ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

DOVUD ALAYHISSALOM

Alloh taolo Oʻz paygʻambari Dovud alayhissalomni Qurʼoni Karimda oʻn olti marta zikr qilgan. U zot Baqara, Niso, Moida, Anʼom, Isro, Anbiyo, Naml, Saba va Sod suralarida zikr qilinganlar. U zotning nasablari Dovud ibn Iyshaa ibn Uvayd boʻlib, u orqali Yahuzo ibn Yaʼqub ibn Isʼhoq ibn Ibrohimdir. Dovud alayhissalom paygʻambar qilib yuborilishlaridan avval Bani Isroil zaiflashib, shariat yoʻqolib, shirk-u xurofotlar keng tarqalib ketgan edi. Ularning bu hollari yaqin qoʻshnilari tomonidan gʻanimat fursat bilinib, yerlari bosib olingan edi. Oʻsha paytda Bani Isroil bosqinchilarning zulmi ostida turli azoblarga giriftor boʻlib, xor-zor holda yashar edilar.
Muso alayhissalom vafot etib ketganlaridan keyin, Bani Isroilning ayonlaridan bir guruhi oʻz nabiylariga (Bu nabiy kimligi haqida Qurʼoni Karimda va Hadisi sharifda maʼlumot yoʻq): “Bizga bir podshoh — boshliq tayin qilib ber, uning rahbarligida Allohning yoʻlida jang qilmoqchimiz”, deyishdi. Nabiy ularga: “Hozir bir-biringizga qiziqib, bizga podshoh tayin qilgin, Allohning yoʻlida urush qilaylik, demoqdasizlar. Haqiqatan shu ish yoʻlga qoʻyilsa, urush farzga aylanadi va unda orqaga qaytishning iloji qolmaydi. Ortga qayt­gan gunohkor boʻladi”, dedilar. Bu mulohaza qizishib turgan toʻdani yana-da qizitib yubordi: “Qaytishga yoʻl yoʻq. Jang qilmasak, nima degan odam boʻlamiz. Kofirlar bizni diyorimizdan chiqargan, farzandlarimizdan judo qilgan boʻlsalar”, deb javob berishdi. Urush farz qilinib, urushlariga rahbarlik qilish uchun Tolut ixtiyor qilindi. Podshoh talab qilgan oʻzlari edi, shu talab inobatga olinib, Tolut ularga podshoh etib tanlandi, ular uni rizolik ila qabul qilishning oʻrniga, Alloh taoloning amriga isyon qilishdi. Alloh taolo tanlagan Tolutning podshoh boʻlishiga eʼtiroz bildirishdi. Uning podshohlikka tayinlanishini xato, deb eʼlon qilishdi. Nega? Tolutning podshohlar avlodidan emasligi ularning eʼtiroziga sabab boʻlgan ekan. Qolaversa, ularning fikri boʻyicha, podshoh boʻladigan odamning mol-dunyosi koʻp boʻlishi kerak ekan. Tolutda bu narsa yoʻq. U qanday qilib podshoh boʻladi? Bani Isroilning Paygʻambari sabr bilan, qizishmay Tolutni podshoh qilib Allohning Oʻzi tanladi, Alloh uning ilmda va jismda kengligini ziyoda qilib qoʻydi, Alloh podshohligini kimga xohlasa, oʻshanga beradi, Oʻzi bilib tasarruf qiladi”, deb haqiqatni tushuntirishga urindi. Tolutning haqiqatda Alloh tomonidan tayin qilingan podshoh ekanini Bani Isroilga isbot etish uchun Alloh tomonidan boshqa hech kimning qoʻlidan kelmaydigan bir moʻjiza sodir etildi. Maʼlumki, Muso alayhissalom vafot etganlaridan keyin Yushaʼ ibn Nun alayhissalom Bani Isroilga rahbar boʻlgan edilar. Keyinchalik ularni muqaddas yerlaridan haydab chiqargan dushmanlari bir qancha muqaddas narsalarini ham tortib olgan edi. Mazkur tortib olingan narsalar ichida, jumladan, Bani Isroilga xos bir mashhur tobut-sandiq ham bor edi. Muso alayhissalom qachon urushga kirsalar, oʻsha tobutni oʻz askarlarining oldida olib yurishni taʼminlar edilar. Shunda Bani Isroilning qalbiga xotirjamlik tushib, jang maydonini tashlab qochishmas edi. Keyinchalik u tobutga Muso alay­hissalom va Horun alay­hissalomdan qolgan esdaliklarni solib qoʻyishgan edi. Jumladan, Alloh taolo Muso alayhissalomga Tur togʻida bergan lavhalar, u zotning hassasi, kiyimi, kovushi hamda Horun alayhissalomning sallasi bor edi. Paygʻambarlari: “tobutni farishtalar koʻtarib kelishi Tolutning podshohligiga belgidir, agar haqiqiy moʻmin boʻlsangiz, ushbu moʻjizaning oʻzi kifoya qiladi”, dedi. Va, nihoyat, Bani Isroilning Tolutning Alloh tayin qilgan podshoh ekanligiga ishontirilgach, Tolut ulardan askar tayyorlashga kirishdi. Bu narsa Tolutning haqiqiy askarboshi ekani namoyon qildi. U askarlarining holatini yaxshi bilardi. Ular avvallari magʻlubiyatga uchrab yurgan, xorlikka koʻnikib qolgan edilar. Dushman esa, kuchli, gʻalabaga odatlanib qolgan. Unday dushmanga gʻolib kelish uchun mustahkam irodaga ega boʻlish kerak. Shuning uchun Tolut oʻz askarlarining irodasini sinab koʻrmoqchi boʻldi. Shahardan chiqqanlarida, sinov shartini eʼlon qildi. Yoʻlda bir daryo uchraydi, kim irodasi kuchli boʻlib, chanqoqqa chidab, uning suvidan ichmasa, imtihondan oʻtgan boʻladi. Tolutning haqiqiy askariga aylanadi. Kim irodasizlik qilib, daryoning suvidan ichsa, askarlikka qabul qilinmaydi. Bir oz suvsizlikka chiday olmagan odam urushning mashaqqatlariga chiday olmasligi turgan gap. Shu bilan birga, tomoqni hoʻllab olish uchun bir hoʻplam ichishga ruxsat berdi. Daryodan ham oʻtishdi. Birinchi amaliy sinovda Tolutning askari ham sarasi saraga, puchagi puchakka ajradi. Sinovdan oʻtmaganlar ajrab qoldilar. Ular askarlikka olinmadilar. Sinovdan oʻtganlarning ichida ham zaiflar paydo boʻldi. Dushmanga, yaʼni Jolut va uning askariga qarshi jang qilishga oʻzlarining ozligi, dushmanning quvvatli ekanligini bahona qilib, urushda qatnasha olmasliklarini bayon qilishdi. Ular bunday vaziyatda, gʻolib kelishlariga koʻzlari yetmadi. Shu damda, hamma narsani ilohiy oʻlchov bilan oʻlchaydiganlar haqiqiy askarlar yuzaga chiqib: Qanchadan-qancha oz sonli guruhlar Allohning izni bilan koʻp sonli guruhlarga gʻolib kelgan. Alloh sabrlilar bilandir”, dedilar. Ushbu haqida Qurʼoni Karimning Baqara surasida: “Jolut va uning askarlariga roʻbaroʻ kelganlarida: “Robbimiz, bizga sabr toʻkkin, sobit­qadam qilgin va kofir qavmlarga qarshi nusrat bergin”, dedilar. (250-oyat). “Bas, Allohning izni bilan ularni yengdilar va Dovud Jolutni qatl etdi. Soʻngra, Alloh unga podshohlik va hikmatni berdi va xohlagan narsasini oʻrgatdi. Agar Allohning baʼzi (odam)larni baʼzilariga dafʼ qilishi boʻlmasa edi, yer yuzi buzilardi. Lekin Alloh olamlar ustidan fazl egasidir.” (251-oyat). Dovud Tolut askarlari ichida eng yosh yigitlardan biri edi. Jolut esa, katta kuchga ega boʻlgan podshoh, hammaning qalbiga dahshat solib turuvchi askarboshi edi. Alloh taolo ushbu zolim podshoh va askarboshining yoshgina yigitcha qoʻlida qatl boʻlishini iroda qildi. Bu bilan odamlarga, Alloh xohlasa, har qanday jabbor boʻlsa ham, bir yosh yigit uning oʻlimiga sabab boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi. Shu bilan birga, bu ishning ortida bosh­qa hikmat ham bor edi: Allohning inoyati bilan Dovud Tolutdan ke­yin Bani Isroilga podshoh boʻldi. Uning podshohlik davri oltin davr boʻldi. Alloh taolo unga podshohlikka qoʻshib Paygʻambarlikni ham berdi. Shu bilan birga, unga urush asboblarini yasashni ham oʻrgatdi.
Alloh taolo Dovud alayhissalomga ilohiy kitob ham berdi. Bu haqda Niso surasida: “Dovudga esa Zaburni berdik” (163-oyat). Tarixchilar Alloh taolodan Zabur berilgan vaqtda Dovud alayhissalomning yoshlari taxminan qirqda edi, deydilar. Zabur toʻrt ilohiy kitobning biri ekani hammaga maʼlum. Unda mavʼizalar, ibratlar, zikr qilinadigan duo­lar boʻlgan. Alloh taolo Dovud alayhissalomga togʻlarni va qushlarni boʻysundirib qoʻygan edi. Qurʼoni Karimning Sod surasida: “Albatta, Biz unga togʻlarni boʻysundirdik. Ular u bilan kechki paytu ertalab tasbih aytardilar. Toʻplangan holdagi qushlarni ham. Barchalari U zotga oʻta qaytguvchidir”. (18-19-oyatlar). Togʻlar u zot bilan birga Alloh taologa erta-yu kech tasbeh aytar edi. Dovud alayhissalomning ovozlari juda ham shirali boʻlgan. U zot tilovat qilganlarida osmondagi qushlar ham toʻxtab qolar ekan. Dovud alayhissalomga Alloh taolo har jihatdan quvvat bergan edi. U zot dinda baquvvat edilar. Kunora roʻza tutar, kechaning yarmida uxlab, yarmida ibodat qilar edilar. Dovud alayhissalom Paygʻambar boʻlishlari bilan birga, podshoh ham edilar. U zotning saltanatini Alloh taolo kuchli qilib qoʻygan edi, xar xil mavzudagi tortishuv va janjallarga adolat bilan hukm chiqarar edilar. Dovud alayhissalom oʻz vaqtini taqsimlab qoʻygan edi. Maʼlum bir vaqtini podshohlik ishlariga, odamlar oʻrtasida qozilik qilib, hukm chiqarishga ajratgan edi. Qolgan vaqtlarda maʼlum muddat toat-ibodat bilan mashgʻul boʻlar edi. Unda Zabur tilovat qilar, Allohga tasbeh aytar edilar. Alloh taolo Dovud alayhissalomga temirni xamirdek yumshoq qilib ishlatish xususiyatini bergan edi. U zot temirni olovga solib toblamasdan ham, bolgʻa bilan urmasdan ham, nimani xohlasalar, qoʻllari bilan shuni yasay olar edilar. Alloh taolo Dovud alayhissalomga ilhom bergach, xamirdek yumshoq temirdan halqalar yasab, ularni bir-biriga ulab kiyim shaklida sovut tayyorlardilar.
Dovud alayhissalom yuz yoshga yetganlarida bu dunyodan oʻtdilar.
Foydalanilgan manbalar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi kitobi.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
DOVUD ALAYHISSALOM — Audio

DOVUD ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page