ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
Alisher Navoiy (1441-yil -1501-yil)
XV asr jahon maʼnaviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hijriy 844-yil ramazon oyining 17-kuni (1441-yil 9-fevral) da Hirotda tugʻilgan. Hirot shahri XV asr birinchi yarmida Sohibqiron Amir Temur asos solgan ulugʻ saltanatning ikkinchi poytaxti, Temurning kenja oʻgʻli Shohrux Mirzoning qoʻl ostidagi obod manzillaridan biri edi.
Alisher tugʻilgan xonadon Temuriylar saroyiga azaldan yaqin va yurtda muayyan nufuz sohibi edi. Boʻlgʻusi shoirning otasi Gʻiyosiddin Muhammad oʻgʻlining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berdi. Alisherning sheʼriyatdagi ilk ustozi togʻalari Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylardir. 1447-yilda Shohruh vafot etgach, Temuriy shahzodalar oʻrtasida toj-taxt uchun xuruj boshlandi. Gʻiyosiddin Muhammad xonadoni ham koʻp qatori vatanni tark etdi. Yosh Alisher uchun taqdir sinovlari boshlandi. Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur 1452-yilda Hirot taxtiga oʻtirgach, Alisherning otasini Sabzavorga hokim etib tayinladi. Lekin oradan koʻp oʻtmay Gʻiyosiddin kichkina dunyodan koʻz yumdi. Bu paytda Alisher endigina 12 yoshga qadam qoʻygan edi. Abulqosim Bobur Alisher va uning maktabdosh doʻsti Husaynni oʻz tarbiyasiga oldi, 1456-yili esa oʻzi bilan Mashhadga olib ketdi. Keyinchalik Husayn Boyqaro sipohiylik yoʻlini tanladi, Alisher esa zamonaning “malik ul-kalom”i Mavlono Lutfiy tahsini va hayratiga sazovor boʻlgan isteʼdod egasi boʻlib yetishdi. “Faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutib erdi”, deb yozadi Navoiy 1455-1458-yillar haqida.
Taqdir Alisher Navoiyni zamonaning ulugʻ va sharafli kishilariga yaqin qildi, ustoz-murabbiylik etuvchi zotlar bilan oshno etdi. 1466-1468-yillar Alisherning umri asosan Samarqandda kechdi. Sulton Husayn Boyqaro Hirotni egallaganda, Alisher Navoiy 28 yoshli mukammal bilimlar egasi, yurtga tanilgan shoir va tajribali davlat arbobi darajasiga yetishgan edi. 1469-yilda Sulton Husayn iltimosiga koʻra Alisher Navoiy Samarqanddan Hirotga qaytadi va ramazon hayiti munosabati bilan doʻsti sharafiga bitilgan “Hiloliya” qasidasini unga taqdim etadi.
Husayn Boyqaro Alisherni muhrdor qilib tayinlaydi va shu paytdan shoirning el xizmatidagi faol jiddu jahdi boshlanadi. Koʻp oʻtmay Navoiy muhrdorlikni oʻzining yaqin doʻsti va fikrdoshi, shoir Amir Shayxim Suxayliyga topshiradi. “Bu noziktaʼb va zukko Amir 20 yildan ortiq Boyqarogʻa mulozim boʻldi”. Lekin Boyqaro doʻstining noroziligiga ham qaramay, 1472-yil fevralida uni vazir lavozimiga tayinlaydi va “Amiri Kabir” (“Ulugʻ Amir”) unvonini beradi. Bu lavozimda Navoiy el-ulus manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, madaniyat ravnaqi, adolat tantanasi uchun foydalanadiki, bularning barchasi oqibat natijada Sulton Husayn davlatining barqarorligi va nufuzini taʼminlaydi.
Hirot bu davrda nihotyada koʻrkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, sheʼriyat, nafis sanʼatlar rivoj oldi. Talabalar uchun “Ixlosiya” madrasasi, darveshlar uchun “Xalosiya” xonaqohi, bemorlar uchun “Shifoiya” shifoxonasi, masjidi Jomeʼ yoniga Qorixona (“Dor ul-huffoz”) qurildi. Ulugʻ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qoʻlyozmalarni oqqa koʻchirish, ularni badiiy bezash bilan band edilar. Hirotda yana “Nizomiya”, Marvda “Xusraviya” va boshqa madrasalar bino etildi.
Navoiy madrasa, shifoxonalar qurdirib qoʻya qolmasdan, ularni kerakli darajada jihozlash, oʻz-oʻzini taʼminlash uchun vaqf yerlar ajratib berish, mudarrislar, tabiblar va boshqa xodimlar bilan taʼminlash, ularga oylik maosh, ozuqa, kiyim-bosh belgilashgacha, talabalar nafaqasi va kitoblarigacha, barcha-barchasini mukammal boshqarib, tashkil etib berar edi va oʻzi doimo xabar olib, nazorat qilib turishni ham unutmasdi. Binolar qurilishi tarhi bilan bevosita shugʻullanar, usta va shogirdlar mehnatidan boxabar boʻlib turardi. Shoir oʻz huzuriga tez-tez sheʼr, ilm va sanʼat ahlini chorlab, maʼrifiy suhbatlar uyushtirib turar, yosh isteʼdodlarni tarbiyat qilib, ularga sharoit yaratardi. Xondamir, Behzod, Vosifiy va oʻnlab ushbu tarbiyatga noil boʻlgan isteʼdod egalari shular jumlasidandir.
Shu davr ichida Alisher Navoiy oʻz qoʻli bilan birinchi devoni “Badoyiul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi. Bu devonga uning yoshlik va yigitlik paytlarida yozgan 800 dan ortiq sheʼrlari jamlangan boʻlib, shoir ijodiy kamolotining birinchi bosqichini aks ettiradi.
Alisher Navoiyga bagʻishlangan tarixiy va ilmiy asarlarda batafsil tavsif qilinishicha, 1469-1481-yillar Alisher Navoiyning ijtimoiy hayot va obodonchilik borasidagi eng faol xizmat koʻrsatgan yillari boʻlgan. Shoir 1481-yili “Vaqfiya” asarini yozib, unda oʻzining binokorlik va xayriya ishlariga yakun yasab, oʻz-oʻziga hisob bergan.
Navoiy dehqonchilik ishlarini yoʻlga qoʻyib, juda yaxshi natijalarga erishgan. Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming dinor miqdorida edi. Ulugʻ Amir bu daromadning koʻp qismini xayrli ishlarga sarf qilgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 rabot, 20 hovuz, 16 koʻprik, bir qancha toʻgʻon, ariq, hammom, masjid-madrasalarni eslaydi. Navoiy turli soha olimlariga homiylik qilib, oʻnlab ilmiy risolalar bitilishiga bevosita sababchi boʻlgan.
1483-yildan Alisher Navoiy oʻzining buyuk “Xamsa” asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni oʻz ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan oshiq boʻlib, Navoiyning barcha sheʼriy merosini deyarli yarmini tashkil qiladi. “Xamsa” - Alisher Navoiy ijodining qalbidir.
Fors tilidagi birinchi “Xamsa” buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy (1141-1209) tomonidan yaratildi. Nizomiy vafotidan 100-yil oʻtib, Hindistonda tugʻilib oʻsgan forsiyzabon turk oʻgʻloni Xusrav Dehlaviy Nizomiy “Xamsa”siga birinchi boʻlib tatabbu yozadi va “xamsachilik” anʼanasini boshlab beradi. Keyingi XIV-XV asrlar mintaqa maʼnaviyati “Xamsa” anʼanasi taʼsirida rivoj oldi, shoirning salohiyati va iqtidori hech boʻlmaganida “Xamsa”ning bir dostoniga munosib javob yoza bilish bilan oʻlchanadigan boʻldi. Bu jahon maʼnaviyati tarixida betakror hodisadir. Turkiy adabiyotda Qutb va Haydar Xorazmiylar boshlab bergan “xamsachilik” anʼanasi oʻzining kamolini Alisher Navoiy ijodida topdi.
Islom aqidalariga koʻra bir kecha-kunduzda oʻqiladigan besh vaqt namoz “al-Xamsatu” deyiladi, dinimizning besh ustuni ham- tavhid (imon), namoz, roʻza, zakot, haj -oʻziga xos “Xamsa” (beshlik)ni tashkil etadi. Demak, Nizomiy dostonlarini “Xamsa” turkumi sifatida talqin etilishi, unga Amir Xusrav va Navoiy javoblari bejiz emas. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus toʻxtalib, “Xamsa”ning har bir dostoni yozilishini kunning maʼlum vaqtlarida oʻqiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlari bilan qiyos etadi hamda “Xamsa”ni buyuk togʻ choʻqqisiga koʻtarilish mobaynida besh oʻrinda toʻxtab, nafasni rostlash uchun bino etilgan besh oromgohga oʻxshatadi.
Navoiy oʻz “Xamsa”sini yaratishga 1483-yilda kirishgan boʻlsa, uning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”)ni oʻsha yili yozib tugatdi. 1484-yilda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor” (“Yetti sayyor”), 1485-yilda “Saddi Iskandariy («Iskandar devori”) dostonini poyoniga yetkazdi. Shoir oʻz “Xamsa”siga kiritilgan dostonlarda oʻsha davr uchun muhim boʻlgan muammolarni qoʻydi, mutafakkir sifatida ilgʻor qarashlarni ilgari surdi, oʻzbek tilining qudratini olamga namoyish etdi.
Navoiyning turkiy “Xamsa”sining yaratilishi XV asrda Xuroson eli uchun favqulodda shodlik va saodat sifatida qabul qilindi. Davrning ikki qutbi - maʼnaviyat piri Jomiy va buyuk sulton Husayn Boyqaroning hayrati va yuksak eʼtirofi ushbu haqiqatga dalildir.
Navoiy shu yillar orasida ikkinchi devoni - “Navodir un-nihoya” (“Behad nodirliklar”)ni tuzishga kirishdi. Mutafakkir adib tarixiy haqiqatga oʻz munosabatini bildirib oʻtishni insof yuzasidan lozim topdi va “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymogʻi”) asarini yozib tugatdi.
1487-yili qishda Navoiy Astrobod hokimi etib tayinlandi. Boshqa bek va amirlar uchun sharafli hisoblanishi joiz boʻlgan bu martaba Amir Alisherning nozik tabiati uchun muayyan darajada ozorli boʻldi. Ammo shoh hukmi vojib, Amiri Kabir oʻlkaning xassos bir hududini muhofaza va obod qilish niyatida joʻnab ketdi. Astrobodda Navoiyning ikki yil chamasi hokimligi bu shahar ahli uchun saodatli, Boyqaro saltanati uchun xayrli boʻldi.
Bu orada birin-ketin Navoiyning eng yaqin ustoz va doʻstlari hayotdan koʻz yumdilar. 1488-yili Sayid Hasan Ardasher, 1492-yili Abdurahmon Jomiy, 1493-yili Pahlavon Muhammad vafot etdi. Navoiy ustozlari xotirasiga “Holoti Sayid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asarlarini shu yillar ichida yozib tugalladi. Shu yillarda yana Navoiy davr shuarosi xususida “Majolis un-nafois” va islom maʼnaviyatining buyuk siymolari, xususan, turk, fors, hind mashoyixlari tarixiga oid “Nasoim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabbodasi”) risolalarini yozadi. Bu asarlar nihoyatda muhim manba boʻlib, oʻsha davr maʼnaviyatining jonli siymolaridan mingga yaqin kishi haqida qimmatli maʼlumotlarni oʻzida jam etgan.
1492-yilda aruz ilmiga bagʻishlangan “Mezon ul-avzon” (Vaznlar oʻlchovi») risolasi yozildi va shoir oʻz lirik ijodini qayta taqsimlab, yangi devonlar majmui “Xazoyin ul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”)ni yaratish ishiga astoydil kirishdi. “Chor devon” nomi bilan shuhrat qozongan bu buyuk majmua 45 ming misraga yaqin turli janrlardagi kichik va oʻrta hajmli sheʼrlarni oʻzida jamlagan boʻlib, “Gʻaroyib us-sigʻar” (“Bolalik ajoyibotlari”), “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik davri nodirliklari”), “Badoeʼ ul-vasat” (“Oʻrta yosh kashfiyotlari”), “Favoyid ul-kibor” (“Keksalikdagi foydali mulohazalar”) nomlari bilan ataladi. Bu toʻrt jildda 16 janrga oid 3000 dan ortiq sheʼr boʻlib, ularda 2600 gʻazal, 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo va boshqalar mavjud. “Xazoyin ul-maoniy”ga oldingi ikki alohida devondagi sheʼrlarning deyarli barchasi kirgan boʻlib, keyin yaratilgan 1400 ga yaqin yangi asarlar qoʻshilgan.
Bu turkiy tilda yozilgan asarlari, dostonlari, sheʼrlaridan tashqari Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan oshiq sheʼr, muammo janri haqida “Mufradot” risolasini, “Sittayi zaruriya”, “Fusuli arbaa” turkum qissalarini yozdi, “Foniy” taxallusi bilan alohida devon tuzdi. Ushbu asarlar Xoqoniy, Amir Xusrav, Saʼdiy, Hofiz, Kamol Xoʻjandiy, Jomiy kabi fors adabiyotining mumtoz namoyandalari bilan ijodiy bahsda tugʻilgan boʻlib, ham badiiy ifoda, ham mazmuniy teranlikda yuksak edi.
Navoiy 1498-yilda “Lison ut-tayr”, 1499-yilda “Muhokamat ul-lugʻatayn”, 1500-yili “Mahbub ul-qulub” asarlarini yozdi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. Adib “Muhokamat ul-lugʻatayn” da oʻzining butun ijodiy yoʻlini sarhisob qilib, turkiy tildagi sheʼriyatning qudratini taʼkidlagan.
Nihoyat Navoiy oxirgi asari “Mahbub ul-qulub” (“Koʻngillarning sevgani”) risolasida barcha savollarga yana oʻzi javob bergan. Bu asar tom maʼnoda ijtimoiy-falsafiy va axloqiy gʻoyalarga toʻliq boʻlib, XV asrda mavjud boʻlgan barcha ijtimoiy toifalar mohiyati mufassal ochib berilgan, ijtimoiy va axloqiy hodisalarning oʻzaro bogʻliqligi, yaxlitligi ishonarli taʼkidlangan. Bu asar turli maqol va matnlarga boy boʻlib, xalq orasida juda keng tarqalgan.
Alisher Navoiy oʻzi va - Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Iroqiy va boshqalar yaratgan mustaqil badiiy tafakkur tarzini “majoz tariqi” deb nomladi va unda Haq asrori “majoz suvratinda” aks etishini taʼkidlagan. Bu Borliqni oʻziga xos idrok etish tarzi Naqshbandiyaning: “Dil ba yoru dast ba kor”, qoidasiga muvofiq boʻlib, unda ibrat, ilm, irfon va amal bir nuqtada birlashar va yangi dunyoga koʻz ochardi. Tavhid taʼlimoti va eʼtiqodini idrok etishning eng yuqori bosqichi boʻlgan bu dunyoqarash tizimi “Xamsa” va “Lison ut-tayr” asarlarida, shoir lirikasida badiiy inʼikosini topgan.
1500-yillarga kelib shoirning hayot sharoiti qiyinlashib, sogʻligi zaiflashib qolsada, ijoddan toʻxtamadi. 1501-yilning boshida Navoiy kasallikdan vafot etdi. Butun Hirot xalqi oʻzining buyuk shoiri bilan xayrlashishga chiqdi va 7 kun davomida motam tutdi.
Navoiy oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiyotining soʻnggi rivojini belgilabgina qolmay, Movarounnahr va Xurosonning butun maʼnaviy madaniyati taraqqiyotiga juda katta taʼsir koʻrsatdi. Uning asarlari, sheʼriyati qayta-qayta koʻchirilib, xalq orasida keng tarqalib, shoirlar uchun maktab vazifasini oʻtadi, madrasalarda keng oʻrganildi.
Alisher Navoiy ijodini oʻrganish, uning ilmiy tahlili boʻyicha soʻnggi yillarda qator taniqli tadqiqotchilar ish olib bordilar va bugungi kunda ham Navoiyning merosi koʻpgina olimlarimizni ilhomlantirib keladi. Hozirda maktablar, xiyobonlar, koʻchalar, buyuk shoirimiz nomi bilan yuritiladi. Uning nomida Oʻzbekiston Davlat mukofoti taʼsis etilgan.
Manba: ziyouz.uz

Report Page