ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
NAJMIDDIN KUBRO (1145-YIL -1221-YIL)
Musulmon olamidagi eng zabardast mutasavvuf donishmandlardan biri buyuk vatandoshimiz shayx Najmiddin Kubrodir.
Abul-Jannob va Tomatul Kubro laqablariga sazovor boʻlgan tasavvufning Kubraviya silsilasining asoschisi Najmiddin Kubroning toʻliq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiydir. Hijriy oltinchi va yettinchi asrlarda yashagan Najmiddin Roziy, Majiddin Bagʻdodiy, Saʼdiddin Hamaviy, Sayfiddin Bahorziy va Bahovuddin Valad kabi siymolar u kishining murid va shogirdlari boʻlgan.
Ahmad ibn Umar Abul-Jannob Najmiddin Kubro 540 hijriy yilda Xorazmning Xivaq shahrida dunyoga keladi.
Abdurahmon Jomiy oʻzining “Nafahot-ul-uns” asarida yozishicha, Najmiddin bolalik paytidayoq ilm istab Misrga ravona boʻladi. Misrda Ruzbehon Vazzon al-Misriy (vafoti 584/1188) degan olim dargohida taʼlim oladi. Al-Misriy esa, oʻz navbatida, mashhur mutasavvuf donishmand Abu Najib as-Suxravardiydan taʼlim olgan edi. Ruzbehon uni oʻz oʻgʻlidek yaxshi koʻrib, alohida mehr bilan tarbiya qiladi, hatto qizini nikohlab berib, oʻziga kuyov qilib oladi.
Ammo ilmga chanqoq Najmiddin Kubro koʻp oʻtmay Tabrizga borib, u yerdagi Imom Abu Mansur Hafda degan donishmanddan islomiy ilmlarni oʻrganadi va Tabrizda shayx Bobo Faraj, Ammor Yasir, Ismoil Kasriy kabi ulkan mutasavvuf donishmandlardan tasavvufga oid koʻpgina zohiriy, botiniy ilmlarni ham egallaydi. U kishi shayx Ismoil Kasriy qoʻlida tasavvufiy xirqapush darajasiga yetib, ul hazratning oq fotihasini oladi. Soʻngra Misrdagi ustozi va qaynatasi Ruzbehon maslahati bilan oʻz vatani — Xorazmga qaytib kelib, xonaqoh quradi va shogirdlar tarbiyasiga katta eʼtibor beradi, “Kubraviya” tariqatiga asos soladi. Bu tariqat taʼlimoti hadis va shariatga asoslangan boʻlib, oʻz davrida Xuroson, Movarounnahr, Hindiston va boshqa musulmon mamlakatlari xalqlari orasida keng tarqaladi. Mazkur tariqat solihlari orasida zikrni ovoz chiqarmasdan (xufiya) ijro qilish usuli joriy boʻlgan.
Ali Akbar Dehxudoning mashhur “Lugʻatnoma”sida keltirilishicha, “u kishining Kubro deb atalishlariga sabab shuki, behad ziyrakliklari va tuganmas zakovatlari tufayli har qanday muammoli masalani soʻralganda hal qilib berar edilar va har kim u kishi bilan bahs-munozara qilsa, gʻolib chiqar edilar”.
Shuningdek, u kishini Tomatul Kubro, yaʼni buyuk balo va qazolarning oldini oluvchi, xaloskor deb ham atashgan. Abul-Jannob deb atalishlariga sabab esa, u kishining dunyoviy ikir-chikirlardan uzoq turganliklaridir. Ul zotni “Valitarosh” (valiylarni parvarishlab yetishtiruvchi) deb ham atashgan. Chunki umrlari davomida oʻn ikki kishini oʻz muridliklariga qabul qilganlar va ularning barchasini shayx darajasiga yetkazganlar. Ular qatorida mashhur shayxlardan Farididdin Attorning otasi Majididdin Bagʻdodiy (vafoti 1219) va Jaloliddin Rumiyning otasi Bahovuddin Valad, Najmiddin Doya Roziy, Saʼdiddin Hamaviy, Sayfiddin Bahorziy va boshqalar bor.
Najmiddin Kubroning Xorazmdagi soʻnggi hayoti oʻta ogʻir, shiddatli va murakkab sharoitda kechadi. Bu davrda Turon oʻlkasidagi Xorazm, Shosh, Buxoro va Samarqand hukmdorlarining noahilligi, tang nazarligi tufayli moʻgʻullarning Turkistonga qilayotgan hamlalari kuchayib, Chingizxon lashkarboshilari Movarounnahrdagi yirik shaharlarni birin-ketin beayov bosib olishga muvaffaq boʻlgan. 1221-yilning jumodi ul-avval (iyul) oyida Chingizxon lashkarboshilaridan biri Xulaguxon oʻzining yosh oʻgʻli, tumonat lashkari bilan Urganch qalʼasini oʻrab oladi. Urganch shahri qamal ichida qolib, aholi nihoyatda ogʻir sharoitda azob chekayotgan bir asnoda munkillab qolgan, yetmishdan oshgan Najmiddin Kubro xalq orasidan lashkar toʻplab, qoʻlida qurol bilan moʻgʻul bosqinchilariga qarshi shiddatli jangga kirib, shahid boʻlgan. Jangdan keyin, u kishining jasadini darhol topisha olmagan. Chunki ul zot qiyma-qiyma qilib tashlangan edi. Shahid boʻlganliklari haqidagi maʼlumotni hijriy 710 (1311) yilda yozilgan Rashiddiddin Fazlillohning “Jomeat ul-tavorix” (“Tarixlar toʻplami”) asarida uchratamiz.
Chingizxon shayx Najmiddin Kubroning mashhurliklarini eshitgan boʻlganligidan Xorazmga hujum qilish oldidan, u kishiga chopar yuborib, “Men Xorazmni zab qilmoqchiman, shuning uchun Sizdek ulugʻvor shaxsni u yerdan ketib, bizga qoʻshilishingizni soʻrayman”, degan. Ammo shayx unga javoban: “Men yetmish yil umrim davomida xorazmliklar bilan turmushning achchiq-chuchugini birga tortganman. Endi ular boshiga balo-qazolar yogʻilayotgan paytda qochsam muruvvatdan boʻlmaydi”, degan. Bu voqea hijriy 618 (1221) yilda roʻy bergan. Bu haqdagi maʼlumot “Tarixi guzida” (“Tanlangan tarix”), Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, keyinchalik esa, “Ravzat ul-safo”, “Habib us-siyar” va boshqa mashhur tarixiy kitoblarda uchraydi.
Najmiddin Kubro bir necha ilmiy asarlar va ruboiylar yozgan. Ulardan asosiylari “Favoʻih al-Jamol va favotih al-Jalol”, “al-Usul al-ashara”, “Risolat al-Xoʻif al-xaʼim min laumon al-laʼim” va boshqalardir. Bu asarlar arab mamlakatlari va Turkiyada bosib chiqarilgan. Uning arab tilida yozgan “Risolatun odob ul-zokirin” (“Zikr aytuvchilar odobi haqidagi risola”) asarining Abdurahmon Jomiyning shogirdi Abdul Gʻofur Loriy tomonidan fors tiliga qilingan tarjimasi bizgacha yetib kelgan va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida № 503-X raqami ostida saqlanmoqda. Bu asarning asli nomi arabcha “Al-Usul al-ashara” (“oʻn usul” yoki “oʻn asos”) deb ataladi. Turkiyada ushbu asar turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.
Najmiddin Kubro shahid boʻlgandan soʻng, uning taʼlimotini shogirdlari davom ettirib, Markaziy Osiyo Kubraviya maktabini vujudga keltirdilar.
Najmiddin Kubro taʼlimoti butun musulmon Sharqi mamlakatlarida keng tarqagan boʻlib, hozirda ham uning koʻrinishlarini uchratish mumkin.
Shunday qilib, Najmiddin Kubro tasavvuf taʼlimotining rivoji va butun musulmon Sharqida keng tarqalishida katta rol oʻynadi. Uning nomi islom olamida mashhur boʻldi.
Manba: ziyouz.uz

Report Page