishga qaror qiladi. Pifagor Yunonistonni tark etganidan buyon u yerda katta oʻzgarishlar yuz bergan edi. Bu vaqtda Yunoniston ham Fors mamlakati siyosiy taʼsiri doirasiga tushib qolgan va yuksak ilmiy salohiyatli yunon olimlari fors taʼqibidan qochib, janubiy Italiyaga koʻchib ketishgan edi. U yerda yunonlar yangi, “Buyuk Yunoniston”ga asos solib, Sirakuza, Agrigent, Kroton kabi shahar — koloniyalarini tashkil etib, yangicha turmush tarzini boshlab yuborishgandi. Pifagor ham oʻsha yerga kelib oʻrnashadi va oʻzining mustaqil falsafa maktabini yaratish haqida oʻylay boshlaydi. Mahalliy aholi orasida u tezkor ravishda olim va mutafakkir sifatida shuhrat qozonadi. Bu vaqtga kelib Yunonistonning Kroton va boshqa shaharlarida ijtimoiy inqiroz yuzaga kela boshlaydi; aholi orasidagi ijtimoiy tengsizlik, afsonalarga tushgan “sibarit”larning (Sibaris shahri aholisi) mislsiz darajada oʻta boy va badavlat va toʻq yashashi, Kroton va boshqa yonma yon shahar aholisining turmushi esa kambagʻallik va ochlikda qiyinchiliklar bilan koʻchayotganligi tufayli aholi orasida norozilik oʻsib, adovat va ayirmachilik kayfiyati ortib boradi. Shunday qaltis vaziyatda Pifagor ong va tafakkurni hamda axloq meʼyorlarining insonni komillikka yetaklovchi ahamiyati haqidagi mustaqil falsafiy — axloqiy taʼlimoti bilan maydonga chiqadi. Koʻpni koʻrgan Pifagor oʻzi egallagan falsafiy va ilohiyotga doir ilmlardan ijtimoiy muammolarni hal etishda mohirlik bilan foydalanadi. U falsafa va mantiqning yangi yoʻnalishdagi taʼlimoti — tabiat, koinot va odamzotning oʻzaro chambarchas bogʻliqligi, bir biridan mustaqil va ayri holatda mavjud boʻla olmasligi va uning qonunlari oldida teng ekanliklari tamoyillarini ilgari suruvchi mutlaqo oʻziga xos va yangi taʼlimotni shakllantirdi. Oʻzining “Misra”larida Pifagor, agar qatʼiy amal qilinsa, adashgan kishilarning qalbini poklab, komillikka yetaklovchi axloq meʼyorlari haqida soʻz yuritadi.
Masalan ulardan birida Pifagor shunday yozadi:
Bilmaydigan narsangni qilishga urinma, lekin bilish zarur boʻlgan barcha narsani bilishga urin. Shunda sen, hayotda farovon yashaysan.
Qanday boʻlmasin, boshingga tushgan dardni tez unutishga harakat qil va unga oʻzingni koʻp majburlama.
Hayotda hashamat va ziynatlarsiz, kamtarona yashashga odatlan.
Vaqt oʻtishi bilan Pifagor ibodatxona va koʻcha maydonlarida chiqish qilishni toʻxtatadi va oʻz uyida taʼlim bera boshlaydi. Taʼlim tizimi murakkab va koʻp yillik edi. Pifagordan taʼlim olishni istovchilar uch yildan besh yilgacha boʻlgan muddatlarda sinov jarayonini oʻtashlari zarur edi. Bu vaqt davomida oʻquvchilar mashgʻulotlarda doimiy sukut saqlagan holda, Ustozga hech qanday savol bermasdan faqat uni tinglashlari shart qilib qoʻyilgan ekan. Bu davrda Pifagor ulardagi sabr — toqat va kamtarinlik xislatlarini shakllantirishga eʼtibor qaratgan ekan.
Pifagor oʻz oʻquvchilariga tibbiyot, siyosiy faoliyat tamoyillari, falakiyot, matematika, musiqa va etika hamda boshqa koʻplab muhim sohalar boʻyicha taʼlim bergan. Uning maktabidan atoqli davlat arboblari, siyosatdonlar, tarixchilar, matematiklar, munajjimlar yetishib chiqqanligi tarixiy faktlarda taʼkidlanadi. Pifagor faqatgina Ustoz boʻlib qolmasdan, balki, tadqiqotchilik ishlariga ham yoʻlboshchilik qilar edi. U musiqa va akustika nazariyotini rivojlantirib, mashhur “Pifagor gammasi”ni ixtiro qiladi va musiqiy ohanglarni oʻrganish jarayonining asosiy tamoyillarini asoslab berdi. Musiqiy tushunchalardagi kashf etilgan munosabatlarni u matematika tilida bayon qilardi. Pifagor maktabida birinchi boʻlib Yerning sharsimon shaklda ekanligiga taxminlar bildirilgan. Osmon jismlarining harakati maʼlum qonuniyatlar asosida davriy roʻy berishi, ularning harakat qonunlari matematik usullarda hisoblab topilishi mumkinligi haqidagi gʻoyalar va “olam garmoniyasi”, “sferalar ohangi” kabi astronomiya fanida burilish yasagan taʼlimotlar dastavval aynan Pifagor maktabida shakllangan.
Olim geometriya sohasida ham koʻplab ishlarni amalga oshirgan. Bu borada uning nomi bilan ataluvchi toʻgʻri burchakli uchburchak haqidagi mashhur teoremani eslash kifoya. (Pifagor teoremasi — toʻgʻri burchakli uchburchak tomonlari haqidagi teorema. Unga kura, agar toʻgʻri burchakli uchburchak tomonlari bir xil masshtabda oʻlchangan boʻlsa, katetlar uzunliklari kvadratlari yigʻindisi gipotenuza uzunligi kvadratiga teng: a2+b2=c2. Pifagor teoremasiga, asosan, toʻgʻri burchakli uchburchak katetlariga yasalgan kvadratlar yuzalarining yigʻindisi gipotenuzaga yasalgan kvadrat yuzasiga teng. Pifagor teoremasi Qadimgi Misr va Bobilda Pifagordan 1500 yil ilgari maʼlum boʻlgan, lekin birinchi isboti Pifagorga tegishli deb hisoblanadi. Hozir Pifagor teoremasining oʻndan ortiq isboti maʼlum). U matematik munosabatlarni ham yetarlicha chuqur darajada tadqiq qilib, proporsiyalar nazariyasi asoslarini boshlab berdi. U jismlar tabiatini tadqiq qilishda raqamlar va sonlarning xususiyatlarini ham taʼsiri bor deb hisoblar edi. U hattoki inson kundalik hayoti va borliqning “adolat”, “doimiylik”, “erkak”, “ayol”, “yashash”, “oʻlim” kabi abadiylikka daxldor tushunchalarini ham son va raqamlar vositasida tushuntirishga harakat qiladi.
Pifagorchilar, barcha jismlar mayda zarralar — “borliq birliklari”dan tashkil topadi, ular esa turli tartiblanishlarda, turlicha geometrik shakllarda birlasha oladi deb fikrlashar edi. Pifagor uchun son tushunchasi ham moddiyat ham Olamning shakli sifatida namoyon boʻlgan. Aynan shu tasavvurdan Pifagorchilarning oʻsha mashhur eʼtirofi: “hamma narsa — sondan iborat!“ degan tushuncha kelib chiqqan. Shu tamoyilga koʻra Pifagor maktabi vakillari, tabiatdagi barcha hodisa va jarayonlarni faqat sonlar vositasida izohlashga urinishgan. Bu orqali esa ular matematikaning oʻta muhim sohasi — sonlar nazariyasi uchun tamal toshini qoʻygan edilar.
Pifagorchilar, boshqa tarixiy tamaddunlarda boʻlganidek, barcha sonlarni ikki toifaga: toq va juft sonlarga ajratishgan. Keyinchalik, insoniyat taraqqiyotining yuqori bosqichlarida maʼlum boʻlishicha, Pifagorchi “juft — toq” hamda “oʻng — chap” kvarts kristallarida, DNK va viruslar strukturasida, Pasterning kislotalar bilan oʻtkazgan mashhur tajribalarida, elementar zarralar nazariyasida va boshqa koʻplab sohalarda qiziqarli va chuqur tadrijiy ahamiyat kasb etar ekan.
Pifagorchilarga sonlarning geometrik interpretatsiyasi ham maʼlum boʻlgan: ular, nuqtaning bitta, toʻgʻri chiziqning ikkita, tekislikning uch, hajmning esa toʻrt oʻlchovli ekanligini aniq bilganlar. Oʻnlik, dastlabki toʻrt raqamning yigʻindisi orqali hosil qilinishi mumkin: (1+2+3+4=10), bu tenglamada bir — nuqta va bir oʻlchamlilikni, ikki — toʻgʻri chiziq va ikki oʻlchamlilikni, uch — tekislik va uch oʻlchamlilikni, toʻrt esa — piramida (hajm)ni va toʻrt oʻlchamlilikni ifodalaydi. Aytingchi, Eynshteynning Butun Olam toʻrt oʻlchamlik taʼlimotidan nimasi kam?!
Tekislikdagi barcha geometrik shakllar — nuqta, toʻgʻri chiziq, va tekislikning yigʻindisidan Pifagorchilar “mukammal”, yoki, “ilohiy” oltilikni olinadi deb tasavvur qilishgan. Ular sonlarning kvadratlarida ham tenglik va adolat mezonlarini koʻrishgan: ular uchun doimiylik ramzi — toʻqqiz raqami boʻlgan. Chunki, 9 ning barcha koʻpaytmalaridagi raqamlar ketma ketligi qoʻshib chiqilsa, yigʻindi doimo 9 ga teng boʻladi (masalan, 9x16=144, 1+4+4=9 va ho kazo). Sakkiz raqami esa ular uchun oʻlim va yoʻqlik ramzi hisoblangan, chunki 8 ning barcha karralilari raqamlar yigʻindisi barobarida kamayib boradi.
Pifagor teoremasi
Tetradani tashkil qiluvchi toʻrt raqam — 1,2,3, va 4 musiqa bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqaga ega: ular barcha konsonatik intervallarni ifodalay oladi, (1:2) — oktavani, (2:3) — kvintani, (3:4) esa kvartani. Boshqacha aytganda, dekada, koinotning faqatgina geometrik — fazoviy xususiyatinigina emas, balki, garmonik — musiqiy ohangini ham ifodalaydi. 10 ning xususiyatlariga yana shuni qoʻshimcha qilinadiki, u, oʻzigacha boʻlgan raqamlarning miqdoriy yigʻindisi hisoblanadi (Pifagorchilar Nol sonini ishlatishmagan, shu sababli bunday notoʻgʻri tushunchada boʻlishgan). Tetradani tashkil qiluvchi sonlar yigʻindisi 10 ga teng, shu tufayli Pifagorchilar uchun 10 Butun Olamni ifodalovchi ramz boʻlgan. “Modomiki 10 ideal son ekan — mulohaza qilishadi ular, demak koinotda aniq oʻnta sayyora boʻlishi kerak!“ Shuni taʼkidlash kerakki, u vaqtlarda insonlarga koinot borasida faqat Quyosh, Yer va 5 ta eng yaqin va yorqin (qurollanmagan koʻz bilan koʻrib boʻladigan) sayyoralar maʼlum boʻlgan xolos.
Toʻrt sondan iborat Pifagorchilarning mashhur tetradasi, ularning taʼlimotlari orqali Platonga ham taʼsir koʻrsatgan. Platon ham toʻrt unsur (yer, havo, olov, suv) haqidagi taʼlimotda mazkur tetradaning nazariyotiga yondoshgan.
Pifagorchilar yana sonlarni “mukammal” va “doʻstona” sonlarga ajratishgan. Masalan 220 va 284 sonlari “doʻstona” sonlar hisoblanadi. Chunki, 220 sonini oʻzidan boshqa barcha boʻlinuvchilarini aniqlab, ularni qoʻshib chiqilsa (1+2+4+5+10+11+20+22+44+55+110), yigʻindi 284 chiqadi. Endi, 284 ni ham oʻzidan boshqa boʻluvchilarining yigʻindisini hisoblasak, (1+2+4+71+142) 220 chiqadi. Shu sababli bu ikki son bir biri bilan doʻst deb qaralgan va doʻstlik ramzi sifatida ifodalangan. Yunon Pifagorchilari oʻz davrlarida bir birlariga vaʼda berayotib mazkur raqamlar nomi bilan soʻz berishgan ekan. Pifagor maktabi vakillariga bunday “doʻstona” sonlardan qanchasi maʼlum boʻlganligini aniq bilish qiyin, lekin, hozirgi zamon kompyuterlari yordamida bunday “doʻstona” sonlar juftligining 286 tasi aniqlangan.
Pifagorchilar taʼkidlagan “Mukammal” sonlar sirasiga esa, 36 sonini kiritish mumkin. Eʼtibor beramiz: 36=1+2+3+4+5+6+7+8=(1+3+5+7)+(2+4+6+8). Teran nazar bilan qaralsa, 36 ning sanoq tizimidagi dastlabki 4 toq va 4 juft sonlar yigʻindisidan iborat ekanligi anglashiladi. Shu tufayli Pifagor va uning shogirdlari oʻz taʼlimotlari orqali zamondoshlariga 36 ni “mukammal” son deb ramziy eʼtirof etib, mazkur sondan oliy martabadagi ahdlashuv jarayonlarida foydalanishni tavsiya etishgan ekan.
Pifagor va uning oʻquvchilarining real dunyo va sonlar munosabatlari oʻrtasidagi bogʻliqliklarni faqatgina sonlar yechishga boʻlgan urinishlarini omadsiz yoki mantiqsiz deb qarab boʻlmaydi. Sababi, qanchalik sodda, baʼzan fantastik yoki asoslanmagan boʻlmasin, aynan Pifagor maktabida olib borilgan sonlar boʻyicha tadqiqotlar, olam sirlarini oʻrganishning ilgʻor va samarador usullarini ilgari surganlar. Ularning astronomiya, musiqaga oid son va sanoqlar haqidagi qoldirgan maʼlumotlari asosida keyingi avlod tamaddun vakillari ham olamni yana-da teranroq anglashga imkon topdilar.
Vafotidan soʻng Pifagor, hozirgi janubiy Italiyadagi Mentapont shahrida dafn etildi. Uning oʻquvchilari Yunonistonning turli shaharlarida Pifagor maktabining davomchilari sifatida faoliyat boshladilar hamda Ustoz ishlarini davom ettirdilar. Pifagor nomidagi ilmiy jamiyatlar tuzdilar.
Yangi davrda, tabiiy fanlar — astronomiya, matematika va boshqalarning jadal rivojlanishi natijasida Pifagor tomonidan ilgari surilgan olam garmoniyasi haqidagi gʻoyalar yangidan-yangi tarafdorlar va muxlislarga ega boʻldi. Kopernik va Kepler, mashhur rassom va muhandis Dyurer, Leonardo da Vinchi, 1919-yilda nisbiylik nazariyasini amaliy tajribada tasdiqlagan ingliz astronomi Eddington hamda boshqa, koʻplab olim va faylasuflar Pifagorning ilmiy — falsafiy merosidagi olam sirlarini anglashda qonuniyatlar topib, oʻz ilmiy ishlaridagi asosiy gʻoyalarni qayta kashf qilganlar.
Manba: https://www.orbita.uz/

Report Page