ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

HUD ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Hud alayhissalomning nomlari yetti marta zikr qilingan. U zotning qissalari Aʼrof, Shuaro, Zariyat kabi suralarda kelgan.
Qurʼoni Karimning butun boshli bir surasi u zotning nomlari bilan atalib “Hud surasi” nomini olgan. Shuningdek, boshqa bir sura u kishining yashagan yerlari ismi ila “Ahqof” deb atalgan. Ushbu paygʻambar alayhissalomning toʻliq ismlari Hud ibn Abdulloh ibn Raboh ibn al-Xalud ibn Od. U zotning nasablari Nuh alayhissalomning Som ismli oʻgʻillariga borib taqaladi. Hud alayhissalomning qavmlari u kishining katta bobolari Od nomi bilan ataladi. Od qavmi Boida arablardan hisoblanadi. Arablar uchga boʻlinadi. Boida, Oida va Mustaʼraba. Boida arablar eng qadimgi arablardandir. Boida soʻzining maʼnosi oʻtib, tugab ketgan deganidir. Od qavmi ham oʻsha arablardandir. Od qavmi ham ikkiga boʻlinadi. Birinchi Od va ikkinchi Od. Hud qavmi birinchi Oddir. Bu qavm dengiz boʻyida, koʻchib yuruvchi qumliklar ichidagi Ahqof nomli joyda, Yaman, Ummon va Hazaramavt oʻrtasidagi makonda yashab oʻtganlar. Ular baland boʻyli, keng yelkali kishilar boʻlib, haybatli chodirlarda yashaganlar. Shuning uchun ham Od qavmi oʻz zamonasidagi eng quvvatli kishilar deb talqin qilinadi. Ular doimo “Qani bizdan ham kuchli odamlar bormi?” deb maqtanib yurishar edi. Ularning gavdalari katta boʻlsa-da, aqllari past edi. Doimo but va sanamlarga sigʻinib, ularning himoyasi uchun urushib yurishardi. Alloh taolo ularni hidoyatga boshlash uchun oʻzlaridan boʻlgan Hud alayhissalomni Paygʻambar qilib tanladi. Alloh taolo bu haqda “Aʼrof” surasida quyidagilarni marhamat qiladi: “Od (qavmiga)ga ularning birodari Hudni (elchi qilib yubordik). (U) dedi: “Ey qavmim! Allohga sigʻiningiz! Sizlarga Undan oʻzga iloh yoʻqdir. (Allohdan) qoʻrqmaysizlarmi?!” dedi. (65 oyat). Hud alayhissalom ham qavmlariga, xuddi Nuh alayhissalom kabi, Allohga ibodat qilish zarurligini, Allohdan oʻzga ibodatga loyiq zot yoʻqligini tushuntirdilar. Avvalgilari Nuh alayhissalomga “sen zalolatdasan”, degan edilar. Bu johil qavm oldingilardan ham oʻtib tushib, Hud alayhissalomga: “biz seni esi pastlikda koʻrib turibmiz va, albatta, biz seni yolgʻonchilardan deb bilamiz” deyishdi. Hud alayhissalom oʻz qavmlarini yoʻlga solish maqsadida turli choralar koʻrib borish jarayonida, ularga Alloh taolo bergan neʼmatlarni ham eslatdilar: “Sizlar har bir tepalikka oʻyin-kulgi uchun bir belgi (baland binolar) quraverasizlarmi? Goʻyo mangu yashaysiz, deb qasrlarni solavera-sizlarmi?!” dedi. (Shuaro surasi 128-129 oyatlar). Od qavmi baland qasrlar qurgan. Arab tilida “masnaʼlar” deyiladi, hozirgi vaqtda zavod-fabrikalar maʼnosida ishlatilmoqda. Qadimda, albatta, hozirgidek inshootlar boʻlmagan. Shuning uchun ham qadimgi tafsirlarimizda bu soʻzga baland qasrlar, suv omborlari, baland qoʻrgʻonlar maʼnosi berilgan. Od qavmi ulkan qasrlar qurish, togʻlarni oʻyib ishlash va boshqa faxr uchun koʻtaradigan binolarida foydalanadigan asbob-uskunalarni ishlab chiqarganlar. Od qavmi besh kunlik dunyo matohiga berildilar. Ular hashamat, faxr va bir-birlaridan oʻzish uchun bekordan-bekorga ulkan qasrlar, turli kerakli keraksiz inshootlar bino qildilar. Shunday ishlarga berilib ketib, Allohni unutdilar va turli yomonliklarga qoʻl urdilar. Jumladan, kuch-quvvatlari ila boshqalarga zulm oʻtkazdilar. Hud alayhissalom agar Alloh sizga nima ila madad berganini unutgan boʻlsangiz, esingizga solay. “U sizlarni chorva hayvonlari va oʻgʻillar bilan qoʻlladi, bogʻlar va buloqlar bilan ham”. (Shuaro surasi 133-134 oyatlar). Hud alayhissalomning toshni ham eritib yuboradigan bu soʻzlari Od qavmiga taʼsir qilmadi. Hud alayhissalom ularni tavba qilishga chaqirib ham koʻrdilar. Ammo bu ish ham foyda bermadi. Bu haqda “Hud” surasida quyidagi bayonlar keladi: Hud: “Ey qavmim! Rabbingizdan magʻfirat (kechirim) soʻrangiz, soʻngra Unga tavba qilingiz, shunda U osmondan (yomgʻir) yogʻdirar va quvvatingizga quvvat qoʻshar. Jinoyatchi boʻlib ketmangizlar”,-dedi. (52 oyat). Hud alayhissalomning bu daʼvatlariga Od qavmi sarkashlik qilib, qoʻpollik bilan, jinni boʻlibsan, degan soʻzni boshqacharoq qilib aytishdi. Ulardagi ruhiy va maʼnaviy buzuqlik shu darajaga borib yetgan edi. Hud alayhissalomning ham qattiqroq gapirishdan, ularni ojiz qoldirishga urinishdan oʻzga choralari qolmadi: “Albatta, men Allohni guvoh qilaman. Mening Paygʻambarligimga Allohning Oʻzi guvoh. Men Xudoning Oʻziga soldim. Agar yolgʻonchi boʻlsam, meni jazolaydi. Siz gunohkor boʻlsangiz, unda sizni jazolaydi. Lekin hozir orani ochiq qilib olaylik, men sizlarga bir haqiqatni aytib qoʻyay: “siz ham guvoh boʻlingki, men sherik keltirayotganingizdan pokman”. Allohdan oʻzga narsalarni sherik keltirishingizga mening daxlim yoʻq. Men shirkka qarshi kurashib, sizlarni tavhidga daʼvat qilish uchun Paygʻambar boʻlib kelgan edim. Sizlar mening daʼvatimni qabul qilmay, mushrikligingizcha qoldingiz. Endi sizlar bilan oramiz uzildi. Agar, men sizlarning nasabingizdan, irqingizdan, qabilangizdan boʻlsam ham, oramizda aloqa qolmadi. Chunki asosiy aloqa rishtasi boʻlmish iymonni sizlar tutmadingiz”,-dedi. Alloh vaʼda qilingan azobni Od qavmiga yuborib, Hud alayhissalomni va u bilan birga iymon keltirgan moʻminlarni bu azobdan qutqarib qoldi. Rivoyatlarda kelishicha, Od qavmi qattiq issiqqa duchor boʻlgan, uch yil yomgʻir yogʻmay, qurgʻoqchilik va issiq taʼsiridan havo tandirga aylanganda, qavm boshliqlari Qiyn ismli odamni vakil qilib yuborishibdi. U Muoviya ibn Bakirning oldiga boribdi va huzurida bir oy mehmon boʻlibdi. Aroq ichib, joriyalardan qoʻshiqlar eshitibdi. Bir oy oʻtgandan soʻng Muhra togʻiga chiqib, duo qilib: “Ey bor xudoyo! Oʻzing bilasan, men bir kasalni davolagani kelganim yoʻq yoki bir asirni ozod qilganim ham yoʻq. Ey bor xudoyo! Od qavmini Oʻzing serob qiladigan narsa ila serob qilgin”, -debdi. Shunda uning tepasidan bir qancha qora bulutlar oʻta boshlabdi va ulardan: “Tanlab ol”, degan ovoz chiqibdi. U bir qora bulutga ishora qilibdi. Shunda: “Ol oʻshani”,- degan nido kelibdi. Bulut Od qabilasi tomon kelayotganini koʻrgan qavm, endi qurgʻoqchilikdan qutulamiz ekan, deb xursand boʻldilar. Lekin, bu ular orziqib kutayotgan yomgʻir olib keluvchi bulut emas, balki, Alloh tomonidan ularga beriladigan alamli azobni oʻz ichiga olgan boʻron edi. Darhaqiqat yetti kecha-yu, sakkiz kunduz davom etgan sovuq boʻron Od qavmini halok qildi. Boʻrondan soʻng maskanlardan (uylardan) boshqa hech narsa qolmadi. Qavmning hammasi halok boʻldi. Har doim Alloh taolo jinoyatchi qavmlarni shunday jazolaydi. Ammo insonlar biroz shoshadilar, xolos. Alloh taolo Od qavmini ana shundoq tarzda halok qilgandan soʻng, Hud alayhissalom Hazaramavtda oʻz hayotlarini davom etdilar. U zot vafot etganlarida Hazaramavtning Tiriym nomli shahriga yaqin joyga dafn etildilar.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
HUD ALAYHISSALOM - Audio

HUD ALAYHISSALOM - VIDEO

Report Page