ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

YUSUF ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Yusuf alayhissalomning ismlari 26-marta kelgan. Shundan 24 tasi “Yusuf” surasida, bir marta “Anʼom” va yana bir marta “Moʻmin” surasida. Yusuf alayhissalomning nasablari haqidagi eng ajoyib gap paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Imom Buxoriy rivoyat qilgan quyidagi soʻzlaridir: “Albatta, u karimdir, karimning oʻgʻli boʻlgan, karimning oʻgʻlidir. Yusuf ibn Yaʼqub ibn Isʼhoq ibn Ibrohimdir”. U kishining onalari Rohil binti Lobondir. Yusuf alayhissalom Yaʼqub alayhissalomning oʻn ikki oʻgʻillaridan biridirlar va ularning ichidan chiqqan yagona paygʻambardirlar. Yusuf surasi bitta qissani avvalidan oxirigacha, boshqa narsalarni aralashtirmay hikoya qilgan yagona suradir. Faqat qissa tamom boʻlgandan keyin, suraning oxirida paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan maʼnolar keladi. Yusuf alayhissalom yosh bolalik davrida koʻrgan tushini otasi Yaʼqub alayhissalomga soʻzlab berayotganini tasvirlash bilan qissa boshlanadi. Qurʼoni Karimning “Yusuf” surasi: Eslang! Yusuf (oʻz) otasi (Yaʼkub)ga dedi: “Ey otajonim. Men (tushimda) oʻn bitta yulduz, quyosh va oyning menga sajda qilgan hollarida koʻrdim”,- deyilgan. (4 oyat). Yaʼqub alayhissalom kichik oʻgʻli Yusufdan koʻrgan tushini eshitib, bu tush ulugʻ kelajakdan bashorat ekanini angladi. Ammo bu bashoratdan hamma ham xursand boʻlavermasligini, jumladan, Yusufning oʻgay akalari rashk qilishlari mumkinligini hisobga olib, tushini akalariga bildirmaslikni tayinladi. Ammo, Yusufning akalari (onalari boshqa oʻn kishi), otamiz bizdan koʻra, ukamiz Yusuf va uning ota-ona bir, tugʻishgan ukasi Binyaminni yaxshi koʻradi, bizga eʼtibor bermaydi, otamiz adashmoqda, deb, Yusufni yoʻqotish harakatiga tushadilar. Lekin ichlaridan qaysi biriningdir vijdoni bu qabihlikni koʻtara olmay, Yusufni oʻldirmasdan, uni quduqning qaʼriga tashlashni maslahat beradi. Maslahatni bir joyga qoʻyib, otalaridan Yusufni oʻzlari bilan dalaga chiqib oʻynab kelishga ruxsat berishni soʻrashganda, Yaʼqub alayhissalom nailoj, Yusufni akalariga qoʻshib yuboradi. Yusufning akalari oʻzlarining mashʼum niyatlariga yetadilar. Yusufni quduq qaʼriga tashlash haqidagi qarorlarini amalga oshiradilar. Kechqurun yigʻlab otalarini oldiga kelib: “biz Yusufni narsalarimiz oldiga qoldirib, oʻzimiz quvlashib ketsak, uni boʻri yeb qoʻyibdi”, deb, qonga boʻyalgan koʻylagini koʻrsatishadi. Yaʼqub alayhissalomga Yusufdan ayrilish katta musibat edi. Yusuf tashlangan quduqqa yaqin joyda, yoʻlovchi savdo karvoni dam olish uchun qoʻnadi. Ular suvchilarini quduqdan suv olib kelish uchun yuboradilar. Bitta suvchi quduqqa chelak tashladi. Yusufni koʻrib, quvonib ketdi: “Suyunchi beringlar! Bu bola-ku!”, dedi”. Qarashsa, husn-chiroyda tengi yoʻq, bir yosh bola. Savdogarning koʻngli doim tijoratda boʻladi. Nimani koʻrsa, tijoratga qoʻyishni oʻylaydi. Yusufni Misrga olib kelib bir odamga sotdilar. Alloh taolo Qurʼoni Karimning “Yusuf” surasida: Misrda uni sotib olgan kishi xotini Zulayhoga: “Unga yaxshi joy ber, zora bizga foydasi tegsa yoki oʻgʻil qilib olsak”, dedi. Shunday qilib, Yusufni yerga (Misrga) joylashtirdik va gaplar (tushlar va ilohiy kitoblar) taʼvili (mazmuni)ni bildirishimiz uchun (shunday qildik). Alloh (Oʻz) ishiga gʻolibdir, lekin odamlarni aksariyati (buni) bilmaydilar”, deyilgan. (21 oyat). Allohning tadbiri boʻlmasa, karvon qayerda-yu, quduq qaʼrida oʻtirgan Yusuf qayerda? Karvon toʻxtamay oʻtib ketsa ham boʻlardi. Ammo Allohni izni bilan karvon toʻxtadi, suvchi yuborildi, Yusuf quduqdan chiqarildi, Misrga olib kelib sotildi. Buning hammasi kelajakda boʻladigan ulugʻ ishlar tomon tashlangan qadam edi. Yusuf chiroyli, koʻrkam yigit boʻlib voyaga yetdi. U har bir ishda toʻgʻri hukm chiqaradigan sohibi ilm boʻlgan chogʻida yana imtihonga uchradi: “U (Yusuf) uyida boʻlgan ayol (Zulayho) undan nafsini talab qildi va eshikni qulflab: “Qani kel!” dedi. (Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan boʻlsa! Zolimlar, zotan, iqbolsiz boʻlurlar!”, dedi. (Yusuf surasi 23 oyat). Yusuf tushgan uy egasining xotini undan nafsini qondirishini xohladi. U bilan fahsh ish qilmoqchi boʻldi. Eshiklarni berkitib: “Qani kel!” dedi. Ammo, Yusuf xotin oʻylagan yigitlardan emas. U Allohdan qoʻrqadi, Alloh unga har bir narsada toʻgʻri hukm chiqarishni amr qilgan va ilm bergan. Har qanday sharoitda ham harom ishga bormaydi. Yusuf gapga kirmay, uning taklifini rad etgandan keyin, xotin niyatiga yetish uchun uni quvishga tushdi. Yusuf ham fohisha ishga umuman bormasligini taʼkidlash sifatida eshik tomon qochdi. Xotin qochayotgan Yusufning koʻylagidan ushlab tortgan edi, koʻylakning bir parchasi qoʻlida yulinib qoldi. Shu payt kutilmaganda eshik oldida xotinning xojasiga duch kelishdi. Makkor xotin oʻzini yoʻqotmay: “Qani ayt, sani xotiningga yomon koʻz bilan qaraganni jazosi nima?, dedi. Yusuf xotinning boʻhtonini rad etib: “Uning oʻzi mening nafsimni xohladi”, dedi. Bu ishga xotinning ahlidan bir kishi guvohlik berdi. U guvoh kim ekanligi, yoshi, qachon kelgani, voqeadan qanday xabardor boʻlgani aytilmaydi. Xotinning eriga: “Agar uning koʻylagi old tomondan yirtilgan boʻlsa, xotin rost aytibdir”. “Agar uning koʻylagi ort tomondan yirtilgan boʻlsa, xotin yolgʻon gapiribdi”, dedi. Er Yusufning koʻylagi ort tomonidan yirtilgani koʻrgach, hamma narsani tushundi. Yusufga: “Ey Yusuf, sen bu ishni unut”, dedi. Xotiniga: “Sen, xotin, xato qilding”, dedi. Er gap uydan koʻchaga chiqmasligini qattiq taʼkidladi. Lekin har qancha urinmasinlar, shahardagi ayollar orasida, bosh vazirning xotini xizmatkori bilan nafsini xohlabdi, degan gap tarqadi. Oʻsha davrda Misrda podshohlar “firʼavn”, bosh vazir esa “aziz” deb atalgan. Shahardagi ayollarning mish-mishlaridan xabardor boʻlgan Azizning xotini ularning hammasini mehmonga chaqirdi. Mehmondorchilikda dasturxondagi noz-neʼmatlardan kesib, yeb oʻtirishligi uchun, xar birini oldiga pichoq qoʻydi. Mehmonlar kelganlarida, Zulayho Yusufga: “Ularning oldiga chiq!” dedi. Yusuf mehmonlarning huzuriga chiqdi. Ayollar uning husnu-jamolini koʻrib, boshlari aylanib, lol qoldilar, hayratga tushdilar va beixtiyor, qoʻllaridagi pichoqlar bilan qoʻllarini kesib oldilar. Mehmon ayollar beixtiyor: “Bu bashar emas! Bu karamli farishtaning oʻzi-ku!”, deyishdi. Zulayho: “Siz meni malomat qilgan edingiz. Nimaga qoʻlingizni kesib oldingiz? Nimaga buni bashar emas, malak, demoqdasiz?” dedi. Ayol faxrlanardi. Misrning kazo-kazo ayollari oshiq-u beqaror boʻlib qolgan yigit uning xizmatkori edi. Uning qoʻli ostida edi. Uning aytganini qilar edi. Ayollar oldida faxr bilan: “Agar u mening amrimni bajarmasa, albatta, zindonband qilinur”, dedi. Yusufni faqat xojasini xotini emas, mehmonga kelgan ayollar ham yaxshi koʻrib qolishgan edi. Ayollar Zulayhoning rejasini qoʻllab-quvvatlashdi. Shunday qilib, Yusuf alayhissalomning boshlariga yangi sinov keldi. U zindonband qilindi. Yusuf alayhissalom bilan zindonda ikki nafar yigit ham bor edi. Bir kuni oʻsha ikki yigit Yusuf alayhissalom oldilariga kelishdi. Ulardan biri: “Men tushimda, sharob tayyorlab yuribman”, dedi. Boshqasi esa: “Men boshimda non koʻtarib yuribman, undan qush yemoqda edi”, dedi. Yusuf alayhissalom tushiga sharob tayyorlaganga tez kunda ozod boʻlib xojasini oldida soqiylik qilishini, boshqasi esa, osib oʻldirilishini bashorat qildi. Yusuf alayhissalom tushlarining taʼbirini aytib boʻlganlaridan soʻng, ozod boʻluvchi mahbusga: “Xojang huzurida meni yod et”, — dedilar. Haligi yigit zindondan ozod boʻlib, yana podshoh saroyida soqiylik qila boshladi. Ammo, Yusuf alayhissalomning iltimosi yodidan chiqib, bajo keltirmadi. Kunlarning birida, Podshoh tush koʻribdi, tushida yettita semiz sigirni, yettita oriq sigir yeyayotgan ekan. Shuningdek, tushida yettita yashil boshoq bilan yettita quruq boshoq koʻribdi. Bunday tush bir necha bor takrorlanibdi. Podshoh tushini taʼbirini aytib berishni soʻrabdi. Misr podshohining ayonlari bu tushning taʼbirini aytib bera olishmabdi. Podshoh saroyida xizmat qilib yurgan soqiyning esiga Yusuf alayhissalom tushibdi. Soqiy podshohdan izn soʻrab, zindonga Yusufni oldiga borib, tushni taʼbirini soʻrabdi. Yusuf alayhissalom unga, podshoh tushida koʻrgan yettita semiz sigir va yashil boshoq, yetti yil juda serhosil kelishi, u yillarda don hosili unumli boʻlishi, keyin, yetti yil qahatchilik yillari kelishi, Podshohning tushidagi yetti oriq sigir va quruq boshoq, yetti qahatchilik yili oʻzidan oldingi yetti serobchilik yilini yeyishiga ishora ekanligini aytibdi. Soqiydan Yusuf alayhissalom aytgan taʼbirni eshitgan Misr podshohi Yusuf alayhissalomni huzuriga olib kelishni amr etibdi. Podshohning amri bilan elchi tezda Yusuf alayhissalomning oldilariga kelib, xushxabarni yetkazibdi. Yusuf alayhissalom zindondan chiqishdan avval, podshohga ham, boshqalarga ham oʻzlarining beayb ekanliklarini isbotlashni xohladilar. Zindonband qilinishlariga sabab boʻlgan hodisani qayta tekshirishni talab qildilar. Podshoh u zotning talablarini darhol amalga oshirdi. Xotinlarni toʻplab boʻlib oʻtgan voqea toʻgʻrisida soʻraldi. Xotinlar hamma narsani ochiq aytib berdilar. Podshohga Yusuf alayhissalomning pok ekanliklari maʼlum boʻlganidan soʻng, ularni zindondan chiqarib olib kelishni amr qildi. Yusuf alayhissalomni zindondan chiqarib olib kelganlaridan soʻng, Podshoh bugundan boshlab uning huzurida martabali va ishonchli shaxs ekanligini bildirdi. El-yurtni qiyinchiliklardan saqlash uchun Yusuf alayhissalomga oʻxshash halol-pok, omonatli, jigʻildoni va hamyonini emas, xalqning, yurtning gʻamini yeydigan, Allohdan qoʻrqadigan, taqvodor odam kerak edi. Bu ishlarning barchasi Alloh taoloning amri bilan amalga oshayotgan edi. Yusuf alayhissalom: “xazinani qanday muhofaza qilish, saqlash va uni qanday tasarruf qilishni biluvchiman”, dedilar. Shu kundan boshlab Yusuf alayhissalom ishga kirishdilar. Yusuf alayhissalom Alloh bergan imkonlarni ishga solishlari tufayli Misr ahli bu qahatchilikdan zarar koʻrmadi. Hatto boshqa oʻlkalar ulardan oziq-ovqat borasida yordam soʻrab kela boshladi. Misrda oziq-ovqat serobligini eshitib, Yusuf alayhissalomning ogʻa-inilari ham shu yerga kelishdi. Yusuf alayhissalom ogʻa-inilarini tanidilar. Lekin ogʻa-inilari Yusuf alayhissalomni tanimadilar. Yusuf alayhissalom ogʻa-inilarini yaxshilab mehmon qilib, suhbat davomida ulardan kerakli gaplarni bilib oldilar. Yusuf alayhissalom ularga keltirgan sarmoyalariga yarasha soʻragan oziq-ovqatni oʻlchab berdilar. Joʻnab ketishlaridan oldin, keyingi safar ota-ona bir inilar (Binyamin)ni ham olib kelishni tayinladilar: “Agar oʻsha iningizni birga olib kelsangiz, yana toʻla oʻlchovda kerakli narsa olasiz, aksincha boʻlsa, sizlarga hech narsa oʻlchab berilmaydi”, dedilar. Soʻng, Yusuf alayhissalom xizmatchi yigitlariga ogʻa-inilarini sarmoyalarini yuklari ichiga solib qoʻyishga topshiriq berdilar. Yaʼqub alayhissalomning yurtida oziq-ovqat masalasi katta muammoga aylangan edi. Yaʼqub alayhissalomning oʻgʻillari safardan qaytib kelib otalariga, endi ukalarini birga olib bormasalar, oziq-ovqat oʻlchab berish man qilinganini aytdilar. Yaʼqub alayhissalom avvalida koʻnmadilar. Ogʻa-inilar yuklarini ochib, sarmoyalarining oʻzlariga qaytarilganini koʻrganlarida, Yusuf alayhissalom kutgan holat yuz berdi. Misrga kichik oʻgʻilni yuborishga koʻnmay turgan otalarini koʻndirish uchun: “qoʻrqmay ukamizni bizga qoʻshib yuboravering, biz, albatta, ukamizni muhofaza qilamiz va uni olib borganimiz uchun avvalgidan bir tuya ziyoda oziq-ovqatga ega boʻlamiz”, dedilar. Yaʼqub alayhissalom oʻgʻillariga, kichik ukalarini muhofaza qilish uchun qoʻllaridan keladigan barcha chorani koʻrishga Alloh nomidan qasam ichishlarini aytdilar. Oʻgʻillar bu shartni bajardilar. Ogʻa-inilar Misrga kelib, Yusuf alayhissalomning huzurlariga kirgan vaqtlarida, u zot mehmonlarni yana yaxshi kutib oldilar, izzat qildilar. Kichik ukalarini yonlariga olib, boshqalariga bildirmay: “Men akangman”, deb oʻzlarini tanitdilar. Soʻngra mehmonlar oʻz yurtlariga qaytib ketadigan vaqtda, Yusuf alayhissalom ogʻa-inilarining jihozlarini hozirlayotgan xodimlariga aytib, kichik ukasining yukiga bir suv idish qoʻshtirib qoʻydilar. Ular joʻnab ketganlaridan soʻng, orqalaridan jarchilar yetib kelib, ularni oʻgʻrilikda aybladilar. Ogʻa-inilar va jarchilar orasidagi tortishuv natijasiga koʻra ikki tomon yoʻqolgan suv idish kimning yukidan chiqsa, oʻshani jazolashga kelishib oldilar. Barcha yuklar tekshirilgandan soʻng, navbat kichik ukaning yuklariga keldi, suv idish oʻsha yukning ichidan chiqdi. Misr podshohligining qonuni boʻyicha, oʻgʻriga boshqa jazo berilar edi, uni olib qolish mumkin emas edi. Lekin, ogʻa-inilarning oʻzlarini eʼtirof qildirib, Yaʼqub alayhissalom dini hukmi boʻyicha amal qilishga oʻgʻrini olib qolishga yoʻl ochib berdilar. Kichik uka Misrda qoldi. Ogʻa-inilarning kattasi boʻlib oʻtgan voqeadan keyin, otasini oldiga qaytib borishga jurʼat qilmadi. U inilariga: “Otam aybimni kechib, huzuriga borishimga ruxsat bermaguncha yoki Alloh taoloning Oʻzi bu haqda biror hukm chiqarmaguncha Misrdan hech qayerga qimirlamayman. Sizlar yurtimizga qaytib boringlar va otamizga boʻlib oʻtgan voqeani aytib beringlar”, dedi. Oʻgʻillaridan boʻlgan voqeani eshitib, Yaʼqub alayhissalom xuddi Yusuf alayhissalomni yoʻqotgan kunlaridek, Alloh taoloning marhamatidan umid uzmaslikka ahd qildilar. Dard-u alamni ichlariga yutdilar. Bu ishlar oʻz taʼsirini koʻrsatdi. U kishining koʻzlari koʻrmaydigan boʻlib qoldi. Yaʼqub alayhissalom: “Ey oʻgʻillarim, boringlar, Yusufni va uning ukasini izlanglar va Allohning rahmatidan noumid boʻlmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofirlar qavmigina noumid boʻlurlar”, — dedi”. (Yusuf surasi 87 oyat). Otalaridan bu gaplarni eshitgan oʻgʻillar yoʻlga chiqdilar. Uchinchi bor Misrga keldilar. Uchinchi bor Yusuf alayhissalomga uchradilar. Boʻlib oʻtgan suhbatdan Yusuf alayhissalom tushundiki, ularning ahvoli ogʻir. Avvalgidek bor narsalarini oziq-ovqatga almashtirishga imkonlari ham qolmagan. Olib kelgan mollari juda arzimas. Mollarga yarasha oziq-ovqat olsalar ham, ehtiyojlari qonmaydi. Sadaqaga muhtojlar. Avvalgi gerdayishlaridan asar ham yoʻq. Yusuf alayhissalom oʻzlarini tanitish vaqti yetganini angladilar va akalariga qarab: “Jaholatga boʻlgan paytingizda Yusuf va uning ukasiga nima ishlar qilganingizni bilasizlarmi?”, dedilar. (Yusuf surasi 89 oyat). Akalari shoshib qoldilar. Chunki ular bilan anchadan beri muomala qilayotgan Misr bosh vaziri bir vaqtlar oʻzlari hasad orqasida quduqqa tashlab yuborgan ukalari Yusuf boʻlib chiqishini hech kutmagan edilar. Ogʻalar bor haqiqatni eʼtirof qildilar. Ana shu paytda Yusuf alayhissalom yana yuksak odob va axloq namunasini koʻrsatib, akalariga: “Oʻtgan ishga salavat. Bugun sizni birov ayblamoqchi emas, uyaltirmoqchi ham emas. Gunohlarni kechiruvchi Allohning Oʻzi. U eng rahmli zot”, dedilar. Yusuf alayhissalom akalaridan hamma narsadan, jumladan, otalari Yaʼqub alayhissalomning farzand firogʻida yigʻlab koʻzlari ojiz boʻlib qolganini ham bilib: “Sizlar mana bu koʻylakni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, shunda uning koʻzi sogʻayur. Soʻng barcha ahlu oilalaringiz bilan birga mening huzurimga kelinglar”, dedilar. (Yusuf surasi 93 oyat). Akalar Yusuf alayhissalomning koʻylakni olib, uni iltimoslarini bajo qilish uchun otalarining huzuriga ketdilar. Yaʼqub alayhissalomning oʻgʻillari Yusuf alayhissalomning hidlari urgan koʻylakni koʻzlariga surtdilar, Allohning irodasi ila koʻzlari ochilib, qaytadan koʻradigan boʻldilar. Yusuf alayhissalomning ota-onasi, oʻn bitta ogʻa-inilari Misrga, Yusuf alayhissalom taxtga oʻtirgan saroyiga keldilar. Yusuf alayhissalomga ota-onasi va oʻn bir ogʻa-inilari taʼzim qilishdi. Bu holat qirq yil oldin koʻrilgan tushni ushalganidan darak edi. Yusuf alayhissalom ota-onasini taxtga oʻtkazdi. Barchaligi birgalikda tinch totuv hayot kechirishdi. Yusuf alayhissalom paygʻambarlik faoliyatlarini davom etib bir yuz oʻn yil umr koʻrdilar. Dastlab Misrga dafn qilindilar. Keyin vasiyatlariga binoan aka-ukalari xoklarini Falastin yerlariga olib borib koʻmdilar.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Xilol.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
5. Afzal Rafiqov – Paygʻambarlar tarixi. http://zamonaviy.com/
YUSUF ALAYHISSALOM — Audio

YUSUF ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page