ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

NUH ALAYHISSALOM.

Qurʼoni Karimda nomlari koʻp zikr qilingan paygʻambarlardan biri Nuh alayhissalomdirlar. U zot kalomi ilohiyda qirq uch joyda esga olinganlar. Nuh alayhissalomning qissalari Qurʼoni Karimning bir qancha suralarida mufassal ravishda tilga olingandir. Jumladan, Aʼrof, Hud, Moʻminun, Shuaro va Qamar suralarida. Buning ustiga kalomi sharifning butun bir boshli surasi U zotga atalib, “Nuh” surasi nomini olgan. Idris alayhissalom Nuh alayhissalomga katta bobo boʻladilar. U kishining otalarining ismi Lomak, bobolarining ismi Mutushlaxdir. Odam alayhissalom bilan Nuh alayhissalom oʻrtalarida ming yil boʻlgan.
Alloh taolo Odam atoni jannatdan yerga tushirgach, uning zurriyotiga baraka berdi. Ular tezda koʻpayib ketdilar, kasb oʻrgandilar. Ular Odam atoga kelgan dinga eʼtiqod qilib, yagona Allohga ibodat qilishar edi. Odam avlodini xayrli ishlardan qaytarishga ont ichgan shayton bu holga toqat qila olmadi. Ularni shirkka chaqirishga, but-sanamlarga ibodat qildirishga urina boshladi. Odam atoning dastlabki avlodlari ichida Allohdan qoʻrqadigan, taqvodor, solih kishilar bor edi. Ularni atrofidagilar yaxshi koʻrishar, hurmat qilishardi. Vaqt-soati yetib, ular olamdan oʻtganlaridan soʻng shayton qolgan kishilar orasida vasvasa qilib: “Agar sizlar vafot etgan solih kishilarni haqiqatda yaxshi koʻrsalaringiz va eslab turishni xohlasalaringiz, suratlarini chizib qoʻying, ertayu-kech nazar solib turasizlar”, dedi. Odamlarga bu gap yoqib tushdi. Avval boshda suratga qarab ularni eslab turishdi, soʻngra suratlar oʻrniga haykallar qilib, ibodatxona va uylarga qoʻyishdi. Ular bu haykallar hech kimga foyda ham zarar ham keltira olmasligini yaxshi bilishar edi. Lekin solih kishilarning barakasi deb haykallarni hurmat qilishardi. Vaqt oʻtishi bilan haykallarning soni ham, izzat-ikromi ham ortib boraverdi. Qaysi solih kishi vafot etsa, unga haykal qoʻyadigan boʻlishdi. Oxir-oqibatda kishilar haykallarga sajda qiladigan, ulardan yordam soʻraydigan va qurbonlik ataydigan boʻlib qolishdi. Shundoq qilib, haykallar but-sanamlarga aylandi. Odamlar ularni xudo darajasiga koʻtarib, ularga eʼtiqod bilan ibodat qila boshladilar.
Alloh taolo Nuh alayhissalomni Paygʻambar qilib tanladi. Nuh karamli, solih, aqlli, halim, toʻgʻri soʻz, omonatli, mehribon odam edi.
Nuh alayhissalom Kufa shahri oʻrnidagi yerlarda yashagan ekanlar, ana oʻsha yer aholisiga Paygʻambar qilib yuborilganlar. Baʼzi hurmatli ulamolar, Nuh alayhissalom Arabiston yarim oroliga Paygʻambar etib yuborilgan, degan fikrni bildirishgan. Nuh alayhissalom “anbiyolarning shayxi” deb ham ataladilar. Chunki, Nuh alayhissalom “Ulul Azm” (azamat va sabot sohibi) besh Paygʻambarning biridirlar. Alloh taolo Paygʻambar Nuh alayhissalomni “qavmingni ularga alamli azob kelishidan avval ogohlantirgin”, deb yubordi.
Nuh alayhissalom bu amri ilohiyni bajarishga kirishdilar.
Nuh alayhissalom uzoq vaqt va turli holat va sharoitlarda daʼvat olib borganlar. Ammo Nuh alayhissalom ularga tushuntirishlariga qaramay, qavmi uni yolgʻonchiga chiqardi. Bu holat misli koʻrilmagan darajada uzoq davom etdi.
Allohning Paygʻambari Nuh alayhissalom turli yoʻllar bilan toʻqqiz yuz ellik yil daʼvat qilsalar ham, ozgina odamdan boshqa hech kim iymonga kelmadi. Ularning iymonga kelishiga hech qanday umid qolmagandan soʻng Nuh alayhissalom duoibad qilishga jumladan: “Ey Robbim, shubhasiz, qavmim meni yolgʻonchi qildilar. Bas, Oʻzing men bilan ularning oramizni yaxshilab ochgin va menga hamda men bilan birga boʻlgan moʻminlarga najot bergin” (117-118 oyatlar) deyishga majbur boʻldilar.
Alloh taolo Nuh alayhissalomning bu duolarini qabul qildi.
“Va Nuhga: “Qavmingdan avval iymon keltirganlardan boshqa hech kim iymon keltirmas va ularning qilmishlaridan qaygʻuga tushmagin.
Bizning rivoyatimiz va vahiymiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar toʻgʻrisida Menga gap ochmagin, albatta, ular gʻarq boʻlguvchilardir”, deb vahiy qildik”. (Hud surasi 36-37 oyatlar). “U(kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingni ol, magar avval soʻz ketganni (olma) va iymon keltirganlarni ham ol”, dedik. U bilan birga iymon keltirganlar juda oz edi”. (Hud surasi 40 oyat) Toʻfon dahshatli tus olib kelardi. Nuh alayhissalom va sheriklari najot kemasiga minganlaridan soʻng, u kema ularni togʻlardek boʻlib mavj urayotgan toʻlqinlar ustida olib keta boshladi. Shu payt Nuh alayhissalom oʻgʻillardan birining bir chetda ajralib turganini koʻrdilar. Dahshatli toʻfondan-da otalik mehrlari ustun kelib: “bir chetda turgan oʻgʻliga: “Ey oʻgʻlim, biz bilan birga mingin, kofirlar bilan birga boʻlmagin”, dedi”. Ammo oqpadar oʻgʻil, yoshlik gʻururi ila javob berib: “U (oʻgʻil): “Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi”, dedi. U esa: “Bugun Allohning amridan saqlovchi yoʻqdir. Magar kimni rahm qilsagina (saqlar)”, dedi. Shunda oralarini toʻlqin toʻsdi va u (oʻgʻil) gʻarq boʻlganlardan boʻldi”. (Hud surasi 43 oyat)
Vaqti-soati yetib, toʻfon tinchidi. Dunyoni sukunat bosdi.
“Ey yer, suvingni yutgin, ey osmon, oʻzingni tutgin”, deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (togʻi)ga joylashdi. Hamda “Zolim qavmlar yoʻqolsin!” deyildi”. (Hud surasi 44 oyat) Hozir u togʻ bugungi Turkiya hududlarida ekani sobit boʻldi. Tarixchilar taʼkidlashlaricha Nuh alayhissalom bilan najot kemasida sakson kishi oʻz oilalari bilan boʻlgan. Ular kemada bir yuz ellik kun boʻlganlar. Nuh alayhissalom mustaqil shariat ila kelgan birinchi paygʻambar boʻldilar. Nuh alayhissalom shirkdan ogohlantirgan birinchi paygʻambar boʻldilar. Nuh alayhissalom paygʻambarlarning shayxi nomini olganlar. Nuh alayhissalom eng koʻp umr koʻrgan inson va paygʻambardirlar. U zot tarixchilarning taʼkidlashlaricha Makkai Mukarramada, masjidul haromning yaqiniga dafn qilinganlar.
Manba 
www.islom.uz
Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi 2001-yil. Abdulaziz Mansur 
NUH ALAYHISSALOM - Audio

NUH ALAYHISSALOM - VIDEO

Report Page