ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

IYSO ALAYHISSALOM (1-QISM)

Qurʼoni Karimda Iyso alayhissalomning muborak ismlari yigirma toʻrt marta zikr qilingan. U zot haqlarida Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anʼom, Maryam, Ahzob, Shuro, Zuxruf, Hadid va Sof suralarida oyatlar kelgan. U zotning ismlari Iyso, laqablari Masiyh, kunyalari ibn Maryamdir. Iyso alayhissalom haqidagi har bir soʻz Bibi Maryamsiz oʻtmaydi. Bibi Maryam Iyso alayhissalomning onalari. Bibi Maryamning otalari katta obroʻ egasi va Bani Isroilning ulugʻ ulamolaridan biri edi. U zotning xotinlari homiladorlik vaqtda farzand tugʻsam Baytul maqdis xizmatiga nazr qilaman deb niyat qilgan edilar. Bibi Mariyam tugʻilganidan keyin, Yahudiylarning “Haykal” nomli ibodatxonasiga Robbi tomondan juda yaxshi qabul qilindi. Zakariyyo alayhissalom unga kafil boʻldi. Bibi Mariyam nihoyatda goʻzal oʻsdilar. Bibi Maryam Imronning qizi Allohga sof eʼtiqodda boʻlganlar va oʻzlarini ham sof tutganlar. U kishi Allohning soʻzlariga va kitoblariga iymon keltirganlar hamda itoatkor qavmlardan boʻlganlar. Balogʻat yoshiga yetganlarida, Qurʼoni Karimning Oli Imron surasida: “Farishtalarning: “Ey Maryam, albatta, Alloh senga Oʻzidan boʻlgan soʻzning bashoratini bermoqda, uning ismi Masih Iyso ibn Maryam, bu dunyoyu oxiratda obroʻli va yaqin bandalardandir. (45-oyat). U odamlarga beshikda ham, qarigan chogʻida ham gapiradi va solihlardandir”, deganlarini esla”. (46-oyat). Yosh va bokira qiz Maryam bu bashoratni tushunmay qoldi. Bu nima sir ekanini bilish uchun Robbisiga murojaat qildi: “U: “Ey Robbim, menga bashar qoʻl tekkizmagan boʻlsa, qanday qilib bolam boʻladi?!” dedi. U zot: “Shunday, Alloh xohlaganini qiladi. Bir ishni iroda qilsa, “Boʻl!” deyishi kifoya, boʻlaveradi”, dedi. (47-oyat). Butunlay jonsiz, qurib-qotgan loyga bir soʻz bilan jon kiritgan Alloh uchun tirik jon boʻlmish Maryamni bir soʻz bilan homilador qilib qoʻyish hech mushkul emas. Bibi Maryamning insoniy tushunchasi boʻyicha, odatda erkak bilan birga boʻlmagan qizning farzand koʻrishi aqlga toʻgʻri kelmaydi. Farishtalar esa, unga bir oʻgʻil koʻrishining xabarini berib turishibdi. Shunda unga qisqa va tushunarli javob keladi: Bu javob odamlarni oʻzining tor aqliy muhitidan chiqib Allohga taalluqli oddiy haqiqatni anglashga undaydi. “Shunday, Alloh xohlaganini qiladi. Bir ishni iroda qilsa, “Boʻl!” deyishi kifoya, boʻlaveradi”. Jumladan, pok, bashar qoʻli tegmagan qizga ham “Tugʻ!” desa, tugʻaveradi “Va unga kitobni, hikmatni, Tavrot va Injilni oʻrgatadi”. (48- oyat). Tavrot Muso alayhissalomga tushirilgan ilohiy kitobdir. U Iyso alayhissalomga ham kitob boʻlishini Allohning Oʻzi aytib turibdi. Tavrot Iyso alayhissalomga kelgan dinning asosini tashkil etadi. Injil esa, Tavrotni toʻldirish uchun kelgan.
Kunlarning birida Baytul Maqdisda yashayotgan ozoda, bokira, taqvodor qiz Maryam qavmidan ajralib, shaharning sharqiy tomoniga yolgʻiz chiqdi. U xoli va yolgʻiz qoldi. Shunda, farishta Jabroil alayhissalom Maryamga toʻla-toʻkis odam siymosida namoyon boʻldi. Alloh uni yaratgan asl holatida koʻrinmadi. Chunki bus-butun holida koʻrinsa, Maryam butkul dahshatga tushishi mumkin edi. Maryam Jabroil alayhissalom erkak kishi sifatida xilvat joyda koʻrinishi bilan, darhol oʻz iffati haqida qaygʻurdi va unga Allohni eslatdi. Menga sening yomonliging yetishidan Allohdan panoh tilayman. Agar Allohdan qoʻrqsang, menga yaqinlashma, dedi. Jabroil alayhissalom Maryamga, tahlikaga tushma, senga tegmayman, men Robbingning senga yuborgan elchisiman, senga pok bir oʻgʻlonni taqdim etish uchun keldim, xolos, dedi. Bu hol juda ajoyib, odatdan tashqari gʻaroyib hol edi. Jabroil alayhissalom Maryamning yoqasidan puflaganidan keyin u Iyso alayhissalomga homilador boʻldi. Bibi Mariyam hali turmush qurmay, homilador boʻlib, qavmi nazariga tushishdan andisha qilib, odamlar koʻzidan qochib yurganda uni toʻlgʻoq tutdi. Uyat, andisha va xijolatpazliklarga toʻlgʻoq alami qoʻshildi. Boz ustiga, tajribasiz yosh qiz oʻzi yolgʻiz edi. Toʻlgʻoq azobi zoʻraygach, xurmo tanasini mahkam tutdi va chiday olmay: “Koshki, bundan oldin oʻlsam edi va butunlay unutilib ketsam edi”, dedi. Ibodatxonada voyaga yetgan, pokligi va taqvosi bilan mashhur boʻlgan bokira qiz uchun ersiz bola tugʻish oʻlimdan va butunlay unutilib ketishdan ham dahshatli edi. Shu payt kutilmagan hodisa roʻy berdi. Xijolatdan oʻlimiga rozi boʻlib turgan Maryamga: “Uning ostidan nido qildi: “Mahzun boʻlma, batahqiq, Robbing ostingdan oqar ariq qildi. Xurmo tanasini oʻzingga tort, senga yangi xurmo tushiradi”. (Maryam surasi, 24-25 oyatlar). Tafsirchi ulamolarimiz ushbu oyatidagi “Uning ostidan”ni “Maryamning ostidan” va “nido qildi”ni, Iyso nido qildi, degan mazmunda talqin etganlar. “Xurmo tanasini oʻzingga tort, senga yangi xurmo tushiradi”. U sening tanovul qilmogʻing uchundir. Xurmo koʻzi yorigan ayollar uchun eng yaxshi taom ekanligi maʼlum. Soʻng Iyso alayhissalom onalariga qilgan nidosini davom ettirdilar: “xurmodan yegin, suvdan ich va farzandingga boqib quvongin. Seni bu gʻaroyib holda koʻrgan odamlar turli savollar berishi mumkin. Sen ularga ogʻiz ocha koʻrma. Ishora bilan, “Men Rohman sifatli Allohga roʻza nazr qildim, ibodatdaman. Bugun inson zotiga zinhor gapirmayman”, degin. Bibi Maryamga bunday tasarruf qilish tavsiyasining yashirin hikmati boʻlib, bu hikmat voqea rivojida namoyon boʻladi. Bibi Maryam chaqaloq Iyso alayhissalomni koʻtarib qavmi huzuriga olib bordi. Qavm bu holni koʻrib hayratga tushdi. Darhol Maryamni tergab, dashnom bera boshladi. Ular, otang Imron yomon odam emas edi, onang ham buzuq xotin emas edi, sen qanday qilib erga tegmay turib bola tugʻib olding, dedilar. Bibi Maryam har qancha urinib, ularga haqiqatni tushuntirsa ham, ular, oʻzini oqlayapti, deb gumon qilishlari aniq edi. Shuning uchun oʻzi bir ogʻiz ham gapirmasdan, bundan soʻranglar, degandek, goʻdak Iyso alayhissalomga ishora qildi. Shunda qavm avvalgidan ham hayratda qoldi. Ammo Alloh har narsaga qodir. U xohlagan ish boʻladi. Beshikdagi goʻdak Iyso alayhissalom tilga kirdilar. Beshikda yotgan Iyso alayhissalomning tillaridan yosh bolaning emas, Ulul azm Paygʻambarning soʻzlari yangradi. Bu ilohiy haqiqatlar hozirgacha yanglish boʻlib kelayotgan eʼtiqod, tasavvur va tushunchalarni toʻgʻrilaydi. Iyso alayhissalom taʼlimoti, ul zot shaxsi haqidagi botil gʻoyalarni muolaja qiladi. Iyso alayhissalomning qavmlariga beshikda yotgan holda: “Va, albatta, Alloh mening Robbimdir va sizning Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qiling. Mana shu toʻgʻri yoʻldir”. (Maryam surasi, 36-oyat). Alloh taolo barchamizning Robbimiz. Shu jumladan, mening ham Robbimdir. Otam yoki sherigim emas. Men Uning bandasi-quliman. Men Unga qullik qilaman. Bas, siz ham Unga qullik qiling. “Mana shu toʻgʻri yoʻldir”. Ana shundan keyin Maryam oʻz oʻgʻli bilan alohida Alloh taolo ato qilgan qulay joyda yashab yurdilar. Bu haqda Alloh taolo “Muʼminun” surasida marhamat qiladi: Ibn Maryamni va uning onasini oyat (alomat) qildik va ikkovlarini oqar suvli qarorgoh tepalikka joyladik”. (50-oyat). Yaʼni, Iyso ibn Maryam alayhissalomni va u kishining onalari Bibi Maryamni Alloh taolo Baytul Maqdis yeridan oqar suvi bor, yashashga qulay bir tepalikka joyladi.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
IYSO ALAYHISSALOM — Audio
IYSO ALAYHISSALOM — Video 1
IYSO ALAYHISSALOM — Video 2
IYSO ALAYHISSALOM — Video 3

Report Page