ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
MAYKL HART: 100 NAFAR ENG BUYUK TARIXIY SHAXS.  
ISO ALAYHISSALOM
Iso alayhissalom qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri. Islomda Muhammad (sav)dan oldingi paygʻambar sifatida alohida eʼzozlanadi. Qurʼon Karimda Iso alayhissalomning ismlari yigirma toʻrt marta zikr qilingan. U zot haqlarida Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Аnʼom, Maryam, Аhzob, Shuro, Zuxruf, Hadid va Sof suralarida oyatlar kelgan. Iso alayhissalomga Injil nozil qilingan. Hazrat Iso alayhissalom uch yil paygʻambarlik qila oldilar. Yoshliklarida Falastindan ketib, oʻttiz yoshlarigacha Misrda turgan edilar. Falastin choʻllarida Аlloh tomonidan u Zotga yuborilgan dinni yashirincha yoyishni boshlagan dastlabki yillari yahudiylar Iso alayhissalomni tan olishmasdi. Iso alayhissalomga faqatgina oʻn ikki baliqchi ishonib ergashdi. Bular “havoriylar” deyiladi. Havoriylardan Yuda Shamʼun (Yahudo, Isxaryoti) Isoga xiyonat qiladi. U yahudiylardan olgan pora evaziga Isoning yashiringan joylarini ularga aytib beradi. Isoni oʻldirish maqsadida kelgan yahudiylar koʻzlariga Iso alayhissalom boʻlib koʻringan sotqin Yudaning oʻzini tutib olishadi va xochga mixlashadi.
Iso Paygʻambar (Idris a.s. kabi) oliy maqomga koʻtarildilar. Havoriylar esa taʼqib ostiga olindi. Ular juda ozchilik edi. Buning ustiga ikki tomonlama − ham yahudiylarning, ham butparastlarning zulmi ostida qolishdi. Shu bois hammalari har tomonga tarqalib ketishdi va natijada Iso alayhissalomga vahiy boʻlgan haqiqiy Injil toʻplanmadi, saqlab qolinmadi.
Oʻrniga Isoning hayotlariga doir bir necha kitoblar yozildi va bu kitoblarga “Injil”deyildi. Shu tariqa yozilgan kitoblarning soni juda ham koʻpayib ketdi. Bu kitoblardagi maʼlumotlar bir-biriga mos kelmasdi. Keyinchalik kitoblar ichidan mazmunan bir-biriga ancha yaqin koʻrilgan toʻrttasi tanlab olindi. Bu toʻrt “Injil” Iso diniga oid muqaddas din kitobi boʻlishdan ham koʻra, koʻproq cherkov tarixi edi. Bu “Injillar” havoriylardan Matto, Yuhanno va ularning talabalari Luka va Markoslar tomonidan yozilgan.
Xristianlikda Iso alayhissalom Iisus Xristos nomi bilan yuritilib, xristianlik asoschisi hisoblanadi (“Xristos” soʻzi yunoncha boʻlib, oʻzbek tilida “xaloskor” maʼnosini anglatadi). Iso alayhissalomdan keyin Iso dini (yaʼni xristianlik) oʻz qiyofasini tamomila oʻzgartirdi. Uning ichiga qadimgi yunonlarning va qadimgi rimliklarning butparastlik gʻoyalari qoʻshilib ketdi. Hind va qadimgi Misrning “taslis” deb ataluvchi “uch tangri” eʼtiqodi kirdi. Xullas, asl ilohiy din botil eʼtiqodga aylandi-qoldi.
Holbuki, Iso alayhissalom paygʻambarlik davrlarida oʻrgatgan dinda butun olamlarning yaratuvchisi yakkayu yagona Аlloh haqida gapirgan edilar. Xristianlikda esa bu gʻoya uchga “aylantirib yuborildi”.
Imomov Xurshid

Report Page