ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

SHUAYB ALAYHISSALOM

Alloh taolo Shuayb alayhissalomning ismlarini Qurʼoni Karimda oʻn marta keltirgan. Shuayb alayhissalom Aʼrof, Hud, Shuaro va Ankabut suralarida zikr qilinganlar. Shuaybning nasablari otalari Miykil, bobolari Yashjir va katta bobolari Madyan orqali Ibrohim alayhissalomga boradi. Demak, Shuayb ham Ibrohim alayhissalomning sulolalaridan. Shuayb alayhissalomning onalari Lut alayhissalomning qizlari boʻlgan. Alloh taolo Shuaybni Madyan qavmiga paygʻambar qilib yuborgan. Bu — haqiqat “Aʼrof” surasida quyidagicha taʼkidlanadi: “Madyan qabilasiga birodarlari Shuaybni (elchi qilib yubordik)”. (85-oyat). Madyan, aslida, Ibrohim alayhissalomning avlodlardan birining nomi boʻlib, keyinchalik undan tarqagan qabilaning va ular yashaydigan diyorning nomi boʻlgan. Madyanliklarning yerlari hozirgi Iordaniyaning Aqaba qoʻltigʻidan, Suriyaning Turi Sino nomli joyigacha choʻzilgan. Shuningdek, Shuaybning qavmlarini “Asʼhobul aykati” — qalin daraxtzor egalari, deb ham ataladi. Bu ham Qurʼoni Karimning taʼbiri. Bu haqda “Shuaro” surasida quyidagilar aytiladi: “Ayka xalqi (“Daraxtzor egalari”) (Shuayb paygʻambar qavmi) paygʻambarlarni inkor etdilar” (176-oyat). Arab tilida qalin daraxtzor — daraxtlari bir-biriga kirishib ketgan oʻrmon “ayka” deyiladi. Bu yerda zikri kelayotgan “qalin daraxtzor” Madyan oʻlkasidir. Bu oʻlkada daraxtlar qalin boʻlib, shoxlari bir-biriga kirishib oʻsadi. Shunga koʻra, “ayka” nomi bilan ham ataladi. Shuayb alayhissalom Paygʻambar boʻlib, oʻz qavmiga qarata: “Ey qavmim! Allohga sigʻiningiz. Undan oʻzga iloh yoʻqdir”,- dedi. (Aʼrof surasi, 85-oyat). Shuningdek, Shuayb alayhissalomni Madyan qavmiga avvalda oʻtgan Paygʻambarlar oʻz qavmlariga takror-takror aytgan soʻzlarga oʻxshash pand-nasihatlar qildilar. Shuayb alayhissalom oʻz qavmini, Allohdan qoʻrqishga, Unga sigʻinishga, Undan oʻzga iloh yoʻqligi haqida daʼvat qildilar. Madyanliklarning katta gunoh ishlaridan biri oʻlchov va tarozidan urib qolardilar. Hazrati Shuayb oʻz qavmlaridagi bu gunoh ishni tark etishga chaqirib: “Oʻlchovni toʻla oʻlchanglar va odamlarga ziyon yetkazuvchilardan boʻlmanglar! Shuningdek, toʻgʻri tarozi bilan tortinglar! Odamlarga narsalarni kamaytirib bermanglar va yer yuzida buzgʻunchilik tarqatib yurmanglar, hamda sizlarni ham, oldin yaralganlarni ham yaratgan Zotdan qoʻrqinglar!” — dedilar. (Shuaro surasi, 181-184 oyatlar).
Madyanliklarning gunoh ishlaridan yana biri, Shom bilan Arabiston yarim orolini bogʻlab turuvchi karvon yoʻlida oʻtirib olib odamlarni qoʻrqitar edilar. Shuayb alayhissalom oʻz qavmini bu nomaʼqul ishlardan ham qaytarishga urinib: “(Odamlarni) qoʻrqitish, Allohga iymon keltirganlarni Uning yoʻlidan toʻsish va uni qingʻir qilish maqsadida har koʻchada oʻtirmangiz!”.- deganlar. (Aʼrof surasi, 86-oyat). Shuayb alayhissalom oʻz qavmlarini gunoh ishlardan qaytarish bilan birga, shoyadki insofga kelsalar, degan umidda boshqa Paygʻambarlar kabi ularga ham Alloh bergan neʼmatlarni eslatadilar:
“Ozchilik ekaningizda, (Uning) koʻpaytirganini eslang va buzgʻunchilarni oqibati qanday boʻlganiga (bir) boqingiz!”. (Aʼrof surasi, 86-oyat). Yaʼni, kamchilik edingiz, Alloh taolo ziyoda qildi, molingiz kam edi, moʻl qildi. Shuningdek, Shuayb alayhissalom oʻz qavmlarini oʻtgan kofirlar oqibatidan ibrat olishga chaqirdilar. Odatda, Paygʻambar kelganda har bir qavm ikki qarama-qarshi guruhga boʻlinadi. Bir guruh iymonga kirib Paygʻambarga ergashadi. Shuayb alayhissalomga ham ozchilik iymon keltirdi. Qavmning qolgan odamlari oqilona taklifni qabul qilmadilar. Qavmning mutakabbir boʻlgan zodagonlari, Shuayb alayhissalom va unga iymon keltirganlarni, ularni diniga qaytishga, aks xolda oʻz qishloqlaridan haydab chiqarish bilan qoʻrqitdilar. Shunda, Shuayb alayhissalom: “Agar sizlardan bir toifa menga yuborilgan narsa (vahiy)ga iymon keltirib, boshqa bir toifa iymon keltirmagan boʻlsa, oʻrtamizda Alloh hukm qilguncha sabr qilingiz! U hukm qiluvchilarni yaxshisidir!”, dedilar. (Aʼrof surasi, 87-oyat). Shuayb alayhissalom qudrat qayerdaligini, kimdan madad istash zarurligini yaxshi bilardilar. Shuning uchun Alloh taologa iltijo qilib: “Ey Robbimiz! Biz bilan qavmimiz oʻrtasida haqiqiy ajrimlik ato et! Sen ajrim qiluvchilarni yaxshisidirsan”, deb iltijo qildilar. (Aʼrof surasi, 89-oyat). Shu yoʻl bilan, hamma narsaning haqiqiy egasi hukmiga havola qilib, iymon va kufr oʻrtasida hukm chiqaruvchi hokimi mutlaqqa murojaat etdilar. Oqibat-natijada kufrning holi chatoq boʻldi: “Bas, ularni mudhish zilzila tutdi. Natijada oʻz joylarida oʻtirganlaricha yer bilan yakson boʻldilar”. (Aʼrof surasi, 91-oyat). Qattiq zilziladan keyin, iymonsiz qavm tutdek toʻkildilar, barchalari halok boʻldilar. Baʼzi manbalarda, Jabroil alayhissalomning qichqiriqlaridan keyin, gunohkor qavm tutdek toʻkildi deyiladi. Mazkur shiddatli zilziladan keyin Shuayb alayhissalomga muxolif boʻlgan kofirlar halok boʻlib, batamom gumdon boʻlib ketdilar. Ular goʻyo hech qachon oʻz diyorlarida yashamagandek, davru-davron surib, ayshu-ishrat qilmagandek holga keldilar. Ulardan nom-nishon ham, asar ham qolmadi. Oyati kalimadan anglash lozim boʻlgan mantiqlardan biri, Allohning Paygʻambar yubormasdan burun azob yubormasligi. Yaʼni, avval Alloh Oʻz elchisi orqali toʻgʻri yoʻlga daʼvat qiladi, vaʼz-nasihatlar qilib koʻradi, nihoyat bosh tortganlarni azobga duchor etadi. Shuayb alayhissalom oʻz qavmlari halokatga uchragandan keyin bir muddat yashab soʻngra bu dunyoni tark qildilar. Tarixchilar, bu hodisa Yusuf alayhissalomdan keyin Muso alayhissalom paygʻambar boʻlishlaridan oldin boʻlgan, deydilar.
Foydalanilgan manba.
1.QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
SHUAYB ALAYHISSALOM — Audio
SHUAYB ALAYHISSALOM —  VIDEO

Report Page