ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

LUT ALAYHISSALOM

Alloh taolo Lut alayhissalomning ismi shariflarini Qurʼoni Karimda 27-marta zikr qilgan. U zotga tegishli oyati kalimalar Hud, Hijr, Haj, Shuaro, Naml, Ankabut, Sod, Qof, Qamar, Tahrim, Anʼom, Aʼrof, Anbiyo va as-Saffot suralarida kelgan. Alloh paygʻambarlarining mashhurlaridan boʻlmish Lut alayhissalom Ibrohim alayhissalomning jiyanlari boʻlganlar. Lut alayhissalom Ibrohim alayhissalomga iymon keltirgan birinchi odam hisoblanadilar. Ulardan keyin Ibrohim alayhissalomga jufti halollari Bibi Sora iymon keltirganlar. Alloh taolo u zotni ham Ibrohim alayhissalomning vaqtlarida paygʻambar qilib yuborgan. Bu haqda “Ankabut surasida: “Bas, Lut unga iymon keltirdi va: “Albatta, men Rabbim (buyurgan tomon)ga hijrat qiluvchidirman. Albatta, Uning Oʻzigina qudrat va hikmat egasidir!” (26 oyat). Tafsirchi ulamolarimiz oyatdagi: “Albatta, men Rabbim (buyurgan tomon)ga hijrat qiluvchidirman”, jumlasini kim aytgani toʻgʻrisida ikki xil fikr bildirganlar. Baʼzilar, bu gapni Lut alayhissalom aytgan, desalar, koʻplari, Ibrohim alayhissalom aytgan, derlar. Nima boʻlganda ham, Allohga hijrat qilish, dunyodagi barcha narsani tashlab, Alloh taolo tomon intilish tuygʻusi Ibrohim alayhissalomda ham, Lut alayhissalomda ham kuchli boʻlgan. Hamma narsadan kechib, faqat Allohni deganlari uchun ham Alloh taolo ularga barcha yaxshiliklarni kutganlaridan ziyoda qilib bergan. Lut alayhissalom Alloh izni bilan Urdunning Oʻlik dengiz oʻrnidagi Sadum nomli shahar va uning atrofidagi aholi yashaydigan joylarda istiqomat qildilar va oʻsha yerlar aholisiga Paygʻambar etib yuborildilar. Lut alayhissalom paygʻambar boʻlib kelgan Sadum shahar aholisi dunyodagi eng yomon gunohlardan biriga mubtalo edilar. Lut alayhissalomning bosh vazifalaridan biri ularni qabih ishdan qaytarish boʻldi. Alloh taolo “Ankabut” surasida bu haqda quyidagilarni aytadi: “Lut oʻz qavmiga: “Albatta, sizlar shunday fahsh ishni qilmoqdasizlarki, sizlardan oldin olamlardan hech kim uni qilmagan” (28 oyat). Lut qavmiga, ular dunyoda hech kim sodir etmagan fahsh ishni qilishayotganini aytdi. Bunday darajaga yetgan odamlar darhol tavba qilib, oʻzlarini oʻnglamasalar, oqibati yomon boʻlishi aniq koʻrinib qolgan edi. Shuning uchun ham Lut alayhissalom qavmlarini yuqoridagi gaplar bilan bu yoʻldan qaytishga daʼvat qildilar. Tabiati buzilib, hirsga berilgan bu qavmga Paygʻambar Lut alayhissalomning daʼvati zarracha ham taʼsir qilmadi. Balki tugʻyonga ketgan qavm oʻz Paygʻambariga istehzo bilan, agar gaping rost boʻlsa, bizga Allohning azobini keltir, deyishdi. Bu hol Lut alayhissalom uchun katta sinov edi. Hirsga berilgan qavmning iymon va dinu diyonat bilan ham, Allohning amri va Paygʻambarning daʼvati bilan ham hech qanday ishi yoʻq edi. Ular qilayotgan gunohlari uchun azob kelishidan ham qoʻrqmay qoʻygan edilar. Ana oʻshanda Lut alayhissalomning Alloh taologa yolvorishdan boshqa choralari qolmadi. “(Shunda) u aytdi: “Ey Rabbim, bu buzgʻunchilar qavmi ustidan Oʻzing meni gʻolib qil!”, dedi”. (Ankabut surasi 30 oyat). Bu buzgʻunchi qavmga hech qanday nasihat, daʼvat foyda bermadi. Endi, ularga qarshi Allohning Oʻzi nusrat bermasa, boshqa iloj yoʻq edi. Alloh Lut alayhissalomning bu duolarini qabul etdi. Fahsh ishlar bilan shugʻullanuvchi qavmni halok qilish uchun farishtalarni yubordi. Oʻsha farishtalar yoʻl-yoʻlakay Ibrohim alayhissalomga farzand koʻrishlari haqidagi bashorat-xushxabarni yetkazish maqsadida avval Ibrohim alayhissalom huzurlariga keldilar. Elchilar Ibrohimga farzand koʻrishi haqidagi xushxabarni keltirishgach, Ibrohim alayhissalomga Lut qavmi istiqomat qiladigan Sadum shahrini ahli zulm qiluvchi boʻlganlari sababi ularni halok etishligini aytishdi. Ibrohim alayhissalom butunlay halokatga uchrashi lozim boʻlgan shaharda Lut alayhissalom bor-ku, sizlarga bari-birmi, halok qilaverasizlarmi, deb soʻradilar. Farishtalar buni tushungan holda, Sadum shahrida kim borligini yaxshi bilamiz. Jumladan, Lut borligini ham yaxshi bilamiz. Ey Ibrohim, sen uni oʻylab, bezovta boʻlma, biz, albatta, Lutga va uning ahliga, yaʼni, unga iymon keltirganlarga halokatdan najot beramiz. Magar uning xotini halok boʻlguvchilardan boʻladi dedilar. Ibrohim alayhissalom bilan boʻlgan suhbatdan soʻng farishtalar Lut alayhissalom tomon joʻnab ketdilar. Mazkur xushroʻy yigitlar shaklidagi farishtalar Ibrohim alayhissalomning huzurlariga qanday qilib mehmon shaklida kirib kelgan boʻlsalar Lut alayhissalomning huzurlariga ham shundoq holda kirib keldilar. Lut alayhissalomning Alloh yuborgan farishtalarni koʻrib xafa boʻldilar. Buning sababi bor edi. Avvalo, elchi-farishtalar navqiron, husnli yigitlar qiyofasida kelgan edilar. Qolaversa, Lut alayhissalom ularning elchi-farishtalar ekanidan hali-hanuz xabar topmagan edilar. Yosh va chiroyli mehmon yigitlarga jinoyatchi qavm tajovuz qilib, mezbon Lut alayhissalomni sharmanda etishlari mumkin edi. Shu sababli, Lut alayhissalom ularni koʻrib mahzun boʻldilar va yuraklari siqildi. Jinoyatchi qavm Lut alayhissalomning xonadonlariga yosh, xushroʻy yigitlar kelgani haqida xabar topib, Lut alayhissalomning uylariga yopirilib kelib mehmonlarni oʻzlariga topshirishni talab qildilar. Paygʻambar alayhissalom qavmni bu jinoiy maqsaddan qaytarishga koʻp urindilar, hech foyda bermadi. Shundan soʻng, elchilardan biri tashqariga chiqdi va baʼzi bir harakatlar qildi. Shunda Lut alayhissalomning uylariga yopirilib kelganlarning koʻzlari koʻr boʻlib qoldi va tumtaraqay boʻlib, kelgan joylariga qaytib ketish uchun yoʻl axtarib qolishdi. Bu holatni “Ankabut” surasida quyidagicha vasf qilinadi: “Qachonki, elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ular tufayli yuragi siqildi. Ular dedilar: “Qoʻrqma va gʻam chekma. Albatta, bizlar senga va ahlinga najot beruvchilardanmiz. Magar xotining qoluvchi (halok boʻluvchi)lardandir”, dedilar (33 oyat). Farishtalar shahar aholisi fosiqlik qilganlari tufayli osmondan azob tushirib hammasi halok boʻlishi, faqat Lut alayhissalom va unga ergashgan odamlar halokatdan qutqarilishi, halok boʻlguvchilar orasida uning xotini ham borligini aytishdi.
Bu ishga Allohning hukmi chiqqan edi. Soʻngra esa, farishtalar Lut alayhissalomga ahllarini olib, kechaning bir boʻlagida, bu diyorni tashlab chiqib ketishligi kerakligini aytdilar. Eʼtibor va mulohaza ila qaraladigan boʻlsa, koʻp halokatlar subh vaqtida yuz berishi maʼlum boʻladi. Bu paytni Alloh taolo barakali qilib qoʻygan. Lekin. gunohkor va kofir qavmlar kechasi bilan gunoh ishlarni qilib, ayni tong-subh chogʻida gʻaflat uyqusiga ketgan boʻladilar. Mazkur diyorning nomi Sadum boʻlib, rivoyatlarda kelishicha, Allohning amri ila farishtalar Sadumni borligicha koʻtarib chappa aylantirib qoʻyganlar. Yaʼni, yerning ostini ustiga aylantirib qoʻyganlar. Sadum butun aholisi va bor-yoʻgʻi ila yer ostiga koʻmilgan. Faqihlardan, Lut qavmining jinoyatini qilganlarni yotqizib turib ustidan devorni yiqitish kerak, deganlar va bu hukmlariga aynan shu holatni dalil qilib keltiradilar.
Alloh taolo yaratgan sof insoniy tabiatga tamoman zid ish qilgan bunday nobakorlarga bu ham oz. Jazodan qochishga harakat qilgan Sadum qavmini baʼzi nobakorlarini ustidan ketma-ket loyi qotib qolgan tosh yogʻdirilgan. Ulamolarimiz aytishlaricha, kim oʻlishi kerak boʻlsa, oʻsha odamning ismi yozilgan tosh unga tegib oʻldirar ekan. Mulohaza qilsak, bu qissada avvalgi qissalarga oʻxshab gap bevosita iymon haqida, Paygʻambar, unga kelgan ilohiy vahiyni inkor qilish va uning oqibatlari haqida bormaydi. Balki, iymonsizlik tufayli jamiyatda tarqaladigan ijtimoiy kasallik va uning oqibatlari haqida aytiladi. Bu kasallik ham iymonsizlik oqibatida, Allohning amriga, Paygʻambarining koʻrsatmalariga yurmaslik oqibatida kelib chiqqan edi. Alloh taolo ularni xohlagan paytda halok qilishi mumkinligini eslatib qoʻymoqda.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi.Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.

Report Page