ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

YUNUS ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Yunus alayhissalom Niso, Anʼom, Yunus va Vas-Saffot suralarida zikr qilingan. Anbiyo surasida esa “Zunnun”, Qalam surasida “Sohibilhut” laqabi ila zikr qilingan. Yunus alayhissalom Bani Isroilning anbiyolaridan. Nasablari Yusuf alayhissalomning tugʻishgan ukalari Binyaminga boradi. U zot Yunus ibn Matto nomi ila mashhur. Matto u zotning onalarining ismi ekan. Paygʻambarlar ichida faqat Yunus va Iyso alayhissalomlar onalariga nisbat berilgan ekanlar. Yunus alayhissalom Allohning paygʻambarlaridan biridir. U zotni Robbil olamiyn Iroqning Musil viloyati yaqinidagi Naynavo degan joyga paygʻambar qilib yuborgan. Oʻsha paytda u yerning aholisi turli sanamlarga ibodat qilishar va har xil gunoh ishlar bilan band edilar. Yunus alayhissalom ularni Alloh taologa iymon keltirishga, gunoh ishlarni tark qilishga daʼvat qildilar. Lekin ular bu daʼvatni qabul qilmay, fisq-fasod ishlarida davom etdilar. Yunus alayhissalom ularni maʼlum muddatdan soʻng Allohning azobi nozil boʻlishidan ogohlantirdilar. Koʻnmaganlaridan soʻng, achchiqlari chiqib, men oʻz vazifamni ado etdim, endi gunohkorlar ichida qolmasligim kerak, degan eʼtiqodga borib shaharni tashlab chiqib ketdilar. Bu ishni oʻzlaricha, shunisi toʻgʻri, degan fikrda Allohning iznisiz qildilar, yurib-yurib dengiz sohiliga yetib bordilar. Bir kema joʻnash oldida turgan ekan, uning egalaridan oʻzlarini birga olib ketishlarini soʻragan edilar, ular rozi boʻldilar. Kema dengizga chiqqanda birdan shamol turib, dovul boshlandi. Toʻlqin kuchlanib, kema gʻarq boʻlishi xavfi tugʻildi. Kemachilar ham yoʻlovchilar ham qoʻrqib dahshatga tushadilar. Toʻplanib, maslahat qilishadi. Baʼzilari, ichimizda gunohkor kishi bor, shuning uchun noqulay holda qolmoqdamiz, deyishdi. Maslahat qilib, oxiri qurʼa tashlab, kimning chekiga tushsa, oʻsha odamni qurbonlik uchun dengizga tashlab yuborishga qaror qilishdi. Qurʼa Yunus alayhissalomga chiqadi va u zotni dengizga tashlab yuborishadi. Alloh taoloning amri bilan u zotni ulkan baliq yutib yuboradi va hazm qilmasdan qornida olib yuradi. Shunda Yunus alayhissalom xatolarini tushunib, baliqning qornida turib yolvorib, zorlanib Alloh taologa duo qiladilar. “Anbiyo” surasida Yunus alayhissalom qissasi oʻziga xos ravishda keltiriladi: “Zunnunni esla. Oʻshanda u gʻazablangan holda chiqib ketgan edi. Bas, u Bizni oʻziga (yer yuzini) tor etmas, deb gumon qildi. Zulmatlarda turib, Sendan oʻzga Iloh yoʻq, Sen poksan, albatta, men zolimlardan boʻldim, deb nido qildi” (87-oyat). “Nun” baliq degani, “Zunnun” — baliqni egasidan degani. Bu duo chin ixlos bilan, Allohning ulugʻ sifatlarini eslab, oʻzining aybdorligini boʻyniga olib, najot soʻrab qilingan duo edi. “Bas, Biz uni (duosini) ijobat qildik. Unga gʻamdan najot berdik. Moʻminlarga shunday najot berurmiz” (88-oyat). Alloh taolo Yunus alayhissalomning duolarini ijobat qilib, baliqqa amr qiladi va u Yunus alayhissalomni ozor yetkazmasdan ochiqlik joyga olib chiqib tashlaydi. U zotning badanlari baliqning ichida oq yem boʻlgan edi, behush yotib qoladilar. Alloh taolo rahm qilib oftobdan zarar yetmasligi uchun ustlariga soya solib turuvchi serbarg oshqovoqni oʻstirib qoʻyadi. Ushbu holatda bir muddat yotib, sogʻayib oʻzlariga keladilar. Ulamolarni taʼkidlashicha oshqovoq faqat soya boʻlib emas, balki chivinlardan ham himoya qilgan. Alloh taolo u zotga qavmi oldiga borish uchun farmon beradi. Ular Yunus alayhissalom ketib qolgach, azobning boshlanishi zohir boʻlgandan soʻng, xatolarini tushunib tavba qilishga oʻtgan edilar. Azobni qaytarishni Allohdan soʻrab yolvoradilar. Ular yuz mingdan koʻproq kishi edi. Yunus alayhissalom ular huzuriga qaytib, barchalarini iymonga chaqiradilar. Alloh taolo barchalarini hidoyatga boshlaydi. Bu qavmdan boshqa hech bir qavm boshiga ilohiy azob kelib qolganda, tavba qilib najot topmagan. Balki Firʼavnga oʻxshab oxirgi lahzada keltirgan iymoni foyda bermay halokatga uchragan. Demak, qoida shu: qaysi shahar-qishloq kofir boʻlsa, xorlik azobiga duchor boʻlaveradi, qaysi qishloq iymon keltirsa, undan xorlik azobi kushoyish qilinib, iymoni tufayli manfaatlar topaveradi. Lekin bu ulkan haqiqatni hamma ham tushunib yetavermaydi.
Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni Toif ahli toshboʻron qildilar. U zotni oyoqlari qonagan, oʻzlari qiynalgan holda koʻrgan Utba va Shayba ibn Robiyʼalarning rahmlari keldi. Oʻzlarining Addos ismli nasroniy gʻulomini chaqirib: “Uzilgan uzumdan olib, manavu tabaqqa solginda anavi odamga olib borgin. Undan yesin”, dedilar. Addos uzumni olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qoʻydi va U zotga: “Yegin”, dedi. U zot qoʻllarini uzatib, bismillah, dedilar-da uzumdan olib yedilar. Addos ajablanib: “Vallohi, bu gapni ushbu diyor ahli aytmaydilar”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Sen qaysi yurtdansan? Qaysi dindasan?” dedilar. “Nasroniyman. Naynavodanman”, dedi. “Solih kishi Yunus ibn Mattoning qishlogʻidanmisan?” dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. “Yunus ibn Mattoni senga nima bildirdi?” dedi Addos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U birodarim. U nabiy edi. Men ham nabiyman”, dedilar. Shunda Addos oʻzini otib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlari, oyoq-qoʻllaridan oʻpa boshladi. U musulmon boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra Yunus alayhissalom 83 yil umr koʻrganlar.
Paygʻambarlik Allohning qullariga bergan eng buyuk lutfidir. Insonlik darajasining eng yuksak choʻqqisidir. Hech kim paygʻambarlik maqomiga oʻz zakosi, bilimi va oʻz gʻayrati bilan erisholmaydi. Paygʻambarlik faqatgina Allohning ehsonidir. Tangri taolo loyiq koʻrgan quliga paygʻambarlik vazifasini topshiradi. Ana shunday maqomga ega insonlardan biri Yunus alayhissalomdir. 
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
YUNUS ALAYHISSALOM — Audio
YUNUS ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page