ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

AYYUB ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Ayyub alayhissalomning nomlari Niso, Anʼom, Anbiyo va Sod suralarida zikr qilingan. U zot Ayyub ibn Amvos ibn Zorih ibn al-Iys ibn Isʼhoq ibn Ibrohimdir. U zot zikr qilingan oyati kalimada: “(Ey Muhammad,) albatta, Biz Nuhga va undan keyingi paygʻambarlarga vahiy yuborganimiz kabi Sizga ham vahiy yubordik. Shuningdek, Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub va uning avlodi Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga vahiy yuborganmiz. Dovudga esa Zabur berdik” (Niso surasi, 163-oyat). Mazkur paygʻambarlarga vahiy yuborgan Alloh taolo ularning qatorida Ayyub alayhissalomga ham vahiy yuborib, u zotni ham Oʻziga paygʻambar qilib olgan.
Ayyub alayhissalomga hayot chogʻlarida katta musibat yetgan. U zot oʻzlariga yetgan musibatga matonat bilan sabr qilganlar. Bu haqida Qurʼoni Karimda: “Ayyubning esa Parvardigoriga nido qilib: “(Parvardigorim,) menga musibat yetishdi. Oʻzing rahmlilarning rahmlirogʻisan!”, deb iltijo qilgan paytini (eslang)”, deyilgan. (Anbiyo surasi, 83-oyat). Allohning paygʻambari Ayyub alayhissalomga katta musibat yetgani maʼlum. Lekin oʻsha musibatning aynan nomi Qurʼoni Karimda aniq aytilmaydi. Ushbu oyatda ham Ayyub alayhissalomning Alloh taologa yolvorib iltijo qilayotganlari kelyapti, xalos. Ayyub alayhissalom oʻsha iltijoda ham odobga rioya qilib, oʻzlariga yetgan musibat nimaligini aytmaydilar. Faqat musibat yetgani va Alloh taolo rahmlilarning rahmlisi ekanini eslaydilar. Ayyub alayhissalomning oʻziga yetgan musibatga sabri zarbulmasal boʻlib ketgan. Birov oʻziga sabr soʻraydigan boʻlsa, “menga Ayyub alayhissalomning sabridek sabr ber”, deb soʻraydi. Birov boshqa birovning sabrini madh qilmoqchi boʻlsa ham, “falonchiga Alloh taolo xuddi Ayyub alayhissalomning sabridek sabr bergan”, deb vasf etadi. Ayyub alayhissalom sabri aynan oʻsha mashaqqatli sinovda namoyon boʻlgan. Qurʼoni Karimda Ayyub alayhissalom qanday sinovga uchraganlari zikr qilinmagan. Hadisi shariflarda bu xususda rivoyat yoʻq. Muhimi sinovning kelgani, uning turi emas. Mohiyati ibrat uchun kerak.
Musulmon boʻlmagan qavmlardan baʼzilari esa, odatdagidek, boshqa anbiyolarga nisbatan toʻqigandek, Ayyub alayhissalomga ham boʻhtonlar toʻqishgan. Ularning asosiy nomaqbul ishlaridan biri ham shudir. Maʼlum sabablarga koʻra, ulardan ayrimlarining dushmanliklari oqibatida toʻqigan uydirmalar baʼzi tafsir kitoblarimizga ham kirib qolgan. Allohga shukur, muhaqqiq tafsirchi ulamolarimiz bu ofatga qarshi kurashib, u qissalarning botil ekanini isbot qilganlar. Koʻplari musulmonlarning zehnini zaharlamaslik uchun oʻsha uydirma qissalarni zikr ham qilmaydilar.
Ayyub alayhissalom haqida, u zotning sabri haqida toʻqilgan yolgʻonlarning eng odoblisida aytilishicha, u zot juda xunuk dardga mubtalo boʻlgan emish. Yaqinida turib boʻlmaydigan darajada yomon ahvolga tushgan emish. Badani parcha-parcha boʻlib, uzilib tushaverarmish. Faqat bir xotinigina qolib, boshqalar undan nafrat qiladigan holga kelishganmish va hokazo.
Bunday afsonalar paygʻambarlik maqomiga mutlaqo ziddir. Alloh taolo boshqalarga oʻrnak boʻladigan xos bandasiga–paygʻambarga odamlar nafrat qiladigan darajada jirkanch kasallik bermaydi. Qolaversa, Alloh taolo bandalarga paygʻambarlarning qissalaridan ibrat olishni amr qilgan. Ular haqida turli qissalar toʻqishga yoki kasalining turini axtarishga buyurgan emas. Shuning uchun, eng toʻgʻri yoʻl Qurʼoni Karimda va hadisi sharifda kelgan xabarlar bilan kifoyalanishdir. Ayyub alayhissalom Alloh taoloning solih bandasi, tanlab olgan paygʻambaridir. Boshqa paygʻambarlar qatori, Alloh taolo u zotga ham sinov bergan. Oʻzining oxirgi paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va u zotning ummatlariga ibrat, tasalli boʻlishi uchun oʻsha sinov haqida xabar bermoqda. Alloh taoloning sinovini Ayyub alayhissalom juda ham goʻzal sabr bilan qarshi olgan. Ayyub alayhissalom bu sinovlarning hammasiga sabr qilib, biror lahza ham Allohdan uzilmay, Unga boʻlgan ishonchi susaymay, roziligini tilab turgan. Qurʼoni Karimni “Sod” surasida: “(Ey, Muhammad) bandamiz Ayyub Parvardigoriga nido qilib: “Meni shayton mashaqqat va azobga tutdi”, degan paytini eslang!”, deyilgan. (41-oyat). Ayyub alayhissalom hamma narsa Alloh taolodan boʻlishini yaxshi bilsa ham, koʻngilsiz narsani odob yuzasidan shaytonga nisbat berdi. Alloh taolo u zotning bu nidosiga munosib javob berdi: (Shunda unga aytildi): “Oyogʻing bilan yerni tepgin! (chashma otilib chiqur). Mana shu sovuqqina choʻmiladigan va ichimlik suvidir” (Sod surasi, 42-oyat). Ayyub alayhissalom Allohning amriga itoat etib, oyogʻi bilan yerni tepgan edi, u yerdan suv chiqdi. Bu suvga choʻmilgan odam shifo topadi. Undan ichilsa, ichki dardlarga davo boʻladi. Shunday boʻldi ham. Ulamolarimiz shu joyda oʻta nozik bir jihatga eʼtibor beradilar. Alloh taolo Ayyub alayhissalomga tayyor suvni koʻrsatmasdan: “Oyogʻing bilan yerni tepgin!”, dedi. U zot yerni tepganida, suv chiqdi. Soʻngra Alloh taolo: “Bu choʻmiladigan va ichiladigan suvdir”, dedi. Bundan Alloh taolo hamma narsani tayyorlab bermaydi, balki bandaning oʻzida harakat boʻlsa, yordam beradi, degan maʼno bor. Shuning uchun har bir narsada, jumladan, dardga daʼvo izlashda ham banda Allohdan yordam tilagan holida oʻzi ham harakat qilishi kerak. Ayyub alayhissalom mazkur suvda choʻmilib, undan ichib, shifo topganidan keyin, Alloh taolo u zotga ahlini qaytardi. Ular bilan birga ziyoda qilib, yana oʻshancha ahl ham berdi. Ayyub alayhissalomga ahli qayta berilishi va yana ularning mislicha ahl ham ziyoda qilinishi Alloh taoloning rahmatidir. Shuningdek, aql egalari uchun eslatma hamdir. Bu hodisadan xabardor boʻlgan har bir aqlli odam boshiga balo-ofat va musibat tushganida Ayyub alayhissalom kabi goʻzal sabr qilsa, oxir-oqibat Allohning rahmati kelishini eslaydi, ibrat oladi.
Shunday qilib, Ayyub alayhissalom sogʻayib ketdi, ahli ham ikki barobar boʻlib qaytdi. Lekin, bir masala qoldi. Ayyub alayhissalom eng ogʻir paytlarda ixlos bilan yonida turgan vafodor xotinini “imkon topganida yuz tayoq urishga” qasam ichib qoʻygan edi. Oʻsha qasamga amal qilish qoldi. Bu mushkul ish edi. Shunday vafodor va sadoqatli ayolni, ogʻir va mashaqqatli lahzalarda yelkadosh boʻlgan, balo-ofatlarni birga totgan insonni mushkul ariganidan keyin yuz tayoq urish kerak. Darhaqiqat, bu ogʻir muammo edi. Lekin, Alloh taolo Oʻz rahmati ila bu muammoni ham hal etdi. Alloh taolo Ayyub alayhissalomga dedi: “Qoʻlingga bir bogʻ (novdani) olib, u bilan (xotiningni) urgin — qasamingni buzmagin”, Darhaqiqat, Biz (Ayyubni) sabr qiluvchi deb topdik. U naqadar yaxshi bandadir. Haqiqatan u (Alloh yoʻliga) butunlay qaytuvchidir” (Sod surasi, 44-oyat). Alloh taolo Ayyub alayhissalomga qasamini qanday ado etishni oʻrgatmoqda, necha marta urishni aytgan boʻlsang, oʻshancha novdani bir dasta qilib ol-da, u bilan xotiningni ur. Shunda qasamingni ado etgan boʻlasan. Bunchalik fazlu-karam koʻrsatilishining sababi, shundaki, sinov kelganida, Ayyub alayhissalom goʻzal sabr qildi. Allohga boʻlgan ishonchi susaymadi. Bir lahza ham Parvardigorni roziligini topishdan umidini uzmadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ayyub yalangʻoch gʻusl qilayotgan edi. Ustidan tillodan boʻlgan chigirtka (haykali) tushdi. Ayyub uni kiyimiga oʻray boshladi. Shunda Rabbisi unga: “Ey Ayyub! Men seni koʻrib turgan narsangdan behojat qilmabmidim”, dedi. U: “Izzating ila qasamki, shundoq boʻlgan. Lekin, men Sening barakangdan behojat emasman”, dedi”. Imom al Buxoriy rivoyat qilgan.
Tarixchilar taʼkidlashlaricha, Ayyub alayhissalom 93 yoshlarida bu dunyoni tark etganlar. U zotning 26 ta oʻgʻillari boʻlgan. Oʻshalardan birining ismi Bishran boʻlib, u Qurʼoni Karimda zikri kelgan Zul Kifl alayhissalomdir.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001 yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Xilol.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
5. Afzal Rafiqov – Paygʻambarlar tarixi. http://zamonaviy.com/
AYYUB ALAYHISSALOM — Audio
AYYUB ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page