ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

HORUN ALAYHISSALOM

Qurʼon Karimda Horun alayhissalomning nomlari yigirma marta kelgan. U zot Baqara, Niso, Anʼom, Aʼrof, Yunus, Maryam, Toho, Anbiyo, Moʻminun, Furqon, Shuaro, Qasas va Vas-Saffot suralarida zikr qilinganlar.
U kishi Horun ibn Imron ibn Qohis ibn Loviy ibn Yaʼqub ibn Isʼhoq ibn Ibrohimdirlar. Horun alayhissalom Muso alayhissalomning tugʻishgan akalaridir. Horun alayhissalom Muso alayhissalomdan uch yosh katta boʻlganlar. Horun alayhissalom fasohatli, tili burro, gapga usta boʻlganlar. U kishining ayni shu xususiyatlarini ukalari Muso alayhissalom Alloh taolodan yordamchi qilib berishni soʻrayotganlarida eslaganlar. Bu haqida Qurʼoni Karimni “Qasas” surasida: “Birodarim Horun mendan koʻra tili burroroq, uni ham men bilan yubor, meni tasdiqlaydir. Zero, ular meni yolgʻonchi qilishlaridan qoʻrqurman”, — dedi. (34-oyat). Yaʼni, mening tilimda bir oz duduqlik bor, ogʻam Horun esa, tili burro odam. Kofirlar bilan tortishuvlarda ish beradi. Uni ham men bilan birga Paygʻambar qilib yubor. U ham men bilan birga Paygʻambar boʻlib, meni tasdiqlasin. U zot: “Biz seni ogʻang bilan quvvatlaymiz va ikkovingizga bir saltanat berurmizki, ular sizga yetisha olmaslar. Bizning oyatlarimiz ila ikkingiz va sizga ergashganlar gʻolibdirsiz”, — dedi. (35-oyat). Alloh taolo “Maryam” surasida Horun alayhissalomning paygʻambarliklari haqida: “Va unga Oʻz rahmatimizdan ogʻasi Horunni Paygʻambar qilib hadya etdik”. (Maryam surasi, 53-oyat).
Horun alayhissalom oʻz ukalari Muso alayhissalomga yordamchi paygʻambar boʻlganlari uchun u kishi qayerda zikr etilsalar bu kishi ham oʻsha yerda zikr qilinganlar. Bu holni Muso alayhissalomning qissalarini oʻrganish davomida yaqqol mulohaza qildik. Horun alayhissalomning faoliyatlaridagi eng hassos holat u zotning Bani Isroil ichida Muso alayhissalomning oʻrnilariga qolgan paytlari boʻlgan. “Muso akasi Horunga: “Qavmimda mening oʻrnimni ol, yaxshi ish qil, buzgʻunchilarning yoʻliga ergashma”, — dedi”. (Aʼrof surasi, 142-oyat). Muso alayhissalom bu gapni Parvardigor bilan miyqotga ketayotib aytganlar. U kishi ketganlaridan keyin Bani Isroil Horun alayhissalomga itoat qilmay buzoqni xudo qilib olganlari va unga bogʻliq boshqa hodisalarni Muso alayhissalomning qissalarida batafsil oʻrganildi.
Horun alayhissalom 122-yil yashaganlaridan soʻng bu dunyoni tark etdilar. U zotning vafotlari Muso alayhissalomning vafotlaridan oʻn bir oy oldin boʻlgan.
Foydalanilgan manba.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
HORUN ALAYHISSALOM — Audio

HORUN ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page