ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

SULAYMON ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Sulaymon alayhissalom nomlari oʻn olti marta kelgan. Sulaymon alayhissalom Bani Isroilga yuborilgan paygʻambarlardan biri boʻlib, Dovud alayhissalomning oʻgʻillaridir. Sulaymon alayhissalomga ham xuddi otalari kabi, podshohlik bilan paygʻambarlik qoʻshib berilgan. Bu haqda Alloh taolo “Naml” surasida quyidagilarni aytadi: “Va Sulaymon Dovudga voris boʻldi.” (16-oyat). Ushbu oyatdagi “vorislik” otaning vafotidan keyin undan qolgan mol-mulkka nisbatan oddiy vorislik emas, balki nubuvvatda vorislikdir. (Nubuvvat-Allohdan boʻlgan xabarning vahiy yoʻli ila U zot Oʻzi bandalari ichidan tanlab olgan shaxsga etishidir). Sulaymon alayhissalomga otalaridan koʻp miqdorda mol-mulk meros qilib berilgan paytda u kishi yosh edilar. Sulaymon alayhissalom otalarining mulkini oqilona idora qildilar. Podshoh boʻlganlaridan soʻng toʻrt yil oʻtgach, otalarining vasiyatlariga amal qilib, Quddusdagi Baytul maqdisni qurishni boshladilar. Katta miqdorda mablagʻ sarflab, bu qurilishni yetti yilda nihoyasiga yetkazdilar. Shahar atrofini aylantirib qoʻrgʻon qurdilar. U zot yosh boʻlsalar ham, Alloh taolo bergan fazl va hikmat ila otalarining tiriklik chogʻidayoq koʻzga koʻrinib qolgan edilar. Bir kuni oʻz davrining paygʻambari va podshohi boʻlmish Dovud alayhissalomning huzurlariga ikki kishi oralarida hukm chiqarilishini soʻrab kelishdi. Ulardan biri ekinzor sohibi, ikkinchisi qoʻylar suruvining egasi edi. Dovud alayhissalom qoʻylarning kechasi tarqalib, ekinzorni payhon qilib, yeb bitirgani haqidagi ikki tomonning gapini eshitib boʻlgach, qoʻylarning ekinzor egasiga berilishi kerakligi haqida hukm chiqardilar. Payhon qilinib, yoʻq boʻlgan ekinzor oʻrniga uni payhon qilgan qoʻylarni olib berish bir qarashda adolat edi. Ushbu hukm chiqarilgach, qoʻylarning egasi uyiga qaytayotib, yoʻlda Sulaymon alayhissalomni uchratib qoldi va boʻlgan voqeani u zotga aytib berdi. Shunda, Sulaymon alayhissalom otalari Dovud alayhissalomning huzurlariga kirib: “Ey Allohning nabiysi, hukm siz chiqargan hukmdek boʻlmasligi kerak edi”, dedilar. Dovud alayhissalom: “Qanday boʻlishi kerak edi?” dedilar. Sulaymon alayhissalom: “Qoʻylarni ekinzorning egasiga bering, u foydalanib tursin. Ekinzorni esa qoʻylarning egasiga bering, uni tuzatib, asl holiga keltirsin. Soʻng har kim oʻz narsasini qaytarib oladi. Ekinzor egasi ekinzorini eski holiga kelganidan soʻng qaytarib oladi. Qoʻylarning egasi ham ana oʻshanda qoʻylarini qaytarib oladi”, dedilar. Shunda Dovud alayhissalom: “Hukm sen chiqargan hukmdir”, dedilar.
Alloh taolo Dovud alayhissalomga bergani kabi Sulaymon alayhissalomga ham koʻpgina fazllarni berdi. Bu fazllar Sulaymon alayhissalom uchun moʻjizalar edi. Oʻsha fazllarning baʼzilari haqida “Sod” surasida shunday marhamat qilingan: “Bas, Biz unga shamolni boʻysundirdik, u iroda qilgan tomonga mayin esaveradi. Yana barcha binokor va gʻavvos shaytonlarni ham. Va boshqalarini ham kishanlangan holda toʻplab (boʻysundirdik)”. (36–38-oyatlar). Qurʼoni Karimning “Sabaʼ” surasida quyidagilar aytiladi: “Va Sulaymonga shamolni (berdik). U(shamol)ning ertalab ketishi bir oylik, kechqurun qaytishi bir oylik yoʻl edi. Unga mis bulogʻini oqizib qoʻydik va jinlardan Robbining izni ila uning huzurida ishlaydiganlari bor edi. Ulardan kim amrimizdan chiqsa, unga qattiq olov azobini tottiramiz.” (12-oyat). Sulaymon alayhissalomga berilgan oʻsha shamol ertalabdan tushgacha bir oylik yoʻlni, tushdan kechqurungacha yana bir oylik yoʻlni, jami bir kunda ikki oylik yoʻlni bosib oʻtar edi. Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga insonlardan ham, jinlardan ham, qushlardan ham lashkar berdi. Kunlarning birida Sulaymon alayhissalomning askarlari saf tortishdi. Sulaymon alayhissalom ularni birin-ketin koʻzdan kechirganlarida, qushlar boʻlimiga yetganlarida safda Hudhud (popishak) yoʻqligini payqab qoldilar. Bu holni koʻrib, “bu qilgan ishi uchun albatta shiddatli azob beraman. Bir yoʻla soʻyib yuborishim ham mumkin. Yoki boʻlmasa uzrini tasdiqlovchi arzirli hujjat keltirishi shart,” dedilar. Koʻp oʻtmasdan Hudhud uchib kelib, Sabaʼ mamlakatini malikasini koʻrgani, unga har narsadan berilgani, uning ulugʻ taxti borligi, ammo, malika va uning qavmi Allohni qoʻyib, quyoshga sajda qilayotganlarini aytib berdi. Sabaʼ Arabiston yarimorolining janubida, Yaman atrofida joylashgan bir mamlakat edi. Ushbudan xabar topgan Sulaymon alayhissalom bir xat yozib, muhr bosib, Hudhudga berdilar. Hudhud maktubni olib yoʻlga chiqdi. Sabaʼ mamlakatiga yetib borib, saroyga yaqin joyga maktubni tashlab qoʻydi va oʻzi chetga chiqib turdi. Malika maktubni olib oʻqib chiqdi. Maktub “Bismillahir Rohmanir Rohiym” deb boshlangan edi. Malika maktubning karomatli ekanligini anglab, oʻz ayonlaridan maslahat soʻradi. Ayonlar biror fikr aytishdan oʻzlarini olib qochishdi. Malika elchi orqali hadya berib yuborishga qaror qildi. Elchi hadyani olib kelib Sulaymon alayhissalomga taqdim etdi. Bu ish u zotga yoqmadi. Allohning yoʻliga qilgan daʼvatlarini qabul qilish oʻrniga mol-dunyo bilan koʻngillarini olishga urinayotganlaridan achchiqlari chiqdi. Elchi qaytib borib, boʻlgan voqeani malikaga aytdi. Malika Sulaymon alayhissalom huzurlariga borishga ahd qildi. Sabaʼ malikasining oʻz odamlari bilan kelayotganidan xabar topgan Sulaymon alayhissalom, ayonlardan, “Sizlardan qay biringiz ular menga taslim boʻlib yetib kelishlaridan avval, huzurimga malikaning taxtini yetkazib kela oladi?” deb soʻradilar. Ularning orasidan “kitobdan ilmi bor zot”, “Men uni senga koʻzingni ochib yumguningcha keltirurman”, dedi. Demak, Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga qoʻlidan shunchalik ishlar keladigan maxluqotlarni ham askar qilib qoʻygan ekan. Darhaqiqat, shunday boʻldi ham. Malikaning taxti bir zumda keltirildi. Bu hodisa Sulaymon alayhissalomni shoshirib qoʻymadi. Oʻsha gʻaroyib ishni amalga oshirgan “kitobdan ilmi bor zot” oʻz askarlaridan ekani u zotni gʻururlantirib yubormadi. Huzurlarida Sabaʼ malikasining taxti turganini koʻrib, tugʻyonga ham bormadilar. Darhol dillariga va tillariga “Bu Robbimning fazlidandir” degan fikr keldi. Sulaymon alayhissalomni huzuriga Sabaʼ malikasi kelganida: Sening taxting shundaymi deyildi. U: “Huddi oʻshaning oʻzi, dedi.” (Naml surasi 42-oyat). Malika taxtni koʻrib, oʻzinikiga oʻxshatdi. Meniki desa, Sabaʼda qolgan taxt oʻzidan oldin qanday qilib bu yerda paydo boʻladi? Meniki emas desa, oʻzinikidan hech farqi yoʻq. Shuning uchun “xuddi oʻshaning oʻzi” deb ikki tomonga bursa ham boʻlaveradigan javob qildi. Sulaymon alayhissalom Sabaʼ malikasiga moʻjiza ketidan moʻjiza koʻrsatishda davom etdilar. Shulardan biri Naml surasida bayon etilgan: “U malikaga: “Saroyga kir”, deyildi. Qachonki uni koʻrganida, suv deb oʻylab, poychalarini ochdi. U(Sulaymon): “Albatta, bu billurdan silliq qilib yasalgan saroydir”, dedi. U(malika): “Ey Robbim, albatta, men oʻzimga zulm qilib yurgan ekanman, Sulaymon ila olamlarning Robbi-Allohga musulmon boʻldim!” dedi. (44-oyat). Sabaʼ malikasi Alloh taoloning qudratiga tan berib, iymon keltirdi.
Qurʼoni Karimda qissalari kelgan paygʻambarlardan faqat Sulaymon alayhissalomninggina vafotlari qanday boʻlgani oyat ila bayon qilingan. Bu vafotda ham hamma uchun katta ibrat borligi uchun shunday qilingan boʻlsa, ajab emas. Alloh taolo “Sabaʼ” surasida quyidagilarni aytadi: “Qachonki, Biz u(Sulaymon)ga oʻlimni hukm etganimizda, ularga uning oʻlimi haqida asosini yeyayotgan yogʻoch qurtidan boshqa hech bir narsa dalolat qilmadi. Qachonki, u yiqilganda, jinlarga, agar ular gʻaybni bilganlarida, xorlovchi azobda qolmagan boʻlishlari ayon boʻldi.” (14-oyat).
Alloh taolo Sulaymon alayhissalomning jonlarini u zot jinlarni ishlatib qoʻyib, asolariga suyanib turganlarida olgan. Jinlar esa “Sulaymon kuzatib turibdi” deb, qoʻrqqanlaridan mashaqqatli ishlarida davom etaverganlar. Alloh taoloning irodasi bilan bir yogʻoch qurti Sulaymon alayhissalom suyanib turgan asoni yeya boshlagan. Qurt asoni maʼlum miqdorda yeganidan keyin asoning tayanch nuqtasiga futur yetib, joyidan surilgan va Sulaymon alayhissalom yerga yiqilganlar. Oʻshandagina jinlar oʻz daʼvolariga qarshi oʻlaroq, gʻayb ilmini bilmasliklarini tushunib yetishgan. Oʻshanda Sulaymon alayhissalom ellik uch yoshda boʻlgan ekanlar U zot Baytul maqdisga dafn etilganlar. Sulaymon alayhissalom qirq yil podshohlik qilib, Allohning shariatini yoʻlga qoʻydilar.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
SULAYMON ALAYHISSALOM — Audio

SULAYMON ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page