ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
AHMAD AL-FARGʻONIY (797-YIL -865-YIL)
Oʻrta asrlarda yashagan Markaziy osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf al-Fargʻoniy salmoqli oʻrin egallaydi.
Olimning toʻliq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniydir.
Al-Fargʻoniy Fargʻona vodiysining Qubo (Quva) qishlogʻida tugʻilgan. Shunisi maʼlumki, al-Fargʻoniy xalifa Xorun ar-Rashidning sharqiy yerlaridagi muovini, oʻgʻli Abdullohning (boʻlajak xalifa al-Maʼmunning) Marvdagi olimlari doirasiga kirgan.
Xalifa Xorun ar-Rashid 809-yili Tusda toʻsatdan vafot etadi va uning vasiyatiga koʻra Bagʻdodda taxtga katta oʻgʻli — Muhammad al-Amin nomi bilan oʻtiradi. Saroydagi xurosonlik ayonlar esa Abdullohni taxtni qoʻlga olishga daʼvat etadilar. 811-yildan 813-yilgacha aka-uka Muhammad va Abdulloh oʻrtasida taxt uchun olib borilgan kurash Abdullohning gʻalabasi bilan tugaydi va Muhammad qatl qilinadi. Oʻsha yili Abdulloh taxtga al-Maʼmun nomi bilan oʻtiradi. Lekin u Bagʻdodga bormay 819-yilga qadar Marvda yashaydi. Natijada, Marv 813-yildan to 819-yilgacha xalifalikning vaqtincha poytaxti boʻlib turadi. 819-yili al-Maʼmun butun saroy ayonlari va ulamolari bilan birga Bagʻdodga koʻchadi. Ular orasida al-Fargʻoniy ham bor edi.
Al-Fargʻoniyning 861-yili Qohira yaqinidagi Ravzo orolida nilometrni, yaʼni Nil daryosi suvi sathini belgilovchi uskunani yasagan yoki taʼmirlagan. Biroq al-Fargʻoniy qanday qilib va qanday sharoitda Misrga borib qolgani haqida ham aniq maʼlumot yoʻq.
Maʼlumki, al-Maʼmun Marvdan Bagʻdodga nafaqat olimlarni, balki gʻulomlari boʻlmish turk askarlarini ham olib kelgan edi. Bagʻdodga kelishi bilan u maʼlum maʼnoda lashkarni turklashtirdi: ana shu turk askarlaridan lashkarboshilar tayinladi. Turk gʻulomlaridan biri buxorolik Toʻlunni xalifa Suriya, Falastin va Misrdagi lashkarlarning amiri etib tayinladi. Uning oʻgʻli Ahmad esa Suriya va Misrni mustaqil deb eʼlon qilib, Toʻluniylar sulolasiga asos soldi. Al- Fargʻoniy Toʻlunning yaqin odami yoki uning saroy ahli doirasidagi kishilardan biri boʻlganligi taxmin qilinadi. Bu holda al-Fargʻoniyning Misrda paydo boʻlganidan ajablanmasa ham boʻladi.
Al-Fargʻoniy hayotining muddati haqida ham qiyoslar qilish mumkin. Agar uning hayotini al-Xorazmiyning hayoti bilan qiyos qilsak, quyidagi xulosaga kelamiz. Maʼlumki, al-Xorazmiyning nomi yozma manbalarda oxirgi marta 847-yili xalifa al-Vosiqning oʻlimi munosabati bilan eslatiladi va shundan soʻng uchramaydi. Shunga koʻra, uning oʻlgan yili deb 850-yil qabul qilingan. Al-Fargʻoniyning nomi oxirgi marta 861-yili Nilning sathini oʻlchagich uskunasini taʼmirlash munosabati bilan eslanadi.
Al-Fargʻoniyning asosiy astronomik asari “Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi” (“Kitob al-harakat as-samoviya va javomiʼ ilm an-nujum”) XII asrda Ovroʻpoda lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Ovroʻpo tillariga ham tarjima qilinganidan soʻng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida Gʻarbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Ovroʻpo universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini oʻtadi. Al-Fargʻoniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-yilda nashr etilgan boʻlib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669-yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius al-Fargʻoniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan soʻng, al-Fargʻoniy va uning asarining Ovroʻpodagi shuhrati yana-da ortdi. Ovroʻpo Uygʻonish davrining buyuk namoyandalaridan biri boʻlgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan maʼruzalarni al-Fargʻoniy kitoblaridan oʻqigan. Al-Fargʻoniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII asr) ham eslagan. Ovroʻpo olimlaridan Dalambr, Brokelman, X. Zuter, I. Yu. Krachkovskiy, A. P. Yushkevich va B. A. Rozenfeldlar al-Fargʻoniyning ijodini yuqori baholaganlar.
Hozirgi kunda al-Fargʻoniyning sakkiz asari maʼlum boʻlib, ularning hammasi astronomiyaga. Ular quyidagilardir: yuqorida tilga olingan asar, odatda uni “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomi bilan ham atashadi — qoʻlyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. “Asturlob yasash haqida kitob” — qoʻlyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron qutubxonalarida, “Asturlob bilan amal qilish haqida kitob” — birgina qoʻlyozmasi Rampurda (Hindiston), “Al-Fargʻoniy jadvallari” —qoʻlyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida boʻlish vaqtlarini aniqlash haqida risola” — qoʻlyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida” — qoʻlyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” — qoʻlyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi.
Al-Fargʻoniyning bu roʻyxat boshidagi ikki asaridan boshqalari hali hech kim tomonidan oʻrganilmagan. Shubhasiz, ular oʻrganilib tahlil qilinishi bilan al-Fargʻoniy ijodining yangi qirralari ochiladi va olimning oʻrta asrlarda, undan keyin Sharq va Gʻarbda bu qadar mashhur boʻlishi sabablari ham ayon boʻladi. Aytganimizdek, mazkur asarlarning birinchisi lotin tiliga bir necha marta tarjima qilingan. Bu tarjimalarning barchasida al-Fargʻoniy ismi lotinchada “Alfraganus” shaklida yozilib, shu shaklda fanga abadiy kirib qoldi.
Al-Fargʻoniyning bu asari astronomiyadan eng sodda darslik boʻlib, unda murakkab geometrik shakllar va matematik formulalar, hisoblashlar keltirilmagan. Bu esa astronomiyadan boshlangʻich maʼlumotlarni oʻzlashtirishni ancha osonlashtirgan. Balki buyuk Regiomontan asarning shu xususiyatini anglab, oʻzining universitetlardagi maʼruzalari uchun qoʻllanma sifatida al-Fargʻoniyning ana shu asarini tanlagandir.
Shunday qilib, buyuk ajdodimizning bu asari Ovroʻpo Uygʻonish davridagi va undan ancha keyingi davrdagi madaniyat rivojida sezilarli rol oʻynadi.
Al-Fargʻoniyning nomi al-Xorazmiy kabi butun Sharq va Gʻarbda mashhurdir. Oʻrta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olim sifatida manbalarda, soʻnggi Gʻarb va Sharq mualliflari asarlarida, oʻz yurti Oʻzbekistonda, ayniqsa, zoʻr gʻurur va iftixor bilan tilga olinadi, oʻrganiladi, hozirgi kunda koʻchalar, oʻquv yurtlariga uning nomi berilgan. 1998-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan allomaning 1200-yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.
Manba: ziyouz.uz

Report Page