ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
AHMAD YASSAVIY (1041-YIL-1166-YIL)
Islom dini paydo boʻlgandan soʻng uning doirasida, Qurʼon va Hadis ahkomiga mos ravishda paydo boʻlgan tasavvuf taʼlimoti X-XI asrlarga kelib Movarounnahrda ham keng tarqala boshladi.
Tasavvuf - Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlarining maʼnaviy hayoti tarixidagi eng murakkab, oʻzaro ziddiyatlarga toʻlib-toshgan va muhim hodisalardan biri boʻlib, uning uchun dunyo boyliklaridan va nozu- neʼmatlaridan voz kechish, Alloh vasliga yetmak uchun pok, halol, oʻz mehnati ila yashash, ixtiyoriy ravishdagi faqirlik xarakterli xususiyatlardan hisoblangan.
Markaziy Osiyoda tasavvuf taʼlimotining paydo boʻlishi Yusuf Hamadoniy (1048-1140) nomi bilan bogʻliqdir. Yusuf Hamadoniy Marv va Buxoroda madrasalar qurdirib, koʻplab shogirdlar tayyorladi. Buxorodagi shogirdlari orasida Hasan Andoqiy, Abdullo Baraqiy, Ahmad Yassaviy va Abduxoliq Gʻijduvoniy alohida ajralib turardi. Keyinroq bu toʻrt isteʼdodli shogird Hamadoniy maktabini muvaffaqiyat bilan davom ettirdilar.
“Yassaviya”, “Naqshbandiya” tariqatlari Hamadoniy taʼlimoti asosida shakllandi.
XII asrda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan ilk tasavvuf tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy 1041-yilda Sayramda, Shayx Ibrohim oilasida dunyoga kelgan. Uning vafot etgan vaqti koʻpgina qoʻlyozma manbalarda hijriy 562 (1166/67) yil deb yozilgan. Ahmad yoshligida onasidan, soʻng otasidan ajraladi. Uni bobosi Arslonbob tarbiyalab voyaga yetkazadi. Ahmad dastlabki taʼlimotini Yassida mashhur olim Shahobiddin Isfijobiydan oladi. Soʻngra bobosi Arslonbob koʻrsatmasi bilan Buxoroga borib Yusuf Hamadoniydan taʼlim oladi. Ahmad Yassaviyning oʻzi, ustoz Yusuf Hamadoniyning huzuriga 23 yoshida borganini va ul Hazratning tarbiyasiga noil boʻlganligini aytgan. U yerda tasavvufdan taʼlim olib, soʻng oʻz yurti Turkistonga qaytadi, oʻz taʼlimotini targʻib etib shogird va muridlar tayyorlay boshlaydi.
Rivoyatlarga koʻra, Yassaviy 63 ga (Paygʻambar yoshiga) yetgach, yer ostida hujra yasatib, “chilla”ga kirgan, qolgan umrini toat-ibodat qilib, qimmatli hikmatlar yozib yer ostida oʻtkazgan. Bir rivoyatga koʻra, u 125-yil, boshqa rivoyatga qaraganda, 133-yil umr koʻrgan.
Yassaviy madaniyatimiz tarixida ilk turkiyzabon mutasavvuf shoir sifatida maʼlumdir. Uning tasavvufni targʻib etuvchi turkiy tilda yozilgan sheʼrlari xalqqa yaqinligi, ohangdorligi bilan tezda mashhur boʻlib ketdi.
Alisher Navoiy iborasi bilan aytganda, “Turkiston mulkining ulugʻ Shayx-ul-mashoyixi” Hazrati Xoja Ahmad Yassaviy juda koʻp mutasavvuf donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan.
Tasavvufdagi barcha yirik tariqatlarda boʻlganidek, “Yassaviya” tariqatining ham oʻziga xos muayyan qoidalari (odobi) boʻlib, bu taʼlimotdagi soliqlar quyidagi qoidalarga amal qilishlari majbur boʻlgan: 1) Murid hech kimsani oʻz piridan afzal koʻrmasligi, unga doimo hurmat izhor qilmogʻi lozim; 2) Murid shunchalik zukko va idrokli boʻlishi kerakki, to oʻz shayxining ishoralarini mukammal anglay olsin; 3) Shayxning barcha soʻzlari va ishlariga murid sodiq boʻlmogʻi lozim; 4) Murid oʻz pirining barcha topshiriqlarini chaqqonlik bilan sidqidildan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmogʻi zarur: 5) Murid oʻz soʻziga sodiq, vaʼdasiga vafodor murshidi koʻnglida hech qanday shubha tugʻdirmasligi zarur; 6) Murid oʻz soʻzida ustuvor turmogʻi lozim; 7) Murid oʻz ixtiyoridagi barcha mol-mulkini oʻz shayxiga nisor etmoq uchun doimo tayyor turmogʻi lozim; 8) Murid oʻz murshidining barcha sir-asrorlaridan ogoh boʻlib, uning oshkor qilishni hech vaqt xayoliga keltirmasligi kerak; 9) Murid oʻz shayxining barcha takliflarini nazarda tutib, uning mushkilotini oson qilmogʻi, nasihatlariga amal keltirmogʻi shart; 10) Murid oʻz Shayxining doʻstiga- doʻst, dushmaniga -dushman boʻlib yashamogʻi shart.
“Yassaviya” tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari boʻlmish “Hikmat”da mufassal bayon etilgan. XII asrdagi turkiyzabon sheʼriyatning ajoyib namunasi boʻlgan, keyingi davrlardagi turkiy adabiyotga katta taʼsir koʻrsatgan “Hikmat” asarida “Yassaviya” taʼlimotidagi poklik, halollik, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, oʻz qoʻl kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yoʻlida Insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilgʻor umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.
Yassaviy ham oʻzining piri buzrukvori Shayx Yusuf Hamadoniyga oʻxshab mol-dunyo toʻplashga mutlaqo qiziqmaganini, kambagʻalparvar va gʻaribparvar boʻlib yashaganligini uning baʼzi bir hikmatlaridan ham bilsa boʻladi. Mol-dunyoga, boylikka va davlat orttirishga mukkasidan ketgan, xasis va ochofat kishilarni Yassaviy beayov tanqid qiladi:
Beshak biling bu dunyo barcha xalqdan oʻtaro,
Ishonmagʻil molingga, bir kun qoʻldan ketaro,
Oto, ono, qarindosh qayon ketdi, fikr qil,
Toʻrt oyoqlik choʻbin ot bir kun sango yetaro.
Darhaqiqat, Xoja Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyodagi ilk tasavvuf tariqati- “Yassaviya”ning asoschisi, nafaqat Xuroson va Mavorounnahr, balki turkiyzabon xalqlarning maʼnaviy tarixida maʼlum boʻlgan, mutasavvuf donishmand, insonparvar shoir hisoblanadi.
Manba: ziyouz.uz

Report Page