ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

ISʼHOQ ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Isʼhoq alayhissalomning nomlari oʻn yettita oyatda zikr qilingan. Jumladan, u zot Baqara, Oli Imron, Niso, Anʼom, Hud, Yusuf, Ibrohim, Maryam, Anbiyo, Ankabut, as-Saffot va Sod suralarida zikr qilinganlar. Isʼhoq alayhissalomning otalari Ibrohim alayhissalom onalari Bibi Soradir. Isʼhoq alayhissalom otalari Ibrohim alayhissalom yuz yoshga, onalari Bibi Sora ham katta yoshga yetib qolganlarida Alloh taoloning inoyati ila tugʻilganlar. Alloh tomonidan, Lut alayhissalomning daʼvatlariga iymon keltirmasdan fahsh ishlar bilan shugʻullanishni davom ettirgan Sadum shahrining qavmi halok qilinishi uchun yuborilgan farishtalar yoʻl-yoʻlakay Ibrohim alayhissalomga farzand koʻrishlari haqidagi bashorat-xushxabarni yetkazish maqsadida avval Ibrohim alayhissalom huzurlariga borganlar. Qurʼoni karimning Vas-soffot surasida: “Yana, Biz unga solihlardan (boʻlgʻusi) Paygʻambar Isʼhoqning xush-xabarini berdik”. “Unga (Ibrohimga) ham, Isʼhoqqa ham barakot berdik. Ularning zurriyotidan ezgu amal qilguvchi ham, oʻziga aniq zulm qilguvchi ham boʻlur”. (112-113 oyat). Surada Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga yana bir oʻgʻil koʻrishlari, uning ismi Isʼhoq boʻlishi, u ham solihlardan, Paygʻambarlardan boʻlishi haqidagi xushxabar bayon etilgan. Shuningdek, Ibrohimga ham, Isʼhoqqa ham barakot berilgani, ularning naslidan Paygʻambarlar chiqishi, ikkovlarining zurriyotidan kim oʻsha Paygʻambarlarga ergashsa, ezgu amal qilishi, agarda kim ergashmasa, oʻziga-oʻzi zulm qilishi haqida aytilgan. Ibrohim alayhissalom oʻz oʻgʻillari Isʼhoq alayhissalomga ota tomon qarindoshlarning qizlariga uylanishni tayinlagan edilar. Shuning uchun Isʼhoq alayhissalom amakivachchalarining qizi Rifqaga uylangan ekanlar. Ular ikki oʻgʻil koʻrishdi. Biriga al-Iys, ikkinchisiga Yaʼqub deb ism qoʻyishgan. Yaʼqub alayhissalomdan Bani Isroil tarqaldi va u zotning sulolalaridan bashorat qilinganidek paygʻambarlar chiqdi. Isʼhoq alayhissalom oʻzlari yashab oʻtgan Falastin va Shom yerlaridagi Kanʼoniylarga paygʻambar boʻlganlar. Paygʻambarlarning ulugʻlari va koʻplari oʻtgan bu yerlarda u kishining Paygʻambarlik faoliyatlari haqidagi maʼlumotlar Qurʼoni Karimda zikr qilinmagan. Isʼhoq alayhissalomning ismi shariflari kelgan oyati kalimalarni oʻrganadigan boʻlsak u zotning zikrlari asosan boshqa paygʻambarlar, xususan otalari Ibrohim alayhissalom, akalari Ismoil alayhissalom va oʻgʻillari Yaʼqub alayhissalomlar bilan birgalikda keladi. Faqat birgina oyatda Isʼhoq alayhissalomning yolgʻiz ismlari kelgan, xolos. Unda ham otalari Ibrohim alayhissalomga ishora bor. Bu holatlarni oʻrganib chiqadigan boʻlsak, Ibrohim va Yaʼqub alayhissalomlar oʻz vaqtlaridagi katta paygʻambarlik shuhrati sababli bir oz kam zikr qilingan boʻlishi mumkin. Isʼhoq alayhissalom 180 yoshga kirib bu dunyoni tark etdilar. U zot Xalil shahri yaqinidagi otalari Ibrohim alayhissalom dafn qilingan gʻorga dafn qilindilar.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
ISʼHOQ ALAYHISSALOM — Audio

ISʼHOQ ALAYHISSALOM — VIDEO

Report Page