ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
BAHOVUDDIN NAQSHBAND (1318-YIL-1389-YIL)
Islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri, naqshbandiya tariqatining asoschisi Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshband 1318-yili Buxoro yonidagi Qasri Hinduvon qishlogʻida tugʻildi. Keyinchalik Hazrat Naqshband sharofati bilan bu qishloq “Qasri Orifon” deb atala boshladi.
Xalq orasida Bahovuddin, Bahovuddinjon, Xoja Bahovuddin, Bahovuddin Balogardon, Balogardon, Xoʻjayi Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur bu zotning asl ismi Muhammaddir. Manbalarda u kishining otasi ham, bobosi ham Muhammad ismida boʻlgani qayd etiladi. Bahovuddin Naqshbandning nasabi ota tarafdan Hazrat Aliga, ona tarafdan hazrat Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi. Xojalar avlodidan boʻlgani uchun uning nomi oldiga xoja qoʻshish rasm boʻlgan. Yoshligida otasi bilan birga kimxobga naqsh solgan, shu hunari sababli Naqshband laqabi bilan mashhur boʻlgan. Oʻsha davrda matolarga naqsh ishlagan, naqsh solingan koʻylaklar yoki naqshli gilamlar toʻqigan kasb egalari naqshband deyilgan. “Bahovuddin” soʻzi “Dinning nuri” degan maʼnoni anglatadi. Bu Xoja Naqshbandga keyinchalik berilgan faxrli unvondir.
Bahovuddin Naqshband bir necha pirdan tarbiyasini olgan. Birinchi piri – Xoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa shayx bu yosh muridini tarbiyalashni oʻrinbosarlaridan boʻlmish Amir Sayyid Kulolga topshiradi. U tariqat bobida bilganlarini oʻrgatib boʻlganidan keyin shogirdiga ijozat beradi. Bahovuddin ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan boʻlmish Qusam shayx oldiga, Naxshab, yaʼni hozirgi Qarshiga boradi. Uch oy undan taʼlim oladi. Bahovuddinning bu pirga ixlosi baland boʻlgan, ayni chogʻda Qusam shayx ham uni oʻz oʻgʻlidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi.
Bahovuddin Naqshbandning umri asosan Buxoro va uning atrofidagi qishloqlarda oʻtgan. Gʻaribona hayot kechirgan, faqat oʻz mehnati bilan kun koʻrgan. Oʻz taʼlimotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abdulxoliq Gʻijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Taʼlimoti asosida: “Dil – ba yoru, dast – ba kor” (“Koʻngil Allohda boʻlsinu, qoʻl ish bilan band boʻlaversin”), degan shior yotadi. Tasavvufdagi har qanday tariqat kabi, xojagon-naqshbandiya tariqati ham oʻz gʻoyalari, tartib-qoidalari va odoblarini shakllantirishda juda qadim rishtalardan suv ichgan. Ammo tariqatning butun mohiyatini uning bosh shiori boʻlmish: “Dil -ba yoru, dast - ba kor” hikmati hamda yana oʻn bir qoida belgilab beradi. Bu qoidalar “rashhalar”, yaʼni “tomchilar” deb yuritilgan. Rashhalar Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy va Bahovuddin Naqshband taraflaridan asoslangan.
XV asrda koʻplab olimu fozillar, davlat arboblari, qalam ahli Naqshbandiya taʼlimotidan keng foydalandi, undan maʼnaviy-ruhiy kuch oldi. Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) davrida, undan keyingi XVI -XVII asrlarda bu jarayon ancha tezlashadi. XVI asrda naqshbandiya tariqatining mashhur shayxi Xoja Muhammad al-Boqiy Kobuliy (vafoti 1605) Hindistonga borgandan soʻng naqshbandiya Hind tuprogʻida ham keng tarqaldi.
Bahouddin Naqshband hazratlari 1389-yil Qasri Orifonda vafot etgan.
Manba: https://hidoyat.uz/22835

Report Page