ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

ILYOS ALAYHISSALOM

U zot Horun alayhissalomning naslidan boʻlib, Ilyos ibn Yosin deb atalganlar. Ilyos alayhissalom Shom oʻlkasi, aniqrogʻi, hozirgi Livan davlatidagi Baʼlabakka shahrida yashab, oʻsha yerdagi Baʼl nomli sanamga ibodat qiluvchi bir qavmga yuborilganlar. Qurʼoni karimning Soffaat surasida quyidagi oyatlar kelgan: “Albatta, Ilyos ham rasullardandir” (123-oyat).
“Oʻshanda u qavmiga dedi: “Taqvo qilmaysizmi?! Baʼlga ibodat qilib, yaratuvchilarning eng yaxshisini tark etasizmi? Robbingizni va avvalgi ota-bobolaringizning Robbi — Allohni-ya?!” (124-126-oyatlar).
Alloh taolo tomonidan paygʻambar qilib yuborilgan Ilyos alayhissalom ham boshqa paygʻambarlar kabi qavmlarini toʻgʻri yoʻlga, Allohning ibodatiga daʼvat etdilar. Ilyos alayhissalom qavmlarini taqvodor boʻlishga chaqirdilar. Shuningdek, qavmlarining Allohga shirk keltirib, sanamga sigʻinishlarini tark etib, yolgʻiz Allohga ibodat qilishga daʼvat etdilar.
Ularni Allohning ibodatini tark etmaslikka, Unga shirk keltirmaslikka chaqirdilar. Lekin qavmlari bu chaqiriqlarga quloq solmadi. “Bas, uni yolgʻonchiga chiqardilar. Endi albatta ular (azobga) hozir qilinuvchilardir”. (127-oyat). Qavm Ilyos alayhissalomni yolgʻonchi qildi. U zotga iymon keltirmadi, u zotning aytganlariga yurmadi, taqvo qilmadi. Baʼlga ibodat qilishda davom etdi. Alloh taoloning ibodatini tark qildi.
Rivoyatlarga kelishicha Ilyos alayhissalom paygʻambarlik qilgan yurtda Ajib ismli podshoh boʻlgan ekan. Ajib Ilyos alayhissalomning daʼvatlaridan soʻng Allohga eʼtiqod qilishni boshlabdi. Ajibni Arbil ismli xotini bor edi. U juda ochkoʻz, bemehr ayol edi. Ularning qoʻshnisi Mustaki ismli solix bir inson chiroyli bir bogʻ barpo etibdi. Arbil Mustakiga hasad qilib shu bogʻni undan olib qoʻyishni niyat qiladi. Podshoh Ajib safarga ketganida Arbil oʻz yaqinlari bilan Mustakiga qarshi “podshohni haqoratladi” deb tuhmat uyushtiribdi. Bu yurt qonunlariga binoan podshohni haqorat qilgan shaxs oʻlimga mahkum etilar ekan. Shundan soʻng, Arbil bogʻni oʻziniki qilib olibdi. Safardan qaytgan Ajib boʻlgan voqeadan xabar topib xotinini urishadi. Ammo bogʻni haqiqiy egalariga qaytarib bermabdi. Allohni amri bilan Ilyos alayhissalom podshoh Ajibga bogʻni haqiqiy egalari, Mustakini merosxoʻrlariga qaytarib berishga daʼvat etadi. Ajib Ilyos alayhissalomga: “senga iymon keltirib hech qanday foyda koʻrmadim”, deb, Ilyos alayhissalomni oʻlimga mahkum etadi. Ajib yana but sanamlariga eʼtiqod qilishni davom etibdi. Ilyos alayhissalom Ajibni jallodlaridan berkinib yurishga majbur boʻladi. Yetti yildan keyin Alloh taolo Ilyos alayhissalomga qavmini sanamga sigʻinishlarini tark etib, yolgʻiz Allohga ibodat qilishga daʼvat etishni davom etishga vahiy qiladi. Alloh taolo Ilyos alayhissalomga 3 yil yomgʻir yogʻdirish ixtiyorini beradi. Ilyos alayhissalom sanamga ibodat qiluvchi qavmini duoʼibat etadi. Qavm yurtida 3 yil qahatchilik kelib ekinlar, chorvalar qirilib ketdi. Shu davrda Ilyos alayhissalomga Alloh tomonidan doimo rizq berib turildi. Shuning uchun, bu qavm doʻzax azobiga duchor qilinadi. Faqat, Ilyos alayhissalomga ergashgan bandalarigina bundan mustasnodir. Bu bandalar jannatda mukofotlarini olishga hozir boʻladilar. “Soffaat” surasida: “Va keyingilar ichida uning uchun (olqishlar) qoldirdik”. (129-oyat). Allloh dunyo turguncha keladigan avlodlarni Ilyos alayhissalomni maqtab, olqishlab oʻtadigan qilib qoʻydi. “Ilyosga salom boʻlsin”. Biz yaxshilik qiluvchilarni ana shunday mukofotlarmiz, chunki u moʻmin bandalarimizdandir” (130-132-oyatlar). “Shuning uchun iymon taqozosi bilan Bizning yoʻlimizda jiddu jahd qildi va mazkur oliy maqomlarga erishdi”. Alloh taolo “Anʼom” surasidagi bir qancha paygʻambarlarning zikri asnosida kelgan oyatlardan birida: “Va Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyosni ham. Hammalari ahli solihlardandir”, deb (85-oyat) Ilyos alayhissalomni ham zikr qilgan. Ushbu oyati kalimada zikr qilingan paygʻambarlar — Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyos alayhissalomlar zuhdu taqvo bilan mashhur boʻlganlar. Shuning uchun ham ular oyati kalimada “Hammalari solihlardandir” iborasi ila vasf qilinganlar.
Zotan, hamma paygʻambarlar ahli solihlardandir. Ushbu toʻrt paygʻambar ahli solihlikda alohida martabaga erishganlar.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
5. Afzal Rafiqov – Paygʻambarlar tarixi. www.zamonaviy.com
ILYOS ALAYHISSALOM — Audio
ILYOS ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page