ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

ZAKARIYYO ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Zakariyyo alayhissalom 8-marta zikr qilinganlar. U zot Xorun alayhissalomning zurriyotlaridan boʻlib, Banu Isroilning nabiylaridan hisoblanadilar. Zakariyyo alayhissalom Quddusdagi “Haykal” deb nomlangan asosiy ibodatxonasining boshligʻi, yaʼni bosh ruhoniy boʻlganlar. Rivoyat qilinishicha, Zakariyyo alayhissalomning xotinlari Ayshu, Imronni xotini Xunna bilan opa-singil boʻlishgan. Xunna homiladorlik davrida tugʻilajak farzandini ibodatxonaga nazr qilishga niyat qilgan. Ayol qiz farzand koʻrgan. Ismi Mariyam qoʻyilgan. Odat boʻyicha ibodatxonaga oʻgʻil farzandlarni nazr qilinar edi. Alloh, qiz farzand boʻlsa ham nazrni qabul qildi. Bu haqda “Oli Imron” surasida muhim xabarlar kelgan. “Bas, uni Robbi juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda goʻzal oʻstirdi va Zakariyyoni unga kafil qildi. Zakariyyo har qachon uning oldiga, mehrobga kirganida, uning huzurida rizq koʻrdi. “Ey Maryam, senga bu qayerdan?” dedi. “Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur”, dedi”. (37-oyat). Maryam ibodatxona boshligʻi Zakariyyo alayhissalomning kafilliklarida, alohida eʼtibor ostida, izzat-ikrom bilan oʻsib-ulgʻaydi. Alloh taolo unga Oʻzi inoyat koʻrsatib turdi. Tabiiyki, Zakariyyo alayhissalom Maryamning kafili sifatida uning oziq-ovqati, rizqidan doimo xabardor boʻlib turishlari lozim edi. Lekin, ibodatxona mehrobida ibodat bilan mashgʻul boʻlib turgan Maryamning oldiga qachon kirsalar, uning huzurida rizq turar edi. Bu rizqni oʻzi keltirmaganini yaxshi bilgan Zakariyyo alayhissalom ajablanib, Maryamdan noz-neʼmatlar qayerdan kelganini soʻraganlar. Bu holat, Allohni paygʻambari Zakariyyo alayhissalomniki taajjubga solibdimi, demak, u rizqning manbai albatta eʼtiborga loyiqdir. Maryam esa bu manbadan xabardor, shuning uchun bamaylixotir, “rizq Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur”, dedi. Bu manzarani koʻrib turib, befarzand yurgan Zakariyyo alayhissalomda farzandli boʻlish havasi yangidan uygʻondi:
“Shu chogʻda Zakariyyo Robbiga duo qilib: “Robbim, menga Oʻz huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, Sen duoni eshituvchisan”, dedi” (38-oyat).
Zakariyyo alayhissalom Alloh taoloning duolarni eshituvchi Zot ekaniga toʻla ishonch va chin ixlos bilan duo qildilar. Shuning uchun ham, odatda befarzand katta yoshdagi kishilarning farzand koʻrishi ehtimoldan yiroq boʻlsa-da, Alloh taolo bu duoni qabul etdi.
“Mehrobda namoz oʻqib turganida farishtalar unga: “Albatta, Alloh senga Allohdan boʻlgan kalimani tasdiqlovchi, boshliq, shahvati tiyilgan, solih nabiylardan boʻlgan Yahyoning bashoratini bermoqda”, dedilar.” (39-oyat). Zakariyyo alayhissalomning chin dildan qilgan duolari qabul boʻldi. Allohning farishtalari kelib, u zotga suyunchilik xabarini yetkazdilar. Zakariyyo alayhissalom bu xabardan hayron boʻldilar, “men qarigan boʻlsam, suyaklarim moʻrt boʻlsa, sochim oq boʻlsa, ayolim butun umr tugʻmasdan qarigan chogʻida qanday tugʻishi mumkin,” deb soʻradilar. Soʻng “Robbim ayolim homilador boʻlganda qanday belgi boʻladi,” deb soʻradilar. Alloh tomonidan “Sen uch kecha va uch kunduz gapirmay, faqat ishora bilan tushuntira olasan” degan vahiy keldi. Alloh taolo Zakariyyo alayhissalomga oʻgʻil farzand berdi. Qurʼoni Karimni oyatida Yahyo ismli boʻlajak farzand, solih paygʻambarlardan boʻlishi bashorat qilingan.
Tarixchilarning taʼkidlashlaricha, Banu Isroilning nobakor hukmdorlari Zakariyyo alayhissalomni tanalarini arralab oʻldirishgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zakariyyo alayhissalom najjor (duradgor) boʻlgan edi”, dedilar”.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
5. Afzal Rafiqov — Paygʻambarlar tarixi. www.zamonaviy.com
ZAKARIYYO ALAYHISSALOM — Audio
ZAKARIYYO ALAYHISSALOM — ВИДЕО

Report Page