ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

MUHAMMAD SOLLALOHU ALAYHI VASALLAM (1-QISM)

Qays ibn Maxrama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Fil yili tugʻilganmiz”. “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning nasablari: U — Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalib. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ota boʻlish baxtiga sazovor boʻlgan Abdulloh Quraysh qabilasi, Banu Hoshim urugʻining boshligʻi Abdulmuttalibning Horis, Zubayr, Abu Tolib, Abu Lahab, Gʻaydoq (yoki Hajl), Muqavvim (yoki Abdulkaʼba), Ziror, Abbos va Hamza ismli oʻgʻillari orasida eng mahbubidir. Abdulloh oʻn nafar oʻgʻil ichida kichigi emas, chunki Abdullohning ukasi Hamza roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bor yoʻgʻi 2 yosh katta boʻlgani, hatto emikdosh boʻlgani maʼlum mashhurdir. Abdulloh ota-ona bir oʻgʻillar ichida eng kichigi boʻlgan, xolos. Ular Zubayr, Abu Tolib va Abdulloh boʻlib, Fotima onadan tugʻilganlar. Abdulloh voyaga yetganida otasi uni Omina ismli qizga uylantirdilar. Abdullohning otasi Abdulmuttalib Banu Hoshimning ulugʻi boʻlganidek, Ominaning otasi Vahb ham Banu Zuhrning ulugʻi edi. Omina odobli, sabrli va goʻzal qiz edi. Alloh taolo Oʻzining oxirgi paygʻambarini ana shunday ajoyib vasfga ega ikki ulugʻ va pok naslning vakili va vakilasi boʻlmish ota-onadan dunyoga kelishini iroda qildi. Bu ikki yoshning toʻylaridan koʻp oʻtmay, yangi kuyov oʻz qavmiga kerakli xizmat yuzasidan, xurmo olib kelish uchun otasining togʻa yurti — Yasribga (Madinaga) joʻnab ketdi. Koʻp oʻtmay Abdulloh oʻsha yerda vafot etdi. Oʻsha paytda Ominaning homilador boʻlganiga koʻp boʻlmagan edi. Oʻn gulidan bir guli ochilmagan yosh kelin homilador holida mahbub eridan ajrab, beva qoldi. Ominaning homilasi oddiy homila emas, xayr-baraka homilasi edi. Alloh taolo ana shu homilaning barakasidan Kaʼbani buzib tashlash niyatida Makkaga bostirib kelgan Abraha boshliq fil egalarini halok etdi. Ana shu “Fil voqeasi”dan salkam ikki oy oʻtib, Ominani toʻlgʻoq tutdi. Bu toʻlgʻoq oddiy toʻlgʻoq emas edi. Odatdagi holatlardan tamoman oʻzgacha holatda Ominaning homilasi yorugʻ dunyoga keldi. Dunyoni nurga toʻldirgan, butun mavjudotni baxtga choʻmdirgan bu ulugʻ kun mashhur rivoyatga koʻra, rabiʼul avval oyining oʻn ikkinchi kuni (milodiy 571-yil 22-aprel), dushanba kuni edi. Omina yangi tugʻilgan goʻdakning suyunchilik xabarini berish uchun Abdulmuttalibga odam yuborib, “Nabirangiz tugʻildi, kelib uni bir koʻring”, dedi. Abdulmuttalib quvonchdan toʻlib-toshib, shoshgancha yetib keldi. Murgʻak nabirasini qoʻliga olib, mehr bilan oʻpdi. Uni avaylab koʻtarib, Kaʼbai muazzamaning ichiga olib kirdi. Alloh taologa hamd aytib, duoyi xayrlar qildi. Soʻng nabirasiga Muhammad deb ism qoʻydi. Arablar ichida bu ism unchalik tarqalmagan edi. Odamlar hayron qolishdi. Arab tilining xususiyatlaridan kelib chiqib, tilshunos ulamolar: “Ayni shu-“Muhammad” siygʻasidan “maqtovi tinmay yangilanib turuvchi” degan maʼno chiqadi”, deydilar. Oʻsha vaqtda arablarning odati boʻyicha, bolalar sahrolik ayollarga emizdirilar edi. Ularning fikricha, sahroning havosi ham, odamlarining axloqi ham shaharnikidan yaxshiroq boʻlgani uchun sahrolik ayollarni emib oʻsgan bolalar sogʻ-salomat, oʻtkir zehnli boʻlib oʻsardi.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni dastlab onalari Omina emizdilar. Alloh taolo Halima ismli ayolning qalbiga Muhammadga nisbatan mehr soldi. U Muhammad sollallohu alayhi vasallamni emizgani oldi. U oʻzi sezmagan holda barcha bandalar ichida eng afzaliga koʻkrak tuta boshladi. Halima shu bolani emiza boshlaganidan buyon hamma narsaga baraka kirib qolganini yaxshi bilar edi: xonadoniga qut-baraka kirdi. Uning bolalari qoʻy-qoʻzilarini qayerda boqishlaridan qatʼiy nazar, ularning qorni oʻtga, yelini sutga toʻlib qaytadigan boʻlib qoldi. Shu bois bolani emizish muddati tugaganida ham undan ajragisi kelmadi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ikki yoshga toʻlganlarida u zotni onalari huzuriga olib borib: “Yana biroz mening oldimda tarbiya topsin”, deb iltimos qildi. Omina onamiz ham oʻsha vaqtda Makka havosi yaxshi emasligi uchun bu taklifga rozi boʻldilar. Oradan ikki yil oʻtib, oʻsha yerda “shaqqus-sadr” (koʻksilarini yorib, qalblaridan shaytonning nasibasini chiqarib tashlash) nomi bilan mashhur hodisa ham boʻlib oʻtdi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan oʻynab yurganlarida, oldilariga Jabroil keldi. Jabroil u zotni olib, yerga yotqizib, koʻksilarini yordi. Soʻng qalblarini olib, ichidan laxta qonni chiqarib oldi-da: “Bu shaytonning sendagi nasibasi”, dedi. Keyin uni tilladan boʻlgan jomda zamzam suvi bilan yuvib, oʻrniga qaytarib soldi. Bolalar Halimaning oldiga yugurib kelib: “Muhammad oʻldirildi”, dedilar. U zotning oldiga borsalar, rangi oppoq holda turgan ekan” Anas: “Men u zotning koʻkraklaridagi oʻsha tikilgan izni koʻrar edim”, dedi”. Bundan qoʻrqib ketgan Halima Saʼdiya Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni onalari Ominaga qaytarib olib bordi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam olti yoshga kirganlarida onalari u zotni Yasribga (Madinaga) olib bordilar. Ona-bola birini yosh beva, birini tugʻilmasdan turib yetim holida tashlab ketgan mahbublari Abdulloh ibn Abdulmuttalibning qabrini ziyorat qilish uchun borgan edilar. Ularning biri visoliga toʻymagan erini, birlari diydorini koʻrmagan padarini ziyorat qilganlaridan soʻng yana Makka sari yoʻlga chiqdilar. Yoʻlda Abvo nomli qishloqqa yetganlarida Omina ham vafot topdilar. Bu voqea xijratdan avvalgi 47 yilda sodir boʻldi. (milodiy 577-yil). Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam olti yoshda onalaridan ham ajrab, haqiqiy yetim boʻlib qoldilar.
Gʻurbatda onasidan ajrab qolgan bolani bobosi Abdulmuttalib va enagasi Ummu Ayman Makkaga olib keldilar. Quraysh qabilasi, Banu Hoshim urugʻining raisi Abdulmuttalib oʻzining yetim qolgan nabirasiga nihoyatda mehribon edi. U Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni oʻzi bilan olib yurar, Kaʼbaning soyasida oʻzi uchun toʻshalgan koʻrpachaga oʻtirgʻizardi. Shu tariqa ikki yil oʻtdi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam sakkiz yoshga toʻldilar. Endi esini tanib, biror narsani oʻrganish payti kelganda Abdulmuttalib ham vafot etdi. Yetimlik dardi yana yangilandi. Ammo ulamolarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning yetimlikda oʻsishlariga Alloh taoloning hikmati deb qaraydilar. Agar u zot yetim holda oʻsmaganlarida, paygʻambarlik kelganida dushmanlar “Ota-onasidan yoki bobosidan oʻrganib olgan narsalarni aytib, “Men paygʻambarman” demoqda”, deyishlari ham mumkin edi. Yetim oʻsgan kishining oliymaqom taʼlimotlarni keltirishi esa oʻsha taʼlimotlar Alloh taolodan ekaniga dalolat qiladi. Abdulmuttalibning vafotidan keyin yosh Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni amakilari Abu Tolib oʻz qaramogʻiga oldi. Abu Tolib Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning otalari Abdullohning ota-ona bir akalari edi. U Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni oʻziga oʻgʻillari Jaʼfar, Aqiyl va Aliylardan ham yaqin tutar, koʻpincha oʻzi bilan olib yurar edi. Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning turli kamchiliklardan xoli boʻlib oʻsishlarini taʼminladi. U zot sollallohu alayhi vasallam barcha yomonliklardan yiroq, hamma fazilatlarga yaqin holda oʻsib bordilar. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam voyaga yetib qolganlarida qoʻy boqish bilan tirikchilik oʻtkazdilar. U zot arzimagan haq uchun odamlarning qoʻylarini boqdilar. Hayvonlar ichida eng yuvoshi boʻlgan qoʻyni boqish hamma paygʻambarlar qilgan ishdir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam yigirma yoshlarida Kinona va Quraysh qabilalari bilan Qays Aylon qabilasi orasida chiqqan urushda qatnashdilar. Unda amakilariga kamon oʻqi olib berib turdilar. Shunday qilib yoshlik chogʻlaridayoq urush nima, jasorat, shijoat nima ekanini sinab koʻrdilar. Bu ishda ham Alloh taoloning inoyati ila u zotning kelajakda paygʻambarlik qilishlariga tayyorgarlik bor edi.
Makkada Xadiyja ismli asilzoda, aqlli, axloqli, fazilatli va boy-badavlat ayol bor edi. U oldingi turmush oʻrtogʻi vafot etib, beva qolganidan keyin tijorat uchun boshqa erkaklarni ishga yollar edi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ham Xadiyja bint Xuvaylid bilan kelishib, uning tijorati boʻyicha Shom oʻlkasiga borib, savdo qilib keldilar. Oʻsha tijoriy safarda Xadiyjaning xizmatkori Maysara ismli yigit ham u zotga hamrohlik qildi. Bu safardan keyin oʻtkir aql egasi Xadiyja Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning oddiy odam emasliklarini sezib qoldi. U zotdagi toʻgʻrilik, sadoqat, halollik, xayr-baraka va boshqa xislatlar Xadiyjani oʻziga rom etdi. Buning ustiga, xizmatchi Maysara safar davomida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamda koʻrgan aql bovar qilmaydigan holatlarini aytib berdi. Makkaning koʻplab ayonlarining sovchilarini qaytargan Xadiyja Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqishni niyat qildi. U kishi oʻzining bu haqdagi niyatini dugonasi Nafisa orqali Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga yetkazdi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari sovchi boʻldilar. Ikki tomonning roziligidan soʻng Abu Tolib nikoh xutbasini oʻqidi. Oʻshanda Paygʻambar solllohu alayhi vasallamning yoshlari yigirma beshda, Xadija onamizniki esa, mashhur rivoyatga koʻra, qirqda edi.
Bu davrda nafaqat Makka ahli, balki Arabiston yarimoroli aholisining koʻp qismi but-sanamlarga ibodat qilardi. Makkaga haykallarni ilk bor Xuzoʼa qabilasi hukmronligi davrida Amr ibn Luay Xuzoʼiy degan kimsa Shom diyoridan olib kelgan edi. Makkaliklar, keyinchalik boshqa arablar ham but-sanamlarga ibodat qilishga shu qadar berilib ketishdi. Ibrohim alayhissalomning dinidan Baytullohni ulugʻlash odatidan boshqa hech narsa qolmadi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam oʻttiz besh yoshlik vaqtlarida qurayshliklar Kaʼbani buzib tashlab, qayta qurishga kirishdilar. Zamon oʻtishi, xususan, Kaʼbada yongʻin chiqqani va sel kelgani oqibatida qayta qurish zarurati tugʻilib qolgan edi. Qurilishni boshlab, hamjihatlik ila ish olib borishdi. Ammo Hajarul asvadni joyiga qoʻyish vaqti kelganda ixtilof chiqdi. Har bir qabila bu sharafli ish oʻziga boʻlishini xohlar edi. Ixtilof kuchayib, urush chiqish xavfi tugʻildi. Baʼzilar jangga hozirlana boshlashdi. Banu Abduddo urugʻi bir togʻorada qon olib kelishdi. Ular Banu Adiy urugʻi bilan kelishgan holda qoʻllarini togʻoradagi qonga botirib, oʻlimga tayyor ekanliklarini eʼlon qilishdi. Bu hol urush boʻladi, degani edi. Shy holatda toʻrt-besh kun turib qolishdi. Uzoq bahslashuvlardan keyin ishni ularning oldiga asosiy darvozadan birinchi boʻlib kirib kelgan kishiga havola qilishga kelishdilar. Ularning oldiga Muhammad sollallohu alayhi vasallam birinchi boʻlib kirib keldilar. U zotni koʻrishlari bilan hammalari xursand boʻlib: “Ana, Muhammad keldi! Ana, Amin keldi! Rozi boʻldik! Ishni unga havola qilishga rozimiz!” deyishdi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam ulardan bir rido keltirishlarini soʻradilar. Uni olib yerga yozdilar. Hajarul asvadni koʻtarib, ridoning oʻrtasiga qoʻydilar va har urugʻdan bittadan vakil kelib, ridoning bir chetidan tutib koʻtarishini taklif qildilar. Vakillar koʻtarib olib kelganlaridan soʻng oʻzlari Hajarul asvadni joyiga qoʻydilar. Shunday qilib u zot oʻzlarining beqiyos hikmatlari ila urushning oldini oldilar. Bu u zot sollallohu alayhi vasallamning butun dunyo xalqlarini sulhga va tinchlikka boshlashlarining muqaddimasi edi. Ana shunday tarzda Alloh taolo Oʻzining boʻlajak paygʻambarining hamma tarafdan yetuk boʻlishini taʼminlab keldi. U zotning nasablari pok nasab boʻlishini taʼminladi. U zotning yaratilishlari benuqson, muborak tanalarining pok va jismonan toʻkis, shuningdek, xulqlari bekam-u koʻst boʻlishini taʼminladi. Mana shu tarzda Alloh taoloning irodasi ila oxirzamon paygʻambari qilib yuborilishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo boʻldi.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Usmonxon Alimov Rasululloh (sollallohu alayhu vasallom)ning muborak vasiyatlari (I jild) kitobi. Hidoyat.uz
4. Islom tarixi Muslim.uz.

MUHAMMAD SOLLALOHU ALAYHI VASALLAM — Audio

Report Page