ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

ODAM ALAYHISSALOM

Birinchi inson va birinchi Paygʻambar boʻlmish Odam alayhissalomning yaratilishlari qissasi Baqara surasida quyidagicha bayon etiladi: Robbing farishtalarga: “Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman”, dedi. Ular: “Unda fasod qiladigan, qon toʻkadigan kimsani qilmoqchimisan? Va holbuki, biz Senga tasbih, hamd aytib va Seni ulugʻlab turibmiz”, dedilar. Ammo Allohning ilmi boshqa, farishtalar buni bilmaydilar. Alloh taolo farishtalarning eʼtirozlariga qaramay, “Insonni sopolga oʻxshash qurigan loydan yaratdi”. (Rohman surasi 14 oyat). Bu oyatda “insonni” deganda Odam ato nazarda tutilyapti. “Qurigan loy” deb tarjima qilgan iboramiz oyatda “solsol” deb kelgan. Solsol deb loyning qotib, chertsa ovoz chiqaradigan boʻlib qolgan holiga aytiladi. Ilmiy tajribalardan isbotlanishcha, tuproqda qanday moddalar boʻlsa, inson jismida ham oʻsha moddalar bor ekan. Tuproqda karbon, kislorod, fosfor, gugurt, azot, kalsiy, xlor, temir, mis, yod, alyumin kabi yigirma xil modda bor boʻlsa, xuddi shu moddalar inson jismida ham bor. Tuproqdan borliqning eng ulkan moʻjizalardan biri boʻlgan insonni, uning fikri, ruhi, his-tuygʻulari, asablari va hozirgacha insonning oʻzi ham tushunib yetmagan ajoyibotlari bilan kim yarata oladi? Bu ishni faqat qudratli Allohgina qilishi mumkin. Alloh taolo odamni Oʻzining yer yuzidagi xalifasi qilayotgan paytda unga ulugʻ bir sirni bergan. U ham boʻlsa, ismlarning barchasini oʻrgatishidir. Yaʼni, inson oʻzini oʻrab turgan barcha ashyolarning belgisi sifatida ismni, maʼnoni ishlatadi. His qilinadigan, jismga ega boʻlgan narsalarni fahmlash uchun nutqiy ramzlarni ishlatish qudrati inson hayotida eng ulugʻ qudratlardan biri hisoblanadi. Aks holda, birovga togʻni tushuntirmoqchi boʻlsang, uni togʻning oldiga olib borib, aylantirib koʻrsatishdan oʻzga chora boʻlmasdi. Agar Alloh taolo insonga ushbu qobiliyatni bermaganida, yer yuzida hayotni tasavvur qilish qiyin boʻlar edi. Rivoyatlarda kelishicha, buning ismi ot, bunisi tuya, manavi quyosh, bu esa yulduz, deb hatto kichkina narsalargacha oʻrgatilgan. Yaʼni, odamning yer yuzida xalifa boʻlishining asosiy sabablardan biri — ilm olishga isteʼdodining borligidir. Shunda Alloh taolo Oʻzining yer yuzidagi xalifasi — odamning fazlini izhor qilish uchun: “Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini aytib ber”, dedi. Ularga oʻsha narsalarning ismlarini aytib berdi. Odamning fazli farishtalar koʻz oldida namoyon boʻlgandan keyin Alloh taolo farishtalarga quyidagi farmonni berdi: “Esla, farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar!” deganimizni. Bas, sajda qildilar, magar Iblis bosh tortdi, mutakabbirlik qildi va kofirlardan boʻldi”. (Baqara 34 oyat). Farishtalarga sajda qilishni buyurib, Alloh Odamga ulkan martaba ato etdi. Ammo bu sajda ibodat uchun emas, balki Odamni — Allohning ulugʻ ijodini tabriklash maʼnosida edi. Farishtalar darhol sajda qildilar, chunki ularning fitratida Allohning amriga isyon qilish xususiyati yoʻq. Faqat Iblis sajda qilmadi. Iblisning dilidagi marazi tiliga chiqdi. “U: “Men undan yaxshiman. Meni olovdan yaratgansan. Uni loydan yaratgansan”, dedi”. Bu javobdan Odamga Alloh taolo tomonidan berilgan martabaga Iblis hasad qilib, kufrga ketgani bilinadi. Shunda: “U zot: “Sen undan chiq! Bas, albatta, sen quvilgansan. Va, albatta, senga jazo kunigacha mening laʼnatim boʻlgay”, dedi”. Iblis Alloh taologa yolvorib, odamlar qayta tiriltiriladigan qiyomat kunigacha bu dunyoda turishga muhlat soʻradi. Alloh taoloning Oʻziga maʼlum hikmat yuzasidan Iblisga oʻsha kungacha muhlat berildi. “U: “Sening izzating ila qasamki, men ularning barchasini igʻvo qilaman. Magar ulardan tanlangan bandalaringgina (igʻvoga uchmas)”, dedi”. Insonni shaytonning igʻvosidan saqlovchi qalqon uning Allohga ixlos bilan ibodat qilishidir. Allohga ixlos bilan ibodat qilmaganlar esa, Iblisning igʻvosiga uchrashi turgan gap. Keyin Alloh taolo Odamning qovurgʻasidan uning jufti Havoni yaratdi. “Va: “Ey Odam, sen oʻz jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh boʻlsin va mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan boʻlasizlar”, dedik”. (Baqara surasi 35 oyat). Alloh taoloning insonga baʼzi narsalarni man qilishi — irodani mustahkamlash uchundir. Agar man qilish boʻlmasa, inson bilan hayvonning orasida farq qolmaydi. Inson oʻziga jon, aql, ilm bergan Allohga ahdu paymon qilgan, oʻsha ahdu paymonga vafo qilishi uchun unga sabr-matonat, iroda kerak, bu narsalar esa, man qilish bilan hosil boʻladi. Shayton oʻziga zulm qilgani yetmay, oʻzining Alloh taoloning amridan chiqqani yetmay Odam bilan Havoni ham Alloh taoloning amridan chiqishga chorlay boshladi. “Bas, shayton ikkovlarining berkitilgan avratlarini ochish uchun ularni vasvasa qildi va: “Robbingiz sizni ushbu daraxtdan faqat ikkovingiz farishta boʻlmasligingiz yoki abadiy qolmasligingiz uchungina man qildi”, dedi”. (Aʼrof surasi 20 oyat). Ikkovlari daraxtdan tatib koʻrishganda, avratlari oʻzlariga koʻrinib qoldi va oʻzlariga jannat barglaridan toʻsiq toʻqiy boshladilar. Shunda Robbilari ularga nido qilib: “Sizlarni ana oʻsha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!” dedi”. (Aʼrof surasi 22 oyat). Shayton maqsadiga yetdi. Nishonga bexato urdi. Ammo Odam bilan Havo oʻzlarini Iblis alayhi laʼna kabi tutmadilar, ikkovlari darhol gunohlariga iqror boʻldilar va: “Ikkovlari: “Ey Robbimiz, biz oʻzimizga zulm qildik. Agar Sen bizni magʻfirat qilmasang va bizga rahm qilmasang, albatta, ziyon koʻrganlardan boʻlamiz”, dedilar. (Aʼrof surasi 23 oyat). Ular, Iblis alayhi laʼna kabi, gunoh qilib qoʻyib, yana takabburlik bilan bahona axtarib, oʻzlarini oqlash va daʼvo qilishga zoʻr bermadilar. Balki najot yoʻlini ixtiyor qildilar. Oqibat natija ikki xil boʻlib chiqdi. Shayton laʼnatga giriftor boʻldi. Inson rahmatga erishdi. Shunday qilib, har ikkovining ham haqiqiy tabiati yuzaga chiqdi. Xususiyatlari namoyon boʻldi. Shundan soʻng Alloh taolo Odam, Havo va Iblisga xitob qilib: “U zot: “Bir-biringizga dushman boʻlgan holingizda tushinglar. Sizlarga yer yuzida qarorgoh bor va maʼlum vaqtgacha foydalanish bor”, dedi. U zot: “Unda hayot kechirasizlar, unda oʻlasizlar va undan qayta chiqarilasizlar”, dedi”. (Aʼrof surasi 24-25 oyat). Alloh taolo Odam, Havo va Iblisni jannatdan yer yuziga tushishga amr qildi. Oʻsha jannat qayerda edi, qanday edi, kabi savollar va ularga javoblar gʻoyat koʻp boʻlgan. Agar oʻsha jannatning qayerda ekanini, unda shayton alayhi laʼna qay holda Odam ato bilan Momo Havoga qutqu solganini aynan bilish musulmonlarga manfaatli boʻlganida, Alloh taoloning Oʻzi bundan ogoh etar yoxud izlab topishga amr qilar edi. Alloh taolo bunday qilmadi. Demak, uni topishga urinishning hech qanday hojati yoʻq. Odam shaytonning vasvasasiga uchib, Alloh oldida gunohkor boʻldi. Soʻngra tavba qilib, Allohga iltijo etdi. Demak, Odamning asl tabiatida yaxshilik ham, yomonlik ham bor. Yaxshilik yoʻlini tutsa, Allohning amriga boʻysunib, shaytondan yuz buradi. Yomonlikni ishga solsa, shaytonning yoʻlidan yuradi. Qiyomatgacha shunday boʻlib qolaveradi. Shunday boʻlmogʻi muqarrar. Qayta tirilganlarida yer yuzida qilgan amallari evaziga mukofot yoxud jazo oladilar, jannat yoki doʻzaxga doxil boʻladilar. Allohning amri ila yer yuziga tushganlaridan keyin Odam ato va Momo Havo koʻplab farzandlar koʻrdilar. Rivoyatlarda kelishicha Momo Havo har safar bir oʻgʻil, bir qiz tugʻar edilar. Oʻsha paytdagi imkonlar hisobga olinib, birinchi juftlikdagi oʻgʻil qizlar ikkinchi juftlikdagilar bilan oila qurishlari mumkin edi. Shundoq tariqa ila odam zoti koʻpayib bordi. Qurʼoni Karimda Odam atoning vafotlari haqida gap yoʻq. Bu haqda tarixchilar oʻz mulohaza va ilmiy izlanishlarining natijalarini quyidagicha bayon qiladilar. Odam ato ming yil yashab, soʻngra vafot etdilar. U kishi oʻzlari jannatdan birinchi tushgan yerlari, Hindistondagi togʻ yaqiniga dafn qilindilar. Boshqa bir gaplarga qaraganda Makkai Mukarramadagi Abu Qubays togʻiga dafn qilinganlar. U kishini yuvish, kafanlash, janozalarini oʻqish, qabrlarini qazish va dafn qilish ishlarini farishtalar amalga oshirganlar. 
Manba 
www.islom.uz
Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi 2001-yil. Abdulaziz Mansur 
ODAM ALAYHISSALOM - Audio

ODAM ALAYHISSALOM - VIDEO

Report Page