ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
Zahiriddin Muhammad Bobur
(1483-yil-1530-yil)
Zahiriddin Muhammad Bobur oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari boʻlib, «Mubayyin» (“Bayon etilgan”), “Xatti Boburiy”, “Harb ishi”, Aruz haqidagi risolalari, Islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda, Fargʻona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Bu davrda Markaziy Osiyo va Xurosonda turli hokimlar, aka-ukalar, togʻa-jiyanlar, amakivachchalar oʻrtasida hokimiyat-ulugʻ bobolari Amir Temur tuzgan yirik davlatga egalik qilish uchun kurash nihoyat keskinlashgan edi.
Adabiyot, nafis sanʼat, tabiat goʻzalligiga yoshligidan mehr qoʻygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa choʻzilmadi. 1494-yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi oʻrniga Fargʻona ulusining hokimi etib koʻtarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻldi.
Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga - Fargʻona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qildi va oʻzi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirgʻinbarotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qoʻli baland keldi va Bobur Samarqandni tashlab ketishga majbur boʻldi. 1504-yili Shayboniyxon Andijonni ham qoʻlga kiritgandan soʻng Bobur janubga qarab yoʻl oldi va Qobul ulusida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi. 1505-1515-yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib koʻrdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi.
Soʻng oʻz mavqeyini yana-da mustahkamlash maqsadida, 1519-1525-yillar davomida Hindistonni qoʻlga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. 1526-yil aprel oyida Panipatda Hindiston sultoni Ibrohim Loʻdi bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan boʻlgan janglarda Boburning qoʻli baland keldi. Tarixiy maʼlumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi gʻalaba Boburga Hindistonda oʻz hukmronligini uzil-kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300-yildan ortiq hukmronlik qildi.
Bobur bu gʻalabadan keyin uzoq yashamadi - 1530-yil dekabr oyida Agra shahrida vafot etdi va keyinroq uning vasiyatiga koʻra farzandlari uning xokini Qobulga olib kelib dafn etdilar.
Qisqa vaqt ichida Bobur Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, Hindiston yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, bogʻ-rogʻlar yaratish ishlariga homiylik qildi. Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur boʻlgan meʼmoriy yodgorliklar, bogʻlar, kutubxonalar, karvonsaroylar qurdirish, ayniqsa, uning oʻgʻillari va avlodlari davrida keng miqyosga yoyildi. Hindiston sanʼati va meʼmorchiligiga Markaziy Osiyo uslubining kirib kelishi sezila boshladi. Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida oʻsha davrning ilgʻor va zehni oʻtkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy-ruhiy muhit vujudga keldi. Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida Javaharlaʼl Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.
Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bir qatorda oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va yuqorida zikr etilgan asarlarini yaratdi. Boburning butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma”dir. Maʼlumki, unda Bobur yashagan davr oraligʻida Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan. Asar asosan uch qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismi - XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni, ikkinchi qismi - XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Qobul ulusi, yaʼni Afgʻonistonda roʻy bergan voqealarni; uchinchi qismi - XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. “Boburnoma”da oʻsha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilinar ekan, oʻz yurti Fargʻona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Oʻsh, Urganch, Oʻra-tepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar keltirilgan. Unda Qobul ulusining yirik shaharlari Qobul, Gʻazna va ular ixtiyoridagi koʻpdan-koʻp tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston haqida maʼlumotlarni uchratish mumkin.
“Boburnoma”ni varaqlarkanmiz, koʻz oldimizdan Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston xalqlariga xos boʻlgan fazilat va nuqsonlar, ularning tafakkur olamini kengligi va murakkabligi bilan birga, oʻsha davrdagi hayot muammolari, Bobur davlatidagi siyosiy va ijtimoiy hayotning toʻliq manzarasi namoyon boʻladi. “Boburnoma”da keltirilgan bu tarzdagi maʼlumotlar Bobur davrida yozilgan boshqa tarixiy manbalar: Mirxond, Xondamir, Muhammad Solih, Binoiy, Muhammad Haydar, Farishta, Abul-Fazl Allomiy va boshqa tarixchilarning asarlarida bu darajada aniq va mukammal yoritilgan emas. Muallif “Boburnoma”da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Behzod, Ulugʻbek Mirzo va boshqa allomalar haqida oʻzining eng yuqori fikr va mulohazalarini bildiradi.
“Boburnoma” - Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlarining XV asr oxiri - XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini oʻzida aks ettirgan boʻlsa ham, shu bilan birga juda koʻp dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, yuqorida nomlari keltirilgan viloyatlarning oʻzaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jugʻrofiy mavqei, iqlimi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, togʻlari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari va ularning yashash sharoitlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari - hindular va musulmonlarning ibodatxonalari, toʻy va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir maʼlumotlarni oʻziga qamrab olgan shoh asardir. Shu bois “Boburnoma” tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelmoqda.
Bobur oʻzbek adabiyotida oʻzining nozik lirik asarlari bilan ham mashhurdir. Uning hayoti va adabiy faoliyati Movarounnahrda siyosiy hayot nihoyat murakkablashgan feodal guruhlarning boshboshdoqlik harakatlari avjiga chiqqan va Temuriylar davlatining inqirozi davom etayotgan bir davrga toʻgʻri kelgan edi. Bunday murakkabliklar shoir ruhiyatida qanday aks etgani uning sheʼrlarida namoyon boʻladi. Movarounnahrni birlashtirishga urinishlari natija bermagach, Bobur ruhan qiynalgan, amaldorlarning xiyonatlari taʼsirida umidsizlikka tushgan kezlardagi kayfiyati sheʼrlarida aks etgan. Keyinchalik oʻz yurtini tark etib, Afgʻoniston va Hindistonga yuz tutganda Bobur sheʼriyatida Vatan tuygʻusi, Vatan sogʻinchi, unga qaytish umidi mavj ura boshladi.
Toleʼ yoʻqki jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishnikim, ayladim xatoligʻ boʻldi,
Oʻz yerin qoʻyib Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
Shu bilan birga Bobur lirikasida sheʼriyatning asosiy mazmuni boʻlgan insoniy fazilatlar, yor vasli, uning goʻzalligi, unga cheksiz muhabbat va hijron azobi va visol quvonchlari nihoyat goʻzal va mohirona ifoda etilgan.
Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim,
Koʻrub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrai zardim.
Sen ey gul, qoʻymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayogʻingga tushub bargi xazondek muncha yolvordim.
Bobur oʻz lirik sheʼrlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chaqirdi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonligʻ hargiz,
Har kimki yomon boʻlsa, jazo topqusidur.
Bobur lirik sheʼrlari va tarixiy “Boburnoma”sidan tashqari islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522-yilda oʻgʻli Humoyunga atab yozgan. «Mubayyin» nomli asarida oʻsha zamon soliq tizimini, soliq yigʻishning qonun-qoidalarini, shariat boʻyicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan.
“Xatti Boburiy” deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan oʻzbek tili nuqtayi nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U, tajriba sifatida “Xatti Boburiy” alifbosida Kurʼoni Karimni koʻchirgan. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bagʻishlangan. “Mufassal” nomli asari ham boʻlganligi maʼlum, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.
Bobur oʻzining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida munosib oʻrin egallaydi.
Manba:ziyouz.uz

Report Page