ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

YAʼQUB ALAYHISSALOM

Alloh taolo bandasi va paygʻambari Yaʼqub alayhissalomni Qurʼoni Karimda oʻn olti joyda zikr etgan. Yaʼqub alayhissalomning zikri Baqara, Oli Imron, Niso, Anʼom, Hud, Yusuf, Maryam, Anbiyo, Ankabut va Sod suralarida kelgan. Yaʼqub alayhissalom Ibrohim alayhissalomning nabiralari, Isʼhoq alayhissalomning oʻgʻillaridir. U kishining onalarining ismi Rifqa boʻlgan. U kishi ikki egizakning biridir. Akalari al-Iys oldin tugʻilgan ekan. U zot uning ortidan tugʻilgani uchun Yaʼqub “ortidan kelgan” nomi bilan atalgan ekanlar. Yaʼqub alayhissalomning yana bir nomlari Isroil boʻlgan. Ulamolar Isroil soʻzining maʼnosi haqida bir necha xil fikrlar, jumladan, Abdulloh yoki Ruhulloh degan maʼnoni bildirishini aytadilar. Yaʼqub alayhissalom Falastin yerlarida dunyoga keldilar. Otalari Isʼhoq alayhissalomning tarbiyalarini olib oʻsdilar. Rivoyatlarda keltirilishicha Otalari Isʼhoq alayhissalom ovqatlanishni istab oʻgʻillari al-Iysni taom olib kelishga yuboradilar. Yaʼkub birinchi boʻlib taom olib kelib otasiga beradi. Isʼhoq alayhissalom Yaʼqubni duo qiladilar. Bundan jahli chiqqan al-Iys Yaʼqubdan oʻch olishni niyat qiladi. Xavotirga tushgan onalari Rifqa, Yaʼqubni Bobilga istiqomat qiladigan togʻalari Lobonning oldiga yuboradi.
Yaʼqub alayhissalom Bobil tomon ketayotib, yoʻlda dam olish uchun uxlagan vaqtlarida bir bashoratli tush koʻrdilar. Uygʻonib oʻsha tush koʻrgan yerlarida Alloh uchun bir uy qurishga ahd qildilar va oʻsha yerga toshdan belgi qoʻydilar. Keyinchalik, esa oʻsha yerda Baytul Maqdisni qurdilar. Togʻalarinikiga borganlarida, u kishining ikkita qizi bor edi. Ulardan, kattasini ismi — Liyʼa, kichigini ismi — Rohil boʻlgan. Turli sabablarga koʻra va oʻsha davrning shariati izn bergani uchun Yaʼqub alayhissalom opa-singilga uylanadilar. Opa-singillarga otalari Lobon bittadan choʻri hadya qilgan. Liyʼaga — Zalfa nomli choʻrini, Rohilga — Balho nomli choʻrini. Ular oʻz navbatlarida choʻrilarini erlari Yaʼqub alayhissalomga hadya qiladilar. Shundoq qilib, Yaʼqub alayhissalom toʻrt xotinli boʻldilar. Alloh taolo Yaʼqub alayhissalomga barcha xotinlaridan oʻn ikkita oʻgʻil ato qildi. Yaʼqub alayhissalomning oʻn ikki oʻgʻillaridan har biri Bani Isroilning qabilalariga bosh boʻlganlar. Ularning Binyamindan boshqasi Bobilda tugʻilganlar. Binyaman esa Falastinda tugʻilgan. Rivoyatlarda kelishicha, Yaʼqub alayhissalom ogʻir kasal boʻlib yotganlarida, agar Alloh shifo bersa, eng yaxshi koʻrgan taomlarini — tuyaning goʻshti va sutini yemaslikni nazr qilgan ekanlar. Alloh bu nazrni qabul qildi. Shuningdek, Alloh taolo Bani Isroilda sodir boʻlgan gunohlar tufayli ularga mol bilan qoʻyning charvisini harom qilgan edi. Bu narsa Yaʼqub alayhissalomning shariatlarida taomlarning halol va haromligi, nazr atash kabi hukmlar kelganligini anglatadi.
Alloh taolo “Baqara” surasida aytadiki: “Aytinglar: “Allohga va bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub, asbotlarga tushirilgan narsaga, Musoga va Iysoga berilgan narsaga va nabiylarga Robbilaridan berilgan narsaga iymon keltirdik. Ularning orasidan birortasini farqlamasmiz va biz Unga musulmonlarmiz”. (136 oyat). Alloh taolo musulmonlarga, Allohga va Qurʼonga iymon keltiramiz, deb aytinglar, demoqda. Ayni chogʻda, Alloh taolo tomonidan boshqa Paygʻambarlarga tushirilgan narsalarga ham iymon keltiramiz, denglar. Jumladan, Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub alayhissalomlarga tushirilgan narsalarga iymon keltiramiz. Paygʻambarlarni birdek koʻrish, ularga birdek iymon keltirish va ularni teng eʼzozlab, hurmat qilish musulmon ummatining asosiy qoidasidir. Alloh taolo vahiy tushirib hamma paygʻambarlar uchun bir boʻlgan Islom dinini berganlar ichida Yaʼqub alayhissalom ham bor. Ushbu haqiqatni Alloh taolo “Baqara” surasidagi quyidagi oyatda taʼkidlaydi: “Yoki: “Albatta, Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub va asbotlar yahudiy va nasroniy boʻlgan”, deysizlarmi?! “Sizlar bilimdonroqmi yoki Allohmi?” degin. Huzuridagi Allohdan boʻlgan guvohlikni berkitgan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Va Alloh qilayotgan ishlaringizdan gʻofil emasdir”. (140 oyat). Yaʼqub alayhissalom oʻzlari musulmon boʻlishlari bilan kifoyalanib qolmadilar, balki ushbu Islom millatini mahkam tutishga vasiyat qildilar. Oʻsha vasiyat “Baqara” surasidagi quyidagi ikki oyatda keladi: “Ibrohim oʻsha (millat)ni bolalariga vasiyat qildi. Yaʼqub ham: “Ey bolalarim, albatta, Alloh sizlarga dinni tanladi, sizlar musulmon boʻlmasdan turib oʻlmassiz”, dedi. “Yoki Yaʼqubga oʻlim hozir boʻlib, u oʻz bolalariga: “Mendan keyin nimaga ibodat qilasizlar?” deganida, “Sening Ilohingga va otalaring Ibrohim, Ismoil va Isʼhoqlarning Ilohiga, yolgʻiz Ilohga ibodat qilamiz hamda biz unga musulmon boʻluvchimiz”, deganlarida guvoh boʻlganmisiz?!” (132 -133 oyatlar) Ular, yolgʻiz Ilohga ibodat qilamiz. Biz musulmon boʻluvchimiz, dedilar.
Yaʼqub alayhissalom oʻgʻillaridan biri Yusuf alayhissalom boʻlganlar. Yaʼqub alayhissalom oʻgʻillari Yusuf alayhissalomning yoʻqolishlaridan qattiq xafa boʻlganliklari sababli koʻzlari koʻrmay qolgan. Yusuf alayhissalom topilgandan keyin, akalari orqali otasi Yaʼqub alayhissalomga koʻylak berib yuboradilar. Yaʼqub alayhissalom oʻgʻli Yusuf alayhissalom berib yuborgan koʻylak bilan koʻzlarini artadilar. Allohning irodasi bilan ularning koʻzlari tuzaladi. Keyin, Yaʼqub alayhissalom oila aʼzolari bilan Yusuf alayhissalom istiqomat qilayotgan Misrga kelib yashay boshladilar. Oʻsha paytda Yaʼqub alayhissalom 130 yoshda edilar. Misrda 17 yil yashaganlaridan keyin u zot 147 yoshlarida vafot etdilar. Yaʼqub alayhissalom vafot etishlaridan oldin Yusuf alayhissalomga oʻzlarini otalari Isʼhoq alayhissalomning yonlariga dafn qilishni vasiyat qilgan edilar. U zot Xalildagi mashhur gʻor ichiga dafn qilindilar.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Xilol.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
5. Afzal Rafiqov – Paygʻambarlar tarixi. http://zamonaviy.com/
YAʼQUB ALAYHISSALOM — Audio

YAʼQUB ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page