ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA
IOGANN  GUTENBERG 
GUTENBERG (Gutenberg) Iogann (taxminan 1399 — Mayns — 1468.3.2) — nemis ixtirochisi, Yevropada kitob bosish asoschisi. Gutenberg Mayns shahrida, zodagonlar sulolasidan boʼlmish — Gontsfleyshlar xonadonida tugʼilgan. 1420-yilda u Maynsni tark etib, hunar oʼrganishga kirishadi va Gontsfleysh familiyasidan voz kechib, onasining familiyasi — Gutenbergni tanlaydi. 1440-yilda Strasburgda yashayotgan chogʼida Gutenberg oʼzining dastlabki kitob bosish dastgohini yasaydi. 1448-yilda u Maynsga qaytib keldi va kitob bosish ishini keng yoʼlga qoʼyib yubordi. Gutenberg 1468-yilda vafot etgan. U raqobatchilardan holi boʼlish uchun, oʼz dastgohini qatʼiy sir tutgan va yashirin ravishda ishlagan. Shu tufayli, Gutenbergning kitob bosish dastgohini qanday qilib yasagani va takomillashtirganligini faqat taxminan tiklash mumkin xalos.
Maʼlumotlarga qaraganda, Gutenbergning dastlabki yigʼma dastgohi yogʼochdan ishlangan ekan. XVI-asrning boshida, Gutenberg bosmaxonasi va dastgoh shriftlarini koʼrganlar bor ekan. Uning alohida qilib ishlangan harflari oʼrtasidagi teshikcha orqali chilvir ip bilan oʼzaro mahkamlanib, keyin esa qogʼozga bosilgan. Lekin, bunday ish uchun yogʼoch materiali nobop boʼlib, ishib yoki, kichrayib qolishi, bitta matndagi harflar shakli va oʼlchamlarini turlicha qilib yuborgan. Bu kamchilikni bartaraf etishga urinib, Gutenberg, harflarni yumshoq metallar (masalan, qoʼrgʼoshindan) tayyorlashni yoʼlga qoʼygan. Tez orada unga, harflarni oʼyib emas, metallni eritib quyish orqali tayyorlash fikri kelgan boʼlsa kerak. Bu ham oson va tezkor tayyorlash usuli boʼlar edi. Oqibatda Gutenberg ustaxonasida temirdan quyib tayyorlangan harf andozalar — literlar paydo boʼldi. Keyin ularni metall plastinka (odatda u misdan tayyorlangan) ustida bolgʼa bilan urib chiqib, oʼsha plastinka sirti boʼylab harflarning koʼp sonli qoliplarini tayyorlab chiqishgan. Bunday usulda tayyorlangan matritsa, koʼp marta qoʼllashga yaroqli boʼlib, u orqali har qanday hajm va mazmundagi kitoblarni tezkor va koʼp adadda bosish imoniyati paydo boʼldi. Gutenbergning ixtirosi matbaachilikda, nafaqat bu sohada, balki insoniyat tamadduni tarixida inqilob yasadi desak mubolagʼa boʼlmaydi. Zero, u tufayli, insoniyatning ming yillar davomida toʼplagan bilimlarini egallash osonlashdi. Gutenberg chop etgan ilk kitoblar — Donat muallifligidagi grammatika (13 ta nashrda) va kalendar edi.
1455-yilda u murakkabroq vazifa — 1286 sahifalik Injil (3400000 ta bosma harf) kitobini nashr qildi. Bu nashrda asosiy matn tipografiya usulida bosilgan boʼlib, badiiy bezatilgan sahifalar va bosh harflarni baribir xattotlar qoʼlda yozib va chizib chiqishgan. Gutenberg ixtiro qilgan kitob bosish usuli amalda XVIII-asrgacha oʼzgarishlarsiz qoldi. Kitob bosishning butun insoniyatning maʼnaviy va madaniy ehtiyojlari talablariga qanchalik javob bera olganligini, uning paydo boʼlgan dastlabki yillardayoq isbotlab berdi. 1500 yilning oʼziga keliboq butun Yevropa boʼylab 30000 dan ziyod nomdagi va yuz minglab adaddagi turli xil kitoblar paydo boʼldi.
Tayyorladi: Imomov Xurshid

Report Page