ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

MUSO ALAYHISSALOM (2-QISM)

Zolim Firʼavn va uning badbaxt ahli halok boʻlib, taqdir sahnidan uloqtirib tashlandilar. Tugʻyonga ketgan podshoh va uning zodagonlari bilan Paygʻambar va unga iymon keltirganlar orasidagi kurash xotima topdi. Zolimlar halok boʻlib, mazlumlar ozod boʻldilar. Ular balo-ofatlardan qutuldilar, Qizil dengizdan oʻtganlaridan soʻng u yerda bir butparast qavmni uchratdilar, oʻsha qavm sigirga ibodat qilayotgan ekan. Buni koʻrgan Bani Isroil ahli: “Ey Muso, bizga ham xuddi ularning xudolariga oʻxshash xudo qilib ber”, dedilar. Muso alayhissalom ularga qattiq raddiya bildirdi. Axir, Alloh taolo ularga Paygʻambar yuborib, ilohiy kitob nozil qilsa, shariat berib, oʻz zamonasidagi odamlardan afzal etib qoʻysa-yu, ular oʻz Paygʻambarlariga, bizga ham anavi qavmning xudolariga oʻxshash xudo qilib ber, deb turishsa. Bu gʻoyat darajada noshukrlik va oʻtaketgan shakkoklik edi. Maʼlumki, Isroil laqabini olgan Yaʼqub alayhissalomning oʻn ikkita oʻgʻillari bor edi. Alloh ana oʻsha oʻn ikkita oʻgʻildan tarqalgan farzandlarning har biridan bir jamoa-qabila qilib qoʻydi. Bani Isroilning suvlari tugab chanqagan paytda, Muso alayhissalom qoshiga kelib suv talab qildilar. Alloh taolo u zotga asolari ila muayyan toshni urishga buyurdi. Agar buloq bitta boʻlganida, suv talash boʻlib, janjal chiqishi mumkin edi. Ammo Alloh ularga oʻn ikkita buloq chiqarib berdi. Sahroda suv bilan taʼminlashning ustiga, Bani Isroil boshida bulutni soyabon boʻlib suzib yuradigan qilib qoʻydi. Ular qayerga bormasinlar, boshlari uzra bulut soya solib turar edi. Taom sifatida osmondan mann (asalli halvo) va bedana goʻshtini hozir qilib qoʻydi. Ammo Bani Isroil mazkur neʼmatlar uchun shukr qilmadi. Bu esa, katta zulmdir. Ammo bu bilan ular Allohga emas, oʻzlariga zulm qilardilar. Ularga, Shaharga–Quddusi sharifga kirib, xohlagan joylarida taomlanib yurishlarini tayinladi. Faqat, shaharga sajda qilgan hollarida, yaʼni, Allohni ulugʻlab, taʼzim bilan “Hittatun” (xatolarimizni kechirgin) deb kirishlari lozim edi. Lekin, ulardan zulm qilganlari aytishlari lozim boʻlgan “Hittatun” degan iborani, “Hintatun”, yaʼni, “bugʻdoy” degan soʻzga almashtirdilar va shaharga sajda qilgan hollarida emas, ortlari bilan surilib kirdilar. Ana shu itoatsizlik va zulmlari uchun Alloh taolo ularning ustidan azob tushirdi.
Dengiz sohilida joylashgan bir qishloqda yahudiylar jamoasi yashar edilar. Bani Isroilning talablariga binoan haftaning shanba kuni ular uchun bayram, dam olish kuni qilib belgilandi. Bu kun ularga ishlash va tirikchilikka urinish harom qilindi. Sohil boʻyidagi mazkur qishloqda yahudiylar uchun katta sinov boʻldi. Shanba kuni baliqlar sohilga kelib ochiq-oydin koʻrinib, koʻzlarini oʻynatib yurar edi. Shanba kunidan boshqa kuni esa hech bir baliq koʻrinmasdi. Shunda Bani Isroildan baʼzilari chidab tura olmay man qilingan amrni buzdilar. Rivoyatlarda kelishicha, ular shanba kuni alohida toʻsiqlar tashlab, sohilga kelgan baliqlarni qaytib keta olmaydigan qilib qoʻyishar va yakshanba kuni yigʻib olishar, shu bilan birga, “biz Allohning amrini buzganimiz yoʻq, shanba kuni dam oldik, ov qilganimiz yoʻq”, der edilar.
Mufassirlarimiz rivoyat qilishlaricha, Muso alayhissalom Misrda yashagan vaqtlarida Bani Isroil qavmiga agar Alloh dushmanlarini halok qilsa, bir kitob berishini va bu kitobda nimani qilish lozim-u, nimalarni qilmaslik kerakligi haqida bayonot boʻlishini aytgan edilar. Alloh taolo Firʼavn va uning ahlini halok qilganidan soʻng, Muso alayhissalom kitob berishni Allohdan soʻraganlarida, Alloh ul zotga oʻttiz kun roʻza tutishni amr qildi. Bu hodisa Zulqaʼda oyida roʻy berdi. Oʻttiz kun oʻtib, Muso alayhissalom daraxtdan olingan misvok bilan tishlarini tozalab, miyqot-uchrashuv belgilangan vaqtga hozirlik koʻrib turganlarida, Alloh taolo Zulhijja oyidan ham oʻn kun roʻza tutishni amr qildi. Shu tarzda jami qirq kun toʻliq roʻza tutdilar. Bashar farzandi tarixidagi tengi va oʻxshashi yoʻq hodisa. Robbi ila bandaning uchrashuvi. Butun olamlarni yaratgan Zot bilan oʻsha olamlarning kichik bir zarrasining yuzlashuvi. Bu uchrashuv arab lafzida ismi zamon va ismi makon maʼnosini birdaniga anglatuvchi lafz ila “miyqot”, deyiladi va uchrashuv vaqti va zamoni maʼnosini bildiradi. Ulamolarimiz taʼkidlashlaricha, ushbu ulugʻ miyqot Qurbon hayiti kuni, Tur togʻining oʻng tomonida sodir boʻlgan. Muso alayhissalom Alloh bilan miyqotga, belgilangan vaqtda, belgilangan joyga kelganlarida, u zotga Robbi bevosita soʻzladi. Bu hol qanday sodir boʻldi, tafsilotini yolgʻiz Allohning Oʻzi biladi. Muso alayhissalom qanday qilib Allohning kalomini tingladilar, buni ham Allohning Oʻzigina biladi. Chunki bu narsa inson hatto tasavvur qilishi ham mushkul bir holdir. Muso alayhissalomni Robbiga boʻlgan muhabbatlari ziyodalashib, Alloh kalomini bevosita tinglash shunchalik boʻlsa, bevosita Oʻzini koʻz bilan koʻrish qanday boʻlar ekan, deb Alloh taolodan jamolini koʻrsatishini soʻraganlar. Paygʻambarning bu istagiga javoban Alloh taolo: “Meni hech koʻra olmassan”, degan. Shu bilan birga, bu holni oydinlashtirish maqsadida nima sababdan koʻra olmasligini amalda isbot etgan: “Toqqa nazar sol, agar u makonida sobit tura olsa, bas, Meni koʻrasan”, dedi. Alloh taolo yuqoridagi gaplarni Muso alayhissalomga aytganidan keyin, toqqa nazar soldi. Togʻ titilib, yerga tenglashib qoldi. Makonida sobit tura olmadi. Muso alayhissalom buni oʻz koʻzlari bilan koʻrib xushidan ketib yiqildilar. Chunki boʻlib oʻtgan hodisa shu darajada mahobatli edi. “Hushiga kelib “Sen poksan”, yaʼni, bandalarning oddiy nazariga koʻrinish darajasidan yuqorisan. Men nomunosib savol berganimdan tavba qildim”, — dedilar. Shundan soʻng Alloh taolo ul zotga xitoban: “Ey Muso, men seni odamlar ichidan risolatlarim va gaplashishim ila tanlab oldim. Bas, senga bergan narsamni ol va shukr qiluvchilardan boʻl!”–dedi. (Aʼrof surasi, 144-oyat) “Va unga lavhlarda hamma narsadan mavʼiza va har bir narsaning tafsilotini yozib berdik. “Bas, ularni quvvat ila tut va qavminga buyur, ularning eng yaxshilarini olsinlar. Endi, sizlarga fosiqlarning diyorini koʻrsataman”, dedik. (Aʼrof surasi, 145-oyat). Tafsir ulamolari ushbu oyati karimada zikr qilingan “lavhlar” haqida tortishuvning hojati yoʻq, degan xulosaga kelganlar. Biz uchun “lavhlar” nimadan iboratligi, qaysi moddadan boʻlgani, shakli yoki hajmi ahamiyatsiz, balki ularga yozilgan maʼnolar ahamiyatlidir, deydi mufassirlar. Miyqotda Alloh taolo Muso alayhissalomga u kishi kutmagan xabarni berdi. Bu xabar va unga tegishli bayonotlar “Toho” surasida quyidagicha hikoya qilingan: “U zot: “Batahqiq, Biz qavmingni sendan keyin fitnaga duchor qildik. Somiriy ularni adashtirdi”, — dedi. (85-oyat). Bani Isroilning zalolatga ketgani haqidagi xabar Muso alayhissalomni qattiq gʻazablantirdi va chuqur taassufga soldi. U zot nobakor qavmning huzuriga gʻazabnok, afsuslangan hollarida qaytdilar va ularni soʻroqqa tuta boshladilar: “Ey qavmim, Robbingiz sizga yaxshi vaʼda qilmaganmidi?! Sizlarga nusrat berishni, muqaddas yerlarga kirishimizni, gunohlaringizni kechirishni, Tavrotni tushirishni va boshqa yaxshiliklarni vaʼda qilmaganmidi? Axir, bu vaʼdalarni sizga yaqindagina bergan edi-ku?! “Menga bergan vaʼdaga xilof qilibsiz?!” Borimda qanday boʻlsangiz, yoʻgʻimda ham shunday turishga siz bilan vaʼdalashgan edik-ku?! “Ular: “Biz senga bergan vaʼdaga oʻz ixtiyorimiz ila xilof qilmadik”, — deyishdi. Ulamolarning rivoyat qilishlaricha, Bani Isroillik ayollar misrliklardan turli zeb-ziynat va taqinchoqlarni qarzga olishgan ekan. Misrdan chiqishayotganda oʻsha taqinchoqlarni ham oʻzlari ila birga olishibdi. Muso alayhissalom miyqotga ketganlarida, taqinchoqlar masalasi koʻtarilibdi. Horun alayhissalom ularning halol yoki haromligida shubhaga tushib: “Muso qaytib kelsa, soʻraymiz”, — deb bir chuqurga olov yoqtirib, hamma taqinchoqlarni oʻsha chuqurga tashlashni buyurgan. Taqinchoqlarni olovli chuqurga tashlashgan ekan, Somiriy ularni eritib, buzoq shakliga solib: “mana shu sizlarning “xudo”ingiz, unga ibodat qilinglar, bu Musoning ham ilohi, buni unutib qoʻyib, toqqa izlab chiqib ketdi”, desa, ibodat qilib ketaverishibdi. Muso alayhissalom bosh buzgʻunchi Somiriydan nima uchun bu ishni qilganini soʻradilar. Somiriy: “Ular koʻrmagan narsani koʻrdim. Bas, Rasulning izidan bir siqim oldim, soʻngra uni tashladim. Havoyi nafsim menga shunday qilishni xush koʻrsatdi”, dedi. (96-oyat). Tafsirchi ulamolarimiz bu oyatning tafsirida koʻplab rivoyatlar keltirganlar. Mazkur rivoyatlarda Bani Isroil koʻrmay, Somiriy koʻrgan narsa nima? Rasul kim? Somiriy uning izidan olgan bir siqim narsa nima? Oʻsha bir siqim narsani Somiriy qayoqqa sochdi? Mazkur rivoyatlarning aksari bunday naql etiladi: Somiriyning Bani Isroil koʻrmaganini koʻrgani–Jabroil alayhissalomning hayot otiga minib kelishlari. Jabroil alayhissalom minib kelgan otning tuyogʻi tagidan olingan tuproq. U tuproqni sochgan joyi esa, Bani Isroilning zeb-ziynatlari toʻplab qoʻyilgan joy. Somiriy ana shu ishlarni qilganida ziynatlar buzoqqa aylanib, undan ovoz chiqadigan boʻlibdi. Somiriyning bu gapidan firibgar qoʻlga tushganda oʻzini qanday tutishi bilinib turibdi: “Men hech narsa qilganim yoʻq, yomon niyatim ham yoʻq edi, koʻnglimga tushgan ishni qilsam, oʻzlaridan oʻzlari ergashib ketishaverdimi”, demoqchi boʻldi. Muso alayhissalom Somiriyni Bani Isroildan quvgʻin qildilar. Bani Isroil odati boʻyicha, “tegish yoʻq” nomli quvgʻin jazosi bor edi. Ana oʻsha jazo Somiriyga nisbatan qoʻllandi. U quvgʻin qilindi. Sahrolarda yakka moxov holida xor-zor boʻlib yurdi. Biror odam koʻrinib qolsa, “tegish yoʻq” der edi, xolos. Yaʼni, men “tegish yoʻq” jazosiga mahkum etilganman, menga tegma, men ham senga tegmayman, derdi. Birovga bundan boshqa gap ayta olmas edi. Bu Somiriy uchun dunyoviy jazo edi. Oxiratda esa xilof qilib boʻlmaydigan jazo bor.
Bani Isroil tilladan yasalgan buzoq haykaliga ibodat qilib, ulkan gunoh sodir etganlari, keyin afsus bilan tavba qilganlari uchun Alloh taolo Muso alayhissalom ulardan yetmish kishini oʻz miyqotiga olib kelishni amr qildi. Muso alayhissalom Bani Isroilning oʻn ikki urugʻidan, buzoqqa ibodat qilmagan yetmish kishini tanlab, Allohning miyqotiga olib bordilar. Ular esa Muso alayhissalomga: “bizga Xudoning Oʻzini koʻrsat”, — deb turib oldilar. Bunday shakkoklik sodir etganlaridan soʻng, ularni dahshatli zilzila tutib, oʻzlaridan ketdilar. Muso alayhissalom: “Va bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozib qoʻy. Biz Sening Oʻzingga tavba qildik”, dedi. U zot: “Azobim ila kimni xohlasam, tutaman. Rahmatim esa, hamma narsadan kengdir. Uni taqvo qilganlarga, zakot berganlarga, oyatlarimizga iymon keltirganlarga yozajakman”. (Aʼrof surasi, 156-oyat). Alloh taoloning rahmatiga shubhasiz sazovor boʻlishi, uning rahmati yozilib qolishi uchun banda bir necha sifatlarga ega boʻlishi lozimligi shart qilinmoqda: Birinchisi — taqvo qilish. Yaʼni, Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib yashash. Ikkinchisi — zakot berish. Yaʼni, Allohga moliyaviy ibodat qilish. Uchinchisi -Allohning oyatlariga iymon keltirish. Muso alayhissalom Bani Isroilni isloh qilishda davom etdilar. Ammo, Bani Isroil nobakorligini davom etdi. Muso alayhissalomdek ulugʻ Paygʻambar yahudiylarga: “Alloh sizga sigir soʻymoqni buyurmoqda”, deb, ularga Allohning sigir soʻyishga amr etganini yetkazganlarida, “Xoʻp boʻladi, Alloh buyurgan boʻlsa, bosh ustiga”, deyish oʻrniga, “Bizni masxara qilyapsanmi?” dedilar. Bunaqa beodoblik va shakkoklikni faqat Bani Isroil kabi tabiati buzuq xalq qila oladi. Xoʻp, deb borib bir sigirni topib soʻysa, Allohning amrini bajargan boʻlar edi. Lekin, ularning buzuq tabiati, fasod bosgan tafakkurlari bunga yoʻl qoʻymadi. Nobakor qavm, qayta-qayta soʻrayverganlari evaziga qari ham emas, yosh ham emas, oʻrta yosh, rangi bir xil — sariq, koʻrganni xursand qiladigan chiroyli, yer haydash yoki sugʻorishda ishlatilmagan, ayblardan salomat sigirni topib soʻyishga buyurildilar va uni qiynalib-qiynalib topib soʻydilar. Xoʻsh, shu bilan Allohning amrini ado etdilarmi? Alloh nima uchun ularni sigir soʻyishga buyurgan edi? Qurʼoni Karimda badiiy uslubning turli xillari ishlatilgan boʻlib, ushbu qissada voqeani boshlanishi oxirga surilgan va bu bilan oʻquvchi va eshituvchilarning eʼtiborini jalb qilish, qissaning taʼsirchanligini oshirish va yana oddiy insonning aqli yetishi qiyin boʻlgan boshqa koʻpgina hikmatlar koʻzlangan. Asosiy sabablaridan biri esa–Alloh taolo Bani Isroilning jinoyatlarini bir–bir esga soldi. Shu ruh qissaning ushbu shaklda kelishini taqozo etadi. Yaʼni, bunda ularning jinoyatlari ikkita ekanligi koʻrindi. Birinchisi, Allohning amrini istehzo qilib, uni ado qilishga shoshilmayotgani boʻlsa, ikkinchisi odam oʻldirganliklaridir. Aksincha boʻlganida, bitta jinoyat qilganga oʻxshab qolar edilar. Aslida, voqea bunday boʻlgan edi. Bani Isroil qavmidan kimdir birovni oʻldirib qoʻyadi. Kim oʻldirdi, degan savol paydo boʻladi. Shunda birinchi taraf aybni ikkinchi tarafga qoʻyadi va oʻzidan jinoyatni inkor etadi. Ikkinchi taraf ham oʻz navbatida, aybni birinchi tarafga qoʻyadi va oʻzini aybsiz koʻrsatadi. Aksiga olib, voqeaning tepasida hech kim boʻlmagan, guvoh yoʻq. Alloh taolo sirni fosh qilish uchun oʻldirilgan shaxsni gapirtirmoqchi boʻldi va Bani Isroilga bir sigir topib soʻyishga va oʻsha soʻyilgan sigirdan bir boʻlak olib, oʻlikni urishga buyurdi. Shunda oʻlik Allohning irodasi bilan tirilib turib, qotil kim ekanini aytib berishi lozim edi. Sigir soʻydirib, uning baʼzi joyi bilan oʻlikni urdirishning nima hikmati bor? degan savol paydo boʻladi. Javob shuki: avvalo, sigir Bani Isroilning odatiga koʻra, qurbonlikka soʻyiladigan hayvon edi, shuning uchun boshqa hayvon emas, aynan sigir ixtiyor etildi. Ikkinchidan, ular sigirni xudo qilib olib, unga ibodat ham qilishgan edi. Holbuki, ular sigʻinishayotgan narsa oddiy bir hayvondir. Shuni bildirib qoʻyish uchun uni soʻyishga amr etildi. Qolaversa, soʻyilgan hayvonning bir boʻlagi ham jonsizdir, u bilan oʻlik urilsa, tirilib ketishi yolgʻiz Allohning qudratiga dalolatdir. Bu ramz bir vosita xolos, aslida, inson oʻlikka qanday qilib jon kirganini bilmaydi, bilolmaydi ham. Alloh oʻlikni qanday qilib tiriltirishini koʻrsatib qoʻydi, xolos. Chunki Bani Isroil ham oʻlgandan soʻng tirilishni inkor qilar edi. Bitta oʻlikni tiriltirib, ularga koʻrsatib qoʻydi.
Alloh Bani Isroil qavmiga Muqaddas yerga kirishlarini iroda qildi. Zikr qilinayotgan “muqaddas yer” – Baytul Maqdisdir. Allohning bu amriga zavq bilan kirishish lozim edi. Ammo Bani Isroil haqiqiy basharalarini yana bir bor fosh qildi. Bani Isroil u yerga kirishdan qoʻrqdi. Xuddi shu oʻrinda Allohdan qoʻrqish nima-yu, boshqadan qoʻrqish nimaligi ravshan boʻlmoqda. Allohdan qoʻrqadigan banda hech qachon boshqadan qoʻrqmaydi. Chunki bir qalb ikki xavfni koʻtarmaydi. Allohdan qoʻrqmagan esa, hammadan qoʻrqadi. Shundagina Muso alayhissalom Paygʻambarlik odobi ila, dard, alamga, oʻzlari va birodarlari Horunga ega ekanliklarini, ikkovlari farmonni bajarishga tayyorliklarini bayon qildilar. Hamda oʻzlari bilan fosiq-dindan chiqqan Bani Isroil qavmi orasida ajrim chiqarishini Allohdan soʻradilar. Alloh taolo Paygʻambari Muso alayhissalomning duolarini qabul etdi, Bani Isroilning bu qilmishi uchun, yaʼni, Allohning amriga itoat etmagani — Muqaddas yerga kirmagani uchun, Alloh ularga bu muqaddas yerga kirishni qirq yilgacha harom qilib qoʻydi. Tafsirchilarimizning aytishlaricha, yahudiylar bu muddatda Sino yarim orolidagi sahroda 270 farsaxlik joydan tashqariga chiqa olmay, adashib, hayron boʻlib, bir borgan joyga qayta-qayta borib yuraverdilar. Ana shunday hayronlik va sarson-sargardonlikda qirq yil yurdilar. Bu davrda mazkur gunohni sodir etgan, nobakor avlod oʻlib bitdi. Sahroda oʻsgan yangi avlod paydo boʻldi. Yaʼni, Alloh tayin qilgan muddat tugaguncha avvalgilar muqaddas yerga kira olmay oʻlib ketdilar. Ushbu qissada bayon etganimizdek, Alloh taolo Bani Isroilga osmondan mann va bedana goʻshtini taom qilib tushirib bergan edi. Ular hech qanday mashaqqatsiz dunyodagi eng oliymaqom taomlarni xohlaganlaricha yer edilar. Lekin pastkash tabiat shu yerda ham pastkashlik qildi. Bani Isroilliklar Misrda Firʼavn azobi ostida xor-zor boʻlib yurgan paytdagi mosh, sarimsoq kabi taomlarni qoʻmsab qoldilar. Paygʻambarlari Muso alayhissalomdan Allohga duo qilib, bodring, sarimsoq, mosh, piyoz kabi sabzavotlar soʻrab berishini talab qildilar. Muso alayhissalom: “Yaxshi narsani, past narsaga almashtirishni soʻraysizlarmi? Yaʼni, mann va bedana kabi oliymaqom, yaxshi taomlarni, mosh, bodring, piyoz kabi past narsalarga almashtirishni soʻraysizlarmi? Siz soʻrayotgan narsalarni xohlagan shaharga borib topsalaringiz boʻladi-ku? — dedilar. Bani Isroilga xorlik va miskinlik yozildi va ular Allohning gʻazabiga loyiq boʻldilar. Ulamolarimizning aytishlaricha, bu ish Muso alayhissalomdan keyingi davrda roʻy bergan. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom: “Yahudiylar qilgan ishni sizlar qilmanglar, Alloh harom qilgan narsalarni har xil hiylalar bilan halol hisoblamanglar”, — deganlar.
Muso alayhissalom va solih banda qissasi.
Muso alayhissalom va solih banda haqidagi qissa Qurʼoni Karimning eng mashhur qissalaridan biridir. Bu qissa “Kahf” surasining oltmishinchi oyatidan boshlanadi va sakson ikkinchi oyat ila tamom boʻladi.
Ubay ibn Kaʼb roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hikoyalarini eshitgan ekan: “Muso Bani Isroil orasida bir kuni xutba qilib turganida, qaysi odam eng ilmli, deb soʻraldi. U: “Men”, dedi. Alloh uni ilmni oʻziga nisbat bergani uchun xitob qildi. U Musoga: “Ikki dengiz qoʻshilgan joyda Mening bir bandam bor. U sendan ilmliroq”, dedi. Muso: “Ey Robbim, men uni qanday topaman?” dedi. Alloh: “Oʻzing bilan bir baliqni savatga solib ol. Baliqni qayerda yoʻqotsang, uni oʻsha yerda topasan”, dedi. Shundan keyin Muso alayhissalom yoʻlga tayyorgarlik koʻrdilar va xizmatkor yigitga yuqoridagi oyatda kelgan qarorni aytdilar. U kishi oʻzlaridan ilmliroq bandani topish uchun ikki dengiz jamlangan joyga borishga qaror qilgan edilar. Ikkovlon ikki (dengiz) jamlangan joyga yetganlarida, baliqlarni unutdilar. Bas, u dengizni teshib yoʻl oldi”. Ikkovlari vaʼda qilingan, ikki dengiz jamlanadigan makondan oʻtgandan soʻng Muso alayhissalom xizmatkor yigitga tushlik ovqatni keltirishni buyurdilar. Yigit Muso alayhissalom tushlik soʻraganlaridan soʻng baliqning yoʻqligini bildi. Avvalgi xarsang toshga suyanib dam olgan joylarida baliq suvga tushib, suzib ketganini payqab qoldi. Hamda bu ishdan gʻoyatda ajablanganini bayon qildi. Muso alayhissalom esa, yigitning ajablanganini koʻrib: “Ana shu biz istagan narsa”, dedilar. Shuning uchun baliqning yoʻqolib qolganini eshitganlarida xafa boʻlmadilar, sevindilar. Hamda oʻsha baliq suvga tushib, suzib ketgan joyni topish uchun yigit bilan birgalikda izlariga qaytdilar. Qaytib borib, izlab yurgan solih bandani koʻrdilar. Bu bandaga Alloh taolo Oʻz dargohidan rahmat ato etgan hamda unga Oʻz tarafidan ilm oʻrgatgan edi. Bu ilm Muso alayhissalom biladigan ilmdan boshqa ilm edi. Shu bois Muso alayhissalom oʻsha solih bandadan ilm oʻrganish uchun uni izlab yoʻlga chiqqan edilar. Uni koʻrishlari bilan: Muso alayhissalom ulkan Paygʻambar boʻlishlariga qaramay, oʻzlaridan koʻra ilmliroq, oʻzlariga ustoz boʻlishi mumkin boʻlgan kishiga oʻta odob bilan murojaat qilib, unga shogird tushishni soʻradilar. “U: “Sen men bilan birga boʻlishga sabr qila olmassan.
Oʻzing xabarini ihota qilmagan narsaga qanday sabr qilasan”, dedi”.
Solih banda bu gapi bilan Muso alayhissalomga oʻzidagi ilm oddiy ilm emas, laduniy (yaʼni, sirtdan boshqa koʻringan narsalarning ichidagi, sirlarini bilish ilmi) ekanini, bunday sirli ilmlarga Paygʻambar boʻlsa ham, sabr qilishi qiyinligini aytdi. Boʻlayotgan hodisani ihota eta olmagan odam unga sabr qilib, indamay qarab tura olishi qiyin ekanini eslatdi. Muso alayhissalom shogird sifatida ustozning ogʻir shartlarini ham qabul qildilar va unga zinhor osiy boʻlmaslikka vaʼda berdilar. Solih banda Muso alayhissalomni shogirdlikka qabul qildi. Ammo shart qoʻydi. Sharti oʻzi bayon qilib bermaguncha undan biron narsa soʻramasliklari edi. U kishi undan hech narsani soʻramay ergashib yuraversa, shartni bajargan boʻladi. Agar soʻrasa, shart buziladi. Solih banda bilan Muso alayhissalom borib kemaga mindilar. Suzib ketayotib, solih banda kemani teshib qoʻydi. Sirtdan qaraganda, uning ishi ajablanarli edi. Kema ularning hojatini chiqarmoqda, kemada boshqa odamlar ham bor, ammo solih banda kemani teshib qoʻydi. Muso alayhissalom bu gʻalati ishga hayratlanib, unga: “Buni uning ahlini gʻarq qilish uchun teshdingmi?! Juda gʻalati narsa qilding-ku?!”, — dedi”. Albatta, odamlarni ortib borayotgan kemani birov teshsa, dastlab, demak uning maqsadi odamlarni gʻarq qilish ekan-da, degan oʻy keladi. Muso alayhissalomning xayollariga ham darhol shu fikr keldi. Uni darhol solih bandaga aytdilar. Solih banda darhol Muso alayhissalomga oradagi shartni buzganlarini eslatdi. Muso alayhissalom uzrlarini aytdilar. Bu ishlari uchun ogʻirlikka duchor qilmasligini tiladilar. Solih banda birinchi bor u kishining uzrlarini qabul qildi. Ikkovlari yana birgalikda ketayotgan edilar, bir bola chiqib qoldi. Solih banda bolani oʻldirdi. Begunoh yosh bolani oʻldirish gʻalati ish edi. Shuning uchun Muso alayhissalom bu ishga chiday olmay, solih bandaga eʼtiroz bildirdilar. Unga: “Birovni oʻldirmagan begunoh jonni oʻldirasanmi?! Juda munkar narsa qilding-ku?!” dedi. Bu ishi kemani teshgandan ham battar tuyuldi. Chunki koʻrib, bilib turib bir maʼsum goʻdakni qasddan oʻldirish hazilakam ish emas edi. “U: “Senga, albatta, sen men bilan birga sabr qila olmaysan demabmidim?!”, — dedi. Muso alayhissalom ikkinchi marta shartni buzdilar. Solih bandaga yana bir bor uzr aytdilar. Solih banda bu safar ham uzrni qabul qildi. Ikkovlari yurib borib bir shaharga kirdilar. Qorinlari ochiqib, oʻsha shahar aholisidan taom soʻradilar. Shahar aholisi ularga taom berishdan bosh tortdi. Bunday baxil aholidan har qancha xafa boʻlsa arzirdi. Ammo solih banda ranjimadi. Oʻsha yerda yiqilib ketay deb turgan devor bor ekan, uni qayta tiklab qoʻydilar. Bu ishi Muso alayhissalomga qiziq tuyuldi. Devor egalari qizgʻanchiqlik qilib ularni mehmon qilishdan bosh tortsalar-u, ularning yiqilib ketay deb turgan devorini haq olmasdan tiklab qoʻysa. Hech boʻlmasa, ushbu devorlaringizni tiklaganim uchun haq olsa boʻlmasmidi? Pul bersa, taom olib yeyisharmidi? Shu xayollarga borib, Muso alayhissalom ishning zohiridan hukm chiqardilar va solih bandaga: “Agar xohlasang, buning uchun haq olar eding”, dedi. Bu esa, u kishining uchinchi marta shartni buzishlari edi. Solih banda endi Muso alayhissalomga shartni buzganliklarini eslatib oʻtirmay, bir yoʻla hukmni aytdi: “U: “Bu men bilan sening oramizdagi ajrashishdir. Endi senga sabr qila olmagan narsaning taʼvilini aytib beraman”, dedi”. Sen uchinchi marta shartni buzding. Endi uzrga joy qolmadi. Bu qiligʻing ikkovimizning ajrashishimiz belgisidir. Endi sen tushuna olmay, sabr qila bilmay, shartni buzib soʻragan narsalaringning sirlarni aytib beraman. “Kemaga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskinlarniki edi. Bas, men uni aybli qilishni iroda qildim. Chunki ortlarida bir podshoh boʻlib, barcha kemani tortib olayotgan edi”. Sen bizni va boshqalarni olib ketayotgan kemani teshib qoʻyganimdan ajablanib, menga eʼtiroz bildirgan eding. Sirtdan qaraganda, oʻsha ishim nohaq edi. Ammo ishning mohiyatida boshqa gap bor edi. Oʻsha kema kambagʻal odamlarniki edi. Ular shu kemaning orqasidan kun koʻrardilar. Ammo ularning podshohlari barcha butun kemalarni tortib olishga hukm chiqargan boʻlib, podshohlik ixtiyoriga oʻtkazayotgan edi. Men kemani aybli qilib qoʻydim. Yuzaki qaraganda, kema egalari uchun zarar yetkazdim. Kemalarini teshdim. Ammo aslini olganda, ularga foyda qildim. Podshoh odamlari aybli kemani tashlab ketadilar. Kambagʻallar butunlay kemasiz qolgandan koʻra, aybli boʻlsa ham, uni ishlatib kun oʻtkaza beradilar. Sen bundan bexabar mendan norozi boʻlding. “Endi bolaga kelsak, ota-onasi moʻmin kishilar edi. Bas, biz uning ikkovlarini tugʻyon va kufr ila ezishidan qoʻrqdik”. Yoʻlda uchragan yosh bolani oʻldirib qoʻyganimga ham chiday olmading. Eʼtiroz bildirding. Darhaqiqat, birovga yomonlik qilmagan, begunoh bir bolani bekordan-bekorga oʻldirish har kimga gʻaroyib ish boʻlib koʻrinadi. Ammo buning ortida hech kim bilmaydigan hikmat bor. Bolaning ota-onasi moʻmin kishilar edilar. Ammo bola ulgʻaysa, kofir boʻlib, tugʻyonga ketib, ota-onasini ezar edi. Holbuki, ota-onasi uning zulmiga loyiq kishilar emasdilar. Oʻsha ota-onani kelajakdagi yomonlikdan asrash uchun bolalari voyaga yetmasdan, kufr va tugʻyon sodir etmasdan, yoshligidayoq oʻldirib qoʻyishni lozim topdik. Sirtdan qaraganda, yosh bolaning qatl etilishi ila ota-onaga katta musibat yetdi. Ammo, aslini olganda, ular juda katta musibatdan qutuldilar. Chunki biz kelajakda ularning kufr va tugʻyon ila ezadigan bolalarini oʻldirdik. Va: “Bas, Robbilari ularga uning badaliga undan koʻra yaxshirogʻini, ahli solihroq va mehribonrogʻini berishni iroda qildi”. Kelajakda kofir boʻlib, tugʻyonga ketib, ota-onasiga ulkan musibat yetkazadigan bolani olib, uning oʻrniga ahli solih va mehribon farzand berish, albatta, yaxshilikdir. “Devorga kelsak, u shahardagi ikki yetim bolaniki boʻlib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Robbing ikkovlarining voyaga yetishini va xazinalarini chiqarib olishini iroda qildi. Bu Allohning rahmati ila boʻldi. Men oʻzimcha qilganim yoʻq. Mana shu sen sabr qila olmagan narsaning taʼvilidir”. Bu ishlar hammasi Allohning rahmati ila boʻldi. Men oʻzimcha qilganim yoʻq. Sen boʻlsa, ortida hikmati bor shu ishlarni koʻrib, chidab tura olmay, shartni buzding, turli gaplar aytding. Shu joyda Muso alayhissalom bilan solih banda qissasi tamom boʻladi.
Muso alayhissalom 120 yoshlarida bu dunyoni tark etdilar.
Muso alayhissalomning qissalari Qurʼon Karimda bunchalik koʻp kelishining asosiy sababi, Bani Isroil ilohiy kitob Tavrotga amal qilib yashashi matlub qavm boʻlgan edi. Musulmonlar ham Qurʼon Karimga amal qilib yashashlari lozim ummatdirlar. Ana shu maʼnoda ular hammadan koʻra Bani Isroildan koʻproq ibrat olishlari va ular sodir etgan xatolarni takrorlamasliklari lozimdir. Shuning uchun ham Qurʼon Karim bu masalaga alohida eʼtibor bergan.
Foydalanilgan manba.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
MUSO ALAYHISSALOM — Audio
MUSO ALAYHISSALOM — VIDEO 2

Report Page