ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

IBROHIM ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Ibrohim alayhissalomning muborak ismlari oltmish toʻqqiz marta zikr qilingan. Ibrohim alayhissalom Xalilur Rohman, Anbiyolar otasi, Ulul azm paygʻambarlarning biri, ham yahudiylik, ham nasroniylik, ham Islomda katta martaba sohibi bir zotdirlar. Ibrohim alayhissalom Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning katta bobolaridir.
Ibrohim alayhissalomning otalarining ismi Ozar boʻlgan, nasablari Nuh alayhissalomga yetib boradi. Ibrohim alayhissalomning kunyalari “Abuz Ziyfon” boʻlgan. Bu “mehmonlar otasi” degan maʼnoni anglatadi. Ibrohim alayhissalom Bobilda tavallud topganlar. Ibrohim alayhissalomning qavmlari, shu jumladan, otalari ham, oʻzlari yasab olgan jonsiz butlarga ibodat qilishar edi. Vaqti soati kelganda Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni paygʻambarlikka tanlab olgandan keyin, otasi va qavmi sigʻinayotgan haykallar hech narsa emasligini va ular ibodatga loyiqmasligini daʼvat qildilar. U kishining otalari ham, qavmlari ham nima uchun haykallarga sigʻinayotganlarini ularning oʻzlari ham tushunmasdi. Ular ota-bobolaridan koʻrib, haykallarga ibodat qilardilar. Daʼvatga quloq solmay, iymon keltirmagandan soʻng Ibrohim alayhissalom ularga va butlariga qarshi ayovsiz kurash olib borishlarini ochiq aytdilar. Tafsirchi ulamolarni keltirishlaricha, Ibrohim alayhissalomning qavmi bayram kunlarida bogʻlarga, saylgohlarga, oʻyin-kulgi va kayfu safo qilgani chiqishar edi. Chiqishdan oldin esa, soxta xudolari huzuriga turli meva-chevalar qoldirib ketishar edi. Oʻyin-kulgi va kayfu safodan keyin kelib, oʻsha taomlarni muborak taom sifatida qaytarib olishar edi. Shunday bayram kunlarining birida Ibrohim alayhissalom hamma butlarni parcha-parcha qilib tashladilar va eng katta butga tegmasdan qoldirdilar. Qavmlari bayramdan qaytib kelib, butlarini parchalangan holda koʻrib, dahshatga tushdi va Ibrohim alayhissalomga xudolarimizni parcha-parcha qilib tashlagan senmisan, dedilar. Ibrohim alayhissalom: “Yoʻq, bu ishni oʻsha xudolaringizning kattasi qildi, hamma kichik xudolarni sindirib tashlab, oʻzi butun qoldi. Agar menga ishonmasangizlar, gapira olsa, uni oʻzidan soʻrab koʻringlar“, dedilar. Aqlsiz qavmga bu gap yoqmadi. Oʻsha vaqtda Bobilga Namrud ismli mustabid, zolim podshoh hukmdorlik qilar edi. U oʻzini Xudo deb eʼlon qilgan edi. Podshoh Ibrohimni jazolash uchun katta gulxan yoqib, gulxanga otishga amr berdi. Xullas, mushriklar katta gulxan yoqib, Ibrohim alayhissalomni oʻsha gulxanga otdilar. Allohni amri bilan olov Ibrohim alayhissalomga salqin boʻldi, salomatlik boʻldi va unga hech qanday ozor yoki zarar yetmadi. Podshoh Namrud esa Alloh tomonidan bosh ogʻrigʻi kasaliga duchor boʻldi qiynalib, azob chekib oʻlgan.
Ibrohim alayhissalom Alloh uchun vatanini, ahlini, yaqinlarini, manfaatlarini butunlay tashlab ketishga qaror qildi. Sof niyatini tushunmagan nobakor qavmdan, eski, oʻzlari oʻrganib qolgan odatlarni tark etishni xohlamayotgan zolim shaxslardan voz kechishni xohladi. Faqat Alloh bilan qolish, faqat Allohdangina yordam soʻrash va faqat Alloh aytganidek yashashni ixtiyor qildi. Ibrohim alayhissalom Bibi Sora bilan Misrga hijrat qilgan vaqtlarida u yerning podshohi ularga Hojar ismli choriyani sovgʻa qildi. Bibi Hojar Ibrohim alayhissalomdan homilador boʻlib Ismoilni tugʻdilar. Oʻsha vaqtda Ibrohim alayhissalom 86 yoshda edilar. Alloh taolo iroda qilgan hikmatga binoan Bibi Soraning rashklari qoʻzidi. Ish oxiri borib Bibi Hojarni goʻdagi bilan boshqa tomonga olib borib qoʻyishga kelishildi. Ibrohim alayhissalom yoʻl yurib, hozirgi Kaʼbai Muazzamaning oʻrniga Bibi Hojar bilan goʻdak Ismoilni qoldirib ortlariga qaytdilar. Maʼlum bir joyga yetib, Alloh taologa iltijo ila quyidagi duoni qildilar: “Ey Robbimiz, haqiqatda, men oʻz zurriyotimdan, Sening Baytul Haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz, namozni toʻkis ado etishlari uchun. Bas, Oʻzing odamlardan baʼzilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad shukr qilsalar”. (Ibrohim surasi 37 oyat). Alloh taolo Ibrohim alayhissalomning bu duolarini qabul etdi. Mazkur yurtni, Harami Sharifni omonlik yurti qilib qoʻydi. Uning omonligiga tahdid soladiganlarni halok qildi. U yerdagilar Allohga ibodatni toʻgʻri qilib, namozni toʻkis ado etganlarida, omonlikka qoʻshib toʻqchilikni ham berdi. Musulmon boʻlgan odamlar qalbini oʻsha tomonga talpinib turadigan etib qoʻydi. U joy aholisini, yerlarida hech narsa oʻsmasligiga qaramasdan, turli mevalar bilan rizqlantirib qoʻydi. Ibrohim alayhissalom har zamonda kelib oilalaridan xabar olib turdilar. Ismoil oʻsib, ulgʻayib oʻn uch yoshga toʻlganida, Ibrohim alayhissalom tushlarida oʻgʻilni soʻyishni koʻrdilar. Ota tushini Allohning amri deb qabul qildi. Chunki Paygʻambarlarning tushi vahiydir. Bir marta emas, bir necha bor koʻrdi, shuning uchun ham jigarbandiga: “Seni soʻyayotganimni koʻrmoqdaman”, dedi. Bu ish Alloh uchun hijrat qilgan odamga katta sinov edi. Umr boʻyi dinu-diyonat yoʻlida turli sinovlardan oʻtib kelgan shaxsga yana bir bor ulkan sinov roʻbaroʻ boʻldi. Qariganida topgan gulday jigargoʻshasini, endigina yoniga kirib, oʻzi bilan birga yuradigan boʻlganda, oʻz qoʻli bilan soʻyishi kerak edi. Ismoil otasi Ibrohim alayhissalomning bu ishini oʻziga xos bosiqlik, xotirjamlik va ishonch bilan qabul qilib oldi. Ikkilanmadi, qanday boʻlar ekan, deb oʻylab oʻtirmadi, qutulish uchun chora izlamadi. Ha, bu nafaqat otaning oʻziga, balki bolasiga ham sinov edi. Ota uzoq umri davomida koʻpgina sinovlardan oʻtgan. Oʻgʻil esa, endi birinchi bor jiddiy sinovga roʻbaroʻ boʻlayotgan edi. Shu bilan birga, oʻgʻil Alloh taolo u tugʻilishidan oldin xabar berib qoʻyganidek halim oʻgʻil edi. Har qanday ogʻirlikni ham chidam bilan qarshi olishga tayyor farzand edi. Shunday boʻldi ham. Ey otajon! Senga meni soʻyish amr qilingan boʻlsa, meni soʻy, men Alloh xohlasa, sabr etaman, sabr qilguvchi bandalardan boʻlishga harakat qilaman, dedi. Naqadar buyuk jasorat! Naqadar ulkan odob! Naqadar Allohning amriga ajoyib itoat! Soʻyish vaqtida koʻz koʻzga tushmasin deb bolajonini yerga qaratib yotqizib, uni soʻyishga shaylanib, boʻyniga pichoq tortayotgan bir paytda. Allohning maqsadi Ismoilning qonini oqizish boʻlmagani uchun pichoq oʻtmadi. Shunda Ismoil alayhissalomning oʻrniga soʻyish uchun jannatdan katta bir qoʻchqorni ato etdi. Ibrohim alayhissalom oʻsha qoʻchqorni qurbonlikka soʻydi. Bu ishlar Minoda — hozir musulmon hojilar qurbonlik soʻyadigan joyda boʻlib oʻtdi. Ibrohimga oʻgʻlini qurbonlikka soʻyish amri ochiq-oydin sinovning ayni oʻzidir, boshqa narsa emasdir. Bu sinovdan u yaxshi oʻtdi. Uning oʻgʻli salomat qoldi.
Ibrohim alayhissalom oʻgʻliga “Alloh menga mana shu yerga uy qurishni buyurdi”, deb kichik tepalik va uning atrofini koʻrsatdi. Ana oʻshanda Baytullohning poydevorini koʻtara boshladilar. Oʻgʻil tosh tashirdilar, ota qurardilar”. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga faqat Baytullohni qurish sharafinigina bermadi. Balki uni qurishdan asosiy maqsad boʻlgan haj ibodatini yoʻlga qoʻyishdek buyuk baxtni ham ayni oʻsha zotga ravo koʻrdi. Hatto Kaʼbai Muazzamani qayerga qurishni ham Alloh taoloning Oʻzi belgilab bergan. Belgilab berganda ham, Oʻzining Paygʻambari Ibrohim alayhissalomga belgilab bergan. Ibrohim alayhissalom oʻgʻillari Ismoil alayhissalom bilan Alloh taoloning amriga muvofiq koʻrsatilgan joyga Baytullohni qurib bitirganlar.
Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga Ismoildan boshqa, zurriyotlaridan paygʻambarlar chiqadigan Isʼhoq ismli oʻgʻil farzand berdi. Ibrohim alayhissalom 175-yil umr koʻrganlaridan soʻng bu dunyoni tark etdilar. U zotni oila aʼzolari al-Makfiyla nomli gʻorga, zavjalari Bibi Soraning yonlariga dafn qildilar. U joy hozirda Falastinning Xalil shahridadir.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
IBROHIM ALAYHISSALOM — Audio

IBROHIM ALAYHISSALOM — VIDEO


Report Page