ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

IYSO ALAYHISSALOM (2-QISM)

Iyso alayhissalom oʻsib, ulgʻayib, oʻttiz yoshga yetganlarida Alloh taolo paygʻambar qilib yubordi. Qurʼoni Karimning “Zuxruf” surasida: “Iyso ochiq-oydin hujjat-moʻjizalar bilan kelgan chogʻida dedi: “Men sizlarga hikmat bilan va siz ixtilof qilayotgan baʼzi narsalarni bayon qilish uchun keldim. Allohga taqvo va menga itoat qilinglar. Alloh mening ham Robbim, sizning ham Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qiling. Mana shu toʻgʻri yoʻldir”, dedi”. (63-64 oyatlar). Allohga taqvo qilmaslik va Paygʻambarga itoat etmaslik oqibatida ixtiloflar kelib chiqqan edi. Bas, endi u ixtiloflarni yigʻishtirib, Allohga taqvo qiling va menga itoat eting, ana shunda ish yaxshi boʻladi. Iyso alayhissalom qavmlariga: “Alloh mening Robbim”, deganlar. Alloh mening otam, degan emaslar. Demak, Alloh taolo boshqa bandalarga Robb boʻlgani kabi, Iyso alayhissalomga ham Robbdir. Bu haqda boshqa gap behuda. “Bas, Unga ibodat qiling”. Demak, Iyso alayhissalom menga ibodat eting, degan emaslar, balki Allohga ibodat qiling, deganlar. Kimki boshqa gap aytsa, yolgʻon aytibdi. U kishining oʻzlari ham: “Mana shu toʻgʻri yoʻldir”, dedi”. Yaʼni, Allohga ibodat qilishlik toʻgʻri yoʻldir, dedilar. Lekin u kishining qavmlari bu koʻrsatmaga amal qilmadilar. Odamlar huzuriga birov kelib, “meni Alloh sizlarga Paygʻambar qilib yubordi,” desa, odamlar, “bu gapingni nima bilan isbot qilasan,” deyishlari turgan gap. Shuning uchun Alloh taolo har bir Paygʻambarni oʻz qavmiga yuborish chogʻida, oʻsha qavmning holiga, ijtimoiy, aqliy va boshqa saviyalariga qarab, moʻjiza ham beradi. Iyso alayhissalom Bani Isroil huzuriga Alloh taolo tomonidan oyat-moʻjiza keltirgan. Bu oyat-moʻjiza u kishining Paygʻambar ekanligini isbotlashga xizmat qiladi. Iyso alayhissalom: “men sizlarga loydan qushga oʻxshash surat yasayman, unga puflasam, Allohning izni bilan qush boʻladi. Alloh izni bilan tugʻma koʻr va peslarni tuzataman va oʻlikni tiriltiraman. Sizlarga nimani yemoqdasiz-u, nimani uyingizda saqlayapsiz xabarini beraman”, dedilar. Iyso alayhissalomga Alloh taolo tomonidan berilgan bu moʻjizalarning tabiatini oʻrgangan va oʻsha vaqtdagi tarixiy voqelikni kuzatgan ulamolarimiz, Iyso alayhissalom davrida odamlar moddaparast boʻlib ketgan edilar, degan fikrga kelganlar. Ular har bir narsaning sababi topilsa boʻldi, masala yechiladi, deganga oʻxshash fikrlaydigan, gʻayb ilmiga mutlaqo ishonmaydigan boʻlib ketishgan ekan. Ularning bu holatlarini muolaja qilish uchun Iyso alayhissalomga mazkur moʻjizalar berilgan ekan. Iyso alayhissalom loydan Allohning izni ila qush yasagan, unga puflashni ham Allohning izni ila puflaganlar, u shakl Iysoning izni bilan emas, Allohning izni bilan qushga aylangan. Shuningdek, tugʻma koʻr va peslarning tuzalishi ham Allohning izni ila boʻlgan. Bu moʻjizalar Iysoga Alloh tomonidan Paygʻambarligini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qilib berilganligini eʼtirof qilishni xohlamagan nobakor qavm oʻzlariga xos uslub bilan bir gap toʻqib chiqardilar: “Bu ochiq sehrdir”, dedilar va sehrgarni oʻldirish kerak, deb Iyso alayhissalomni oʻldirishga qaror qildilar. Shunda: Iyso ularga kofirlikni sezib qolganda: “Kimlar Alloh yoʻlida menga yordamchi boʻladi?!” dedilar. Havoriylar: “Biz Allohning yordamchilarimiz, Allohga iymon keltirdik va bizning musulmonligimizga guvoh boʻl”, dedilar. (Oli Imron surasi, 52-oyat). “Havoriy” degani xolis, yaqin, ishonchli doʻst, deganidir. Iyso alayhissalomning ham shunday kishilari bor edi. Ammo: “Havoriylar: “Ey Iyso ibn Maryam, sening Robbing bizga osmondan tuzatilgan dasturxon tushira olurmi?” deganlarida, u: “Agar moʻmin boʻlsalaringiz, Allohga taqvo qilinglar”, deganini esla”. (Moida surasi, 112- oyat). Bu suhbat Iyso alayhissalom qavmlarining siymosini (kimligini) ochib beryapti. Ana shunday mumtoz guruh oʻz yoʻlboshchisi, Paygʻambariga: “Ey Iyso ibn Maryam”, deb murojaat qilyapti. Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning sahobalari u zotga biror marta bunaqa ravishda murojaat qilganlari yoʻq. Ular doimo: “Ey Allohning Rasuli”; “Ey Allohning Nabiysi”; “otam-onam sizga fido boʻlsin”, kabi soʻzlar bilan murojaat etganlar. Qolaversa, Iyso alayhissalomning eng yaqin kishilari boʻlmish havoriylar: “Robbing bizga osmondan tuzatilgan dasturxon tushira olurmi?” deyishmoqda. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobai ikromlaridan birortalari iymonga kirganidan soʻng moʻjiza koʻrsatishni talab qilmaganlar. Chunki bu ish iymonli kishiga yarashmaydi. Bu ish noqulay boʻlgani uchun ham Iyso alayhissalom havoriylaridan yuqoridagi nooʻrin savolni eshitganlaridan soʻng: “Agar moʻmin boʻlsalaringiz, Allohga taqvo qilinglar”, demoqda. Havoriylar esa, oʻz soʻzlarida turib, qilayotgan talablari nima uchun ekanligini sharhlab bermoqdalar: “Ular: “Undan yemoqni, qalblarimiz taskin topmogʻini, bizga rost gapirganingni bilmoqni va bunga guvoh boʻlmoqni istarmiz”, dedilar”. (Moida surasi, 113-oyat). Iyso alayhissalom Paygʻambarlik odobi ila oʻz Robbisi Alloh taologa oʻzlarining bandaliklarini, Unga hojatmand ekanliklarini bildirib, xokisorlik ila nido qildilar. U kishi Alloh taolodan osmondan dasturxon tushirishni, tushirganda ham, uni xayr-baraka va xursandchilik boisi — bayramga sabab boʻladigan qilib tushirishni soʻrab duo qilmoqdalar. Shu bilan birga, bu dasturxon Alloh tomonidan moʻjiza boʻlib qolishini ham soʻramoqdalar. Moʻjiza sifatida tushirilgan dasturxon rizq boʻlib qolishini ham istamoqdalar. Alloh taolo Paygʻambari Iyso alayhissalomning bu duolarini ijobatga oldi va quyidagi javobni qildi: “Alloh: “Albatta men, uni sizlarga tushirguvchiman. Bas, bundan keyin sizlardan kim kufr keltirsa, uni olamlarda hech kimni azoblamagan azob ila azoblagayman”, dedi”. (Moida surasi, 115-oyat). Alloh taolo dasturxon tushirish haqidagi soʻrovni ijobat qilish bilan birga, Oʻzining doimiy odatini ham esga solmoqda. U odat moʻjiza talab qilgan qavm, moʻjiza kelgandan keyin ham kufr keltirsa, uni qattiq azobga duchor qilishdir. Bu azob ham bu dunyoda, ham u dunyoda boʻladi. Iyso alayhissalomning daʼvatlarini eshitgan, moʻjizalarini koʻrgan odamlar u zotga iymon keltirib, ergasha boshladilar. Ular kundan kunga koʻpayib bordi. Bu hol yahudiylarni tashvishga soldi. Ular Iyso alayhissalomni oʻldirishga qasd qildilar. Iyso alayhissalomga yahudiylar suiqasd qilganlarining qissasi maʼlum va mashhur. Bu qissani buyuk tafsirchilardan Ibn Kasir rahmatullohi alayhi quyidagicha rivoyat qiladilar: “Alloh taolo Iyso ibn Maryamni ochiq-oydin alomatlar va hidoyat ila Paygʻambar qilib yuborganida, yahudiylar u zotga berilgan Paygʻambarlik va moʻjizalarga hasad qildilar. U kishi koʻr boʻlib tugʻilganlarni va peslarni davolar, oʻlikni Allohning izni ila tiriltirar, loydan qushning shaklini yasab unga puflasalar, Allohning izni ila qush boʻlib uchib ketar edi. Shunga oʻxshash koʻpgina moʻjizalar bilan u kishini Alloh qoʻllab-quvvatlagan edi. Yahudiylar esa, u kishini yolgʻonchiga chiqardilar, xilof qildilar va imkoni boricha u zotga ozor berishga oʻtdilar. Hattoki, Allohning Paygʻambari Iyso alayhissalom ular bor joyda turmaydigan boʻldilar. Koʻpincha onalari bilan birga sayohatda yurishga majbur boʻldilar. Yahudiylar bu bilan kifoyalanib qolmadilar, u zotni oʻsha davrdagi Damashqning podshohiga chaqdilar. Podshoh yulduzlarga sigʻinadigan mushriklar toifasidan edi. Yahudiylar unga: “Baytul Maqdisda bir odam chiqib, kishilarni fitnaga solmoqda, adashtirmoqda va fuqarolarni podshohga qarshi qoʻymoqda”, deb xabar yetkazdilar. Bundan podshohning gʻazabi chiqdi. Baytul Maqdisdagi noibiga mazkur odamdan ehtiyot boʻlish, uni osib, sharridan odamlarni saqlash farmonini berdi. Maktub Baytul Maqdisdagi noibiga yetib kelganida, u farmonni bajarishga otlandi. Bir toifa yahudiylar bilan Iyso alayhissalom turgan joyga bordi. U kishi oʻzlariga yaqin kishilar bilan birga edilar. Ularning soni oʻn ikki-oʻn uch yoki oʻn yettita edi. Bu voqea juma kunidan shanbaga oʻtar kechasi sodir boʻldi. Yahudiylar ularni qamalga oldilar. Yoki ular bosib kirishadi, yoki oʻzlari ularning oldiga chiqishlari kerak bundan boshqa iloj qolmaganini anglab yetgan Iyso alayhissalom sheriklariga: “Kimingizga mening tusim oʻtsa, oʻsha odam jannatda men bilan birga boʻladi”, dedilar. Bu ishga bir yosh yigit tayyorligini bildirdi. Uni xiyol yosh sanadilar, yuqoridagi gapni ikkinchi, uchinchi bor takrorladilar. Har safar faqat haligi yigit oʻz tayyorligini bildirdi. Iyso alayhissalom: “Sen oʻshasan!” dedilar. Alloh taolo u yigitni Iyso alayhissalom tusiga kiritdi. Tomning shiftidan bir tuynuk ochildi. Iyso alayhissalomni mudroq oldi. Shu holda osmonga koʻtarildilar. U zot koʻtarilganlaridan keyin, sheriklari tashqariga chiqdilar. Yahudiylar qorongʻuda haligi yigitni, Iyso, deb oʻylab, ushlab, osdilar. Koʻpchilik rivoyatlarda, Iyso alayhissalomning tusiga kirgan va qatl etilgan havoriylarning ichida boʻlgan Yahuzo Esxuryutiy ismli odam. U xiyonat qilib Iyso alayhissalomning berkingan joylarini yahudiylarga koʻrsatib bergan edi, deyiladi. Ammo ishga bu bilan nuqta qoʻyilgani yoʻq. Asosiy ixtiloflar aynan ushbu voqeadan soʻng boshlandi. Taʼkidlanganidek, hodisa kechaning qorongʻisida, toʻs-toʻpolonda boʻlib oʻtdi. Koʻp narsalar noaniq qoldi. Shuning uchun: “Uning haqida ixtilof qilganlar uning oʻlimidan shak-shubhadadirlar”. Avvalo, hodisada ishtirok etganlarning oʻzlari ixtilofga tushdilar. “Agar oʻldirilgan Iyso boʻlsa, birga yurgan odam qani? Agar oʻldirilgan birga yurgan odam boʻlsa, Iyso qani?” dedilar, bir-birlariga. Lekin, oʻlikni osib qoʻyib, biz Iysoni oʻldirdik, deb maqtanib yurishaverdi. Nasorolar boʻlsa, baʼzilari bu gapga ishondi, baʼzilari “Iyso oʻlgandan keyin koʻmildi. Ammo uch kundan keyin yana tirildi”, deyishdi. Lekin hammalarining gapi ham asossiz gaplardir. Xaqiqat Qurʼoni Karimning Niso surasida kelgan: “Biz Allohning rasuli Masih Iyso ibn Mariyamni oʻldirdik”, deganlari uchun ularni laʼnatladik. Holbuki, uni oʻldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi. U haqda ixtilofga tushganlar uning oʻlimidan shakdadirlar. U toʻgʻrisida ularning bilimlari yoʻq, faqat gumonga ergashadilar. Uni oʻldirmaganlari aniqdir”. (157-oyat) Xoʻsh, oʻldirmaganlari aniq boʻlsa, unga nima boʻlgan, degan savolga keyingi oyatda javob keladi: “Balki, Alloh uni Oʻziga koʻtardi. Alloh azizdir, hakimdir”. (158-oyat). Moʻmin-musulmonlarning Iyso alayhissalom haqlaridagi aqidalari ushbu va boshqa oyatlardan hamda sahih hadisi shariflardan olingan. Unda hech qanday noaniqlik, shubha yoki gumon yoʻq. Hammasi aniq va ochiq-oydin. Alloh taolo Iyso alayhissalomni Oʻziga koʻtargan paytda u zot 33 yoshda edilar.
Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Molik va Imom Abu Dovudlar hazrati Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollalohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar: “Jonim qoʻlida boʻlgan zot bilan qasamki, ichingizga Ibn Maryam odil hakam boʻlib tushishi yaqindir. Bas, u xochni sindiradi, choʻchqani oʻldiradi, jizyani joriy qiladi, mol-u dunyoni toshirib yuborganidan uni birov olmay qoʻyadi. Hattoki, bir sajda butun dunyodan va undagi narsalardan yaxshi boʻlib qoladi”.
INJILLAR HAQIDA
Biz, musulmonlar Alloh taolo Iyso alayhissalomga Injil nozil qilganiga iymon keltiramiz. Busiz iymonimiz butun boʻlmaydi. Lekin oʻsha ilohiy kitobning asli hozir yoʻq. Chunki Iyso alayhissalomning vaqtlarida injil kitob shaklida boʻlmagan. Hech kim hech narsani yozmagan. U zotdan keyin baʼzi kishilar oʻzlari kitob yozib, mana shu injil, menga vahiy qilindi, men yozib oldim, deb chiqdilar. Asta-sekin injil “vahiy qilinganlar” koʻpayib boraverdi. Ularning har biri oʻzining injili haq ekanini daʼvo qilar edi. Orada gap-soʻz, oldi-qochdi koʻpaydi. Ixtiloflar kuchaydi. Shunda imperator Konstantin 325 melodiy sanada Niqiyada (Nicea) katta majlis chaqirdi. Bu majlisda ikki ming qirq sakkizta patriarx qatnashgan. Soʻngra turli jamoalardan ikki mingdan ortiq ruhoniy oʻnlab injillarni koʻtarib keldilar. Imperator majlis ahli oldiga mavjud injillardan eng ishonchlisini tanlab olish vazifasini qoʻydi. Ular uzoq talashib-tortishuvlardan keyin toʻrt dona injilni tanladilar. Hozirda nasorolar eʼtiqod va amal qiladigan injillar ana oʻsha toʻrt injildir.
1-Mutto injili. Bu injil eng qadimgi injil hisoblanadi. U Iyso alayhissalomdan toʻrt yil keyin yozilgan. U ibroniy tilda yozilgan edi. Ammo oʻsha asl ham yoʻq. Hozir bori oʻshaning tarjimasi. Lekin tarjimon ham, u qaysi matndan tarjima qilgani ham hozirgacha maʼlum emas. Buning ustiga bu injilning muallifi Mutto Iyso alayhissalomning havoriylaridan emasdi. Keyinroq uni xoin Yahuzoning oʻrniga saylashgan edilar. Ana shundoq tarixga ega yozuvni muqaddas kitob emas, oddiy ishonchli kitob, deb boʻladimi?
2-Markos injili. Bu injil yunon tilida Iyso alayhissalomdan yigirma uch yil keyin yozilgani aniq. Ammo uni kim yozgani noaniq. Baʼzi nasorolar, uni Pyotr yozgan, deydilar. Boshqalari esa, uni Pyotrning oʻlimidan keyin Markos yozgan, deydilar. Bu injilni nima deyish mumkin? Yigirma uch yildan soʻng, Masih alayhissalom gapirmagan tilda yozilgan, kim yozgani aniq emas kitob, muqaddas kitob boʻla oladimi.
3-Luka injili. Bu kitob Masih alayhissalomdan yigirma yil keyin yozilgan. Luka u zotning shogirdlaridan emas. U Polning shogirdi. Uning ustozi ham Iyso alayhissalomni koʻrgan emas. Buning ustiga Pol nasorolikka dushman boʻlgan yahudiylardan ekan. Shuning uchun hiyla bilan nasorolikka qarshi koʻp buzgʻunchiliklar qilgan ekan. Bundoq kitobni muqaddas kitob, deyish mumkinmi?
4-Yuhanno injili. Bu injil Iyso alayhissalomdan oʻttiz ikki yil keyin yozilgan. Baʼzi nasoro toifalari uni Iyso alayhissalomning shogirdlaridan biri Yuhanno ibn Zabdiy yozgan, deydilar. Besh yuzta taniqli nasoro olimlari ishtirokida yozilgan Britaniya enseklopediyasi bu kitobni, qalbaki kitob, degan ekan. Izohning hojati boʻlmasa kerak.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
IYSO ALAYHISSALOM — Audio
IYSO ALAYHISSALOM — Video 1
IYSO ALAYHISSALOM — Video 2
IYSO ALAYHISSALOM — Video 3


Report Page